Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tavba kitobi)  ( 125560 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 B


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:51:45

Shayx Abu Usmon Mag‘ribiydan shogirdi so‘radi: "Nega ba’zan qalbim g‘ofil bo‘la turib, tilim zikr va Qur’onga shoshadi?" Shunda shayx muridiga: "Allohga shukr et, a’zolaringdan birini — tilingni yaxshilikka buribdi, tilingni behuda so‘zlardan tiyib, zikrni uning odati qilibdi", degan ekan.

Darhaqiqat, a’zolar savob ishlarga odatlansa, bu odat uning tabiatiga singib, shu tabiat bilan jumla gunohlarni daf qilish mumkin bo‘ladi. Tili istig‘forga o‘rgangan odam, yolg‘onni eshitgan zahoti: "Astag‘firulloh", deydi. Ortiqcha so‘zlashga odatlangan kishi esa xuddi shunday vaziyatda: "Odam ham shunchalik ahmoq bo‘ladimi, g‘irt yolg‘on gapiryapsan-ku!" deb boshlaydi so‘zini. Kimning tili Ollohdan panoh so‘rashga odatlangan bo‘lsa, yomonlik sabablari ko‘rina boshlashi bilan: "Na’uzu billah" (Allohdan panoh tilayman), deydi. Behuda, ortiqcha so‘zlarga o‘rgangan til esa: "Unga Allohning la’nati bo‘lsin", deb ikki so‘zining bittasida gunohga botadi.

إِنَّ اللَّهَ لا يُضِيعُ أَجْرَ الْمُحْسِنِينَ

"Zotan, Alloh yaxshilik qiluvchilarning amallarini zoe’ qilmas" (Tavba surasi, 120).

إِنَّ اللَّهَ لا يَظْلِمُ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ وَإِنْ تَكُ حَسَنَةً يُضَاعِفْهَا وَيُؤْتِ مِنْ لَدُنْهُ أَجْرًا عَظِيمًا

"Shubhasiz, Alloh birovga zarracha zulm qilmas. Agar zarracha yaxshilik bo‘lsa, uni bir pecha barobar qilur va o‘z huzuridan ulug‘ ajr ato qilur" (Niso surasi, 40).

E’tibor ber: bitta yaxshilikka bir necha barobar savob.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:54:09

Qalb g‘aflatda bo‘lsa ham, til istig‘forni odat etsa, shu odat tufayli g‘iybat, la’nat, behuda so‘z kabi gunohlardan saqlanish mumkin. Bu dunyoda ozgina amal qilib, bir necha barobar savob olishning ma’nosi mana shudir. Oxiratda amalning bir necha barobar qilinishi esa shunday:

كَذَلِكَ الْعَذَابُ وَلَعَذَابُ الآخِرَةِ أَكْبَرُ لَوْ كَانُوا يَعْلَمُونَ

"Agar bilsalar, oxirat azobi shak-shubhasiz yanada kattaroqdir" (Qalam surasi, 33).

Toatga ofat deb qaramoqdan saqlan. Bunday qarash seni ibodatdan sovutadi. Ibodatdan sovish shaytonning tuzog‘iga ilinish, shaytonning hiylasiga aldanishdir. Bu tuzoqqa mag‘rurlar ilinadi. Ular o‘zlarni basirat sohibi, sir-sanoatdan xabardor fatonat ahlidan deb bilishadi. Istig‘forga o‘rgangan tilga istehzo bilan: "Qalb g‘aflatda ekan, tinimsiz istig‘for aytgandan ne foyda", deyishadi.

Bunday hiylaga munosabat jihatidan xalq uch qismga bo‘linadi:

— nafsiga zulm qilganlar;

— muqtasidlar (o‘rtacha, me’yorida harakat qilganlar);

— yaxshi ishlarga peshqadam bo‘lganlar.

Yaxshiliklarda peshqadam kishi deydi: "Ey mal’un shayton! Sen to‘g‘ri gapirding. Lekin bu haq so‘zing bilan haqsizlikni iroda qilyapsan. Hechqisi yo‘q, men seni ikki karra azoblayman, burningni yerga ishqalayman: tilnim harakatiga qalb harakatini ham qo‘shaman, tilu dilim bilan istig‘for aytaman". Bu kishi shaytonning yarasiga tuz sepib davolayotgan odamga o‘xshaydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:55:03

Nafsiga zulm qilgan mag‘rur kishiga kelsak, u o‘zini qalbga xos nozik jihatlarni ilg‘aydigan zakiy sanab, manmansiraydi. Natijada uning qalbida xolisllik yo‘qoladi, tili zikrni tark etadi. Bu qilmishlari bilan shaytonga yordam beradi, g‘urur arqoniga osilib, tuban ketadi. Shu bilan shayton va u kishining orasida to‘la sheriklik hosil bo‘ladi.

Muqtasid (o‘rtacha) kishi tilning harakatiga qalbni sherik qilishga qodir emas. U til harakati qalb harakatiga nisbatan zaif ekanini sezadi. Tili aytayotgan istig‘forga qalbini sherik qilishni istaydi. Shu yo‘lda kamolga yetish ilinjida hali qalbi uyg‘oq bo‘lmasa ham, tili istig‘forga mashg‘ul bo‘ladi. Chunki u zikrsiz sukutdan, behuda suhbatlardan tilning istig‘for aytishi afzalligini anglaydi. Shuning uchun muqtasid kishining tili doimo istig‘forda. U xayrli amallarni qilishda tili va qalbi birdek ishtirok etishini Allohdan so‘raydi.

Yaxshilikda peshqadam kishini shunday tikuvchiga o‘xshatish mumkin: u tikishidan ayb topib, tikuvchilikni tashlagan va yozuvchi bo‘lgan. Nafsiga zulm qiluvchi zolim esa, bamisoli, tikuvchilikni butunlay yig‘ishtirib, farroshlikni tanlagan kishi kabidir. Muqtasid kishi, bamisoli yozishga qodir bo‘lmagan kishidir. U deydi: "Men tikuvchilikning yetakchi kasblardan biri ekanini inkor etmayman. To‘g‘ri, tikuvchilik yozuvchilikka nisbatan mavqeda past, lekin farroshlikdan yuqoridir. Men yozishga qodir emasman, shuning uchun tikuvchilik bilan mashg‘ulman".

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:56:30

Robia al-Adaviya degan edi: "Biz aytgam istig‘forning o‘zi ko‘o‘p istig‘forga muhtoj". Bu o‘rinda til istig‘fori emas, qalb g‘aflati mazammat qilinyapti. Ya’ni u tilning harakati uchun emas, qalbning g‘aflati uchun istig‘for aytishga muhtoj. Mayli, qalb g‘aflatda ekap, agar til bilan ham istig‘for aytmasa, ikkita istig‘forga muhtoj bo‘lib qoladi.

Bundan kelib chiqadiki, avvalo, nima mazammat qilinyotganini, nima maqtalayotganini anglab olmoq zarur. Aks holda, g‘oyat topib aytilgan ushbu so‘zning ma’nosini anglashda qiynalasan. Abror kishilarning savob amallari muqarrab kishilar uchun gunoh sanaladi. Negaki, bu ishlarning sobitligi kimgadir nisbatan olinadi. Shuning uchun toat yoki ma’siyatni garchi zarradek bo‘lsa ham, haqir sanamaslik lozim.

Ja’far Sodiq deydi: "Alloh taolo uchta narsani uchta narsa ichiga yashirdi:

1) roziligini toatning ichiga yashirdi. Shunday ekan, ibodatlardan birortasini arzimas deb qaramaslik lozim. Balki, Allohning roziligi siz arzimas deb qarayotgan o‘sha ibodatdadir;

 2) g‘azabini gunohlar ichiga yashirdi. Shuning uchun, qandayligidan qat’iy nazar, gunohni kichik deb bilmaslik kerak. Balki, Allohning g‘azabi aynan o‘sha siz kichik sanayotgan gunohda yashirindir;

 3) do‘stligini (valoyatini) bandalar ichra yashirdi. Ollohning bandasini haqir ko‘rma. Balki, sen tahqirlayotgan banda Allohning do‘sti  valiyullohdir".
Ja’far Sodiq bu so‘zlariga yana qo‘shimcha qildi: "Alloh taolo ijobatni duoga yashirdi. Bas, duoni tark etmanglar! Balki, ijobat siz tark etgan duodadir".

Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Avgust 2008, 06:23:38

IV bob: Tavbaning shifobaxshligi va gunohdan tiyilmaslik dardining muolaja yo’li

Bilgilki, odamlar ikki qismga bo‘linadi: Birinchisi, yoshlik beboshliklaridan holi, yomonlikdan uzoq bo‘lib, yaxshilikda voyaga yetgan yigit. U haqda Rasulluloh sollallohu alayhi vasallam: "Yoshlik beboshliklardan holi bo‘lib voyaga yetgan yigitga Rabbingiz ham hayratlanadi" (Ahmad va Tabaroniy rivoyati).

Bu juda nodir holat.

Ikkinchisi, gunoh amallardan holi bo‘lmagan kishilar. Bular gunohdan qaytmaganlarga va tavba qiluvchilarga ajraladi.

Bilgil, tavba shifobaxsh doridir. Dardning tashxisini bilmagan odam dardga nima davo bo‘lishini bilmaydi. Dori dardni keltirib chiqaruvchi sabablarga zid bo‘lsagina davoda ma’no bo‘ladi. Dardning davosi dardni keltirib chiqaruvchi sabablarni yo‘q qilishdan iborat. Biror narsani yo‘q qilish uchun esa o‘sha narsaning ziddini yuzaga chiqarmoq zarur.

Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Avgust 2008, 06:25:17

Gunohdan tiyilmaslik dardining sababi  g‘aflat va shahvat. G’aflatning ziddi — ilm (ogohlik), shahvatning ziddi sabr, ya’ni shahvatga updovchi sabablarning payini qirqishga sabr bilan chidashdir. Xatolarning boshi g‘aflatdir. Bu haqda aytilgan:

أُولَئِكَ الَّذِينَ طَبَعَ اللَّهُ عَلَى قُلُوبِهِمْ وَسَمْعِهِمْ وَأَبْصَارِهِمْ وَأُولَئِكَ هُمُ الْغَافِلُونَ (١٠٨)لا جَرَمَ أَنَّهُمْ فِي الآخِرَةِ هُمُ الْخَاسِرُونَ

"Alloh unday kimsalarning dillarini, quloqlarini va ko‘zlarini muhrlab qo‘ygandir. Ular g‘ofil kimsalardir. Shak-shubha yo‘qki, ular oxiratda ziyon ko‘rguvchilardir" (Nahl surasi, 108-109).

Tavba dorisi ilmning shirinligi bilan sabrning achchiqligi qorishtirib tayyorlangan ma’jundir. Bamisoli shakarning shirinligi va sirkaning nordonligi jamlanib, iskanjabin hosil bo‘lgani kabi. Dori sifatida qorishtirilgan bu ikkala moddaning har biri muolajada bitta maqsadga xizmat qiladi: safroni qo‘zg‘ovchi sabablarni daf etadi. Gunohdan tiyila bilmaslik dardiga chalingan qalbning muolajasini ham shunday tushunmoq kerak. Demak, bu muolajaning asosi ikkita: ilm va sabr.

"Gunohdan tiyila bilmaslik dardini davolashda ilmlarning uammasi ham foydalimi yo bunaing uchun maxsus ilm kerakmi?" degan savol tug‘ilsa, bilgilki, barcha ilmlar qalb dardiga davodir. Lekin har dardning o‘z ishi bor. Masalan, tib ilmini bilish barcha kasalliklarning muolajasida foyda beradi. Ammo har bir illat o‘ziga xos xususyati bilan boshqasidan farq qiladi. Xuddi shuningdek, gunohdan tiyila bilmaslik dardining ham o‘ziga xos xususiyatlari borki, ularni bilmasdan turib, bu kasallik haqida, uning muolajasi bilan shug‘ullanuvchi ilm to‘g‘risida so‘z aytish mushkul.

Keling, tasavvur kilishga oson bo‘lishi uchun bu ilmning xossalarini badan kasalliklariga qiyosan ko‘rib chiqaylik.


Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Avgust 2008, 06:39:21

Bemor bir necha sabablarni tasdiq etishga muhtoj. Quyida ularni keltiramiz:

1. Dard va sihatning sabablari bor. Kishi o‘z ixtiyori bilan sabablarni yaratuvchi zot — Allohning tartibiga ko‘ra o‘sha sabablarga bog‘lanadi. Bemor kishi buni tasdiq etishga muhtoj. Tibbiyotga ishonch ayni shu tasdiqdan kelib chiqadi. Tib ilmiga ishonmagan kimsa muolajaga mashg‘ul bo‘lmaydi. Natijada unga o‘lim yuzlanadi.

Mana shu qiyosga binoan aytadigan bo‘lsak, oxirat saodatiga yetishning birdan bir sababi — toat, badbaxtlikning sababi esa, ma’siyat. Shariatning asosiga iymon keltirish mana shudir. Xoh tahqiq, xoh taqlid yo‘li bilan bo‘lsin, banda bu iymonga ega bo‘lmog‘i lozim. Aslida bu yo‘ldagi tahqiq ham, taqlid ham iymon jumlasidandir.

2. Bemor kishi muayyan bir tabibni tanlab, uning tib ilmida bilimdon, berayotgan ko‘rsatma va maslahatlarida lshonchli va to‘g‘riso‘z ekaniga inonmog‘i lozim. Negaki, tibbiyotga ishonib, tabibga ishonmasa, bu iymondan foyda yo‘q. Keltirilayotgan misolimizning ilohiy voqelikdagi qiyosi shunday: Muhammad alayhissalom Alloh taoloning haqiqiy rasulidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bitta aytgan so‘zlari haq, ularda na yolg‘on, na ixtilof bor.

3. Bemor kishi tabibning ogohlantirishini eshitmog‘i lozim. Deylik, tabib bemorni mevalar iste’molidan qaytarar ekan, tabiiy ravishda bemorda mevalarni yeb qo‘yishdan cho‘chish xavfi paydo bo‘ladi. Xavf ko‘payib borgani sayin, zarardan himoyalanish kafolati ham ortadi. Buning dindagi qiyosi shunday: mo‘min kishi Allohning oyatlarini tinglaydi, taqvoga rag‘bat uyg‘otuvchi gunohlardan va kibr-havoga ergashishdan ogoh etuvchi xabarlarga quloq tutadi. Oyat va xabarlar orqali qulog‘iga quyilgan har bir narsani tasdiq etadi. Tasdiq xavfni paydo qiladi, xavf sabrni kuchaytiradi. Sabr esa muolajaning oxirgi ustunidir.

4. Bemor dardiga tegishli jihatlar xususida va nimalardan, qanday saqlanish lozimligi haqida tabibning aytganlarini diqqat bilan tinglamog‘i kerak. Chunki, tabib boshidanoq, qanday harakat va holatlar, qanday taom va ichimliklar zarar ekanini bemorga batafsil bildiradi. Muolajada barcha bemorlar bir xil narsalardan parhez qilishi shart etilgan. Shuningdek, bitta dardga dunyodagi hamma dorilardan davo izlanmaydi. Har illatni davolashning maxsus ilmi va dorisi bor. Buning dindagi misoli shunday: har bir banda dunyoda mavjud shahvat va gunohlarning barchasiga mubtalo bo‘lolmaydi. Balki, har mo‘minning o‘zigagina xos gunohi yo gunohlari bor.

Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Avgust 2008, 06:40:11

Shu bilan birga, mo‘min kishi bu ishlarning gunoh ekanini, ularning ofatlari va zarari miqdorini, ularga qay tariqa sabr etilishinm va qilingan gunohlar kafforati qanday bo‘lishini bilmoqqa muhtojdir.

Bu ilmlar bilan din tabiblari, ya’ni payg‘ambarlar vorisi bo‘lmish olimlar shug‘ullanadilar. Osiy o‘z isyonini anglar ekan, tabibga murojaat etib, undan dori so‘raydi. Tabib kim? Albatta, ulamo. Qachonki, osiy o‘z qilmishining gunoh ekanini anglashga qodir bo‘lmasa, olim unga buni anglatishi, yo shahar, yo mahalla, yo masjid kabi ma’lum hududga mas’ul bo‘lmog‘i shart. Bu joy ahllarini doimiy ravishda din hukmlaridan xabardor etib turmog‘i, zararni haqiqiy foydadan, badbaxtlikni asl saodatdan farqlay bilishni o‘rgatib bormog‘i kerak. So‘rasa, javob beraman, deb tablig‘ni (dinni yetkazish) uzrsiz kechiktirish ulamoga yot tabiat. Odamlarning olim tomon borishlariga olimning o‘zi mutasaddidir. Negaki, olimlar payg‘ambarlarning vorislaridir. Payg‘ambarlar qavmini jaholatga tashlab qo‘ymadilar. Balki, da’vatning ilk kunlaridan boshlab, xalq orasiga kirib, ularni haqqa chorladilar, hovlima-hovli gorib, odamlarni hidoyatga boshladilar. Chunki, qalbi xasta kimsalar o‘zlarining bemor ekanini bilmaydilar. Bamisoli, ko‘ziga oq tushgan kishi yonida oyna bo‘lmasa, to birov bildirmaguncha, ko‘zidagi oqni bilmagani kabi.



Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Avgust 2008, 06:43:08

Demak, bu vazifa barcha ulamoga farzi ayndir. Xuddi shu maqsadda sultonlar har bir qishloqqa, har bir mahallaga din faqihini tayin etmog‘i lozim. Negaki, xalq jaholatga botgan, farzandlar jaholat ichra dunyoga kelyapti. Ularni dinning asli va farmohlaridan xabardor qilmoq kerak.

Dunyo bir bemorxona, yer ostida faqat o‘liklar, yer ustida esa, bemorlargina bor. Qalbi xastalanganlar jismi xastalanganlardan ko‘ra ko‘proq. Olimlar tabib. sultonlar esa, bemorxona boshqaruvchilaridir. Olimning muolajasini qabul qilmagan osiyni yomonlikdan tiyib qo‘yish sultonga topshiriladi. Xuddi, tabibning aytganiga itoat qilmaydigan yoki jinni bo‘lib qolgan bemorni o‘zi va o‘zgalarga yetadigan zarardan himoyalash maqsadida kishanlab qo‘yish uchun qarovchisiga yuborilgani kabi.

Takror aytamiz: qalb xastaligi jism xastaligidan og‘irdir. Buning uchta sababi bor.

Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Avgust 2008, 06:47:17

Birinchi sabab shuki, bemor o‘zining bemor ekanini bilmaydi.

Ikkinchi sabab, qalb xastaligining oqibati, jism xastaligi oqibatiga teskari o‘laroq, bu olamda yuzaga chiqmaydi. Jismoniy xastalikning oqibati esa, o‘lim ekani va inson tabiati undan qochishi kunday ravshan. Ammo o‘limdan keyingi narsalar insonga qorong‘u.

Binobarin, gunohlarning oqibati qalbning o‘limi bilan natijalanadi. Lekin bu o‘limni bu dunyoda bu ko‘zlar bilan ko‘rib bo‘lmaydi. Qilmishlarnning gunoh ekanini bilsalar-da, kamdan-kam inson gunohdan tiyiladi. Shuning uchun ularning qalb xastaligini Allohga havola etib, o‘zlari faqat badaniy xastaliklar muolajasi bilan band bo‘lib qolayotganini ko‘rasan.

Ha, qalb xastaligi muolajasini butkul Allohga topshirib, badaniy xastalik muolajasida esa, zinhor Allohga tavakkul qilmayotganiga guvoh bo‘lasan.

Uchinchi sabab, qalb xastaligining muolajasi og‘irdir. Bu xastalikni tabibsiz davolab bo‘lmaydi. Tabiblar kim? Albatta, olimlardir. Afsuski, asrimiz olimlarining o‘zlari xastalikka chalinib, o‘zlari davoga muhtoj bo‘ldilar. Olimlarning bu nuqsoni ommaviy tus olgan qalb xastaligi orasida ko‘rinmay qoldi. Hatto bu ularga tasalli bo‘ldi. Natijada olimlar xalqni chalg‘itdilar, dardni ziyoda qiladigan dorilarni ularga buyurdilar. Chunki, o‘ta halokatli bo‘lgan "hubb ud-dunyo" (dunyoni yaxshi ko‘rish) deb atalgan o‘lat chor tarafni egallagan edi. Bu dard tabiblarni ham to‘la mag‘lub qildi. Endi ular xalqni bu kasallikdan ogoh etishga qodir emas edilar. Nega? Chunki, o‘zlariga nisbatan haqli ravishda shunday gaplar aytilishidan cho‘chirdilar: "Sizga nima bo‘ldi? O’zingiz bu darddan qutulolmay turib, yana bizga undan qanday xolos bo‘lish yo‘lini o‘rgatmoqchimisiz?"

Qayd etilgan