Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
"Albatta, ulug‘ va qudratli Alloh, to quyosh mag‘ribdan chiqadigan kun kelgunicha kechadan kunduzga qadar, kunduzdan kechaga qadar tavbaga qo‘l ochadi" (Muslim rivoyati).
"Tavbaga qo‘l ochish"dan murod tavbani xohlamoqdir. Ya’ni Alloh taolo bandasining tavba qilishini istaydi. Istak qabulni taqozo etadi. Kishi biron narsani istamasa, uni qabul qilishi ham mumkin, qabul qilmasligi ham mumkin. Lekin istasa, albatta qabul qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
"Agar ko‘kka yetgudek gunohlar qilib, keyin xatolaringizdan pushaymon bo‘lsangiz, albatta Alloh tavbangizni qabul qiladi" (Ibn Moja rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Banda gunoh qiladi, keyin shu gunohi tufayli jannatga kiradi", - dedilar. "Bu qanday bo‘ladi, ey Rasululloh?" deb so‘rashdi. "Sodir etgan gunohi doimo o‘zining ko‘z o‘ngida turadi. Gunohdan tavba qiladi, undan qochadi, hatto jannatga kiradi", - dedilar Nabiy alayhissalom (Ibn Muborak rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana aytadilar: "Gunohning kafforati pushaymonlikdir" (Ahmad, Tabaroniy, Bayhaqiylar rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Gunohdan tavba qiluvchi kishi gunohi yo‘q kishi kabidir".