XIII
Olijanoblik egasi va poklik qiblasi Shayx Farididdin Attorga (Alloh uning ruhini ezgulikka buyursin) madhu sano aytmoq va o'z o'tinchini bayon qilmoq
Olamdagi barcha dengiz va konlarda nimaiki bor bo'lsa, yuzlab o'shancha narsalar Attor do'konida mavjuddir. Uning ma'nolar dengizidagi durlar xuddi kechasi jilva qilayotgan yulduzlarga o'xshaydi. Konlardagi yoqutlar esa kechki paytdagi shafaqqa, balki tong paytida endi yoyilib kelayotgan quyosh nurlariga monand. Ularni sen duru gavhar dema, balki hodisalar toshi degin, bu toshlardan zaifu notavonlar boshi yorilgusidur. Ularni yoqut ham dema, balki olam ahli qatlidan oqqan qonlar deb atagin.
Garchi vasfini aytishda qalam ojizlik qilsa-da, endi uning do'konira sharh qilay. Agar odam ta'bini jaholat mag'lub etib, unda har xil yomon axloqsizliklar paydo bo'lsa, bu do'konda bunday illatlarni davolash uchun turli sharbatlar muhayyodir. Undagi sandal, mushk, abir va za'faron kabi dorivorlar kishi ta'bini jaholatdan davolaydi. Fayzli bog'idan yetishtirilgan gulob va xushbo'y mushklarning har biridan ta'bga yuz fayzli umid hosil bo'ladi. Uning qand va navvotga o'xshash shirin so'zlaridan o'lgan ko'ngil ham hayot topadi. Asal va shakar kabi bu so'zlarda irfon haqida fikr yuritilganki, ulardan bechoralar chora topadi. U nazm va nasrda har xil asarlar yaratdi, ularda vahdat (birlik) sirlari tafsir etilgan. Xalq uchun u shunday gul va qandlar yetishtirdiki, ular kishilar ta'bi uchun gulqand kabi foydalidir.
Ulardan biri "Musibatnoma" edi. Unda nafsning yuz xil musibatga duchor bo'lganligi bayon qilingan. Agar ko'ngilga biron musibat tushsa, u "Musibatnoma"dan o'ziga taskin topadi.
Yana "llohiynoma"ni yozdi va qalamni vahylikka muharrir qildi. Unda ilohiy sirlarni shunday sharh qildiki, bunday tugal sharh kamdan-kam uchraydi.
Yana "Ushturnoma" ("Tuyanoma"ni) yozib, unda har xil nozik ma'nolami go'yo nortuyalar kabi qator tizib qo'ydi. Bir necha ming tuya ham undagi duru gavharlarni ko'tarishga ojizlik qiladi.
Yana "Lujjai hiloj" ("Urar bulog'i")da g'avvos kabi sho'ng'ib, pok durlarni qo’lga kiritdi va har bir durni shohlar boshiga toj etdi. Balki uni shoh tojining ziynati qildi, ulardan har birining qiymati butun bir mamlakat xirojiga tengdir.
Yana qasidalar dashtiga chopqir ot soldi va bu vodiyni kesib o'tguncha har xil ajoyib baytlarni qo'lga kiritdi. Undagi har bir vodiyda yuz xil g'aroyib mamlakatlar bo'lib, bu yurtlarning har birida ming xil ajoyibotlar bor.
Yana g'azal gulzorida guldastalar yasadi, bulbul kabi ming xil qo'shiq kuyladi. Lekin uning har bir tarannumida birlik sirlarining sharhi ravshan bayon etilganligi ayon bo'ladi.