Shu bilan birga, mo‘min kishi bu ishlarning gunoh ekanini, ularning ofatlari va zarari miqdorini, ularga qay tariqa sabr etilishinm va qilingan gunohlar kafforati qanday bo‘lishini bilmoqqa muhtojdir.
Bu ilmlar bilan din tabiblari, ya’ni payg‘ambarlar vorisi bo‘lmish olimlar shug‘ullanadilar. Osiy o‘z isyonini anglar ekan, tabibga murojaat etib, undan dori so‘raydi. Tabib kim? Albatta, ulamo. Qachonki, osiy o‘z qilmishining gunoh ekanini anglashga qodir bo‘lmasa, olim unga buni anglatishi, yo shahar, yo mahalla, yo masjid kabi ma’lum hududga mas’ul bo‘lmog‘i shart. Bu joy ahllarini doimiy ravishda din hukmlaridan xabardor etib turmog‘i, zararni haqiqiy foydadan, badbaxtlikni asl saodatdan farqlay bilishni o‘rgatib bormog‘i kerak. So‘rasa, javob beraman, deb tablig‘ni (dinni yetkazish) uzrsiz kechiktirish ulamoga yot tabiat. Odamlarning olim tomon borishlariga olimning o‘zi mutasaddidir. Negaki, olimlar payg‘ambarlarning vorislaridir. Payg‘ambarlar qavmini jaholatga tashlab qo‘ymadilar. Balki, da’vatning ilk kunlaridan boshlab, xalq orasiga kirib, ularni haqqa chorladilar, hovlima-hovli gorib, odamlarni hidoyatga boshladilar. Chunki, qalbi xasta kimsalar o‘zlarining bemor ekanini bilmaydilar. Bamisoli, ko‘ziga oq tushgan kishi yonida oyna bo‘lmasa, to birov bildirmaguncha, ko‘zidagi oqni bilmagani kabi.