Hazrat Umarning vafotlari  ( 9776 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:46:17

9-bob. (Hazrat Umar ibn al-Xattobning vafotlaridan keyingi) bay’at haqidagi hamda Usmon ibn Affonni (xalifa qilib saylashga) kelishilgani xususidagi qissa. Bu qissada Umar raziyallohu anhuga qilingan qotillik haqida ham bayon qilinadi.

Amr ibn Maymun raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhuni shahid bo‘lishlaridan bir necha kun ilgari Madinada ko‘rdim. Ul kishi Huzayfa ibn Al-Yamon birlan Usmon ibn Hunayfni to‘xtatib: «Qanday qarorga keldingizlarmi (yoki) sizlar Yerdek ko‘tarib bo‘lmaydirgan bir og‘ir yumushni o‘z zimmalaringizga olib quymog‘ingizdan cho‘chiyotirsizlarmi?!» — dedilar. Ular: «Biz (bu og‘ir) yumushni (shunday) bir (muhim) ish uchun o‘z zimmamizga oldikkim, u ulug‘ fazilatga molik bo‘lganidan toqat qilarlidur», — deyishdi. Hazrat Umar: «O’ylab ko‘ringizlar, tag‘in Yerdek ko‘tarib bo‘lmaydirgan bir og‘ir yumushni zimmangizga olib qo‘ygan bo‘lmangizlar!» — dedilar. Ular: «Yo‘q, unday emas», — deyishdi. Hazrat Umar: «Agar Olloh taolo meni salomat saqlasa, Iroq ahli bevalarini (Islomni qabul qilib, musulmonlarga turmushga chiqmoqqa) da’vat qilurmankim, mendan keyin sira erkakka (erga) muhtoj bo‘lmagaylar», — dedilar. Ammo, shul voqeadan to‘rt kun o‘tmay, ul kishi shahid bo‘ldilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:47:17

Hazrat Umar shahid bo‘ladirgan kunning tonggida men (masjidda) turgan erdim, men birlan ul kishining o‘rtamizda Abdulloh ibn Abbosdan bo‘lak kimsa yo‘q erdi. Hazrat Umarning odati shariflari shunday erdiki, ikki safni oralab o‘tayotib: «Saflarni to‘g‘rilangizlar, oralaringizda bo‘sh joy qolmasin!» — der, so‘ng oldinga o‘tib takbir aytar erdilar. O’shal kuni ersa masjidga kirgach, odamlar yig‘ilsin deb birinchi rak’atda, menimcha «Yusuf» yoki «Nahl» yoxud shunga o‘xshash (uzunroq) bir surani qiroat qildilar. «Keyin, «Ollohu akbar!» deb ruku’ qilishlari birlanoq «Meni o‘ldirdi!» yoki «Meni bir it yedi!» deyayotganlarini eshitdim. Shunda bir ajamiy qul Hazrat Umarga xanjar urgan bo‘lib, namozxonlar orasidan otilib chiqdi-da, o‘nggu so‘lida uchragan har bir odamga xanjar sancha boshladi. Shu tariqa u o‘n uch kishini jarohatladi, ulardan yettitasi o‘ldi. Bu hodisani ko‘rib turgan musulmonlardan biri burnusini (choponini) yechib uning ustiga tashladi. Shunda boyagi qotil qo‘lga tushganini fahmlab, o‘zini o‘zi xanjar urib o‘ldirdi. Hazrat Umar (yiqilib ketmaslik uchun) Abdurrahmon ibn Avfning qo‘lini ushladilar. Men ko‘rgan fojiani Hazrat Umarning ortlarida turganlargina ko‘rgan bo‘lib, ular ul kishining oldilariga kelishdi. Ammo, masjid atrofidagilar (ya’ni, orqadagi saflarda turganlar) bundan bexabar erdilar. Ular Hazrat Umarning ovozlari eshitilmay qolganiga hayron bo‘lishib: «Subhonalloh! Subhonalloh!» — deyishar erdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:48:21

Keyin, Hazrat Umar Abdurrahmon ibn Avfni imomlikka o‘tkazdilar. Abdurrahmon ibn Avf namozxonlarga imomlik qilib, tezda namozni tugatdilar. Namozxonlar masjiddan chiqib ketgach, Hazrat Umar: «Ey Ibn Abbos, meni kim o‘ldirganini (ya’ni, menga kim suiqasd qilganini) bilib kel!» — dedilar. Ibn Abbos chiqib ketib, bir ozdan so‘ng qaytib keldi-da: «Sizga suiqasd qilgan Mug‘iyraning (nasroniy) quli erkan», — dedi. Hazrat Umar: «As-Sunu’mi?» — dedilar. Ibn Abbos: «Ha», — dedi. Hazrat Umar: «Uni Olloh taolo halok qildi. Men unga amri ma’ruf qilgan erdim. Olloh taologa shukrkim, u meni musulmonning qo‘li birlan o‘ldirmadi! (Ey Ibn Abbos), sen va sening otang Madinada ulujlarning (ya’ni, arab bo‘lmagan kofir qullarning) ko‘p bo‘lmog‘ini istar erdingizlar!» — dedilar. Darhaqiqat, Ibn Abbosda bunday qullar boshqalardagidan ko‘ra ko‘proq erdi. Shul boisdan Ibn Abbos: «Agar istasangiz, ularni o‘ldiramiz», — dedi. Hazrat Umar: «(Ota-bola ikkalangiz) o‘z tillaringiz birlan: («Madinada ajamiy qullarni ko‘paytiraylik») — deb aytganingizdan keyingi bu gaping yolg‘ondur. (Endi, bo‘lar ish bo‘ldi), o‘z qiblalaringizga qarab namozlaringizni o‘qiyveringizlar, hajlaringizni ado etaveringizlar!» — dedilar. Sung, Hazrat Umarni uylariga olib ketishdi, biz ham birga bordik. Odamlar boshiga ilgari bunday musibat tushmagan bo‘lib, o‘shal kunlari ba’zilar: «Hech nima qilmaydi, tuzalib ketadilar», — desa, ba’zilar: «Men ul kishidan xavotirdaman» — der erdi. (Hazrat Umarning qoshlariga tabib olib kelishgach), u ul kishiga sharbat ichirib erdi, qorinlaridan (ya’ni, qorinlaridagi jarohat o‘rnidan) chiqdi, so‘ng sut ichirib erdi, jarohatlaridan (ya’ni, orqalaridagi jarohat o‘rnidan) chiqdi. Shundan bilishdiki, ul kishining o‘limlari yaqin erkan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:49:21

Keyin, biz Hazrat Umarning huzurlariga kirdik. Shunda odamlar kelishib, ul kishiga tasalli-yu hamdardlik izhor qilishdi. So‘ng, bir (ansoriy) yigit kirib kelib: «Yo mo‘minlar amiri, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga sahobalik qilganingiz hamda Islomda o‘zingiz bilgan shijoatkorligingiz tufayli Olloh taolo sizga (jannati ekanligingiz xususida) qilgan bashoratidan xursand bo‘lingiz! Keyin, siz adolat birla xalifalik qildingiz, buning ustiga, mana sizga shahidlik ham nasib etib turibdi», — dedi. Hazrat Umar: «Shoyad shunday bo‘lsa! Ey jiyanim, ammo bular mening na (Olloh taolo oldidagi hisob-kitobim) va na (uning bandasiga beradirgan qarzim) uchun kifoya qilmas!» — dedilar. So‘ng, boyagi yigit ishtonini yerda sudragancha chiqib ketayotgan erdi, Hazrat Umar: «Uni huzurimga qaytaringizlar!» — dedilar. U qaytib kelgach, Hazrat Umar: «Ey jiyanim, kiyimingni ko‘tarib olgil, chunki shunday qilsang, kiyimingni ko‘proq asragan va parvardigoringdan ko‘proq qo‘rqqan bo‘lursan. Ey Abdulloh ibn Umar, qara-chi, qancha qarzim bor erkan?» — dedilar. So‘ng, hisoblab chiqishib erdi, sakson olti ming yoki shunga yaqin qarzlari borligi ma’lum bo‘ldi. Shunda Hazrat Umar (o‘g‘illariga): «Agar (qarzimni uzishga) Umar oilasining mol-mulki yetsa, to‘la, basharti yetmasa, Banu Adiy ibn Ka’b qabilasidagi (qarindoshlarimdan) so‘ra, mobodo ularning mol-mulklari ham yetmasa, unda Qurayshdagi (qarindoshlarimdan) so‘ra, ammo ularni o‘zgalar qoshiga bormoqqa majbur qilma, (qarindoshlarim bergan) mol-mulknigina qarzimga to‘la! Hozir ersa, mo‘minlar onasi Oisha raziyallohu anhoning huzurlariga borgil-da: «(Otam) Umar sizga salom aytib yubordilar, deb aytgil, ammo mo‘minlar amiri salom aytdilar, deb aytmagil, chunki men bugundan e’tiboran mo‘minlarning amiri ermasman. So‘ng, (otam) Umar ibn al-Xattob ikki do‘stlari yoniga dafn qilinmoqlariga sizdan ijozat so‘rayotirlar, deb aytgil!» — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:49:45

Keyin, o‘g‘illari Oisha onamizning ostonalariga borib, ul yerdagilarga salom bergach, ichkariga kirmoqqa izn so‘radilar. So‘ng, ichkariga kirib, Oisha onamizning yig‘lab o‘ltirganlarini ko‘rdilar. o‘g‘illari: «(Otam) Umar ibn al-Xattob sizga salom aytib yubordilar, ikki do‘stlari (ya’ni, Janob Rasululloh birlan Hazrat Abu Bakr)ning yonlariga dafn qilinmoqlariga sizdan ijozat surayotirlar», — dedilar. Oisha onamiz: «Men buni (ya’ni, o‘zimning ular yoniga dafn qilinmog‘imni) orzu qilar erdim, ammo bugun bunga o‘zimdan ko‘ra Hazrat Umarni munosibroq ko‘rurman», — dedilar. Ibn Umar qaytib kelganlarida «Abdulloh ibn Umar keldi» deb Hazrat Umarga ma’lum qilishdi. Shunda Hazrat Umar: «Meni (ya’ni, boshimni yostikdan bir oz) ko‘taringizlar!» — dedilar. Bir kishi qadlarini ko‘tarib, suyab turdi. Hazrat Umar: «Qanday javob keltirding?» — dedilar. Ibn Umar: «Ey mo‘minlar amiri, siz istagan javobni keltirdim, ul muhtarama ijozat berdilar», — dedilar. Hazrat Umar: «Olloh taologa shukr, mening uchun bundan (ikki do‘stim yoniga dafn qilinmog‘imdan) ko‘ra muhimroq narsa yo‘q erdi! Agar vafot qilsam, tobutimni ko‘tarib (Oisha onamizning huzurlariga olib boringizlar), so‘ng sen (Abdulloh) salom bergil-da: «Umar ibn al-Hattob (ikki do‘stlari yoniga dafn qilinmoqlariga) ijozat surayotirlar» — deb aytgil! Agar ruxsat bersalar, (meni ularning yonlariga) dafn qilingizlar, basharti ruxsat bermasalar, unda meni musulmonlarning (oddiy, umumiy) mozoriga olib borib dafn qilingizlar!» — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:50:03

Keyin, mo‘minlar onasi Hafsa bir necha ayollar birlan birga keldilar. Ular biz (erkaklar)ni ko‘rgach, tashqarida qolishdi. Hafsa ersalar, yolg‘iz o‘zlari Hazrat Umarning huzurlariga kirib, birmuncha vaqt tepalarida yig‘lab o‘ltirdilar. So‘ng, erkaklardan izn surab, ular turgan xonaga kirdilar, biz ul muhtaramaning ichkarida yig‘layotgan ovozlarini eshitib turdik. Sahobalar Hazrat Umarga: «Ey mo‘minlar amiri, vasiyat qilib biror kishini o‘rningizga xalifa qilib qoldiringiz!» — deyishdi, Hazrat Umar: «Men bu ishga (ya’ni, xalifalikka) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafotlari oldida roziliklarini bildirgan o‘shal kishilardan ko‘ra haqliroq biror odamni tomadim. Janob Rasululloh o‘shanda Ali, Usmon, Zubayr, Talha, Sa’d va Abdurrahmonni tilga olgan erdilar. (O’g‘lim) Abdulloh ibn Umar ersa, (mening oldimda «xalifalikni talab qilmayman» deb) so‘z beradi. Uning (xalifalik xususida) hech qanday haq-huquqi yo‘q bo‘lib, (mening bu vasiyatim) uning uchun (xalifalikni talab qilmoqdan tiyib turguvchi) bir (ulug‘) hay’at (obruli siymo) kabidur. Agar xalifalik Sa’dga nasib etsa, bu Olloh taoloning irodasidur. Basharti nasib etmasa, qaysi biringizdir xalifa bo‘lsangiz, o‘z ishingizda unga suyaningiz. Chunki, men uning ojizligu xiyonat qilganini sira bilmayman», — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:50:35

So‘ng, Hazrat Umar yana bunday deb aytdilar: «Mening o‘zimdan keyingi xalifaga qiladirgan vasiyatim shuki, avvalgi (birinchi) muhojirlarning haq-huquqlarini e’tirof qilib, ularning izzatu hurmatlarini joyiga quysin! Men unga yana bunday deb vasiyat qilurman: «Madina va iymonni qalblariga jo qilgan ansorlarga yaxshilik qilsin, ularning yaxshi ishlarini qabul qilib, yomon ishlarini kechirsin! Men unga yana bunday deb vasiyat qilurman: shahar ahliga yaxshilik qilsin, chunki ular Islom tayanchi, mol yig‘guvchi va dushmanga qiron keltirguvchi bo‘lib, ulardan, agar rozi bo‘lsalar, ortiqcha mollarigina olinadi. Men unga yana bunday deb vasiyat qilurman: badaviylarga yaxshilik qilsin, chunki ular arablarning ildizi va Islom o‘zagi bo‘lib, ularning sarxil bo‘lmagan mollaridan olinib, faqirlariga qaytariladi. Men unga yana bunday deb vasiyat qilurman: Olloh taolo va uning Rasuli zimmasidagi (ya’ni, zimmiylar birlan musulmonlar o‘rtasidagi) ahdnomaga vafo qilsin, zimmiylarni himoya qilsin, ularga toqatlari yetadirgan yuknigina yuklangizlar!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 09:51:20

Hazrat Umar (yuqoridagi vasiyatlarini aytgach), qazo qildilar. Biz tobutlarini ko‘tarib (Oisha onamizning hujralari tomon) yo‘lga tushdik. Yetib borganimizda Abdulloh ibn Umar ul muhtaramaga salom berdilar, so‘ng: «Umar ibn al-Xattob (ikki do‘stlari yoniga dafn qilinmoqlariga) izn surayotirlar», — dedilar. Oisha onamiz: «Ul kishini (yoki tobutni hujramga) olib kiraveringizlar!» — dedilar. Keyin, Hazrat Umarning jasadlari (Oisha onamizning hujralariga) olib kirilib, ikki do‘stlari yoniga dafn etildi.

Dafn marosimi tugagach, (Janob Rasululloh rozi bo‘lib ketgan) o‘shal (olti kishidan iborat) guruh (ya’ni, Usmon, Ali, Talha, Zubayr, Abdurrahmon ibn Avf va Sa’d ibn Vaqqos) bir yerga to‘planishdi. Shunda Abdurrahmon: «(O’rtada ixtilof chiqmasligi uchun) ishlaringizni o‘zlaringizdan uch (kishiga) tayinlangizlar (ya’ni, oralaringizdan uch kishini xalifalikka nomzod etib tanlangizlar)», — dedilar. Zubayr: «Men Alini nomzod etib tanladim», — dedilar. Talha: «Men Usmonni nomzod etib tanladim», — dedilar. Sa’d ersalar: «Men Abdurrahmon ibn Avfni nomzod etib tanladim» — deb aytdilar. Abdurrahmon (o‘zlari xalifalikka saylanishdan voz kechgach, Hazrat Ali birlan Hazrat Usmonga yuzlanib): «Ikkingizdan qaysi biringiz xalifalik mansabiga halollik birlan erishsangiz, Olloh taolo birlan Islom sizni o‘z panohiga olur hamda musulmonlar sizni o‘zlarining eng afzali deb bilurlar», — dedilar. Shunda ikkala shayx (ya’ni, Hazrat Usmon va Hazrat Ali) indashmadi. Abdurrahmon ularga: «Uni (ya’ni, xalifalik sayloviga rahbarlik qilmoqni) menga (ishonib) topshirursizlarmi? Olloh taolo shohiddurkim, men sizlardan biringizni afzal ko‘rib, qasam ichmasman!» — dedilar. Ikkalalari: «Ha», — deyishdi. Shundan so‘ng, Abdurrahmon ikkalalaridan birining (ya’ni, Hazrat Alining) qo‘llarini ushlab: «Sizning Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga qarindoshligingiz hamda Islomda o‘zingiz bilgan shijoatkorligingiz mavjuddur. Olloh taolo sizni o‘zi nazorat qilib turibdi, agar men sizni xalifalikka saylasam, adolat qilgaysiz va agar Usmonni saylasam, quloq solib, itoat etgaysiz», — dedilar. So‘ng, ikkinchilari (ya’ni, Hazrat Usmon) birlan xoli qolib, ul kishiga ham xuddi shu gaplarni aytdilar. Abdurrahmon har ikkalalarining va’dalarini (qat’iy so‘zlarini) olgach, Hazrat Usmonga: «Ey Usmon, qo‘lingizni ko‘taringiz!» (ya’ni, «beringiz!») — dedilar-da, ul kishiga bay’at qildilar. Shundan so‘ng, Hazrat Ali ham ul kishiga bay’at qildilar, Madina ahli ham birma-bir kirib ul kishiga bay’at qilishdi».

Buxoriy rivoyati. "œAl-jome’ as-sahih"dan.

Qayd etilgan


MASTURA 1  01 Avgust 2010, 02:07:21

Umar (r.a) juda adolatli halifa bolgan ekanlar. Alloh ul kishidan roziyu rizo bolsin!

Qayd etilgan