Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tavba kitobi)  ( 125576 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 B


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:22:25

Bunday ko‘rlik va zalolatdan Alloh asrasin! Bunday o‘ylash yuz-tuban yiqilish, jaholat zulmatlarida adashishdan boshqa narsa emas. Ularning haqiqiy ahvoli Allohning ushbu so‘zlarida mujassam:

وَلَوْ تَرَى إِذِ الْمُجْرِمُونَ نَاكِسُو رُءُوسِهِمْ عِنْدَ رَبِّهِمْ رَبَّنَا أَبْصَرْنَا وَسَمِعْنَا فَارْجِعْنَا نَعْمَلْ صَالِحًا إِنَّا مُوقِنُونَ

"Agar siz u jinoyatchi kimsalarni Parvardigori huzurida boshlari egik holda turib: Parvardigoro, (va’dang rost ekanini) ko‘rdik va eshitdik, bas bizlarni (hayotga) qaytargin, yaxshi amal qilaylik(deyishlarini) ko‘rsangiz edi" (Sajda surasi, 12). Lekin buning iloji yo‘q. Endi ularga so‘ngsiz azob bo‘lajak.

Alloh bizni jaholatdan, yomon xotimaga eltuvchi shak-shubhadan saqlasin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:23:53

Tavba qiluvchi nimalarga shoshilmog‘i lozim?

Bilgil, oldin eslatganimizdek, kichik yo katta gunohni atayin yoki bilmasdan sodir etgan kishiga tavba qilish, nadomat chekish va gunohning ziddi — savob ish bilan gunohini yuvish vojib. Agar shahvati g‘olib kelib, gunohni tark etishga nafsida azm uyg‘onmasa, ikkita vojibning bittasini bajarishdan ojizlik qilgan bo‘ladi. Lekin u: "Bitta vojibni bajarmadim, keyingisini qilganimdan nima foyda!" degap badgumon bilan ikkinchi vojib  yaxshilik bilan yomonlikni ketkazish amalini ham tark etmasligi zarur. Shunda u faqat yomon amallar emas, har holda, yaxshi va yomon amali aralashgan kishilar jumlasidan bo‘ladi.

Yaxshiliklarning gunohlarga kafforat bo‘lishi yo qalb, yo til, yo a’zolar orqali amalga oshadi. Qilinadigan savob amal sodir etilgan gunohning o‘rnida va uning sabablariga bog‘liq bo‘lmog‘i lozim.

Alloh taologa tazarru qilib, mag‘firat va afv tilash qalb gunohiga kafforatdir. Kochoq quldek zalil ahvolga tushgan banda o‘zgalarga seziladigan darajada nafsini xor tutadi, kibrni tark etadi. Axir, o‘zi gunohi naqd bo‘ynida bo‘lgan qochoq qul bo‘lsayu, qanday kilib unda o‘zgalarga kibr bo‘lsin! Shuningdek, gunohini anglagan kishida takabburlik ne qilsin? Endi u musulmonlarga yomonlikni emas, yaxshilikni sog‘inadi, ibodatga bel bog‘laydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:26:01

"Rabbim, o‘zimga zarar etdim, gunoh qildim, gunohlarimni mag‘firat et", deb zulmini tan olish tilning gunohiga kafforat bo‘ladi. Bu xususda duolar va zikrlar kitobida ko‘p xabarlar vorid bo‘lgan.

Toat va ibodatlarni ko‘paytirish, Alloh yo‘lida sadaqalar qilish a’zolarining gunohiga kafforatdir. Xabarlarning dalolat qilishicha, kimki bir gunoh qilib, gunohining izidan ushbu sakkiz amalni davomli ado etsa, gunohi afv etilishiga umid bor. Bu amallarning avvalgi to‘rttasi qalbga daxldor:

— tavbaga azm qilish;

— gunohdan uzoqlashishni yaxshi ko‘rish;

— gunohning oqibatidan qo‘rqish;

— gunohi mag‘firat qilinishidan umidvor bo‘lish.

Qolgan to‘rttasi a’zolar amali:

— gunohdan so‘ng ikki rakat namoz o‘qish;

— yetmish marta "astag‘firulloh" deb Allohdan mag‘firat tilash va "SubhanAllohil azim va bihamdihi" deyish;
— sadaqa qilish;

— bir kun ro‘za tutish.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:30:15

Bu xususda yana shunday xabarlar ham vorid bo‘lgan:

Tahorat olish va masjidga kirib, ikki rakat namoz o‘qish (Abu Bakr Siddiqdan "Sunan" sohiblari rivoyat qilishgan).

To‘rt rakat namoz o‘qish (Ibn Abbos roziyallohu anhudan Bayhaqiy rivoyat qilgan).

"Agar bir gunoh qilsangiz, unga kafforat bo‘ladigan bitta yaxshilik qiling. Maxfiy gunohga maxfiy yaxshilik, oshkora gunohga oshkora yaxshilik kafforat bo‘ladi" (Muoz ibn Jabaldan Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Sahih xabarda kelishicha, bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga dedi:

— Men bir xotinga ilakishib, u bilan zinodan bo‘lak barcha ishni qildim. Menga Allohning hukmini joriy eting, ey Rasulalloh. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

— Biz bilan bomdod namozini o‘qidingmi?  dedilar.

— Ha.

— Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi, - dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (Muttafaqun alayh).

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:31:58

Bundan kelib chiqadiki, to ish zinogacha bormas ekan, bu ishlardan so‘nggi namoz kichik gunohlarga kafforatdir. Payg‘ambarimizning so‘zlariga ko‘ra, besh vaqt namoz namozlar orasida sodir bo‘lgan kichik gunohlarga kafforatdir.

Xullas, bandasi barcha holatlarda har kuni o‘ziga hisob bermog‘i, yomonliklarni jamlab, ularni yaxshiliklar vositasida yo‘qotishga harakat qilmog‘i lozim.

Shunday savol tug‘ilishi mumkin: "Gunohdar qaytmagan kishining istig‘foridan foyda bormi? Axir xabarda kelgan: "Gunohda bardavom bo‘laturib, gunohning kechirulishini so‘rashi, bamisoli, Allohning oyatlaaridan istehzo qilishga o‘hshaydi" (Ibn Abu Dunyo rivoyati).

Olimlardan biri aytgan ekan: "Astag‘firulloh, degan so‘zim uchun Allohga istig‘for aytaman".

Yana aytiladi: "Til bilan istig‘for aytish kazzoblarning tavbasidir".

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:36:48

Robia al-Adaviya shunday deydi: "Biz aytgan istig‘forning o‘zi ko‘p istig‘forga muhtojdir..."

Bu savolga shunday javob beramiz. Bilgil, istig‘forning afzali to‘g‘risida haddan ziyod xabarlar vorid bo‘lgan. Bu haqda "Zikrlar va duolar kitobi"da batafsil to‘xtalgan edik. Alloh taolo Qur’onda istig‘forni va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hozir bo‘lishlarini bir maqomda qo‘yib zikr etadi:

وَمَا كَانَ اللَّهُ لِيُعَذِّبَهُمْ وَأَنْتَ فِيهِمْ وَمَا كَانَ اللَّهُ مُعَذِّبَهُمْ وَهُمْ يَسْتَغْفِرُونَ

"Modomiki, siz ularniig orasida ekansiz, Alloh ularni hargiz azoblamas va ular mag‘firat so‘rab turgan hollarida ham Alloh ularni azoblaguvchi emas" (Anfol, 33).

Ba’zi sahobalar aytishardi: "Biz uchun ikkita omonlik bor edi. Biri — Alloh rasulining oramizda bo‘lishi. Bu omonlik ketdi. Lekin ikkinchi omonlik — istig‘for biz bilan birgadir. Agar u ham ketsa, halok bo‘lamiz" (Termiziy rivoyati).

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:38:45

Bizningcha, "kazzoblar tavbasi" deb atalgan istig‘for qalbning ishtirokisiz, faqat til bilan aytilgan istig‘fordir. Bamisoli, inson odatiy tarzda; g‘aflat bilan "astag‘firulloh" degani kabi yoki do‘zax eslanganida, qalb dahshatdan titrab, larzaga tushgani uchun emas, shuggchaki til uchida "na’uzu billahi minha" (Alloh bizni undan saqlasin) degani kabi. Faqat tilning harakatidan foyda yo‘q. Ammo bu harakatga Allohga yuzlangan qalbning tazarrusi, samimiy xohish, holis niyat va rag‘bat, mag‘firatni yolvorib so‘rash ham qo‘shilsa, ana shunda bu amal gunohni ketkazishga salohiyatli bo‘ladi.

Binobarin, istig‘forning fazli haqida vorid bo‘lgan xabarlarni istig‘forning mana shu turidan deb bilmoq lozim.

Tavba va istig‘forning darajalari bor. Agar yuksak darajalariga yetishga qodir bo‘lmasang, har holda, avvalgi darajalari ham foydadan holi emas.

Shuning uchun Sahl Tustariy deydi: "Har qanday holatda bandasiga Mavlosi kerak. Bandaning eng go‘zal holati har bir ishda Mavlosiga qaytmakdir. Agar banda isyon qilsa: "Yo Rabbim, o‘zing ayb-gunohimni yop, odamlar oldida sharmanda bo‘lishdan saqla", deydi. Gunohdan so‘ng: "Ey Rabbim, tavbamni maqbul ayla", deydi. Tavba qilgach, aytadi: "Ey Rabbim, meni gunohdan holi et!" Amalga o‘tgach esa: "Yo Rabbim, amalimni qabul ayla", deydi".

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:41:17

Gunohlarga kafforat bo‘ladigan istig‘for haqida so‘ralganida, Tustariy dedi: "Istig‘forning avvali istijobat (ijro), keyin inobat (afv tilab yolvormoq), keyin tavbadir. Istijobat - a’zolar amali. Inobat - qalb amali. Tavba Mavloga yuzlanmakdir. Mavloga yuzlanmak xalqni tark etish bilan bo‘ladi. So‘ngra ichidagi qusurlar uchun, ne’matni bilmagani va shukrni tark etgani uchun Allohdan mag‘firat tilaydi. Mag‘firat qilinadi, Mavlosi huzuridan joy oladi. So‘ngra tanholikka ko‘chadi. Tanholikdan sabotga, sabotdan bayonga, bayondan fikrga, fikrdan ma’rifatga, ma’rifatdan munojotga, munojotdan musofatga (o‘zaro samimiyat), musofatdan muvolatga (do‘stlik), muvolatdan sirlashuvga o‘tadi. Sirlashuv esa, muhabbatdir. Bu sifatlar bandaning qalbida mustahkam o‘rnashishi uchun mlm uning ozig‘i, zikr quvvati, rizo zahirasi, tavakkul yo‘ldoshi bo‘lmog‘i lozim. Shunda u bandaga Allohning nazari tushadi, Alloh uni Arshga ko‘taradi. Natijada uning maqomi arshni ko‘tarib turuvchilar maqomi bilan barobar bo‘ladi".

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Tavba qiluvchi Allohning habibidir", degan so‘zlari xususida Tustariydan so‘ralganida, u:

التَّائِبُونَ الْعَابِدُونَ الْحَامِدُونَ السَّائِحُونَ الرَّاكِعُونَ السَّاجِدُونَ الآمِرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَالنَّاهُونَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَالْحَافِظُونَ لِحُدُودِ اللَّهِ وَبَشِّرِ الْمُؤْمِنِينَ

 "("Ular —) tavba qiluvchilar (Allohning o‘ziga) ibodat qiluvchilar, shukr qiluvchilar, ro‘za tutuvchilar, ruku’-sajda qiluvchilar, yaxshilikka buyurguvchilar, yomonlikdan to‘xtatguvchilar va Alloh belgilab qo‘ygan qonun-qoidalarga doimiy rioya qiluvchi (mo‘minlar)dir" (Tavba surasi, 112) oyatini o‘qib, degan edi: "Kimki Alloh taoloning ushbu oyatida zikr qilingan sifatlarga ega bo‘lsa, u habibdir". Yana deydi: "Habib habibi yomon ko‘rgan narsadan uzoqlashadigan kishidir".

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:43:13

Tavbada ikkita samara bor.

Birinchisi, tavbaning gunohlarga kafforat bo‘lishidir. Hatto tavba qiluvchi kafforat yo‘li bilan gunohdan to‘la poklanishi mumkin. Ikkinchi samara tavba qiluvchining yuksak martabalariga erishuvidir. Hatto u tavba bilan habib maqomiga yetishi mumkin.

Kafforat ham bir necha darajalarga bo‘linib, ba’zisi gunohni to‘la o‘chiradi, ba’zisi uni qisman yengillatadi. Kafforatlardagi tafovut esa, tavba darajalariga qarab farqlanadi.

Mushohada ahli va qalb egalari Alloh taoloning ushbu so‘zini shak-shubhasiz anglaydilar:

فَمَنْ يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ خَيْرًا يَرَهُ

"Bas, kim (hayoti dunyodalik paytida) zarra misqolchalik yaxshilik qilsa, (Kiyomat kunida) o‘shani ko‘rur!" (Zalzala surasi, 7).

Darhaqiqat, zarra misqolicha bo‘lsa ham, yaxshilikdan iz qoladi, xuddi pallaga tushgan bir dona arpa ham tarozuga ta’sir qilgani kabi. Agar tarozudagi birinchi arpa tosh bosmaganida edi, xuddi shu hajmdagi ikkinchi arpa ham tarozuga ta’sir qilmagan bo‘lardi va pallaga qanchalik ko‘p arpa yuklanmasin, o‘lchov o‘zgarmay, bir xilda turaverardi. Lekin bunday bo‘lishi muhol. Bil’aks, zarracha yaxshilik bilan tarozuning savoblar pallasi og‘ir bosadi, yomonliklar qo‘yilgan pallasi yengil kelib, ko‘tariladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:48:42

Shunday ekan, ibodat zarra miqdor bo‘lsa ham, uni kichik sanama! Shuningdek, gunohning zarralari gunoh emas, deya qaytadan gunohga botma! Nodon bir xotin ip yigirishga erinib, shunday so‘zlar bilan o‘zini oqlagan ekan: "Bir soatda atigi bitta ip yigirdim. Bu ip nima bo‘lardi, yarimta ko‘ylakka ham yetmaydi?"

E voh! Bu xotin shu darajada nodonki, dunyo kiyimlari bitta-bitta ipdan jamlanib to‘qilishini, olam jismlari qanchalik ulkan bo‘lmasin. Zarra-zarradan yig‘ilishini anglamaydi...

Demak, qalbdagi tazarru va istigfor aslo zoe’ bo‘lmaydigan mulk, Alloh huzuridagi yaxshilikdir. Qalbdagi bu mulkni, bu ilohiy ne’matni til zohir qilsa, ne baxt! Ammo, yuqorida aytilganidek, qalb tazarru va istig‘fordan g‘ofil qolib, yolvorish va istig‘for faqat tilda bo‘lsa, bu ishdan natija kam, albatta. Lekin, bizningcha, ayrim hollarda til istig‘fori ham savobdan holi emas. Deylik, bir musulmonni g‘iybat qilib yoki o‘zaro behuda gap sotib o‘tirgandan ko‘ra, tilning istig‘for bilan mashg‘ul bo‘lishi a’loroq emasmi?
Mayli, o‘sha payt qalb g‘aflatda bo‘lsin, lekin til g‘iybatda emas, istig‘forda-ku! Hatto istig‘forsiz sukutdan qalbning ishtirokisiz, faqat til bilan bo‘lsa ham, istig‘for aytmoq afzaldir.

Qayd etilgan