Faqat katta gunohlardan tavba qilish mumkin bo‘lgan ish. Chunki, banda Allohning nafrati va g‘azabiga duchor etuvchi gunohning Alloh nazdidagi dahshatini biladi. Kichik gunohlarning esa kechirilishi oson. Bundan kelib chiqadiki, faqat katta gunohdan tavba qilib, unga pushaymon bo‘lish muhol emas. Masalan, bir kishi podshohning yaqinlaridan biriga nisbatan gunoh ish qilsa va unga tegishli chorva hayvoniga nisbatan ham gunoh ish qilsa, podshohning yaqiniga qilgan jinoyat uni ko‘proq xavfga soladi, hayvonga qilgan jinoyat uning oldida arzimas bo‘lib ko‘rinadi. Gunoh qanchalik katta bo‘lsa va Alloh taolodan uzoqlashtiruvchi deb e’tiqod qilinsa, pushaymonlik ham shunchalik kuchli bo‘ladi. Bu shariatda mavjud, kuzatilgan hodisadir. Tarixga nazar solinsa, qancha tavba qiluvchilar o‘tgan, ulardan birortasi ham ma’sum bo‘lmagan. Negaki, tavba insondan begunohlikni talab qilmaydi. Masalan, tabib ba’zan bemorni asal va shakar yeyishdan jiddiy qaytaradi. Uning asalnga man’ etishi o‘ta qat’iy va keskin bo‘lgani holda, shakardan qaytarishi, "uni iste’mol qilsang ham bo‘laveradi", degan ma’noga yaqin bo‘ladi. Bemor tabibning bu ogohlantirishi bilan asaldan tiyiladi, lekin shakardan emas. Agar istaklar g‘olib kelib, bemor asalni ham, shakarni ham iste’mol qilib qo‘ysa, u shakar emas, asal yeb qo‘ygani uchun pushaymon bo‘ladi.
Katta gunohlarning ba’zisi ba’zisidan shiddatli va og‘irroq deb e’tiqod qilingani uchun ularning ayrimlaridangina tavba etish holati ham uchraydi. Bamisoli, odam o‘ldirishdan, o‘g‘rilikdan, kishilarga zulm qilishdan tavba qilgani kabi. Alloh bilan bandasi o‘rtasidagi haqning adosi og‘ir bo‘lishini bilgani uchun ham u bu gunohlarni farqlaydi. Shuning uchun ba’zan bandalarning haqlariga taalluqli bo‘lmagan ayrim katta gunohlardan tavba qiladi. Masalan, zino qilaveradi, lekin mast qiluvchi ichkilik ichmaydi.
Chunki, ichkilik barcha gunohlarning kaliti ekani unga ma’lum. Agar ichsa, aqli ketib, turli-tuman gunohlarga yo‘l ochilishini yaxshi biladi.