To‘rtinchi tabaqa: Bu tabaqadagi kishi tavba qiladi, bir oz muddat tavbada mustaqim turadi, so‘ngra yana gunohlarga sho‘ng‘iydi. Qilmishlariga afsus chekmaydi, tavbani xayoliga ham keltirmaydi, g‘ofillarcha shahvatlar ketidan chopadi. Bu kishi gunohda qat’iy turadigan, gunohdan qaytmaydiganlar jumlasidandir. Shuning uchun uning nafsi "an-nafsul ammoratu bissu’i", ya’ni yomonlikka buyuruvchi nafs deyiladi. Yomonlikka bugoruvchi nafs yaxshilikdan qochadi. Yaxshilkdan qochgan nafsning esa, yomon xotima topish xavfi bor. Agar taqdirda yomonlik yozilgan bo‘lsa, so‘ngsiz xorlikka yo‘liqadi. Agar oxiri yaxshilik bilan tugab, tavhidda jon taslim qilsa, sal keyinroq bo‘lsa-da, do‘zaxdan xalos bo‘lishi kutiladi. Albatta, u Allohning o‘ziga ayon sirlar sababli umumiy afv kamrovidagi kishilar jumlasidan bo‘lib qolishi ham muhol emas. Bamisoli, bir inson xazina topish uchun xarobaga kirib, xazina egasiga aylangani kabi yoki omi bir kimsaning payg‘ambarlarga o‘xshab, hech kishidan ta’lim olmasdan, uyda o‘tirgan holida olim bo‘lib qolishi kabi.
Shuningdek, ibodatlar vositasida Allohdan mag‘firat tilash tinimsiz harakat va takrorlash vositasida ilm talab qilishga, tijorat va dengiz safarlari orqali mol-dunyo izlashga o‘xshaydi. Amallari qusurli bo‘lgani uchun yolg‘iz umidning o‘zi bilangina magfirat tilash xarobadan ganj qidirgan kabi yoki farishtalar ta’limi orqali ilm hosil qilishni istagan kabidir. Koshki, jiddu jahd etgan har bir kishi ilm hosil qilsa. Koshki, tijorat qilgan har bir kishi boyib ketsa. Koshki edi, ro‘zasini tutib, namozini o‘qigan har bir kishi mag‘firat qilinsa. Ha, ko‘pchilik bu saodatdan mahrum, faqat olimlar mustasno. Yo‘q, olimlar ham bu saodatdan mahrum, faqat ilmiga amal qiluvchilar mustasno. Yo‘q, ilmiga amal qiluvchilar ham bu saodatdan mahrumdirlar, faqat muxlislar mustasno. Lekin ixlos egalariga ham ulkan xatarlar yuzlangan.