Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tavba kitobi)  ( 87780 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 23 B


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:14:26

"Zinoga ojiz bo‘lib qolgan odam, ojiz bo‘lishidan ilgari sodir etgan gunohidan tavba qilsa, tavbasi durust bo‘ladimi?" degan savolingga: "Yo‘q, durust bo‘lmaydi", deb javob beramiz. Chunki, tavba pushaymonlikdan iborat. Pushaymonlik gunohni tark etishga rag‘bat uyg‘otadigan azmni paydo qiladi. "Gunohni tark etish" deganimizda, gunohni qilishga qodir bo‘lmay qolish natijasidagi tarkni emas, balki gunoh ishga qodir bo‘la turib, uni tark etishni nazarda tutyapmiz.

Balki kimdir zinoga qodir bo‘lmay qolganidan so‘ng, daf’atan butun qalbri bilan zinoning zararini to‘la anglab, nafsida zinoga qarshi cheksiz nafrat tuyishi mumkin. Bu o‘t, bu hasrat, bu nadomat shu darajaga yetadiki, shu tobda u kishida shahvat istagi uyg‘onsa edi, nadomat alangasi uni kuydirib kul qilardi. Umid qilamiz, kechikib bo‘lsa ham qilingan bu pushaymon gunohga kafforat bo‘ladi, yomonlikni o‘chiradi. Bamisoli, jinsiy zaif bo‘lib qolishdan oldinroq tavba qilib, keyin o‘lib qolgan kishi shubhasiz tavba qiluvchilar jumlasidan hisoblangani kabi. Garchi shahvatga undovchi, shahvatga imkon beruvchi holat unga yuzlanmagan bo‘lsa ham. Uning tavba qiluvchilar jumlasidan bo‘lishining sababi shuki, nadomati yuksak darajaga yetdi, shu maqomda uning maqsadi yomonlikdan yaxshilik tomon burildi.

Demak, jinsiy zaiflashib qolgan kishi ham ilgari sodir etgan gunohi — zinodan qattiq pushaymonga botib, tavbasi maqbul bo‘ladigan darajaga yetishi mumkin. Chunki, kishi nimanidir xohlasa, ozgina xavf yordamida o‘zini o‘sha narsani tark qilishga qodir deb biladi. Holbuki, Alloh taolo uning qalbini. uning kanchalik nadomat chekayotganini bilguvchi Zotdir. Ehtimol, Alloh uning tavbasini qabul qilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:21:14

Bu ma’nolarni anglash gunohning zulmat ekanini anglashga borib taqaladi. Ikki narsa gunoh zulmatini qalbdan ketkazadi: nadomat o‘ti va kurash shiddati (ya’ni kelajakda gunohni takrorlamaslik bilan nafsga qarshi kurashni kuchaytirish). Shahvat yo‘qolishi bilan kurash to‘xtaydi. Albatta, agar nadomat kuchaysa, kurashning ishtirokisiz, nadomatning o‘zi ham gunoh zulmatini yo‘q qilishi mumkin, bu muhol emas. Aks holda: "Agar tavba qiluvchi tavbadan so‘ng ozgina muddat yashab, shu muddat ichida tavbaga sabab bo‘lgan gunoh xususida nafsi bilan bir necha marta tortishmas ekan, tavbasi qabul emas", degan bo‘lar edik. Lekin shariat tavbada bunday shartga dalolat qilmaydi.

Faraz qilaylik, ikkita tavba qiluvchidan birining nafsi gunohga mayl qilishdan to‘xtadi. Ikkinchining nafsida esa, bu mayl hali o‘lgani yo‘q, lekin nafs egasi unga qarshi kurashyapti, imkon darajasidan uning yo‘lini to‘sishga harakat qilyapti. Bu tavba qiluvchilardan qay biri afzal?

Bilgilkim, bu masalada olimlar ixtilofga borishgan. Ahmad ibn Abu Havoriy va Abu Sulaymon Doroniyning ashobi deydi: "Nafsiga qarshi kurashyotgan tavba qiluvchi afzaldir. Chunki, unda tavba bilan birga nafsga qarshi jihod fazilati ham bor".

Basralik olimlar: "Avvalgi tavba qiluvchi afzaldir. Chunki, u sustlik qilayotgan bo‘lsa ham, gunohdan to‘xtadi. Narigisi esa nafsiga qarshi kurashayotgan bo‘lsa-da, hali gunohdan to‘xtamadi. Shuning uchun avvalgi kishining tavbasi keyingisinikidan sog‘lomroq va haqqa yaqinroqdir", -  deydilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:24:35

Darvoqe’, bu ikkala qarash ham to‘g‘ri, shu bilan birga, qusurdan ham holi emas. Nafsi gunohga mayl qilishdan to‘xtagan kishida ikkita holat mavjud. Birinchisi, shahvat istagining tabiiy so‘nishi, u faqat shuning uchun gunohga mayl qilishdan to‘xtadi. Bunday tavba qiluvchidan nafsi bilan kurashayotgan gunohkor afzal. Har holda u o‘zining kurashi bilan qaysidir darajada gunohdan uzoqlashyapti. Shu bilan dinining shahvat istaklaridan ustunligini ko‘rsatyapti. Mana shuning o‘zi unda yaqin (Allohni aniq, shubhasiz tanish) va dinning quvvatlanayotganiga qat’iy dalildir. Dinning quvvati deganda, shaytonlar ta’sirida uyg‘onuvchi shahvatni yo‘q qiladigan, yaqin ishorati bilan zohir bo‘ladigan iroda quvvatini nazarda tutyapmiz. Mana shu quvvatlar tufayli kurash sodir bo‘ladi.

"Bir oz sustroq esa-da, gunohdan to‘xtagan kishining tavbasi salomatroqdir", degan qarash ham to‘g‘ri. Lekin bu o‘rinda "afzal" lafzining qo‘llanishi noto‘g‘ri. Buni so‘zlovchining shunday so‘zlariga o‘xshatish mumkin: "Jimo’ga qodir bo‘lmagan kishi jimo’ga qudrati zo‘r erkakdan afzaldir. Chunki jimo’ga qodir bo‘lmagan kishi shahvat xataridan omon bo‘ladi. Shuningdek, yosh bola balog‘atga yetgan kishidan afzal, chunki go‘dak gunohdan pok. Qashshoq kishi dushmaniga shafqatsiz, qahri qattiq podshohdan afzal. Negaki, qashshoqning dushmani yo‘q. Podshohning esa dushmani ko‘p. U, ko‘pincha, dushmanlaridan g‘olib kelsa-da, ba’zan mag‘lub bo‘ladi".

Ha, bu so‘zlar qalbi toza kishining so‘zlaridir. Lekin bu qarash narsalarning zohirinigina ko‘radi. Azizlik yo‘li xatarlardan iboratligini, ulug‘likning sharti g‘ururni o‘ldirish ekanini anglamaydi. Ularning aytganini, bamisoli, so‘zlovchining ushbu so‘zlariga ham o‘xshatish mumkin: "Oti va iti yo‘q ovchi ov ovlash va martaba darajasiga ko‘ra oti va iti bor ovchidan afzaldir. Chunki, oti bo‘lmasa, otdan yiqilib, a’zolari shikast topishidan, iti bo‘lmasa, iti ustiga tashlanib, g‘ajib tashlashi xavfidan omon bo‘ladi". Bu noto‘g‘ridir. Negaki, oti va iti bor ovchi uddaburon, hayvonlarni tarbiyalash ilmini to‘la egallagan bo‘lsa, u ovlash saodatiga eng munosib, martabasi ulug‘ ovchidir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:29:58

Nafsi gunohga mayl qilishdan to‘xtagan kishidagi ikkinchi holat shunday bo‘lishi mumkin. Qalbida Allohni aniq va shubhasiz tanish tuyg‘usi kuchaygani uchun va ilgariroq nafs bilan bo‘lgan kurashdagi samimiylik tufayli unda gunohga mayl yo‘qoladi, shahvat hayajoni bosiladi, hatto u shariat odobi bilan xulqlana boshlaydi. Endi u shahvat bilan emas, din bilan to‘lqinlanib, din bilan sokinlashadigan daryoga aylanadi. Darhaqiqat, bu kishi martabada shahvatni so‘ndirish, uning hayajonini bosish uchun zahmat chekayotgan kurashchidan yuqoridir. Nafs bilan jihod etmsh maqsadini to‘la anglamagan odamgina "bu kishida jihod fazilati yo‘q", deyishi mumkin. Nafsga qarshi jihoddan murod — dushmanning yovuzligini so‘ndirish, toki u sizni shahvat tomon tortmasin. U sizni shahvat tomon tortolmas ekan, demak, u din yo‘lida davom etishingizga ham to‘sqinlik qilolmaydi. Dushmanni yengsangiz, murod hosil bo‘ladi. Butun jang davomida g‘alaba talabida bo‘lib, nihoyat zafar quchdingiz. Buning misoli, jihodda oldingm saflarda turib, qanday salomat qolishini bilmayotgan kishi bilan dushmanni yengib, asir olgan kishining misoliga o‘xshaydi. Yoki bu holatni majozan shunday tasvirlash ham mumkin: iti va otining tarbiyasi bilan endi shug‘ullanishni boshlagan, hali o‘rgatish mashaqqatlarini tortayotgan kishi qayda-yu, kuchli e’tibor va qattiq tarbiyadan so‘ng qopog‘onligini tashlab, ovchilikka o‘rgangan itidan, sarkashligini tark etib, yuvosh bo‘lib qolgan otidan mamnun holda dam olayotgan kishi qayda?!

Ba’zilar mana shu nuqtada adashib, nafs bilan jihod qilishni eng so‘nggi maqsad deb gumon etdilar. Jihod faqat yo‘ldagi to‘siqlardan xalos bo‘lish uchungina kerakligini anglamadilar. Kimlardir, maqsad — shahvatlarini so‘ndirish va ularni butunlay yo‘q qishishdir, degan o‘yga borib, hatto ba’zilari buni o‘zlarida sinab ko‘rishdi. Lekin ojizlik qildilar, bu ishning imkonsiz ekanini tan oldilar. Koshki shu yerda to‘xtasalar edi, yo‘q, ular shariatni yolg‘onga chiqarib, (barcha ishga ruxsat) yo‘lini tutdilar, behayolarcha shahvatga oshkora ergashdilar.

Tabiiy, bularning barchasi jaholat va adashish edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:31:34

Shunday savol tug‘ilishi mumkin: "Gunohni unutib, u haqida umuman fikr qilmagan tavba qiluvchi bo’lgan gunohini ko‘zi oldida tutib, u odatda doimiy tafakkur qilayotgan va nadomat o‘tida yonayotgan tavba qiluvchidan qay biri afzal?"

Bilgil, bu xususda ham turlicha qarashlar mavjud. Ba’zilar deydi: "Tavbaning mohiyati gunohni ko‘z oldida tutishdir".

Kimdir aytadi: "Tavbaning mohiyati gunohni unutishdir" Bizningcha, bu ikkala qarashda ham jon bor. Faqat u ikkita holat bilan belgilanadi.

Mutasavvuflarning so‘zi doimo cheklangan bo‘ladi. Chunki, ular faqat o‘z holidan xabardor, o‘zganing holi ularni qiziqtirmaydi. Holatlar har xil bo‘lg‘ani uchun javoblar ham har xil bo‘ladi. Bu esa himmat, iroda va ulug‘likka nisbatan nuqsondir. Mazkur sifatlar sohibining nazari o‘z nafsi doirasida cheklangan, o‘zidan o‘zganing ishi uni qiziqtirmaydi. Chunki, uning Allohga olib boradigan yo‘li — nafsi, yo‘ldagi manzillar uning holatlaridir.

Ba’zan bandaning Allohga olib boradigan yo‘li ilmdan iborat bo‘ladi. Alloh taologa olib boruvchi yo‘llar ko‘p, lekin ular yaqinlik va uzoqlik jihatidan farqlanadi. Xulosa shuki, kimning yo‘li hidoyatliroq ekanini Alloh bilguvchiroqdir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:32:32

Bizningcha, qilgan gunohini eslab, iztirob chekmoq tavbaga ilk qadamlarni qo‘ygan kishining kamolotidan nishonadir. Agar u gunohini unutganida, yuragi kuymas edi. Yuragi kuymasa, poklanmas edi. Chunki, gunohni unutish hazinlikni va gunohga yana qaytish yo‘lini to‘sadigan xavfni qalbdan chiqaradi. Gunohni unutish g‘ofilga nisbatan kamol deb bilinsa, haq yo‘ldagi solikka nisbatan nuqsondir. Negaki bu haq yo‘ldan qaytaruvchi mashg‘ulot bo‘lib, solikning vazifasi haq yo‘ldan og‘maslik, o‘z sulukidan chalg‘imaslikdir. Qachonki, solikda o‘zini anglash kurtaklari ko‘rina boshlar ekan, qalbi ma’rifat nurlariga to‘ladi, ruhi ilohiy fayzga butkul g‘arq bo‘ladi, o‘tgan holatlarga qarash uchun unda vaqt qolmaydi. Mana shu ayni komillikdir.

Qaysidir o‘lkaga otlangan musofirning yo‘lini daryo to‘sib qo‘ydi. Sal ilgariroq daryoning suvi toshib, ko‘prik xarob bo‘lgan edi. Musofir ancha vaqtini boy berib, ko‘p urinishlardan so‘ng daryodan kechib o‘tdi. Tasavvur qiling, u daryoning narigi betiga o‘tganidan keyin yo‘lida davom etmasdan, sohilda o‘tirib olib, ko‘prikning buzilgani uchun afsus chekib, tinimsiz yig‘layversa, uning bu holati bitta to‘siqdan qutulib, ikkinchi to‘siqqa tutilish emasmi?

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:34:19

Agar kech tushib qolgan bo‘lsa yoki yo‘lda shunga o‘xshash yana boshqa daryolar ham uchrab, ulardan kechib o‘tish xavfli bo‘lgani uchun yurishni davom ettirishning iloji bo‘lmasa, bunday sharoitda tuni bilan yig‘lab, ko‘prikning buzilganiga qayg‘ursa, arziydi. Albatta, uning qayg‘usi qancha zo‘r bo‘lsa, mashaqqatlarni yengishga bo‘lgan azmi ham shuncha mustahkam bo‘ladi. Nafsi bu azmga "labbay" deb javob berar ekan, haqiqatan ham u endi bunday mashaqqatlarga zinxor yo‘lamaydi.

Ha, yo‘lda davom etish, ko‘prikning xarob bo‘lganini eslab, tinimsiz yig‘layverishdan avloroqdir. Yo‘lni tanigan, maqsadni bilgan, to‘siqni sezgan va suluk tariqidan xabardor kishigina buni anglaydi.

Bizningcha, tavba davomiyligining sharti oxirat ne’matlari xususida ko‘p fikr qilishdir. Ana shunda ularga rag‘bat kuchli bo‘ladi. Lekin tavbaga endi qadam qo‘yayotgan o‘smir yigit oxirat ne’matlari haqida o‘ylar ekan, fikri hurlar, qasrlar kabi bu dunyoda o‘xshashi bor narsalarga mashg‘ul bo‘lib qolmasligi lozim. Chunki, bunday o‘ylar uning rag‘batini qo‘zg‘aydi. Natijada u hozir qo‘lga kirishi mumkin narsalarni xohlaydi, kelajakdagi ne’matlarga rozi bo‘lmaydi. Shuning uchun u faqat bu dunyoda tengi yo‘q saodat  Alloh diydorining lazzati haqida tafakkur etsin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:35:09

Ba’zan gunohni eslash ham shahvatga ishtiyoq qo‘zg‘aydi. Ko‘pincha endi tavba yo‘liga qadam qo‘ygan kishi bundan zarar ko‘radi. Balki, mazkur holatda unga eng afzali gunohni unutmoqdir.

To‘g‘ri, tariximizda Dovud alayhissalomning yig‘iyu fig‘onlari hikoya qilingan o‘rinlar ko‘p. Lekin ular biz keltirgan haqiqatni tasdiqlashingizga to‘sqinlik qilmaydi. Albatta, ba’zan payg‘ambarlar so‘z va fe’llarida ummati bilan baravar darajaga tushadilar. Chunki ular ummatga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun yuborilgan. Payg‘ambarlar zimmasida ummatga manfaat bo‘ladigan ishlarda bevosita aralashish majburiyati ham bor, garchi bu ishlar ularni yuksak maqomdan tushirsa ham.

Shunday shayxlar borki, qachon ular muridiga bir riyozatni buyursalar, o‘zlari bu maktabni o‘tgan bo‘lsalar-da, muridi bilan birga o‘sha ishga sho‘ng‘iydilar, shu yo‘l bilan muridiga qulaylik tug‘diradilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:37:24

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar:

"Men unutmayman. Lekin (nimanidir) unutsam, bu ham shariatdir" (Molik rivoyati).

Buning hech ajablanadigan joyi yo‘q. Chunki, bolalar otalarining shafqat quchog‘ida bo‘lganidek, ummat ham Payg‘ambarning shafqat quchog‘idadir. Xuddi chorva hayvonlari cho‘ponlar yetovida bo‘lganidek.

Yosh bolasini gapirtirishni xohlagan otaning bola darajasiga tushib, qanday gapirayotganini ko‘rmaysanmi?! Xuddi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam novarasi Hasanga: "Qax, qax"("Tashla, mumkin emas", ma’nosida), deganlari kabi.

O’shanda Hasan sadaqa qilingan xurmodan bittasini olib, og‘ziga solgan edi. Nahotki, o‘sha payt fasohat va balog‘atda tengsiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Bu xurmoni tashla, u harom", deyishiga fasohatlari yetmagan bo‘lsa?! Yo‘q, Allohning payg‘ambari bolaning bunday gaplarni tushunmasligini bilardilar. Shuning uchun fasohatni tark etib, bola darajasiga tushib, bolaga bola tilida uqtirdilar.

Bu nozikliklardan ogoh bo‘l! Chunki, ular nafaqat g‘ofillarning, balki oriflarning ham qadamini toydiradi.

Alloh taolo bizga lutfu karami bilan chiroyli tavfiq ato etsin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:41:44

Tavbaning davomiyligiga ko‘ra bandalarning toifalarga bo‘linishi

Bilgilki, tavba qiluvchilar to‘rt tabaqaga bo‘linadi.

Birinchi tabaqa: Bu tabaqadagilar gunohdan tavba qilib, umrining oxirigacha tavbasida mustahkam turadi. Shu yo‘l bilan o‘tgan xatolarini o‘nglab, qayta ularni takrorlamaslikka nafsini iqror etadi. Tavbada mustaqim turish degani mana shudir. Bu martabaga yetgan kishi savob ishlarga peshqadam bo‘ladi, yomonliklarini yaxshilikka o‘zgartirib boradi. Mazkur tavbaning nomi  "at-tavbatun nasuh"dir. Nasuh tavbaga yo‘g‘rilgan sokin nafs esa "an-nafsul mutmainna" (xotirjam nafs) deyiladi. Xotirjam nafs Alloh ato etgan ne’matlardan rozi bo‘lgan va Alloh ham uning amallaridan rozi bo‘lgan holda Rabbiga qaytadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu so‘zlari shunday zotlarga ishoradir: Yosh bolalarni ogohlantirish uchun qo‘llanadigan tanpidiy so‘z.

"Alloh taoloning zikri bilan mast bo‘lgan bandalar zikr tufayli gunoh yuklaridan xalos bo‘ladilar va qiyomatda (qushday) yengil bo‘lib turadilar" (Termiziy rivoyati).

Qayd etilgan