Buning dunyodagi misoli shunday: Bir podshoh qaysidir o‘lkani zabt etar ekan, xalqining ba’zisini o‘ldiradi. Ular halok bo‘luvchilardir. Ba’zisini o‘ldirmasdan, biror muddat iskanjaga olib turadi. Ular azobga duchor bo‘lganlardir. Ayrimlari ozod qo‘yib yuboriladi. Ular najot topganlardir. Ayrimlari taqdirlanadilar, ular zafar quchganlardir.
Agar podshoh odil bo‘lsa, mana shu taqsimotni munosib va muvofiqlik ila amalga oshiradi. Shohlikka mustahiqligini inkor etuvchilarni, davlatning asosiga qarshi chiquvchilarnigina o‘ldiradi. Kim podshohning saltanatini, uning makomi ulug‘ligini e’tirof etgani holda, xizmatida qosirlik qilsa, jazolanadi. Kim shohlik martabasini e’tirof etib, taqdirlanadigan darajada bo‘lmasa ham, jazoga tortilmaydigan darajada xizmat qilsa, ozod qo‘yiladi. Kim butun umrini shohning xizmatiga bag‘ishlab, ko‘makka tayor tursa, u taqdirlanadi, zafar quchuvchilar jumlasidan bo‘ladi. Halok bo‘luvchilarning jazolanishida ham tafovut bor, kimlarningdir boshi kesilsa, kimlardir itoatsizligining darajasiga qarab, musla qilinadi (a’zolar kesiladi). Jazolanuvchilarning yengil yo qattiq, uzoq muddatli yo qisqa va boshqa tur jazolar bilan azobga duchor etilishi isyonlari darajasiga ko‘ra belgilanadi.
Xullas, rutbalar behisob darajalarga bo‘linadi, ularni sanab chiqishning imkoni yo‘q.