Shunday ekan, ibodat zarra miqdor bo‘lsa ham, uni kichik sanama! Shuningdek, gunohning zarralari gunoh emas, deya qaytadan gunohga botma! Nodon bir xotin ip yigirishga erinib, shunday so‘zlar bilan o‘zini oqlagan ekan: "Bir soatda atigi bitta ip yigirdim. Bu ip nima bo‘lardi, yarimta ko‘ylakka ham yetmaydi?"
E voh! Bu xotin shu darajada nodonki, dunyo kiyimlari bitta-bitta ipdan jamlanib to‘qilishini, olam jismlari qanchalik ulkan bo‘lmasin. Zarra-zarradan yig‘ilishini anglamaydi...
Demak, qalbdagi tazarru va istigfor aslo zoe’ bo‘lmaydigan mulk, Alloh huzuridagi yaxshilikdir. Qalbdagi bu mulkni, bu ilohiy ne’matni til zohir qilsa, ne baxt! Ammo, yuqorida aytilganidek, qalb tazarru va istig‘fordan g‘ofil qolib, yolvorish va istig‘for faqat tilda bo‘lsa, bu ishdan natija kam, albatta. Lekin, bizningcha, ayrim hollarda til istig‘fori ham savobdan holi emas. Deylik, bir musulmonni g‘iybat qilib yoki o‘zaro behuda gap sotib o‘tirgandan ko‘ra, tilning istig‘for bilan mashg‘ul bo‘lishi a’loroq emasmi?
Mayli, o‘sha payt qalb g‘aflatda bo‘lsin, lekin til g‘iybatda emas, istig‘forda-ku! Hatto istig‘forsiz sukutdan qalbning ishtirokisiz, faqat til bilan bo‘lsa ham, istig‘for aytmoq afzaldir.