Alisher Navoiy. Lison ut-tayr (nasriy bayoni)  ( 153139 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 B


mutaallimah  03 Fevral 2009, 00:29:18

CLIX
Hayrat vodiysining so'zi


Tahvid vodiysi bosib o'tilgach, shubhasiz, Hayrat vodiysi namoyon bo'ladi. Bu vodiyda hali kishi boshiga tig' yetmasdan turib, ming oh va yuz ming afsus chekish yuzlanadi. Hayrat tilni gung va lol etadi. Kishi kecha va kunduzga qancha boqmasin, uning kecha yori kunduz ekanligini sezmaydigan bo'ladi. O'zining yo'qligini ham, borligini ham bilmaydi, ertaga nima bo'lishini ham anglamaydi. Har narsaga ko'z tashlasa, hayratdan dong qotib, hayronlikda sarsonu sargardon bo'ladi.
Yo'l ahli, bu vodiyga qadam qo'ygach, unda hayronlikdan o'zga ish bo'lmaydi. Agar tavhid borasida nimaga erishgan, yolg'izlik va ajralish vodiysida nimaiki ish qilgan bo'lsa, bu yerda ularning barchasi yo'qolib ketadi. Hatto u o'zining borligini ham unutadi. Agar undan, sen bormisan yoki yo'qmisan, deb so'rasalar, u bularning hech biriga javob bera olmaydi, boru yo'qligiga xitob qilib, o'zini bildira olmaydi. U . o'zining o'rtada, yo bir tarafda yoki tashqarida ekanligini ham, chekkada yoki keyin, yoxud oldinda turganligini ham yaxshi bilmaydi, hayrat uni bularning barchasidan chetda tutadi.
U o'zining foniy ekanligi yoki boqiyligini ham, mast ekanligi yoki soqiyligini ham anglamaydi, mavjudligi yoki mavjud emasligi ham, zotining malum yoki noma'lumligini ham bilmaydi. Shu tariqa har yoqqa boqsa, cheksiz hayratga tushadi, o'zini hayrat ichida g'arq bo'lgan holda ko'radi. O'ziga o'zi, oshiq ekanligimdan ajablanaman, ammo kimga oshiq bo'lganimni bilmayman, debdi. Har bir zarraga zarralar orqali boqib, ularning borligi yoki yo'qligini isbot etishdan hayratga cho'madi. Bu maqom ichra ana shu xil ajib holatlar bo'lib, ulardan hali bittasi tugamasdan turib, mingtasi duch keladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 00:30:14

CLX
Hikoyat


Jahonni zabt etgan bir podsho bor edi. Uning dargohida yuzlab sultonlar bosh egib turardi. Mamlakati cheksiz bo'lib, barcha uning hukmiga bo'ysunardi.
Uning hammadan yashirib yuradigan bir gavhari bor edi. Bu go'zalning husni oldida hur va parilar ham sharmanda bo'lib qolardi. U go'zallik bo'stonida bir noziknihol, bir nozikniholgina emas, sarfaroz etilgan sarv edi. U jon yotog'idagi dilga xush keluvchi sham, yo'q, sham emas, balki yorug' quyosh mash'ali kabi edi. Noz chashmasidagi uning ko'zlari jonga balo keltirar, davron unday baloli ko'zni hanuzgacha ko'rmagan edi. Zulfi va holi fitnaning anbar hidlarini taratib turar, bu fitnaga duch kelgan kishi omon qolmas edi. Uning orazida la'li labi joylashgan bo'lib, benihoya fasih nafas egasi edi. Bularni quyosh bilan Masihga qiyos qilsa bo'ladi. Uning vasli umidida necha davlatmand kishilar, balki taxt egalari bo'lgan oliy shohlar yurar, ammo bu murod hech kimga muyassar bo'lmay, hech bir ko'ngil hali uning vaslidan shod bo'lmagan edi. Bu go'zal' qizning o'zi ham elga yaqin bo'lishni xohlamasdi. Ikkala tomon ham bundan o'zini tortar edi: ya'ni davron ichra toq bo'lgan shunday go'zal qizga kim ham juft bo'la olardi? U shu xil xislat egasi bo'lgach, el unga xaridor bo'la olarmidi?

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 00:30:34

Ittifoqo, bu go'zal qiz bir kecha tush ko'rdi. Tushida bir go'zal yigit uning ko'ngliga g'ulg'ula soldi. Uning turgan-bitgani ruhdan mujassam bo'lgandek pokiza va toza edi. Husn osmonida u go'yo sharq quyoshining o'zginasi edi. Husni sahifasiga mushk hidli bir xat bitilgan, undagi xol esa o'sha xat ustidagi nuqtaga o'xshardi. Uning sho'xligi va ra'noligi sarvning o'zginasi, nozikligi va zeboligi esa gulni eslatardi. Bu yigit agar quyosh chirog'i bo'lsa, u qiz yog'du sochib turgan to'lin oy edi. Ikkalasi bir taxt ustida o'tirib, dam-badam visol jomini ichishar, bir-birlarining vaslidan bahramand bolishar edi.
Gul yuzli bu uyqudan ko'z ochib, o'rnidan turdi. Ko'ngil mulkidan qarori yo'qolgan edi. Bundan uning har damda shaydoligi orta borib, bu ahvolda rasvo bo'lishligi ayon bo'lib qoldi. U har doim bu tushni qayta ko'rishni orzu qilar, lekin ko'zidagi bu uyquni ko'z yoshi olib ketgan edi. Uning ko'nglida osoyish qolmagan, tinchligi buzilgan, kechasiyu kunduzi orom nimaligini bilmas edi.
Kunlardan bir kun u hajr dardi malol kelib, o'zining oliy qasri uzra oshuftahol chiqdi. Ko'ngliga taskin berish uchun har tomonga qarar, sabr va to'zimli bo'lishni istar edi. Nogahon o'tli oh tortgancha, shoh bazm qurgan tomonga ko'z tashladi. Bu yerda tushda ko'rgan kishiga ko'zi tushdi va oh urib, o'zidan ketdi. U ko'rgan kishi shoh xizmatkorlari ichidagi yosh bir navjuvon yigit bo'lib, dunyoga fitna soluvchilardan edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 00:30:53

Yigit ham xuddi shu payt qiz tomonga ko'z soldi va shu zahotiyoq ko'ngli ishq o'qiga nishon bo'ldi. Uning zorli joniga hayajon tushib, bu hayajon uning majruh taniga ham ta'sir qildi. Ko'ngil mulki ichra qo'zg'olon tushib, joniga qasd qila boshladi. Unda na hush qoldi va na sabr, o'zi ham ular bilan birga ketdi.
Oqshomgacha ahvol shu tariqa davom etdi. U o'zining na o'lik, na tirik ekanligini bilardi. Tun qorong'uligi yerga o'z pardasini qoplagandan so'ng undan yuz ming nola chiqa boshlardi. Tongga qadar ahvoli afg'on chekmoqlik bilan o'tar, to'kkan ohli ko'z yoshlari xuddi to'fonga o'xshar edi. Tong qushi sahar sirini fosh qilgach, yigit yana ertadan kechgacha o'z vaqtini ko'ksiga tosh urish bilan o'tkazardi.
Ishq ikki tomonga ham ana shu xil savdo solgan, go'yo ishq ikki mamlakatda g'avg'o qilmoqda edi.
Garchi yigit qiz ishqida o'zini zor sezsa-da, lekin o'zini ko'p sehr bilan saqlab turar edi. Ammo oy yuzli beqaror bir holga tushib, ishqdan behad zor bo'lgancha bo'shashib borar edi. Ko'rdiki, uning qo'lidan ixtiyori ketib, ishi rasvolik bilan tugaydiganga o'xshaydi. Ana bu bechoralik bilan qiyin ahvol yuz bergach, u buning chorasini topishga kirishdi. Chunki uning ishqi yashirib bo'lmaydigan darajaga yetgan edi, shuning uchun o'ziga o'zi biron tadbir topmasdan boshqa iloji yo'q edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 00:31:35

Uning ikki yaqin mahrami bo'lib, shodlik va g'amli onlarida doimiy hamdami edi. Ular har bir ishning chorasini topishga usta, har ikkalasi ham qiziq hunarlar ko'rsatuvchi ajoyib san'atkor va sehrgar qizlar edi. Ular makr va afsunni puxta egallab, uni nihoyasiga yetkazgan, hatto pashsha bilan filni bir-biriga juftlay oladigan darajada mohir edilar. Ularbu ishni shunday bajarar edilarki, bunda pashsha o'zini kichik deb bilmas, fil ham o'zini yirik jussalik deb hisoblamas edi. Ulardan har biri ana shu xil hiyla, afsun va firib egasi bo'lib, hatto ishq bilan jang qilishga ham yarar edilar.
Ulardan biri xushnag'ma rud asbobining mohir chaluvchisi, ikkinchisi esa qo'shiq aytuvchi edi.Ular soz va kuyni mohirlik bilan ijro etganlarida, chalgan kuylari Zuhra burji tomon o'ziga maskan topish uchun ko'kka ko'tarilar edi. Agar ulardan biri soz kuyi bilan kishining jonini olsa, ikkinchisi o'zi chalgan nag'ma bilan o'lgan badanga jon solardi. Bunisi soz chahb, unisi qo'shiq aytsa, buni eshitgan aqlli kishilar ham o'z hushidan ajralar edilar.
Oy yuzliga ishq shiddati ortgach, ana shu ikki kanizagini xilvatga chorladi. Achchiq-achchiq yig'lagan holda ularga o'z holini bayon etdi va ishq qanday qattiq ahvolga solganini bildirdi. Tushda ko'rgan yigiti uni mahzun qilganini ham, o'ngida ko'rganligi esa devona etganini ham, u yigit ishqidan zor bo'lib, volayu beixtiyor bo'lganini ham birma-bir aytib bergach, shunday dedi:
— Siz mening sevimli dugonalarimsiz. Meni bu ahvoldan qutqarishda yordam bering. Aks holda bu sirim tikani xalq o'rtasida gul bo'lib ochiladi. Bu ishq o'ti esa tanimni kulga aylantiradi. Ammo bu kuyib-yonishdan hech g'am chekmayman, agar o'lib ketsam ham alamzada bo'lmayman. Biroq men shu vaqtga qadar taqvoda lof urib keldim, endi bu sirimni elga oshkor etsam, nomusdan o'laman-ku! Otamning ham bundan nomusga qolishidan ko'p g'am chekaman, buni hatto sharh qilishga ham ojizman. Chunki u falakning shohidek bir kishi sharafiga bu ish katta or bo'lib tushadi. Axir otam uchun mendaylardan yuztasi o'lsa ham hech narsa emas, xuddi daryoda bir xas cho'kkanchalik gap. Shunday ulug' shohning benomus bo'lishiga toqat qila olmayman, shu tufayli g'amim tobora zo'rayib bormoqda.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 00:31:52

Men sizga o'z holimni bayon etdim, endi o'zingiz bilasiz: xohlang o'ldiring, xohlang bu ishning ilojini qiling! Ilgari asov bo'lgan bo'lsam, endi ishq qo'lida xorman, ilgari shaddot bo'lgan bo'lsam, endi ojiz bo'lib qoldim. G'amli ahvolimga rahmingiz kelsin, nolayu faryodimga shafqat qilinglar!
U ikkalasi bu nidoni eshitgach, malika oldida jon fido aylab, shunday dedilar:
— Shunday bir chora topaylikki, u nozanin yigit sening eng yaqin ulfatingga aylansin! Biz qilgan bu ishni hech bir odam bilmay qolsin. Qaysi bir odam, hatto o'sha go'zal yigitning o'zi ham sezmay qolsin. Ammo sen bir necha kun sabr-toqat qilgin, har dam ohu nola bilan un tortaverma! Chunki sening maqsading ishni yashirin tarzda amalga oshirmoqdir, biz ham shu tarzda ish tutmoqchimiz.
Oy yuzli vaslga umid paydo qilib, sabr va chidamli bo'lishga ahd etdi.
Ikki dono kanizak bu orada diqqat bilan chuqur o'ylab, ishga kirishib ketdilar va yigit bilan borish-kelishni yo'lga qo'ydilar. Ular yigitni o'zlariga oshno qilib, uning ko'nglida ham shunday his borligini bildilar. Unga shunchalik makr va firib ishlatdilarki, oqibatda bu bechora g'arib yigit ularning tuzog'iga ilindi. Ulardan biri unga ona, ikkinchisi esa singil tutindi. Yigitga: "Chorangni biz topib beramiz. Sen bizga o'z ahvolingni ayon qilmasang ham, biz sening nimadan notavon ekanligingni bilib oldik. Agar uning ishqi ko'ngling mulkini poymol etgan bo'lsa, hajringga bizdan visol umidi yetadi!"- deyishdi.
Yigit bu so'zlardan xursand bo'lib, jon-dili bilan ularga muhtoj bo'ldi. Ikkalasi unga nima deb farmon qilsa, u bunga jon-jon deb itoat etar edi. Ishbilarmonlar hiyla va aldov bozorini ana shu tarzda qizitib, bu turfa qushni shunday ov qildilar. Ular bizning manzilga yur, deb yigitni o'z uylariga taklif qildilar. U notavon ularnikiga shod bo'lib bordi. U yerda dilga xush yoquvchi bir shohona bazm tuzdilar. Ishq asiri bo'lgan yigit may icha boshladi. Qadah ta'sir etib, u mast bo'lib qolgach, o'z ahvolidan turli hikoyalar ayta boshladi. U ishq va oshiqlikning o'ti va dudi, vasl va hijronning foydasi va ziyoni haqida so'zlar, kanizaklar esa uni qiziqtiradigan sirlar aytib, unga ko'p narsalarni sharhlab berardilar. U bu so'zlarni eshitib, xuddi maqsad jomini ichgandek, nomurod kishi o'z murodiga yetgandek bo'lar edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 00:32:11

May ichish va suhbatlardan so'ng u yosh yigit ishq aro shunday bir notavon holga tushdiki, bundan unga gungu lollik yuzlanib, zum o'tmay o'z holidan behol bo'la boshladi. Shundan so'ng ular hush oluvchi xushnag'ma rudni qo'lga olib, bir dilkash qo'shiqni boshlab yubordilar. Notavon bu qo'shiqni   eshitib, hushidan ketdi. Go'yo u hushni ketkizuvchi may ichgan edi.
Tun behad qorong'u edi. Hushidan ketgan yigit kanizaklar qarshisida yotar, ikki ziyrak qiz o'z maqsadlariga erishgan edilar. Ular ishda sustkashlikka yo'l qo'ymay, g'ayrat bilan ajib bir kajava hozirladilar. Yigjtni kajava ichiga solib, tezlik bilan bu yendan olib ketdilar va oy yuzli bazmiga yetkardilar. Bu yerda shodlik qilish uchun kerak bo'lgan barcha asboblar muhayyo bo'lib, shirin labli oyjamol ularni xilvatda kutmoqda edi. Ikki choratopar kanizak kajavada bir oq badanli sarvni uning huzuriga yetkardilar. Uni mahvash taxti tomon olib borib, oyni xurshidga topshirdilar.
Oy yuzli vaslda o'z maqsadiga erishgach, yigit yuziga gulob sepishni buyurdi. Atir hidlari hushsizga yetib borgaeh, u ko'zini ochdi va jannatmisol bir joyni ko'rdi. Yonida hur va parilajga o'xshash bir go'zal qiz — o'sha ko'nglini zor aylagan oy yuzli jonona turar edi. U shu zahotiyoq o'midan sakrab turib, ajib bir holatda yana qayta yerga o'tirdi. Tevarak-atrofiga hayronlik bilan boqa boshladi. Ostida katta bir shohona taxtni, yonida baxtiyor holda kulib turgan bir dilbarni ko'rdi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 00:32:39

Shunda u o'ziga o'zi: "Yo Rab! Ne hoi ekan bu hoi? Tushimmi, o'ngimmi va yoki xayol?!"— dedi.
Oy yuzli unga shirin so'zlar bilan taskin berdi va visol rasmini bajo keltirib: "Ey hushidan ajralgan, bu tush emas, shukr etib, endi vasl jomini ichgin!"—dedi. Shu so'zlarni aytgach, pari qo'liga bir join tutib, uni o'zi ichdi va yana qadah to'ldirib, undagi mayni yigitga uzatdi.
Nafis libos kiygan Uzro kabi go'zal chehrali soqiy hushini yo'qotgan yigitga qo'sha-qo'sha qadah ichirar edi. May jomi uyat o'tiga suv sepib o'chirgach, ular bir-birlariga pardasiz so'zlar ayta boshladilar. Shu tarzda g'amli oshiq va mungli ma'shuq ishrat uyida birga bo'ldilar. Ular shunday birlikka erishdilarki, o'rtadan ikkilik degan narsa ko'tarildi. Havas imkon beradigan har qanday ko'ngil ochishni bu ikki hamnafas bir-birlaridan topdilar. Ular shunday adabsiz ishlar qildilarki, bularni sharhlab o'tirish odobdan emas. Ham yigit mushtoq, ham qiz muhtoj bo'lib, ular yuzga yuz, og'izga og'iz qo'ygan edilar. Qolgan ishlarni ham shunga qiyos etsa bo'ladi. Oxiri nima bilan tugaganini ham shundan bilib olish mumkin. Saharga qadar ular shu xil ayshu ishrat qurib, ikki tomonlama adabsiz ishlarga yo'l qo'yishdi.
Subhidam tun sirini tosh qilib, yer ustidagi mushkdek qorong'ulik ustiga oppoq kofur sepa boshladi. Tong oqarishib kelmoqda edi. May ham ularga kuchli ta'sir qilib, bazm qiluvchilarning hushini olib qo'ygan edi. Bundan bezovta bo'lgan ikki kanizak parda orqasidan turib, kuy chalishni boshlab yubordi. Ular bazm qiluvchilarning aqlini o'g'irlab, yigitni yana behush holga keltirdilar. Xastalik unga ta'sir qilib, u behol bo'lgancha yerga yiqildi va idrokni yo'qotdi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 00:32:56

Tadbirkor kanizaklar bunga erishgandan so'ng, oshiqni tag'in kajavaga solib, oyog'idan mahkam bog'ladilar. Uni o'zlari olib kelgan o'sha avvalgi koshonaga olib borib qo'ydilar. G'am tikanidan ozor chekuvchi oshiqni yana o'z g'amxonasiga yetkazdilar.
Yigit mastlik uyqusidan xalos bo'lgach, dimog'iga tong yeli kelib urildi. U ko'z ochib, mulohaza yurita boshladi. Bo'lib o'tgan ahvol, yuz bergan hodisalar birma-bir uning xayolida gavdalanar edi. Mahbubasini eslab, ichidan mungli bir oh otilib chiqdi, a'zoyi badanini toshga urib, sog' joyini qoldirmadi. O'z-o'zi bilan ko'p mojarolar qilib, bu yorug' olam ko'ziga qorong'u ko'rinib ketdi. Ko'zlaridan yulduzlar kabi yoshlarini shashqator to'kib, ohu dard chckar, atrofga g'avg'o solar edi. Vasl bazmini xayoliga keltirib, jinnilardek nola qilardi. U o'z-o'ziga shunday der edi:
— Yo Rab! Ne tadbir aylayin?! Kimga o'z holimni bayon qilayin! Agar buni birovga aytmay, xomush turay desam, toqatim yetadimi?! O'zimni ushlab turishga quvvat topa
olamanmi?! Holatimni yashirin tutishni yoki oshkor etishni ham, so'z deyishimni yoki tek turishimni ham bilmayman. Bu dardimni aytgan bilan ado qilib bo'larmidi! Menda uning
mingdan birini gapirishga ham imkon yo'q. Agar uni maxfiy tutishni xayol qilsam, unda jon tark etishim mumkin...
U shu tarzda g'avg'oyu nola chekar, na tanida ruh, na boshida hush qolgan edi. Uning bu xil hayratlanishi har lahza jonga ta'sir qilar, el ham uning bu holiga hayron bo'lar edi. Har kishi uning bu ahvolini so'rasa, u javob bermay, faqat shunday der edi:
— Mendan, bularni so'ramangiz, kuyganim basdir, yana kuydirmangiz! Holatimni sharh etib bo'lmaydi, bunga erishmagan kishi uni his eta olmaydi.
Yo Rab! O'sha iqbol bilan vasl bazmida istiqbolga erishgan kishi men edimmi?! Agar men uni sharh qilmoqchi bo'lsam, boshqa kishi bunga ishona oladimi?! Hayratim jonimni o'rtar — naylayin?! Jismi vayronimni o'rtar - naylayin?!
Avval vasl birligi ichra maqsadga erishib, ma'shuq bilan qovushdim. So'ngra hijrondan bu xil mashaqqatga duch kelib, hayrat ichra hayratga cho'mmoqdaman.
Yo Rabbiy! Shunday ajib cheksiz bir holatga tushib qoldimki, uni hech kimsaga nasib etmagin!

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 00:33:53

CLXI
Faqru Fano vodiysining so 'zi


Hayrat vodiysidan o'tsang, Faqru Fano vodiysiga duch kelasan. Bu vodiyda xomush, gung, kar va behush bo'lishdan o'zga narsa yo'qdir. Chunki bu chuqur dengiz to'fon girdobida bo'lib, unda yuz tuman olam g'arq bo'ladi. Kuchli bo'ron o'zining yuksak to'lqinlari bilan ming xil naqshlar paydo qiladi. Dam-badam bu naqshlar yo'qolib, yana ming xil turli yangi mavjlar paydo bo’ladi.
Agar sen bu hodisaga yaxshi nazar solsang, mavjda vujud yo'q ekanligini ko'rasan, chunki dengizdan o'zga barchasi nobud bo'luvchidir.
Haq vujudi ana shu cheksiz dengizdir, uning yuzidagi mavjlar esa bu olamdagi turli-tuman narsalardir. Ma'no ahllari e'tibor qiluvchi ushbu o'n sakkiz ming olam ichida nimaiki narsa bo'lsa, ular shakl jihatidangina mavjud bo'lib, shaklda ko'rinuvchanlik xususiyatiga egadir.
Yer sathi uzra yuzlab ajoyib shakllar mavjud, har bir shaklning o'zi yana rang-barang tovlanishlarga ega. Faraz qil: tevarak-atrofda dengizlar yoki ma'danh konlar, yoki dasht-sahrolar, yoki gulshanlar, yoki to'rg'ay va bulbullafni o'ziga rom etib, ularni halok qila oladigan darajadagi rango-rang nafis gul va lolalar, turli iqlimlar va mamlakatlar, daryolar, buloqlar va tog'lar hamda ularni o'rab olgan o't va havo, balki o't va havodan boshqa yana bir qancha narsalar mavjud.

Qayd etilgan