Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tavba kitobi)  ( 125528 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 23 B


Musannif Adham  24 Avgust 2008, 07:13:31

Ta’bir yo‘li boshda-noxir ramzlardan iborat bo‘ladi. Ta’birlardagi ramziy masallar qissadan hissa chiqarishni o‘rgatadi. Biz masal deganda suratdagi ma’noni nazarda tutyapmiz. Agar masal ma’nosiga diqqat qilsang, to‘g‘rilikni topasan. Agar surati, shakliga boqsang, yolg‘ondek tuyuladi. Masalan, uzukdagi muhrning faqat shakliga nazar solgan muazzin u bilan farjlarni muhrlash mumkinligiga ishonmaydi. Chunki, hech qachon farjlar muhr bilan muhrlanmagan. Agar muazzin ramzlar ma’nosiga nazar solsa, masalning to‘g‘riligiga ishonadi. Negaki, ramzlar masalning ma’nosini ochib beryapti. Og‘izlarning muhrlanishi yeyishichishdan tiyilish, farjlarning muhrlanishi — jinsiy aloqadan tiyilish ma’nosini anglatyapti.

Darhaqiqat, payg‘ambarlar (alayhimussalom) ham ummatlariga haqni izhor qilar ekan, masallar bilan murojaat etganlar. Chunki, ularga odamlarning aqllari ko‘taradigan darajada gapirish vazifasi topshirilgan. Odamlarning aql darajasiga kelsak, ular uykudadirlar. Uyqudagi kishiga narsalar mohiyati tush orqali namoyoi bo‘ladi. Zero, insonlar o‘lgach, uyg‘onurlar va tushning haqiqat ekanini anglaydilar. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

"Mo‘minning qalbi Rahmonning ikkala barmog‘i orasidadir", deganlar.

Bu misolni olim kishilargina anglaydi. Johillar ta’vil deb nomlanmish tafsir ilmidan bexabar bo‘lgani uchun bu misolning zohiridan nariga o‘tolmaydi. Natijada Alloh taoloni qo‘l va barmoq bilan tasavvur qiladilar. Alloh taolo bunday noqis tasavvurlardan yuqori va ulug’dir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Avgust 2008, 07:15:52

Shuningdek, "Albatta, Alloh Odamni o‘zining suratida yaratdi", hadisidagi "surat" so‘zini ham rang, shakl, hay’at sifatlari bilan izohlashadi. Lekin Alloh taolo bandaga xos bunday sifatlardan pok va yuksak zotdir. Ba’zida xudosiz kishilar oxirat manzaralari xususida keltirilgan masallarni uydirma deb topib, inkor qilishadi. Chunki, ularning nazari zohiriy surat atrofida qotib qolgan, ichlari esa ziddiyatga to‘la.

Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"Qiyomat kuni o‘lim ko‘zlariga oq tushgan qo‘y suratida keltiriladi, so‘ngra so‘yiladi" (Muttafaqun alayh). Xudosiz ahmoqlar bunday xabardan jazavaga tushishadi. Bu xabarni payg‘ambarlarning yolg‘onchi ekaniga dalil sifatida keltirib: "Ajabo! O‘lim moddiy bo‘lmagan borliq, qo‘y esa moddiy bir jism bo‘lsa, qanday qilib moddiy bo‘lmagan borliq moddiy jismga aylanishi mumkii? Yo‘q, bu muhol narsa!" deyishadi.

Ha, o‘sha ahmoqlarning bu ish sir-asroridan voqif bo‘lishlari anchayin mushkul. Alloh taolo ularni bu ma’rifatdan uzoqlashtirgan:

وَتِلْكَ الأمْثَالُ نَضْرِبُهَا لِلنَّاسِ وَمَا يَعْقِلُهَا إِلا الْعَالِمُونَ
   
"Biz ushbu masallarni odamlar (ibrat olsinlar) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat ilm egalarigina anglay olurlar" (Ankabut surasi, 43).

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Avgust 2008, 07:20:37

Oxiratga nisbatan uyqu hisoblangan bu dunyoda payg‘ambarlar odamlarga yuzlanib, asl ma’nolarni zarbulmasallar vositasida yetkazdilar. Keltirilgan misollar Alloh taoloning hikmati va bandasiga lutfi sifatida fahmlarda jonlanadi, bandaning idroki ojizlik qiladigan o‘rinlarda yordamga kelib, ilg‘ash va anglashni osonlashtiradi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Qiyomatda o‘lim ko‘zlariga oq tushgan qo‘y suratida keltiriladi..." degan so‘zlari bir misoldir. Oxirat azoblaridan o‘lib qutilib bo‘lmaydi. Chuiki u yoqda o‘limning o‘zi yo‘q, Shunday ekan, oxiratda azobdan xalos bo‘lish uchun o‘limga umid bog‘lash befoyda. Hadisdan misol mana shu ma’noni yetkazish uchun keltirilgan.

Qalb shunday misollardan ta’sirlanishga moyil qilib yaratilgan. Shunday misollar vositasidagina ma’gyular qalbga mustahkam o‘rnashadi. Qur’oni karimda qudratning eng so‘ng chegarasi shunday ifodalangan:

إِنَّمَا أَمْرُهُ إِذَا أَرَادَ شَيْئًا أَنْ يَقُولَ لَهُ كُنْ فَيَكُونُ

"Biror narsani (yaratishni) iroda qilgan vaqtida Uning ishi faqatgina "Bo‘l", demoqligidir. Bas, u (narsa) bo‘lur — vujudga kelur" (Yosin surasi, 82).

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Avgust 2008, 07:25:53

Endi mavzuga qaytsak, maqsadimiz — oxiratdagi darajalarning dunyoda qilingan yaxshilik va yomonliklarga qarab taqsimlanishini ta’riflash. Albatta bu ish ham faqat masallar vositasida amalga oshishi mumkin.

Odamlar oxiratda bir necha toifaga bo‘linadilar. Xuddi dunyoda baxt va baxtsizlik farqlangani kabi oxirat saodatining darajalari va shaqovatining tabaqalarida ham sonsiz tafovutlar mavjud. Ayni shu jihatdan bu dunyo oxiratga o‘xshab ketadi. Chunki, mulk olamining ham, malakut olamining ham boshqaruvchisi bitta, yagona zotdir. U zotning azaliy irodasidan kelib chiquvchi qonuni o‘zgarmasdir.

Odamlar oxiratda zaruriy ravishda to‘rt qismga ajraladilar:

— halok bo‘luvchilar;

— azobga duchor bo‘lganlar;

— najot topganlar;

— zafar quchganlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Avgust 2008, 07:28:44

Buning dunyodagi misoli shunday: Bir podshoh qaysidir o‘lkani zabt etar ekan, xalqining ba’zisini o‘ldiradi. Ular halok bo‘luvchilardir. Ba’zisini o‘ldirmasdan, biror muddat iskanjaga olib turadi. Ular azobga duchor bo‘lganlardir. Ayrimlari ozod qo‘yib yuboriladi. Ular najot topganlardir. Ayrimlari taqdirlanadilar, ular zafar quchganlardir.

Agar podshoh odil bo‘lsa, mana shu taqsimotni munosib va muvofiqlik ila amalga oshiradi. Shohlikka mustahiqligini inkor etuvchilarni, davlatning asosiga qarshi chiquvchilarnigina o‘ldiradi. Kim podshohning saltanatini, uning makomi ulug‘ligini e’tirof etgani holda, xizmatida qosirlik qilsa, jazolanadi. Kim shohlik martabasini e’tirof etib, taqdirlanadigan darajada bo‘lmasa ham, jazoga tortilmaydigan darajada xizmat qilsa, ozod qo‘yiladi. Kim butun umrini shohning xizmatiga bag‘ishlab, ko‘makka tayor tursa, u taqdirlanadi, zafar quchuvchilar jumlasidan bo‘ladi. Halok bo‘luvchilarning jazolanishida ham tafovut bor, kimlarningdir boshi kesilsa, kimlardir itoatsizligining darajasiga qarab, musla qilinadi (a’zolar kesiladi). Jazolanuvchilarning yengil yo qattiq, uzoq muddatli yo qisqa va boshqa tur jazolar bilan azobga duchor etilishi isyonlari darajasiga ko‘ra belgilanadi.

Xullas, rutbalar behisob darajalarga bo‘linadi, ularni sanab chiqishning imkoni yo‘q.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Avgust 2008, 07:31:51

Oxiratda ham odamlar ushbu misoldagidek farqlanadilar. Kimdir halok bo‘ladi, kimdir bir muddat azoblanadi. Yana kimdir tinchlik diyorida najot topadi va kimdir zafar quchadi. Zafar quchuvchilar "jannatu adn" yo "jannatul ma’vo" yoki "jannatul firdavs"da qo‘nim topuvchi sinflarga ajraladilar. Azobga duchor bo‘luvchilar - ozgina yo ming yil yoki yetti ming yil azoblanuvchi guruhlarga bo‘linadilar, Xabarda vorid bo‘lishiga ko‘ra, ular do‘zaxdan eng oxirda chiquvchi kishilardir.

Do‘zaxning pastlab boruvchi tabaqalaridagi tafovut ham toat va ma’siyatning xillariga qarab farqlanadi.

Keling, bu tabaqalarning toat va ma’siyatlariga ko‘ra taqsimlanishiga bir nazar solaylik.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Avgust 2008, 07:37:30

Birinchi rutba. U Alloh taoloning rahmatidan umid uzgan halok bo‘luvchilar rutbasidir. Chunki, podshohning rizoligi va hurmatidan ularning umidi yo‘q. Yuqorida keltirilgan misolning ma’nolariga diqqat qilsangiz, bunga amin bo‘lasiz. Bu rutba haqni inkor qiluvchilar, haqiqatdan yuz o‘giruvchilar, dunyoga mukkasidan ketganlar, Allohni, Allohning rasullari va kitoblarini yolg‘on deyuvchilarning darajasidir.

Bilgil, uxroviy saodat Allohga dqinlikda, Allohning diydoriga yetishda. Bil, shu darajaga faqat iymon va tasdiq deb nomlangan ma’rifat bilangina sazovor bo‘lish mumkin. Inkor qiluvchilar munkir, yolg‘on deb topuvchilar esa Alloh taoloning rahmatidan abadul-abad noumid bo‘lgan kishilardir. Ular butun olamlar Rabbini, uning jo‘natgan payg‘ambarlarini yolg‘onchilikda ayblashdi. Albatta, ular o‘sha kunda o‘z Parvardigoridan to‘siladilar.

"Jahannam olovidan xalos bo‘luvchi oxirgi kishi do‘zaxda yetti ming yil azoblanadi". Hakim Termiziy bu hadisni Abu Hurayradan "Navodirul usul" kitobida zaif sanad bilan keltirganligiga shubha yo‘q. Mahbubidan to‘silgan har bir kishi o‘zi va istak-orzusi o‘rtasidagi devorni his qiladi, firoq o‘ti bilan jahannam olovini yondiradi. Shuning uchun ham oriflar deydilar: "Bizning qo‘rqinchimiz jahannam olovidan emas, ohu ko‘zli hurlarga ham ko‘z tikmaymiz. Balki, bizning yolg‘iz talabimiz diydor, diydoridan to‘suvchi pardadan saqlanish, xolos".

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Avgust 2008, 07:40:34

Yana deyiladi: "Kim qilyotgan ibodatiga Allohdan evaz tama’ etsa, u minnatchi, ta’nachidir". Go‘yo u jannatni xohlagani yoki do‘zaxdan qo‘rqqani uchun ibodat qiladi. Orif kishi esa Allohning zoti uchun ibodat etadi, yagona orzusi ham Allohning zoti. Orif kishining ohu ko‘zli hurlarga, jannat mevalariga xohishi yo‘q, do‘zax olovidan ham hayiqmaydi. Chunki uning vujudini firoq o‘ti egallagan. Endi unga jismlarni yondiruvchi jahannam otashi pisand emas. Negaki, firoq o‘ti  Allohning o‘ti, Qalblarga tutashuvchi bu o‘tning yolqini chegara bilmas. Jahannamning olovi esa jismlar uchun. Jism chekkan alam qalb alami oldida arzimas:

Oshiq qalbin yoqqan hijron otashi,
Dema hijroi otashi, iymon otashi.
Qiyos qilki, bu o‘tning eng salqini,
Jahannamning alangali yolqini.

Oxirat olamida shunday bo‘ladi. Inkor etishga shoshilmang. Zero, bunday manzara dunyo olamida mavjud. Ehtiros g‘olib kelib, kimdir olov tomon qadam tashlaydi, qalbida jo‘sh urgan nafrat sababli oyoqlariga qadalgan tikanlarni sezmaydi. Jangga kirar ekan, vujudini g‘azab egallaydi, o‘sha onda jarohatlar unga pisand emas. Chunki, g‘azab qalbdagi yelqindir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam deydilar:

"G’azab olovdan bir parchadir" (Termiziy rivoyati). Qalblarning yonishi jasadning yonishidan kuchliroqdir. Kuchliroq sezgi kuchsizroqni mahv qiladi. Shunchaki kuyish, shunchaki chopilish bilan jism o‘lmaydi. Qachon birini boshqasiga bog‘lab turgan juz’lar bir-biridan ajratilsagina, jismga olov yo qo’rqinchdan halokat yetishi mumkin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Avgust 2008, 07:42:23

Qalb va uning mahbubini bog‘laydigan robita jismning juz’larini birlashtirib turuvchi robitadan mustahkamdir. Shuning uchun qalb mahbubidan ajratilganida yetadigan og‘riq jismning ju’zlari ajratilganida paydo bo‘ladigan og‘riqdan shiddatliroq. Basirat va qalb sohiblari buni yaxshi biladi. Qalbsiz odam bu alamning shiddatini his qilishdan yiroq. U jism chekayotgan alamga chiday olmaydi-yu, yana qalb og‘rig‘ini arzimas sanaydi.

Masalan, yosh bolaga koptokchasi va cho‘qmor tayoqchasidan mahrum bo‘lish alamini totish bilan saltanatdan mahrum bo‘lish alamini totish ixtiyori berilsa, u saltanatdan mahrum bo‘lish alamini umuman his qilmas edi, uni alam deb hisoblamasdi qam. Uning uchun o‘yin maydonida cho‘qmor tayoq bilan chopish podshohning mingta taxtidan suyumlidir. Agar taomdan boshqani o‘ylamaydigan qorin bandasiga: "yo holvoyitarni yoki dushmanlarning qahrini keltirib, do‘stlarni quvontiradigan chiroyli xulqni tanla", deyilsa, u albatta holvoyitarni tanlagan bo‘lardi. Negaki, uning ongida taomning lazzatini his qilishdan o‘zga ma’no yo‘q.

Hayvoniy sifatlarga qul bo‘lgan kishidan farishtalar qochadi. Chunki, ma’sum farishtalar butun olamlar rabbi Allohga qullik qiladilar, bu yaqinlikdan lazzat oladilar. Aksincha, Allohdan uzoqlashsa, ozor chekadilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Avgust 2008, 07:43:43

Inson ma’sum emas. Lekin ta’m totish tilga, eshitish quloqqa xos bo‘lgani kabi farishtalik sifati uning qalbida mulsassamdir. Qalbi bor kishigina bu hisni tuya oladi. Aks holda, uning ovozlarni eshitmaydigan, chiroyli surat va ranglarni ko‘ra olmaydigan kar va ko‘r kishidan farqi yo‘qdir:

إِنَّ فِي ذَلِكَ لَذِكْرَى لِمَنْ كَانَ لَهُ قَلْبٌ أَوْ أَلْقَى السَّمْعَ وَهُوَ شَهِيدٌ

"Albatta, bunda (ogoh) qalb egasi bo‘lgan yoki o‘zi hozir bo‘lgan holda, (ya’ni sidqidildan) quloq tutgai kishi uchun eslatmaibratlar bordir" (Qof surasi, 37).

Demak, qalbi bor kishigina Qur’ondan ibratlanadi. Kimki Kur’ondan ibratlanmas ekan, unda qalb yo‘qdir. Qalb deganda ko‘krak qafasiga qamalgan bir parcha etni nazarda tutmayagaymiz. Qalb  amr-farmon olamining siridir. Maxluqot olamidan bo‘lgan parcha et esa, qalbning arshi, ko‘krak uning kursisi, boshqa a’zolar uning saltanati.

Qayd etilgan