Alisher Navoiy. Lison ut-tayr (nasriy bayoni)  ( 153020 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 25 B


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:48:55

CXLVII
Yana bir qushning Hudhudga savoli


Yana bir savol beruvchi so'radi:
- Ey poklik, rahbarlikbobida chechan qush. Bu yo'l shiddati haddan ko'p bo'ldi, oxiri ham nihoyasiz ekan. Ayt-chi, bu balo dashtini qachon bosib o'tamiz? Asl manzilga qay tarzda yetamiz? Bizni bu ishdan xabardor ayla, yo'lning sur'at va oromini izhor qil. Uning qanday boshlanib, nima bilan tugashini bizga tushuntirib ber. Avval biz chekadigan mashaqqatlar, so'ngra yetishadigan aysh va maqsadlar haqida gapir!

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:50:16

CXLVIII
Hudhudning javobi


Hudhud shunday dedi:
- Ey bu yo'lda hamroh bo'lgan o'rtoq! Bu savoling nozik savol bo'ldi. Sen mendan bu safar kayfiyatini, undagi manzil va vodiylarda duch kelinadigan qiyinchilik va shodliklar haqida so'rading.
Bilgilki, bu yo'l bir necha vodiy va manzillardan iboratdir. Endi men ularni senga birma-bir sharh qilib beray, sen voqif bo'l.
Oldimizda yettita katta vodiy turibdi. Ularning har birida xavfu xatar haddan tashqari ko'pdir. Bu vodiylarning har qaysisida son-sanoqsiz manzillar bo'lib, aql ularni sanab chiqishga ulgura olmaydi. Lekin bu manzillarning hammasi aslida yettita katta vodiyga birlashadi. Men ana shu vodiylar sharhini bayon qilaman.
Avvalgi vodiy Talab vodiysidir, unga sharofatli to'g'ri yo'l ko'rsatuvchigina boshlab olib boradi.
Keyingi vodiy - Ishq vodiysi. Sen bu yerda ishq o'ti ichra boru yo'g'ingni o'rtashing lozim.
Ishq sening vujudingni yo'qotgach, Ma'rifat vodiysiga qadam qo'yasan.
So'ngra Istig'no (Ehtiyojsizlik) vodiysi keladi. Bu vodiy benihoya keng bo'lib, yuksak osmon ham uning oldida past turadi.
Undan keyingi Tavhid (Yagonalik) vodiysidir. Undan o'tish uchun kishi yolg'iz bo'lmog'i zarur.
Undan o'tsang, Hayrat vodiysiga duch kelasan, bu yerda senga ko'p shiddatlar yuzlanadi.
Hammadan so'ng Faqru Fano (Faqirlik va yo'qlik) vodiysi keladi. Sayr qilayotgan solik shu bilan yo'lni nihoyasiga yetkazadi. Bunda suluk ahli o'z maqsadiga erishib, ish o'zgacha bir holat bilan tamom bo'ladi.
Lekin bu vodiylardagi manzillardan hech kim xabar beigan emas. Bu yo'ldan ketganlardan hech kim qaytmagan. Hatto bu yetti vodiy ham nihoyatda muxtasar bo'lib, uni tavsiflashda ko'p chalkashliklarga yo'l qo'yilgan.


Qayd etilgan


mutaallimah  31 Yanvar 2009, 00:19:18

CXLIX
Talab vodiysining sifati


Talab vodiysiga qadam qo'ysang, oldingga har dam yuz ming dardu alam duch keladi. Har dam unda yuz malollik, har nafas ming o'zga holat yuzlanadi. Istamoqlik azobi ko'ngulni zor etadi, lekin topa olmaslik ruhni abgor etadi.
Bunda jonni kuydirish mahrumlik, vaslga erishish noma'lumlik bo'ladi. Mashaqqat va kulfatlar jismingga nish sanchib, behad ulkan dard jismingni pora-pora qiladi. Sen noyob durni qo'lga kiritishni xohlaysan, ammo uni topa olmaysan. Buning uchun dunyo asboblarini tark etmoq zarurdir.
Solik o'z yo'lida g'ov bo’ladigan molu mulk'va boshqa narsalardan voz kechib, foniylikning to'rt yo'lini baland ovozda ulug'lamog'i kerak. Bu yo'lda unga bo'lgan ishtiyoqdan boshqa hamma narsani tashlab, o'zni maqsad manzili tomon boshlashi lozim. Agar olam matosidan biron ashyo qolmasa, senda u dam o'zgacha sifatlar paydo bo'ladi. U xazinadan vayroningga obodlik kelib, zoti nuridan joningga yorug'lik yetishadi. Bu yorug'lik sendagi shavq o'tini tobora alangalatib, talab otingni uchqur qiladi. Bunda o'zingda bir talab o'rnida yuz talab topasan. Bu payt tog'lar sening ko'zingga oddiy daladek bo'lib ko'rinadi. Joningga talab rohati yetadi, mashaqqat chekish shiddati sendan forig' bo'ladi. Ko'ngling dur topishga qanchalik muhabbat qo'ysa, sen uchun g'avvoslik qilish shunchalik oson bo'ladi. Visol quyoshi jamolini ko'rsatgach, shoming tongga ulanib ketadi. Agar bu payt oldingga mast fil kelsa ham sen uni pashsha kabi nazar-pisand qilmaysan. Agar yo'lingni yuz sher yoki arslon to'ssa, ularni sen cho'loq chumolidek ko'rasan. U xazinaga erishsang, ko'nglingga ajdahodan xavf yetmaydi.
Kufr va imondan qo'l yuvasan, shundan so'ng oldingda bir eshik ochiladi. Eshik ochilib, ichkari kirganingda, unda na kufr, na din qoladi, ularning barchasidan qutulasan.
Chunki kufr yoki imon bu yo'lga kirgan kishi uchun maslak emas. Bular asl yo'ldagi to'siqdan boshqa narsa emasdir.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Yanvar 2009, 00:52:03

CL
Hikoyat


Bir qudratli podsho o'tgan edi. Uning xazina va boyliklari askarlari kabi son-sanoqsiz edi. Bu shohning bir zebo o'g'li bor bo'lib, uning go'zalligi oldida hatto Yusuf ham qui bo'larli darajada edi. Sharq quyoshi uning husnidan sharmanda bo'lgani uchun oyog'i ostiga bosh qo'yardi. Sarv uning navnihol qaddiga soya kabi, oy esa uning yuzi quyoshiga bezak bo'lgudek edi. U ham quyoshdek husn bilan olamni zabt qiluvchi, ham oy kabi chehra bilan osmon baxtida jilvalanuvchi shoh edi. Ko'zi har boqishda olamni buzar, ishq ahliga o'zga olam ko'rguzar edi. Agar la'li so'z boshlasa, jon olar, tabassum qilsa, jon kirgizardi.
Butun olam unga oshiqu shaydo bo'lgan, agar u qatl etmoqchi bo'lsa ham kishilar bundan g'am chekishmas edi. Kofir va mast ko'zi din va imon ahliga doim qirg'in keltirar edi. Chaqmoqdek uchqur otini har tomonga choptirar, bu chaqin bilan jahonni kuydirardi. Olam ahli unga maftunu shaydo bo'lgan, lekin u kishilarga haddan ortiq nozu istig'nolar qilar edi. U xalq sari ko'zining uchi bilan bir qiyo boqsa, zulmi tig'idan tuman ming kishining qoni oqardi. Jahon elining o'lmog'iga u parvo qilmas, balki zulmu istig'no bilan darhol qatl qilib qo'ya qolardi. Uning ko'chasiga borishdan hatto shamol ham jon hovuchlar, u tomonga esmoqdan joniga qo'rquv tushar edi. Shamol uning gulshaniga esa olmagani sababli u yerdagj gulbarglar gullardan tanbeh olardi.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Yanvar 2009, 00:52:28

Bir kuni u sahro kengliklarini aylanib qaytish uchun ot surdi. Dasht uzra yuz tuman majnun zor yotar, ularning barchasi uning ishqi shiddatidan beqaror edi. Lekin uning yuziga boqish uchun ularda imkon yo'q, u tomonga qarashdan ular bahramand bo'la olmas edilar. Hamma yaxshi-yomon uning vasliga erishmoqni istar, lekin bunga yetishmoq mumkin emas edi.
Nogahon saodatli shahzoda sahroda turgan elga nazar soldi. Ko'zi ular orasidagi ishq zanjiriga mubtalo bo'lgan ikki xasta oshiqi zorga tushdi. Shahzoda o'z mulozimlariga buyruq qilib, bu ikki devonasifatni huzurimga olib keling, dedi. Ular ikki mubtaloni ushlab, podsho qasri tomon ot soldilar. Shoh ulardan birini zindonga mahbus qilib, ikkinchisini o'ziga itboqarlik xizmatiga tayinladi. Unisi zindonda yotgan bandilar bilan hammakon bo'lsa, bunisi zanjirlangan itlarga giriftor bo'ldi. Ular shu qiyin ahvolda bir qancha vaqt o'tkazib, kulfat tortdilar.
Bir dardmand kishi ularning biridan:
- Azob-uqubat ichra sizning holingiz qanday kechmoqda? — deb so'radi.
U dedi:
- Shu ham azob bo'ldimi? Turgan-bitgani rohat-ku! Mashaqqat chekish qayoqda deysan? Ishqidan ko'nglim to'lgan holda uning ko'chasida it bo'lishga ham rozi edim. Garchi men uning itlariga xizmatkor esam-da, uning itlariga boshliqman.
Unisi dedi:
- Uning ishqi ko'nglimga zo'r kelib, bundan agar mening turar joyim go'r bo'lsa ham rozi edim. Garchi hozir zindonda kishanlangan holda yotgan bo'lsam ham, lekin uning vaslidan ko'nglim umidvor.
Oy chehrali shoh ularning bu so'zlarini pana joydan rurib eshitmoqda edi. Ular shu tarzda o'z istaklariga sodiq va ishq yo'siniga muvofiq edilar. Bu so'zlarni eshitgan quyosh kabi shoh cheksiz xursand bo'lib, bu so'zlar uning ko'ngliga bag'oyat xush yoqdi. Ularga katta ixlos ko'rsatib, ikkalasini o'zining eng yaqin mahramlariga aylantirdi. Ular o'z talablarida sadoqatli bo'lganliklari uchun oqibatda ana shunday samaraga erishdilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Yanvar 2009, 00:53:28

CLI
Ishq vodiysining tavsifi


Talab vodiysini tamom qilganingdan so'ng Ishq vodiysiga qadam qo'yasan.
Ishq so'nmas bir mash'aldir. Uni mash'al dema, butun olamni yondiruvchi shu'la degil. Ishqqa har kim munosib bo'lavermaydi. Samandardan bo'lak qaysi jonzot o't ichida yura oladi? Ishq aro botirlik va qalandarlik lozim, shu'la dengizida samandar bo'lmoqlik kerak. Shu'la ichra kuyayotgan parvona kabi oshiqu devonaning ishi kuymoqlikdan iboratdir. Donolikni ra'nolarning ishi deb aytma, parvona bo'la olishga kapalakning haddi sig'maydi. Kapalak yosh bolalarga o'z husni va zeboligini ko'rsatib, gullar uzra jilva qilib uchib yuradi. Ammo uning qo'lidan janda kiygan devonaning ishini qilish kelmaydi. U parvona kabi shu'laga o'zini ura olarmidi?! Garchi kapalak o'zining turli rang va xollari bilan ko'zga chiroyli ko'rinsa-da, u parvona kabi yonib kuya olmaydi. Azaldan ishq aro kul bo'lmagan har bir qushning otini bulbul deb bo'ladimi?
Ishq ichra kuyib-yonmaganni ishqqa berilgan dema! Kim jonini ildo qilmas ekan, uni oshiq deb sanama! Ishq ahli o'rtanib yonish bilan o'zini shod etadi, bu ishni o'rtanish bilan egallab bo'lmaydi. Ishqqa mubtalo bo'lgan kishi ko'nglidan chiqqan o't vayronani yondirib yuboruvchi' ajdar dami kabi qudratlidir.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Yanvar 2009, 00:53:45

Oshiqlar ko'ngli o'tli oh chekishdan begona emas. Axir otashgohdan duddan boshqa yana nima chiqishi mumkin?! Ishqdan tushgan yolqini butun havoni yondirib yuboruvchi chaqmoq kabi olamni o'rtab yuboradi. Ishq o'tiga haqiqiy pok oshiq o'rtanadi, uning bu o'rtanishi go'yo chaqmoq tushgan xirmonga o'xshaydi.
Sen oshiq ko'nglini otashzada deb aytma, balki uni ishq ana shunday otashkadaga aylantirgan. Kishi agar otashkada ichiga tushsa, u yerda o'rtanmasdan boshqa iloji yo'q.
Kimki ishq aro o'tga aylansa, ajablanmang, chunki o'tga nimaiki tushsa, u ham o't bo'lib yonadi. Ishq bir o't kabi uning vujudini chulg'ab oladi, negaki, olov atrofida aylangan kishi o'rtanmay qolmaydi.
Ishq bilan o'ynashib bo'lmaydi. Jismingga o't tushsa, u seni quyundek sargardon qiladi. Ishq aro faqat o'rtanib yonish lozim, o't aro kuymasdan o'zga chora yo'q. Ishq osmonidan qaysi yoqqa chaqin tushsa, u shu ondayoq jonni shu'la selobiga g'arq qilib yuboradi. Ishq chaqmog'i xonumonni kuydirib yuboradi, xonumon nima degan gap, butun jahonga o't qo'yadi!
Oshiq kishining asosiy ishi jon tark etish deb bilgil. Yor uchun oimoqni o'zing uchun arzimas ish deb anglagil.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Yanvar 2009, 00:55:52

CLII
Hikoyat


Asma'iy (arab tilshunos olimi, 828-v.e.) haj sari ketayotib, bir manzilda daraxtlar va gullarning o'sib yotganini ko'rdi. Bu erdagi maysazor va gulzor o'rtasidan bir chashma suv tiriklik suvidan nishona berib, sharqirab oqib yotar edi. Bu yerdan o'tgan ariq oshiq jonidek pokiza va ravshan bo'lib, undan oshiqlarning ko'z yoshlari kabi tiniq suvlar oqardi.
Asma'iy suv yoqasida birmuncha vaqt o'tirib, hordiq chiqardi, ko'ngli g'amlardan xalos bo'ldi. Tab'i shu yerga naqshlanib, chashma boshida xat yozilgan bir toshni ko'rdi. Unda: "Ey Hijoz ahli, bu sirning chorasini topsangiz. Agar bir kishi ishqqa mubtalo bo'lib, ishq uning sabru qarorini olgan bo'lsa, ne qilsin?" deb yozilgan edi.
Asma'iy qo’liga qalam va davot olib, bu xat tagiga shunday deb yozib qo'ydi: "Kimki, bu halokatli girdobga tushib, undan pok chiqmoqchi bo'lsa, o'zi tushgan yo'ldan qo'rqmasin".
Asma'iy yuqoridagi savolga shu javobni yozib, bu manzilni tark etdi. Ertasiga yana shu joyga kelib: xat bitilgan toshga nazar soldi. Qarasa, oldingi kotib o'z qalami bilan yana quyidagilarni yozib qo'yibdi: "Agar ozurda jon oshiq o'zi pok bo'lsayu yana ishqini yashirin saqlasa, lekin uning qalbidagi muhabbatning shiddati tez bo'lib, uning toqati toq bo'lsa hamda vaslga ehtiyoj sezsa, bunday paytda u nima qilsin? Agar bu ishning ilojini topa olmasa, naylasin?"

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Yanvar 2009, 00:58:31

Asma'iy bu favqulodda sirni ko'rgach, o'zining sehrli qalami bilan yana shunday deb yozdi: "Ishq ichra men nasihat qilgan o'sha dardli va notavon kishi bu nasihatlarimdan o'z maqsadiga erishmagan bo'lsa, o'lsin va ishq o'tidan o'zini xalos qilsin".
Berahm nasihatgo'y bu halokatli javobni yozib, chashma yonidan tezda jo'nab ketdi. U bir kun boshqa joyda hayallab, ertasiga o'z tuyasini yana o'sha tomonga haydadi va oshiq javobini bilmoqchi, g'oyibdagi hasratli oshiq yana nima deb xitob qilganini ko'rmoqchi bo'ldi. Kelsa, umridan voz kechgan, afti-angoridan zorligi oshkor bo'lgan, rangi-tusidan bemorligi ko'rinib turgan, o'z ahvoli bilan el ko'nglini buza olgudek ruhsiz bir kishi chashma yonida yotibdi. U ishq ichra chigallikni yechib, boshini toshga chunon uribdiki, bu zarbadan tosh sinib ketibdi. Qoni chashma suvini lolagun qilib oqar, suv tomondagi tosh ustidan boshi pastga tushgancha o'lib yotar edi.
Nasihatgo'y bergan o'git tufayli oshiq o'z jonini tark qilib, uni hijron azobidan qutqargan va ishq aro go'yo o'zidan ketib yotgan ekan.
Asma'iy bu g'aroyib holni ko'rgach, ko'ngliga yuz xil qiynalish nishlari sanchildi. To'nini yirtib, sallasini yerga urdi, o'z nasihatiga quloq solgan kishi uchun motam tutdi. U bundan ortiq biror qattiq holatni ko'rmagani tufayli faryod tortib, achchiq-achchiq yig'ladi. Bu ish uning ko'nglini g'ash qildi, yerni qazib, o'likni qabrga qo'ydi. Halok bo'lgan kishi shahid o'lgani sababli uning jismiga o'zining qonli libosi kafan bo'ldi.
Ey Foniy! Ishq ichra foniy bo'lish yo'li ana shunday bo'ladi. Agar sabri toqating tugagan bo'lsa, xuddi shu kabi jon taslim qil. Bu xil o'lmoqni Alloh kimga nasib qilsa, unga yuz tuman jonni fido qilsa ham arziydi.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Yanvar 2009, 00:59:29

CLIII
Ma'rifat vodiysining vasfi


Bilgilki, Ishq vodiysidan keyin Ma'rifat vodiysi keladi. Bu joyning nihoyatda bepoyon bir dashtdan iborat ekanligiga ko'z tashla.
Kimki bu vodiyga kirsa, u yerdagi ahvolning ixtilofli ekanligini ko'radi. Bu joy shunday bir vodiydirki, uni yuz tuman ming turli yo'llar kesib o'tadi, ammo ulardan biriikkinchisiga sira o'xshamaydi. Butun va bo'lak o'rtasidagi qarama-qarshilik ham shu yerda mavjud. Taraqqiyot ham, tanazzul ham shu joydadir. Unda sen yuz tuman yo’lovchini beqaror bir tarzda, har birini o'zga bir yo'ldan ketib borayotgan holda ko'rasan. Ularning har biri o'zi ketayotgan yo'l bilan faxrlanadi, har biri yo'lni o'z yo'li tomonga buradi. Biri xush tutgan yo'lni ikkinchisi xohlamaydi, har birining ko'ziga o'ziniki yaxshi ko'rinadi, boshqasini esa nazarga ilmaydi.
Unda pashsha ham, fil ham yo'lovchi, unda pashsha ham, Jabrail ham uchadi. Muso ham, Fir'avn ham unda yo'lovchi, ammo bilgilki, ularning ikkalasi birdek emas. Mahdiy va Dajjol ham bu yo'ldan o'z mazhablarida, biroq Isoni u mingan ulovga tenglashtirib bo'lmaydi. Ahmad va Abu Jahl ham u yerda ko'rinadilar, bunisi nurga g'arq bo'lsa, unisi zulmatga tushgandir.
Bu yerda barcha yaxshi-yomon sayr etadi; unda mo'min ham, kofir ham yo'lovchilik qiladi. Agar bu yerda otashparastlar o'z Lotiga talpinsalar, Ka'ba ahli — musulmonlar esa yolg'iz Allohga sig'inadilar. Kufr ahli Lotni ogoh deb aytsalar, lekin islom ahli "illAlloh" deb aytadilar.

Qayd etilgan