Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tavba kitobi)  ( 125480 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 23 B


Musannif Adham  18 Avgust 2008, 07:06:02

Mo‘jizani qarangki, Alloh va rasulining Kitob va sunnatda musulmon ummati haqida bayon etgan bashoratlari bugun — ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lyapti. Mashaqqatu sinovlar oshgani sayin ma’rifat ahlining safi kengayapti, sifat o‘syapti, insonlar shiddat-la saralanyapti. Masjidlar, madrasalar, ommaviy nashrlar doirasida iliga tashna jamoat shakllanyapti. Ma’lum darajada amallar zohirini o‘zlashtirilgan bu jamoatda botin tarbiyasiga ehtiyoj sezilyapti. "Tavba kitobi" ning tarjimasi ayni o‘sha ehtiyojning mahsulidir.

Bu sharafli ishga bizni sababchi qilgan Alloh taologa shukrimiz behad! Rasululloh sallallohu alayhi va sallam zamonidan to hozirgacha kelyotgan ilm silsilasining mustahkam xalqalaridan bo‘lmish ustozlarning doimiy e’tibori oldida esa hamisha qarzdormiz.

Muhtaram o‘quvchi! Tavba yo‘li muborak bo‘lsin! Mutolaadan manfaat olsangiz, Alloh taologa hamd aytib, ustozlarimiz haqqiga duo qiling. Nuqsonu kamchilik topsangiz, ulug‘ va qudratli Zotdan biz uchun afv tilang.

Alloh taolo barchamizni rahmatiga noil etsin.

Tarjimondan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Avgust 2008, 07:17:49

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

                                 
Bismillahir rohmanir rohiym.

Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Har yaxshi kitob U zotga hamd bilan ochilar, har yaxshi xitob U zotning zikri bilan boshlanar, oxiratda saodat ahli U zotning hamdi bilan ne’matlanar, shaqovat ahli (badbaxtlar) esa U zotning rahmatiga ko‘z tikar.

U zot saodat ahli bilan shaqovat ahlining orasini to‘sdi. Bu to‘siq — devorning eshigi bor. Eshikdan ichkariga kirsang, rahmat, tashqarida qolsang, azob bor. Olamlar parvardigori, Musabbibul asbob (sabablarni yaratuvchi zot) Allohga haqiqiy iymon keltirgan kishi yang-lig‘ tavba qilamiz. Rahmli, gunohlarni kechiruvchi, tav-balarni qabul etuvchi Allohni mutlaq podshoh deb tanigan kishi Undan qanday umidvor bo‘lsa, shunday umid qilamiz. Shubha va gumonlardan holi kishi yanglig‘ qo‘rqinch va umid ila nafas olamiz.

Alloh gunohlarni kechiruvchi, tavbalarni qabul qiluvchidir, shu bilan birga, Uning azobi ham qattiqdir.

Payg‘ambarimiz Muhammadga, u zotning ahli baytla-riga va sahobalariga salovot va salomlar bo‘lsin. Bu salovot qilgan amallarimiz o‘zimizga ko‘rsatiladigan Hisob kitob-kunining dahshatidan najot topishimizga sabab bo‘lsin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Avgust 2008, 07:35:34

Ayblarni yopuvchi, g‘ayblarni biluvchi Zotga qaytish orqali gunohlardan tavba qilish - solihlar yo‘lining ibtidosi, haq yo‘lni iroda qilganlarning ilk qadamlari bo‘lib, bobomiz Odam alayhissalom bu yo‘lga dastlab qadam qo‘yganlardandir. Ota-bobolarga ergashish farzandlarga naqadar munosib ish! Demak, odamzot biror gunoh ish qilib qo‘ysa, buning ajablanadigan joyi yo‘q. Shu jihatdan kimki bobosiga o‘xshasa, bu hali zulm emas. Chunki, bobomiz singanni yamadi, buzilganni tuzatdi, achchiq pushaymon ta’mini totib, tavba sari yuzlandi. Shuning uchun kimki, tavbani tark qilib, "xato insonga azaliy meros" degan qarash bilangina gunohini oqlamoqchi bo‘lsa, albatta adashadi.

O’zni butkul xayrga bag‘ishlash - muqarrab farishtalarga xos tabiat. O’nglanishni o‘ylamasdan, faqat yomonlikka berilish - shaytoniy fe’l. Yomonlikdan so‘ng yaxshilikka qaytish esa insoniy zaruratdir. Kim tavba qilsa, o‘zining "odam" degan sog‘lom o‘zlikka daxldorligini isbotlagan bo‘ladi. Kim doimo zulmu tug‘yonda bo‘lsa, o‘zini shaytonga topshirgan hisoblanadi. Nafsni butkul xayrga bag‘ishlab, farishta bo‘lish esa imkondan tashqari ishdir.

Yomonlik — odamzot tiynatidagi (loyidagi) yaxshilik bilan juda puxta, maromiga yetkazib qorilgan ma’jun. Bu qorishiq ikki o‘tning birida ajraladi: yo dunyo hayotida nadomat o‘ti bilan, yoki jahannamda do‘zax o‘ti bilan. Inson bu hayotda nadomat o‘ti tufayli javharini yomonlikdan xalos etmas ekan, oxiratda uning chorasi jahannam olovidir.
Hozir senda bu ikki o‘tdan yengilrog‘ini, tafti past-rog‘ini tanlash imkoniyati bor. Sen uchun to‘shalgan ixtiyor gilami hali yig‘ishtirilgani mo‘q. Hali sen jannatda bo‘lmasang-da, zo‘rlik bilan jahannamga ham haydalmading. To imkon bor ekan, nadomatga shoshil, do‘zaxdan saqlan...

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Avgust 2008, 16:18:00

I bob
Tavbaning mohiyati haqida
Tavba nima?

Bilgilki, tavba uch bosqichdan iborat. Birinchi bosqich - ilm, ikkinchi bosqich - hol va uchinchisi - fe’l. Bu bosqichlarning har biri o‘zidan keyingi bosqich uchun zaruratdir. Chunki Allohning mulk va malakutga joriy etgan qonunidagi uzluksizlik shuni taqozo qiladi.

Ilm — gunohlar tufayli sodir bo‘lib, banda bilan uning suyukli narsalari orasini to‘sadigan ulkan zararni aiglash. Bu ulkan zararni to‘la anglagan kishi qalbiga g‘olib bo‘ladi. Bu anglash suyukli narsasini boy bergan qalbda alam-og‘riq paydo qiladi. Qalbda yo‘qotish hissi ortgani sayin alamning shiddati ham kuchayadi. Mahbubini o‘zining bir yomon fe’li sabab boy bergani uchun qalb afsus chekadi. Qalbning bu og‘rig‘i — nadomat deyiladi. Og‘riq ichkarini butunlay egallab olganidan so‘ng qalbda iroda esa qasd deb atalgan o‘zgacha bir holat namoyoya bo‘ladi (qasd - gunohni tark etishni maqsad qilish, shu maqsad tomon qadam tashlash).

Tavbaning bugun, kelajak, o‘tmishg‘a bog‘liq jihatlari bor: mahbubdan to‘suvchi gunohlarni bugun tark qilyapsan; mahbubdan ayiruvchi gunohga kelgusida minba’d qaytmaslikka azm etding; shu azm o‘tmishdagi xatoning o‘nglanishiga umid uyg‘otadi. Bu yaxshiliklarning avvali ilmdir. Ilm deyilganda iymon va yaqin (shak-shubhasiz, aniq va haqiqiy bilish) nazarda tutilyapti. Gunohlarning do‘zaxdan tinimsiz esib turadigan, badanlarni ilma-teshik qilib yuboradigan samum shamoli yanglig‘ halokatli ekanini tasdiqlash iymondir. Bu tasdiqni ta’kidlab, shubhalardan butkul xalos bo‘lish va tasdiqning qalbni to‘la egallashi esa yaqindir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Avgust 2008, 16:18:51

Tavbaning vojibligi va fazilati

Bilgilki, tavbaning vojibligi oyat va xabarlarda bayon qilingan. Basirati, ya’ni idrok va zehn quvvati ochilgan kishiga bu narsa kunday ravshan.

Alloh ko‘ksiga iymonni joylagan inson uning nuri bilan oldidagi jaholat zulmatlarini yorib o‘tishga, har qadamda dovdirab, yetakchiga ehtiyoj sezavermasdan, sabot bilan dadil yurishga qodir bo‘ladi.

Shunga ko‘ra, solik, ya’ni oxirat yo‘lchisi ikki xil: ko‘zi ojiz kishi kabi doimo, har qadamda yetovga muhtoj bo‘lishi yoxud avval hidoyat topib, so‘ng nafsini hidoyatga boshlaydigan basirat sohibi bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, odamlar ham din yo‘lida ikki toifaga ajraladilar. Kimki bu yo‘lga qadam qo‘yib, taqliddan nariga o‘tolmasa, u har qadamda Allohning kitobi yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatidan biror dalilga muhtoj bo‘ladi. Ko‘pincha ehtiyojini qondirolmaydi, hayronlik ichra qoladi. Umri qanchalik uzun, jiddu jahdi qanchalik qattiq bo‘lmasin, uning bu harakatida mahdudlik, qadam tashlashida zaiflik. bor.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Avgust 2008, 16:19:59

Kimning qalbini Alloh Islomga ochib, saodatmand etgan ekan, u Parvardigori tomonidan bo‘ladigan nur ustidadir. U ozgina ishora bilan chalkash yo‘l sinoatidan ogoh bo‘ladi, mashaqqatli dovonlardan oshib, qalbi Qur’on va iymon nuri bilan yog‘duga to‘ladi. Botinidagi nurning porlashi uchun ozgina bayon kifoya. Garchi olov tegmasa ham, xuddi yog‘ga botirilgan pilikdek ziyo taratadi. Agar olov tegsa, nur ustiga nur! Alloh o‘zi xohlagan kishini O’z nuriga hidoyat qiladi.

Mana shu holni o‘zida hosil qilgan kishi tavbaning vojibligini bilishni xohlasa, avvalo, basirat nuri ila tavbaning mohiyatiga, keyin uning vojibligi ma’nosi nimadan iboratligiga nazar solsin. So‘ngra bu ma’nolarni aqlida jamlab, tafakkur qilsin. Shak yo‘qki, shundan keyin u o‘zining tavba yo‘lida sobit turishi zarurligiga qat’iy amin bo‘ladi.

Abadiy halokatdan najot topib, abadiy saodatga erishish uchun tavba vojib ekan, demak, baxt yo baxtsizlik tushunchalari biror ishni amalga oshirish yoki uni tark qilishni taqozo etadi. Aks holda, vojib so‘zining ma’nosi vojiblik sifatini yo‘qotadi.

Qachonki, vojib so‘zining ma’nosi abadiy saodat yo‘lidagi vosita deb anglansa; boqiy uydagi farog‘at Alloh taolo diydori ila hosil bo‘lishi va undan to‘suvchi har bir narsa shaksiz baloga yo‘liqtirishi, nafs va uning istagi orasida vositachi bo‘lgan kishining firoq va jahannam olovida kuyishi anglansa; dunyo istaklariga qul bo‘lish, bu dunyo bilan do‘st tutinish, bevafo matohlarga butun mehru muhabbatni berib bog‘lanish Alloh taoloning diydoridan uzoqlashtiruvchi narsalar ekani anglansa, shubhasiz, o‘shanda uzoqlashish yo‘lidan kechib, yaqinlik yo‘liga qadam qo‘yish vojibligi ayon bo‘ladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Avgust 2008, 16:21:55

Qachonki, qalb bilan bu olam ziynatlari orasidagi aloqa barham topib, uning o‘rnini davomli zikr egallasa, banda bilan Yaratuvchi o‘rtasidagi uns va muhabbat yanada ortadi. Muhabbat kuchaygan sayin har kim toqatiga yarasha ulug‘lik va qudrat egasi bo‘lmish Zotga yaqinlasha boradi, gunoh neligini anglaydi. Gunoh Allohdan yuz o‘girish va shaytonga ergashish ekanini, shayton Dargohdan to‘silgani sabab Allohdan uzoqlashtiruvchi dushman ekanini ichdan his etadi. Oqibat, uzoqlashishni tark etib, yaqinlashish yo‘liga o‘tish vojib ekaniga zarracha shubha qilmaydi.

Bu kechish ilm (gunoh neligini anglash), nadomat va azm bilan mukammal bo‘ladi. Kimki gunohlar mahbubdan uzoqlashishga sabab bo‘lishini anglamas ekan, nadomat neligini anglamaydi. Nadomat chekmagan kishi dard neligin anglamaydi. Kimki dard chekmas ekan, demak, qaytmaydi.

"Qaytish"ning ma’nosi gunohlarni tark etish va ularni qayta qilmaslikka azmdir. Shubhasiz, bu uch ma’no, ya’ni  ilm, nadomat va azm  mahbubga yetish yo‘lidagi zaruratlardir. Xullas, basirat nuridan hosil bo‘lgan iymon quvvati shu tarzda namoyon bo‘ladi.

Aksar xalq bu baland cho‘qqiga ko‘tarila olmaydi. Taqlid va ergashish ularning najot qal’asidir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Avgust 2008, 16:24:16

Keling, tavba haqida Alloh taoloning kalomi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va salaflarimizning so‘zlariga diqqat qilaylik:

وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا أَيُّهَا الْمُؤْمِنُونَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

"Barchalaringiz Allohga tavba qilinglar, ey mo‘minlar! Shoyadki (shunda) najot topsangizlar" (Nur surasi, 31). Bu mlohiy amr hammaga qarata aytilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا

"Ey mo‘minlar, Allohga holis tavba qilinglar" (Tahrim surasi, 8-oyat). Oyatdagi "nasux" so‘zining ma’nosi: "Holis Alloh taolo uchun", "shubhalardan holi bo‘lib", deganidir. Alloh taoloning ushbu so‘zi tavbaning fazilatiga ochiq dalolat qiladi:

إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ التَّوَّابِينَ وَيُحِبُّ الْمُتَطَهِّرِينَ

"Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni va o‘zlarini mudom pok tutuvchilarni sevadi" (Baqara surasi, 222).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam deydilar:
"Tavba qiluvchi kishi Allohning suyg‘an qulidir. Gunohdan tavba qilar ekan, go‘yo u gunohi yo‘q kishi kabidir" (Ibn Moja rivoyati).

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Avgust 2008, 16:27:35

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Mo‘min bandasining tavbasi Allohni ko‘nroq quvontiradi... yonida ulovi, ulovida taomi va suvi bo‘lgan bir yo‘lchi qo‘rqinchli, xavf-xatarga boy, notanish bir joyda to‘xtadi. Safar davomida horib-charchagani bois o‘sha yerda ozgina mizg‘idi. Uyg‘onib qarasa, yonida ulovi yo‘q. Ulovini rosa izladi. Borgan sari kun qizib, tashnalik ichini yondirardi. "Allohning xohlagani bo‘ldi, endi joyimga qaytib, o‘sha yerda bo‘lay. Balki, ko‘zim ilinib, uyquda jonim chiqqanini sezmay qolarman", - dedi o‘ziga o‘zi. Keyin boshini bilagiga qo‘yib, go‘yoki jon taslim qilishga hozirday bir holda yotdi. Bir payt uyg‘onib qarasa, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, yo‘l ozig‘i va suvlari ortilgan ulovi qarshisida turardi. Shunday paytda ulovini topgan kishining quvonchi qanchalik kuchli, samimiy bo‘ladi! Mo‘min bandasi qilgan tavbadan Alloh taoloning quvonchi bundanda kuchliroqdir" (Muttafaqun alayh).

Hasan Basriydan rivoyat qilinadi: "Odam alayhissalom Alloh taologa tavba qilgach, farishtalar bundan mamnun bo‘lishdi. Jibril va Mikoil (ularga Allohning salomi bo‘lsin) Odam alayhissalom oldiga tushib deyishdi:

- Ey Odam, Alloh bergan, ko‘zlaringni quvontirgan bu tavba senga muborak bo‘lsin!

Odam alayhissalom so‘radilar:

- Ey Jibril, bu tavbadan so‘ng mening maqomim qaerda bo‘ladi?

Alloh taolo unga vahiy qildi:

 - Ey Odam! Mashaqqat va azob-uqubatni zurriyotingga meros qildim, ularga tavbani meros qildim. Kimki Menga duo qilsa, xuddi senga javob berganimdek, uning duosiga ham javob beraman. Kimki Mendan mag‘firat tilasa, unga baxillik qilmayman. Ey Odam, Men duogo‘yga eng yaqin va duolarni ijobat qilguvchi zotdirman. Tavba qiluvchilarni xushnud va jilmaygan hollarida qabrlardan chiqarib, mahshargohda to‘playman, ularning duolari mustajobdir".

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Avgust 2008, 16:30:32

Bu xususda kelgan axbor va asarlar behisob. Ummat tavbaning vojibligiga ijmo’ qilgan. Zero, vojibning ma’nosi  Alloh taolodan yiroqlashtiruvchi, halokatga sudrovchi ma’siyat va gunohlarni anglashdir. Bu esa iymonning vojibligiga doxil jihatdir. Lekin ba’zida aynan mana shu jihatdan g‘aflatda qolish kishini dahshatga soladi. Aslida mazkur ilm, ya’ni gunohning halokatli bo‘lishini anglash o‘sha g‘aflatni ketkizishdir.

Tavbaning yana: "darhol gunohlarni tark qilmoq", "kelajakda gunohni takrorlamaslikka azm etmoq", "o‘tgan xatolarni o‘nglamoq" kabi ma’nolari bor.

Darhaqiqat, o‘tgan xatodan pushaymon bo‘lib, g‘amga botish musulmon uchun vojibdir. Bu hol  tavbaning ruhi, u bilan o‘nglanish kamoliga yetadi. Shunday ekan, tavba qanday vojib bo‘lmasin?!

Tavba shunday og‘riqki, u bekor o‘tayotgan umrni his qilish, Allohning g‘azabi ostida zoe’ bo‘layozgan bebaho ne’mat  o‘tgan va o‘tayotgan kunlarni o‘ylab, qonli yoshlar to‘kishdir.

Agar sen: "Qalb og’rig’i ixtiyoriy emas, zarurat tufayli tug’iladi. Shunday ekan, qanday qilib, u vujub sifati bilan sifatlanishi mumkin?" desang, javob shuki, mahbub narsaning qo‘ldan ketganini anglash qalbga azob beradi. Bu og‘riqda og‘riqning sababi tomon yo‘l bor. Xuddi shuningdek, ilm, ya’ni gunohning halokatli ekanini anglash — vujubda, ya’ni tavbaning vojibligi ichida mavjud. Bundan zinhor, "banda ilmni yaratadi va uni ongida paydo qiladi", degan ma’no kelib chiqmasligi kerak.

"Axir banda biron ishni qilish va qilmaslikda ixtpiyorli emasmi?" desang, aytamiz: ha, bandaga ixtiyor berilgan. Lekin bu gap ushbu: "Butun borliqni Alloh taolo yaratgan, ixtiyor ham Allohning xilqati. Banda o‘ziga berilgan ixtiyorga muhtoj qilib yaratilgan", degan so‘zimizga zid emas.

Qayd etilgan