Alisher Navoiy. Lison ut-tayr (nasriy bayoni)  ( 152986 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 25 B


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:43:16



LISON UT-TAYR

(Nasriy bayon)

I

Mehribon va Rahmli Allohning nomi bilan

Jon qushi o'z sirlarini bayon qilishga kirishar ekan, uni Allohga madhiya o'qish bilan boshlaydi. Chunki Alloh barcha mayjudotlarning yaratuvchisidir. U mangu barhayot bo'lib, undan boshqa hamma narsalar o'tkinchidir.
Yaratuvchi qudratli qalam bilan olamni aniq bir reja ostida bunyod qildi. U to'qqiz falakni aylanuvchi qilib yaratdi va buning sirini tushunishda idrokni ojiz etdi. Ko'kni tun va kun bilan yarqiratib, uni quyosh va yulduzlar bilan bezadi. Unda oy go'yo osmon tirnog'iga o'xshash bo'lib, yangi oy esa o'sha tirnog'dan olingan bir bo'lakni eslatadi.
Osmonni betinim harakat qilishga bo'ysundirdi, Yerni esa uning bo'shlig'ida tuig'un qilib yaratdi. Yer yuzini yomg'ir bilan yuvdi, natijada chang va chirklar undan tozalandi. Quruqlikni dengiz yuzidagi kemaga monand qilib yaratdi. Tog'lardan bu kemaga uning muvozanatini saqlab turadigan langarlar yasadi. Quyosh o'tidan suv qaynab ketmasin, degan maqsadda dengiz yuziga bug'lardan parda tortdi. Suvda mayjud bo'lgan qurt va qushlar g'amini yeyishda adolat olamini ko'rsatdi. Nayson yomg'iriga katta sharaf ato etdi, uning ehsoni tufayli sadaf ichida gavhar hosil bo'ldi. Durga u juda katta qiymat bilan rivoj berdi, oqibatda u taxt ahlining toji uchun zebu ziynatga aylandi.
Hamal oyi bilan bahorni boshlab berdi, uning o'lchovida kecha va kunduz teng boldi. Tong nasimini lso nafasidek estirib, bog‘lardagi barcha jonsiz narsalarga jon bag'ishladi. Bog'aro xilma-xil ra'no chechaklarni yoyib, chaman go'zalliklarini jilvalantirdi. Yelga huzurbaxsh hid ato etdi, uning tufayli daraxtlarga qaytadan jon kirdi. Tongni oppoq rang bilan yoritdi, shomni mushkin qora libosga o'radi. Quyoshni kunduzi porlatib, oyni kechaning shamiga aylantirdi

Qayd etilgan


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:46:14

Agar u quruqlik yuzasida har xil g'aroyibotlarni yoygan bo'lsa, dengizda esa ular bundan ham ortiqroqdir. U dashtlarda qancha jonivorlarni yaratgan bo'lsa, suvdagi suzuvchilari bundan yuz baravar ko'pdir. Quyunni dasht aro aylantirgan bo'lsa, suv yuzida ham girdobni to'lg'antirdi.
Suvni olovga dushman qilib yaratdi, shamolni esa tuproqqa zid qildi. Yaratuvchining qudrati bilan ana shu bir-biriga zid to'rt narsa inson vujudida bir butun holda birlashdi.
Butun olamni yaratishdan maqsad lnson bo'lib, u hamma mavjudot ichida tengi yo'qdir. Inson ko'nglini turli bilimlar xazinasi qildi va bu tilsim ichida Alloh o'zini yashirdi. lnsonning ajoyib jismi bir maxfiy sir xazinasi o'laroq o'zida ana shu ganj tilsimini saqlaydi. Bu tilsim jon bolib, u o'sha xazinada turadi va unga posbonlik qiladi. Ey jon! Seni bu xilda yaratilishingga cheksiz ofarin!..
Chunki U o'z sirining xazinasini ochmoqchi bo'lganida, uni na samo, na yer qabul qildi. Insondan o'zga narsalar jaholatga botib, uning xitobini anglamadi va bu sirni qabul etmadi. Shuning tufayli inson boshqa barcha narsalardan mumtoz qilib yaratildi va "Kuntu kanzan..." siridan xabardor etildi. Uning boshiga to'g'ri yo'ldan borish toji qo'yildi, sharaf me'rojiga cliiqish esa uning qismati bo'lib qoldi.
Hatto olam ichra butun malaklarga peshvo bo'lib, ularga sajdagoh bo'lgan hamda ularni o'ziga bo'ysundirgan, dunyodagi barcha jinlar va maloikalar boshlig'i vazifasini bajargan shayton, garchi u butun olamga egalik qilib, necha ming yil zuhdu toat bilan Alloh amriga itoat aylagan bo'lsa ham; va hatto yer yuzida va moviy osmonda u sajda qilib bosh urmagan biron qarich bo'sh joy qolmagan bo'lsa ham; u shunday yuksak saodatga erishib, haq yodidan o'zga biror nafas olmagan bo'lsa ham, o'z xizmatlari va Allohga yaqinligiga suyunib ketdi hamda bundan unda g'urur paydo bo'ldi.
Natijada u bu ajoyib Insonni ko'zga ilmadi, unga boshqa maloikalar kabi sajda qilmadi. Yaratuvchining bu amriga bo'yin egmay, ta'na ko'zi bilan qaraganidan uning bo'yniga shu on la'nat halqasi solindi. Zeroki, uning ko'ngli itlikni havas qilgan edi, shu sababli ham bo'yniga itlar kabi la'nat tasmasi bog'landi. Shuning uchun ham u Inson zotiga doimiy raqib bo'lib, uning imonini yo'ldan uruvchi ashaddiy dushmanga aylandi. U qiyomatga qadar ana shu xil isnodga duchor bo'lib, do'zax olovi, makr va adovat qo'zg'atuvchi nomini oldi. Xullas, u shunchalik katta sharaf bilan maloikalar boshlig'i bo'lsa ham, takabburligi uchun abadiy rad qilinib, mal'unlikka giriftor bo’ldi. Uning bu qismati butun osmon va yer yuzidagilarga ibrat bo'lib qoldi.

Qayd etilgan


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:46:40

Shunday qilib, (Alloh) Inson jismini bir hovuch tuproqdan chiroyli qilib yaratdi, unga odamiylikning ajoyib shaklini berdi. Ham uni o'z siridan xabardor qildi, ham xalifalik bilan sarfaroz etdi.
Agar shayton bosh tortish bilan ofatga giriftor bo'lgan bo'lsa, inson o'zini tuproqdek past olish bilan e'tiborga loyiq bo'ldi. lnsonning sajdagoh bolishini ta'minlagan ham, shaytonning haydalishi va rad etilishini munosib ko'rgan ham uning O'zi! Shaytonni nuqsonli aylagan ham, insonni suyukli aylagan ham - O'sha! U nima qilgan, bu nima qilgan bo'lsa — Uning o'zi biladi, o'zga bu ishni qila olmaydi, har ne qilsa — U qiladi. Uning hikmatlaridan kishi voqif emasdir, zeroki, bu ish kishining qo'lidan kelmaydi. Hamma ishni uning o'zi qiladi va uning o'zi biladi — butun hikmat ana shundadir! U o'xshashi yo'q bir Podshohdirkim, uning na sherigi, na tengi, na vaziri bordir.
Ey Yaratuvchi, qudratingga yuz ofarin! Sendan o'zga yo'qdir, bor desalar ham, u — Sensan! Faqat Sen mavjudsan va borliq ko'rkisan. Ham birlik, ham qadr etuvchilik arzandasisan. Birlik ham, borliq ham Senda; tiriklik, qodirlik va shafqatlilik ham sening O'zingda!
Agar shafqat dengizingda mavj ko'tarilsa, u har qanday katta gunohning ham bahridan o'ta oladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:47:52

II
O'z kamchiliklaridan sharmanda bo'lib, bu uyatdan boshi tubanlik tuprog'iga egilganligi yuzasidan barcha hojatlarni amalga oshiruv chihakam oldida munojot


Yo Rabbiy! O'z holimga nihoyatda hayronman, o'ta gunohkor va mastu parishon holga tushgan bir kimsaman! Chunki nafsim tufayli kibru havoga mag'lub bo'ldim, to'g'rilikni nomaqbul bilib, poklikdan uzoqlashdim. Jonimga isyon mayidan mastlik paydo bo'ldi, ko'nglim fisq ahliga hamdamlik qildi. Shum nafsim boshimga har xil havoyi kayfiyatlar soldi, shayton galalari har yondan menga hujum boshladilar. Bu to'dadan men voqif bo'lgunimga qadar, ular ko'nglim mamlakatini ostin-ustun qilib yuborishmoqda.
Bir zulm qiluvchi ko'zimga chiroyli ko'rinib, o'zimni unga oshiq, uni esa o'zimga mahbuba degan edim. Bu yomon fe'lli ma'shuqadan menga har xil sitamlar yetardi. U ko'zimga ko'ringach, hatto oh urib, o'zimdan ketib qolgan paytlarim ham bo'lar edi.
Uning olovli lablaridan jonimga o't tushdi, gajagi va xolidan ro'zgorim qorayib ketdi. U so'zlaganida — tilim lol qolar, nozli jilvasi esa aqlimni olar edi. Uning vasliga yetishmoqni o'zim uchun hayot, hajrini esa o'lim deb hisoblardim. Ularning biridan jonim osoyish topsa, ikkinchisidan jabr tortar edi.
Hajrning g'amida may ichar edim. Agar vasl jomi qo'lga kirgudek bo'lsa, jondan kechishga ham tayyor edim. Usiz tiriklikni o'lim deb anglardim, hajridan doim jonim yuz turli ofat chekar edi.
Uni hayotimning maqsadi, deb bilardim, undan boshqa ko'nglimga kelmas edi.
Undan ayriliqda yurgan chog'larimda boshqa hamma narsalar yodimdan ko'tarilardi. Chunki sen o'zing voqifsan, men ham chin so'zni aytayin: hajridan ko'nglimga shunchalik ko'p jabru zulm yetardiki, hatto faqat uning vaslini istash uchungina seni yod etar edim...
Alloh-Alloh! O'zimning bunday bandaligimni eslasam, sharmisorlik o'ldiradi. Jahlda shunchalik yuziqarolikka yo'l qo'ydimki, bular ko'zimga olamni qaro qilib ko'rsatmoqda.

Qayd etilgan


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:48:25

Ey hech narsaga ehtiyoji yo'q Alloh! Umrimda biron bir rak'at namozni o'tinchsiz qilmadim. Hargiz keraklik tosh bo’lmasa, tuproqqa bosh qo'ymadim. O'zimni karam sohibi ko'rmagunimcha gadoga biron bir chaqa tutqazmadim. Donolik bilan emas, balki qo'limda yuz donalik tasbeh ushlamagunimcha nomingni tilga olmadim. Biror ishni o'z foydamni ko'zlamay qilmadim; o'zimni munofiqlikdan holi deb bilmadim. Shu sababli men kabi inson, insongina emas, devu shayton ham bo'lmasin! O'zimning bu yanglig' fe'l-atvorimdan juda aziyatdaman, bular uchun har doim ko'nglum tushkunlikka tushadi, dilim mudom g'ash. Bu xil hijolatliklardan men uchun hayot yo'q, chunki har dam uyat o'ldirib tashlayapti.
Bu illatlarki, aytib o'tdim, o'zim ularning hech bir ilojini qila olmayapman. Shunchalik musibatga duchor bo'lganmanki, agar Sendan qazo yetsa, keyin nima bo'lishini bilmayman. Garchi bu dardlar men uchun davosiz bo'lsa-da, lekin ularning darmoni senga osondir. Dardimga darmon inoyat qilgin, komil tavbaga erishmoq yo'lini ko'rsat. Adolat va ehsoningga meni sazovor qil va zolim nafsdan meni xalos et! Jonimda shavqing shu'lasini mayjud qil, undan o'zga hamma narsani ko'nglimdan chiqarib tashla!
Garchi ruh badan ichra tutqun bo'lsa ham uni mushohada etiladigan kun qo'yib yubor. Toki bu qush safarga moyil bo'lib, asl gulshan tomon parvoz qila olsin. Chunki qush uchmoq sari intilgani, tuproq esa tuproqqa qo'shilgani ma'qul.
Qilgan ishlarim so'roq qilib, xitob etgan chog'ingda Sen bergan savollarga javob topa olmay qolsam, meni hazin ahvolga qo'ymay, tezda o'shani qoshimga yetgurgilki, uni sen gunohkorlarning himoyachisi deb atagansan.

Qayd etilgan


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:49:22


III
Bu dostonga baxtiyorlar payg'ambari vasfi bilan sarlavha go 'ymoq va gunohkorlar homiysi madhi bilan ziynat bermoq

U nabilar sarvari va payg'ambarlar sultoni bo'lib, uning tufayli ulug' va mayda narsalar yaratilgandir. U Odam Atodan ham ilgari mayjud bo'lib, ham nabi, ham sirlar ogohi edi.
U olti kunda yaratilgan olamdan burun ham nur holida bor edi. Bu shunday nurki, u yuz izzat va sharaf egasidir. U — ma'shuq, Yaratuvchi — ishqivoz edi. Alloh Bulbasharni yaratguniga qadar, bu nur uzoq yillar Haq nazaridan bahramand edi. Bulbashar vujudi yaratilganda, uning yuzi shu yulduz nuridan kamol topdi. Bu nur havoga o'tganida, uning manglayi porloqligidan Quyosh hijolat chekardi.
Shish payg'ambar vujudi shakllanganida, bu quyosh uning manglayida balqidi. So'ng bu nur uning suyukli mahbubasiga va undan farzandiga o'tdi. U bu sharafli nurni jufti haloliga yetgizgach, shunday gavharga  u o'z vujudini sadaf qildi.
Ana shu qabilda bu nurni bir-birlariga o'tkazar edilar. Nihoyat bu nur Abdullohga yetib keldi. U ham shu yo'sinda nurni uzatganida, xonadoni shu nur bilan yoridi. Nihoyat shu uyda quyosh balqib, u farzand chehrasida payg'ambarlik nuri zohir bo'ldi.
Bu nur emas, Haq Taolloning o'z soyasi bo'lib, uning martabasi Quyoshdan ham yuksaldi. Din bayrog'i oftobdek ko'tarilgach, kufr zulmati undan bartaraf bo'ldi. Bu quyosh Bayt ul-haramdan chiqib, falakdan ham oliyroq martabaga erishdi. Bu yulduz nuri Makkada ko'ringach, barcha butlar tuproqqa bosh qo'ydilar. Kofirlardan kim bo’lsa, yuz tuban tushdi. Din bayrog'i falakdan yuqori yuksaldi, shariat tig'i qilichdan ham keskirroq bo'ldi.
Uning ta'bi payg'ambarlikka qat'iy mayl qo'ygach, dini boshqa barcha dinlarni bekor qildi. Ra'yi mo'jiza shamini ko'rsatganda, uning yolqinidan koinot ravshan bo'ldi.
Lotning o'z nuqsoniga yarasha holi xarob bo'ldi. Kofirlarga Allohdan boshqa Alloh yo'qligi ma'lum bo'ldi. Shundan boshlab xalqqa Allohdan boshqa Alloh yo'qligirii fasohatli tili bilan bayon etdi. "Allohdan boshqa Alloh yo'q" degan gapni atrof-tevarakka yuborgan Alloh payg'ambarining o'zidir.
Zoti olam qutichasidagi toza durdir, balki u haqdan olamga yuborilgan Alloh rahmatidir. Uning o'zi pok, xotinlari pok, avlodlari pokdir: zoti pok, suhbatdosh-izdoshlari pok va yaqinlari pokdir. Olam ahlidan to Qiyomat kunigacha unga, pok avlodi va izdoshlariga, so'ngra xizmatchilari va do'stlariga ham har lahza yuz maqtov va ming salomlar boisin!


Qayd etilgan


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:53:10

IV
U payg'ambarlik oftobining anqo qushining balandparvozligi va haqiqiy mahbub visoliga yetib qush tili bilan so'zlashgani va sirlashgani


Martabasi falakka yetadigan shohni Haq ko'k sari javlon qilishini istaganida, u tuban falak tashvishlaridan forig' bo'lib, o'z hujrasida yaxshi kayfiyatda o'tirardi. Uning oldiga ruhlar amini kelib, olam Allohining xabarini yetkazdi. Farishtaning bir qo'lida yashinday tez uchadigan buroq bo'lib, bu ulov bilan yashin ham bahslasha olmasdi. U dedi: "Ey Allohga joning bilan yaqin zot! Suyukli bo'lganing uchun vujuding bilan ham Allohga yaqinlashgin. Buroq keltirdim, suvori bo'lgin, toki bu feruza osmon gumbazi yo'Iing gardi boisin".
Shoh otga mindi. Chunki u hukmning kimdan ekanini yaxshi bilardi. Qutli ulovi havolanganida, uning qadamidan falak eli bahramand bo'ldilar. Bu suvori sharafi tufayli yangi oy to'lin oyga aylandi. Ikkinchi osmonga bayroq sanchganida, Atorud qalamidan durlar sochila boshladi. Uning zotidan uchinchi maydon - osmon sharaf topgach, Zuhra musiqachilik qilib kuylay boshladi. U to'rtinchi samoga ot surganida, yulduzlar shohi - Quyosh undan o'ziga nur oldi. Buroqini beshinchi ko'kka surganida, Nahsi Asg'ar shu zahoti Sa'di Akbar bo'ldi. Sa'di Akbar tomon yo'li tushganida, uning nazaridan saodat nuri yo'naldi. Beshinchi ko'kka o'tganida, bechora hindi "Alloh nuri!" deb yubordi. Yana ikki vodiyni sayr etgach, sakkizinchi osmon qiblasi ko'rindi. Suvoriy nuri ta'siridan Savrga Asad (sher) xususiyati yuqdi. Javzo uning xizmatiga shaylandi. Saraton esa to'g'rilik mevasini berdi. Arslon it kabi uning oyog'i ostiga o'zini tashladi, boshoq uruglari javohirga aylanayozdi. Tarozi o'z o'lchovligini ko'rsatdi, Chayon esa o'z zahrini zaharni kesuvchi doriga aylantirdi. Yoyni qoshi ishorasi hilol qildi. Qadami xosiyatidan Jady — tog' echkisi zarrin kiyikka aylandi.
Dalv uning so'zlaridan jon suvi topdi. Hut (baliq) uning nutqidan obihayot topdi. Yo'lda uchraganlarga shunchalik sharaflar yetkazib, ulovini barchasidan yuqori surdi.
U Arshu Kursiga tabarruk bayrog'ini yetkizganida, Lavhu Qalam undan muhtaram bo'ldi. Lomakon maydonida javlon qilib, undan ajoyib bir maydonga yo'l oldi.

Qayd etilgan


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:53:43

Bunda xabarchi bilan ulovi sayrdan to'xtadi: go'yo qushdan ikki par tushib qolganday bo'ldi. Tarkibiy unsurlar azobidan qutilib, jahon tashvishlaridan ozod bo'lib, egnidan manmanlik to'nini tashlab, olovdan odamlik uchqunini ayirib, o'zni o'zlik asoratidan qutqarib, o'zdan o'zgalikka aylandi. Yel, tuproq, o't va suvdan tozalanib, men, sen, u va bulikdan tozalanib, yaqinlik dargohida o'rin topib, hatto undan ham yaqinroq bo'lishga harakat qildi. Yetmish ming pardani bartaraf etdi, orada parda qolmadi. Oradagi bor-yo'q to'siqlar bartaraf bo'lib, u do'st oldida suyukli bo'lib qad ko'tardi.
LimaAlloh bo'sag'asiga yastandi, xuddi ikki yoydek bir-biriga yaqinlashdi. Man etish va moneliklar barham topib, ruxsat bo'lgach, monelik bo'lmaydi demakdir. Ko'zlarini mislsiz o'tkir nur bilan yoritdi. Soyalik mulohazasi bartaraf bo'ldi.
Hech bir kishi topa olmaydigan martabani topdi: bu ish kishilik qo'lidan keladigan ish emas edi.
Bu damda o'zi va o'zligidan xabari yo'q, balki o'z va o'zligidan asar ham yo'q edi. Yotlikdan nishon qolmay, hatto o'zlik ham oradan ketib, faqat jonon qoldi. U jonon jamolini ko'z bilan ko'rib, uning visolidan so'z orqali bahra topdi. Har lahzada yuz ming hurmat ko'rsatib, to'qson ming so'zni idrok etdi. Gunohkor ummatning gunohini so'radi, barcha og'ir ahvoliga chora istadi. U nimaniki istagan bo'lsa, mutlaq tirik — Allohdan topdi: Haq tiladi, Haqdan tiladi va Haqdan topdi.
O'z orzusi imkoni darajasida murod hosil qilib, ko'kdan juda masrur va shod bo'lib qaytdi. Yuksak dargoh ham uning visolidan masrur bo’ldi: amridan bu qabulxona ajoyib tarz jihoz topgan edi. U ko'kka otlanganida, qimmatbaho dur edi, u yerdan jo'shqin daryo bo'lib qaytdi.
Bir kiprik qoqilgan muddatda anglab bilgani shuki, ajoyibi ham shundaki, shu vaqt ichida u yerga borib, keldi. Boshqa olamdan yerga qaytib kelgach, ushbu olam ishiga tartib joriy etdi. Biz har qancha gunohkor va gumroh bo'lsak ham, bu voqeadan voqifligimiz uchun hadiksiramasak bo'ladi. Chunki tong-la Qiyomatda shunday homiy va qo'llovchi kishi gunohlarimizni Allohdan tilaydi.
Ey Allohim, payg'ambar oraga tushgan kuni, u kimning gunohini tilasa, sen uning istagini qabul qilasan. Yuz minglab gunoh va tug'yon ahli ilohiy fazli bilan uning rahmatiga sazovor bo'ladilar. O'sha guruhda Foniy ham boladi, uni ham zora noumid qilmasang.


Qayd etilgan


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:54:46

V
Mo'minlar amiri Abu Bakir Siddiq (Alloh uning ruhidan rozi bo'lsin) ta'rifida


U payg'ambarlar sultonining do'stidir. Mushkulot g'oridagi ikkinchi odam shu edi. Uning sidqi dildan sodiqi va hamrozi, har yaxshi — yomonda hamdamidir. U olam eliga yo'lboshchi edi. Chunki hammadan ilgari kelganlardan ham ilgari bor edi. Haqiqatparastlar guruhining boshlig'i udir va sobiq islom ahliga sodiq udir. G'orda u yoriga jonini fido qilishga shay turgan, shuning uchun do'sti uni "g'ordagi do'stim" degandir. Xazina g'orda yashiringanida, u ajdahodek unga soqchilik qilgan.
U g'or zulmatida azob chekkani uchun u yerdan obihayot va xazina topdi. Bu shunday xazinaki, ilohiy g'aznasi bilan qo'shilgan bolib jahon vayronasida yashiringandir. Agar u obihayot topmagan bo'lsa, jahon boqiy ekan, nega uning nomi tirik qoladi? Uning oyog'ini ilon chaqqanida, obihayot ichib uning zararini daf etdi.
Payg'ambar uni o'z o'rniga imom qilib qoldirdi: oy quyosh o'rnida qoldi. Oftob botishga kelganida, din uyi uning nuridan yoridi.
Ey Alloh, ushbu oy sham'i to hisob-kitob kunigacha islom uyidan o'z nurini va jilvasini olib ketmagay.

Qayd etilgan


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:55:36

VI
Hikoyat


Mustafodan keyin Abu Bakir Siddiq xalifalik taxtiga o'tirganida, dindan qaytgan bir guruh kishilar din yo'lida adovat qilib, janjal boshladilar. Ular islom sutunlarini qulatish uchun zakotni bekor qilishni talab qildilar. Xalifa g'azab bilan shunday xitob qildi: "Payg'ambar qonunida biror ip miqdoricha narsani ham o'zgartirish mumkin emas. Kimki bunga qarshi bosh ko'tarsa, ularga javob qilich va o'q bo'ladi!"
Shariat ishiga shunchalik qat'iyligi uchun ham uning nomi to bu zamongacha yetib kelgandir. Bunday qat'iylikni kim qila oladi? Faqat g'orda payg'ambarga do'stlashgan Abu Bakr!

Qayd etilgan