Alisher Navoiy. Lison ut-tayr (nasriy bayoni)  ( 152840 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 25 B


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:34:57

XVI
Hudhud Simurg' haqida xabar bergach, qushlar xushhol bo'lib, u haqda surishtirganlari

Barcha qushlar qiy-chuv ko'tarib, Hudhud atrofida shunday g'avg'o boshladilar:
— Ey nafasi jonbaxshu nutqi dilkash! Ularning har ikkisi ham jonu ko'ngilga foydalidir. Sen Sulaymon bazmiga qabul etilgansan va u seni elchilikka yuborgan. Uning xizmatida yaqinlikka erishgansan, yo'lida necha bekatlarni kezib chiqqansan. Uning amri bilan qanchadan-qancha vodiylardan uchib o'tib, oliy manzillarga yetishgansan.
Sen xuddi Mustafo yonidagi Jabrail yanglig' Sulaymon qayerga borsa, o'sha yerda hozir bo'lding. Har qanday yaxshi-yomon paytlarida unga hamdamlik: ayshu ishrat chog'larida hamrozlik qilgansan. Agar u (o'z sevgilisi) Bilqis holidan xabar olishni xohlasa, sen darhol Bilqis turgan Sabo shahri tomon yo'lga ravona bo'lgansan. Yoridan xabar yetkazib, iztirob ichra turgan damlarida unga orom bag'ishlagansan.
Shunday qilib, sen payg'ambarga mahramlik, har qancha g'am yuzlangan taqdirda ham hamdamlik qilding. Agar u shahar yoki dashtu biyobonlarda bazm tuzgudek bo’lsa, biz barcha qushlar qanotlarimiz bilan unga soyabon bo’lganmiz. Yuz minglab qush unga chodir o'rnini bosib turganida, sen o'sha soyada u bilan birga hamxona bo’lar eding. U shu tariqa bazm ichra seni baxtiyor etib, o'zining pinhoniy sirlariga mahram etgan edi.
Chunki haq senga baland martaba ato qildi, natijada har bir par va a'zoingda biron-bir xosiyat hosil bo'ldi.
Bizga esa gumrohlik monelik qiladi, shu sababli bizni o'sha shoh siridan ogoh qilsang. Uning sifatlaridan bizga rivoyat aytib, zotiga erishish uchun to'g'ri yo'l ko'rsatsang. Bizni bu g'aflat tuzog'idan qutqarib, zulmat va tubanlik shomida qoldirmasang. Bizni shoh sirlaridan voqif etsang va bu sir izhoridan bahramand etsang. Jahlga mukkasidan ketishdan saqlasang, shohimizni izlamakka yo'llasang. Agar biz bu ishda o'z maqsadimizga yetsak, sendan g'oyatda minnatdor bo’lur edik.

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:36:25

 
XVII
Qushlar diqqat bilan so 'raganlaridan so 'ngra Hudhud Simurg'dan nishonalaraytgani


Hudhud nafasidan shakar sochib, bu shakardan shirin so'zlar hosil qildi. Qushlardagi bunday iztirobni ko'rgach, ularga shunday javob berdi:
— Uning axvolidan bilganimni, ko'nglimga sirlaridan kelganini aytayin. Ammo afsona aytish bilan ish bitmaydi, el quruq so'z bilan visol xazinasini topmaydi. Chunki oldimizda turgan ish nihoyatda ulug'dir, shoh ulug'dir, uning dargohi ulug'dir. Yo'l esa mashaqqatli, vodiy uzun, dil xohishlari ulug'dir. Albatta, siz shoh haqida so'zlagin dersiz, ammo men uni ming yil aytsam ham, tamom bo’lmaydi.
Hech bir kishi uning zotini idrok eta olmagan, ammo doim uning otini tutish shartdir. Buning uchun avval og'izni tiriklik suvi bilan yuvish kerak; o'n marta, balki yuz marta, balki cheksiz marta tozalash zarur. Til va og'izni shu tarzda pok etgach, o'ta ehtiyotkorlik bilan uning nomini tutish mumkin.
Ammo u shoh bulardan ham a'lo darajada turadi, uning dargohi shu darajada go'zalki, men u haqda biron fikr aytish, til qalami bilan biron so'z tahrir etishga ojizlik qilaman. Lekin qushlar u haqda eshitishni orzu qilgan ekanlar, mayli, shoh sifatlari haqida bir-ikki og'iz so'z ayta qolay. Shunda ham men sizga mingdan birini bayon qilsam, birdan minggacha ayon qilgan bo'laman.
Bizning shohimiz barcha shohlarning shohi bolib, hamma holatlarimizdan doimo ogohdir. Uning zoti birlik yo'sinidadir, lekin u mingdan ko'p sifatlarga ega. Undagi bu sifatlar butun dunyoga yoyilgan va olamdagi hamma narsalar zot jihatdan undan kelib chiqadi. Agar uning irodasi amr etmasa, biron-bir kishi hatto nafas olishga ham imkon topa olmaydi. Siz garchi buyuk yoki past, shakl va xislatda katta yoki kichik bo'lsangiz-da, hammangiz unga tobedirsizlar.
Uning har bir qanotida necha minglab parlari bor. Uning qanotlari uchun hammayoq torlik qiladi. Ularning barchasida ilm dengizi mavjud. U garchi murakkab yoki oson bo’lsa ham ko'zga ko'rinmaydi.
Sizga uning nash'asidan hayot berilgan, shu sababli har tarafga qanot qoqib uchasiz. Uni o'z a'zoingizdagi qon yanglig' va tirik jismingizdagi jon kabi biling. U sizga tan ichidagi jondan ham yaqin, siz uchun undan yaqinroq hech bir narsa yo'qdir.
Lekin siz ming yilchalik undan yiroqsiz. Ming yil u yoqda tursin, balki imkondan yiroqsiz. Undan uzoqda bo’lgan kishi uchun jonning nima keragi bor?! Agar jon usiz bo'lsa, undan nima foyda?! Kim uning vaslidan bir dam bahramand bo'lsa, ikki olam shohligidan ham yaxshiroq fayz ko'radi. Ammo undan ayriliqda yashash o'limdan ham xatarliroqdir; uning firoqida sakkiz jannat icliida bo'lish yetti do'zaxga tushgandan ham battarroqdir. Ammo bunday shohning vasliga erishmoq oson ish emas, ko'p mashaqqat chekib, intilmay, unga yetishib bo'lmaydi. Bu yo'lda ming turli qiyinchiliklardan tashqari talabgor uchun sidqidillik ham kerak.
Lekin o'sha vodiy benihoya olis joyda. Uning yo'lida juda ko'p ofatlarga duch kelinadi. Uzoq yillar tinmay qanot qoqib uchish kerak. Bunga bir necha Karkas umricha hayot berilsa ham kifoya qilmaydi.
Bu yo'lda xunobadan iborat daryolar bor, xunoba emas, balki zahar-zaqqum, deyilsa, yanada to'g'riroq bo'lar. Tog'lari ham osmonga tig' tortgan, bu tig'larning barchasi shafqatsiz ravishda qon to'kaman, deb turibdi. Har tomonida o't tutashgan dashtlar yolqinlanib, osmonga bosh uradi, O'rmonlari har xil dahshatli balolar bilan to'la, undagi har bir daraxtning shoxi g'amdan, bargi esa balodan iboratdir. Osmonda charx urib yuruvchi bulutlar kishi boshiga yomg'ir o'rniga tosh yog'diradi. Bulutlaridan chaqnagan chaqmoqlar olovidan olamga o't tushadi. U yerda bir tun qo'nish uchun maskan yo'q. Tanga mador beruvchi suv ham, don ham topilmaydi. Ming tuman qush u tomonga safar qilib, havoda ming yil qanot qoqsa ham, bu yo'lni bosib o'tmog'i va maqsadiga yetmog'i ma'lum emas.
Ammo kimki bu talabda jon bersa, yuz abadiy hayotdan ham afzaldir. Jahon bo'stonidagi har turli qush necha kun uchib yoki qo'nib, fano bog'i ohangini kuylamog'i va u tomonga parvoz etmog'i kerak. Ular hijron vodiysi yo'lida o'z jonini jononiga fido qilsa yaxshi. Bu o'lim zavqi yuz ming jon o'rniga o'tadi. U shunday jonki, o'rnini mangulik umr bosadi. Agar davlatu iqbol yor bolib, tole, baxt va sharaf rahbarlik qilib, bu aytib o'tilgan hadsiz va cheksiz dasht bosib o'tilsa, undan o'tgan qushga, shubhasiz abadiy visol gulzori nasib bo'lg'ay. Shoh bilan abadiy birlikka erishadi va o'zini haq soyasiga vosil etadi. Uning mavqei arshi a'lo kabi yuksak bo'lib, o'z soyasi bilan Boyo'g'lini Humoga aylantira oladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:37:43

XVIII
Qushlarning Hudhuddan Simurg'ning zuhur etish ibtidosin so'rashgani hamda Hudhud ularga bu haqda afsona va bu sirli qushdan nishona aytib bergani

Barcha qushlar dedilar:
— Ey yo'lboshchi, bizga bu ishning qanday boshlanishi haqida xabar ber. Agar u sulton bo'lib, barcha qushlar unga sipoh bo'lishsa, u xalq orasida avvalo qay tarzda ko'rindi? Uning holati, fe'li, nomi, sifati va zotini kirn ko'rgan? Uni qanday qilib ziyorat qilish mumkin? Bu yo'lda nimalar buyurilganu nimalar man etilganligi to'g'risida ma'lumot ber. Chunki bularni aytish qiyin, aql esa ojizlik qiladi, yuzta donishmand ham bundan devona bo'lishi mumkin.

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:38:48

XIX
Chin shahrining sifati va Simurg'parining u yerga tushgani voqeasi

Hudhud qushlarga shunday dedi:
— Bu voqea Sharqdagi Chin degan bir shaharda bo'lib o'tgan. U shahar emas, kenglikda butun bir jahonga teng kelar, uning ichida o'n jahon aholisi joylashgan edi. Bu shaharning ko'rinishi Eram gulzoridan yaxshiroq, suvi esa jannat anhoridan dilkashroq edi.
Bir tun u davlatmakon shoh olam bo'ylab parvoz etishga kirishdi. Ittifoqo, o'sha jannatsifat Chin shahriga yo'li tushdi.
O'sha kecha u shahar ustidan uchib o'tayotganida, bu shahar boshdan-oyoq yorishib ketdi. Bu ishdan xabar to'pgan xalq beshuur bo'lib qoldi. Simurg' silkinib uchib borayotganida, undan bir par tushib qoldi va bu par butun Chin mamlakatini bezak-hashamga o'rab yubordi. Bu parda turli rangu naqshlar haddan tashqari ko'p ediki, ularni so'z bilan sharh etish qiyin.
Ertasi kuni el yana o'zining avvalgi holiga qaytdi va parning shakli va rangiga boqa boshladi. Har bir kishi g'ayrat ostida qo'liga qalam ushlab, bu pardagi naqshlarni o'z xayolida jonlantirar va qog'ozga tushirardi. Hamma undagi suratlarni chizishga kirishdi va bu elning barchasi shu ish bilan mashg'ul bo'ldi.
Bu kishilar orasida o'z suratlari bilan bir kishi yuqori kamolot darajasiga erishdi. Uning oti Moniy bo'lib, qalami mo'jizakor, san'ati ko'rgan kishilarni hayratga solardi. Shuning uchun ham ma'no ahli Moniyning suratxonasi Chinda deb aytadilar. O'sha par hali ham mazkur jannatsifatli Chinda emish va u yerdagi aql bovar qila olmas darajadagi barcha go'zallik o'sha parning paydo bo'lishi tufayli emish.
Hech kim uni — Simurg'ni ko'rgani haqida og'iz ochmagan. U haqda bu qadar so'z aytilmagan. Uning asl zotidan hech kim, bir kishi biron so'z deya olmagan, chunki uning zotini har qanday o'tkir ko'z ham ko'ra olmaydi. O'sha par ustida har tarafga patchalar o'sgan, bu uning sifatini ko'rsatadi. Bu par holatidan cheksiz naqshlar paydo bo'ldi. Bu pardagi ranglar beqiyos darajada bo'lib, ismlarini uning yo'llarini biluvchilar aytib o'tdilar. Garchi biron kishi bu qushning sayru holati haqida gapirmasa-da, lekin, aslida, hech yer undan holi emasdir. Uning amriga itoat qilish  — hammamizga ham farz, ham qarz. Bu ishni bajarmasak, yuz xil balolarga giriftor bo'lamiz. Agar uning aytganlarini ko'ngildagidek bajarsak, u o'z visolidan bizni umidvor etadi. Bordi-yu, osiylik qilib, bo'yin tovlasak, xavf-xatar yuzlanadi. Bunday shoh hech bir qavmda yo'q. Usiz yashash yuz ming ohu dard chekmak bilan tengdir.

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:40:06

XX
Hudhud Simurg'dan afsona aytgach, qushlar tabiatida shavq o'tining alangalangani

Bu so'zlar qushlarda faryod ko'tardi va ulardan har birining ko'ngliga shavq g'ulg'ulasini soldi. Ular Hudhudga shunday dedilar
— Ey, peshvo! Bunday shohdan ayriliqda yashash mumkin emas. Olamda bizning turli holatimizdan ogoh bo'lgan shunday shohimiz bo’la turib, biz jaholatga giriftor bo'lmaylik. Uning firoqi bizni zor etmoqda. Aqlu hushi bor kishi oldida shu narsa ravshanki, hayotda bunday g'aflatda yashagandan ko'ra o'lim ko'p marta yaxshiroqdir.
Sen o'z so'zlaring bilan bizga yo'l ko'rsatding. Endi barchamizning sendan iltimosimiz shu: hammamizga bosh bo'lib, bu safarimizda bizga yo’lboshchilik qilgil. Biz shoh yo'liga o'z jonimiz bilan, balki jonimizni hovuchlab, jiqqa ko'z yoshlarimiz bilan kiraylik. Uning vasliga erishishga intilaylik-da, bu istagimizdan bir nafas ham chekinmaylik. Bu yo'lda qanot qoqib, har qanday dengizu sahrolardan uchib o'taylik. Yo uning visoliga yetgaymiz, yo bu yo'lda jonimizni tark etgaymiz!

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:41:09

XXI
Hudhud qushlarga ko'nib, ularni bu yo'lga targ'ib etgani

Hudhud qushlarning bu so'zlaridan shodu xurram bo'lib, ularga shunday dedi:
— Ey aftodahol to'da! Bizga falak baxtiyorlikka erishishda madad bersa, chindan ham bu safarni ixtiyor qilgan bo'lsangiz, men ham bu yo'lda jonim boricha, balki jism ichra darmonim qolguncha yordam berayin. Hammangizga hamrohlik qilib, sizni barcha manzillardan ogoh qilayin. Yo'lda har qanday g'am yetsa hamdamlik, biron yashirin dard bo'lsa mahramlik qilayin. Oldingizda mushkul ish ko'ndalang bo'lsa, jonim bilan uni hal
qilay. Sizga har qanday yaxshi-yomon ro'para bo'lsa, uni daf etishga doim tayyor bo'lay. Uchayotgan paytingizda hamkorlik, qo'nar joyingizda esa posbonlik qilayin.
Hudhud qavmidan bu muddaoni anglagach, ularga tahsin va duolar o'qidi. Mastona bir holda ularga har xil sirlarni bir boshdan ochib bera boshladi:
— Ey siz! Hammangiz bilish sirlariga moyilsiz, zotingiz bu pinhon xazinadan so'zlaydi. Siz yaratilish ibtidosida abadiy jannat bog'idagi daraxtlar shoxida yoqimli dostonlar kuylar edingiz. Hammangiz shoh siriga mahramlik qilmoqchisiz. Sizning yoqimli sayrashingiz uning tasbehidandir, qo'shiq va dostonlaringizda ham uni ta'rif etasiz. Uning yodi sizga doimo baxt kabi; vaqtingiz esa uni eslab, fikrlash bilan o'tadi. Bir tuban odam sizning to'dangizni hurkitib yuborganda, ko'zingizdan yorug' sham yashirindi.
Qushlar to'dasiga bundan qo'zg'olon yetishib, har biri ovorayu bexonumon bo'ldi. Asl gulshan sari yo’l topa olmayin, balki u xotirdan butunlay ko'tarildi. Bu tuproqni oshyon aylagan ularga dahr bog'i sari mayl etishlikni ayon qildi.
— Bu g'aribistonda turg'un bo'lganlar ko'nglingizdan u nozu ne'matlar ketgan chog'da, haq ko'mak bersa, men tezlik bilan jahd etib, yana sizni u bilan yondosh etayin.
Bu safarda qiyinchilik va azob-uqubatga bardosh berish kerak va ko'nglingiz unga chidash bersa, bu manzillardan o'tib, g'alabaga erishsangiz, jismingiz ruh kabi sof bo'lsa, sizda o'sha avvalgi hoi yana jilva etadi va visol ayyomiga erishasiz. Shunda shoh sifatlarini bilib olasiz va joningiz abadiy barhayot bo’ladi. Sayr mashaqqatlarining voqifi, shoh bilan kimligingizning orifi bo'lasiz.


Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:42:14

XXII
Hudhudning To'tiga xitob qilib, uni maqsad yo'liga targ'ib etgani

— Ey o'z nutqining shuhrati bilan oliy maqom tutgan shirinso'z To'ti, sayra! Egningdagi yashil libosing bilan shohni izla, yo'ldan ozganlarga Xizr kabi yo'l ko'rsat.
Eng avval o'z manzilingni yodga keltir va ko'nglingni bu umid bilan shod aylagin. Sening asl vataning Hindiston edi. Sen shoh bo'stonining maxsus ichkarisida yashar eding. U yerda shakarlarni yeb, shirin-shakar so'zlarding. Sayrashing — visol shakkaristoni edi. Shoh qo'li — maskanu manzilgohing, o'zi esa so'zlashing holidan ogohing edi. Endi sen bu g'urbatdan ko'chgil va yana o'sha chaman sari parvoz etgil!

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:43:14

XXIII
Hudhudning Tovusga xitob qilib aytgan chiroyli so'zlari

- Ey Tovus, davronni mastu alast qiluvchi jilvalaringni ko'rsat! Boshing uzra rahnamolik toji bor, taning latofat va go'zallikka kon. Qomatingga husnu jamoling shunday munosib tushganki, til uni vasf etishda loldir. Xilqatingga xo'blik, zotingga esa mahbublik yarashadi. Lekin sen o'z maskaningni, shoh qoshida jilva qiladigan gulshaningni yoddan chiqaribsan. Birdaniga u jannatni unutib yuborma, bu xarobazor hibsxonani tark etgil. Shoh bazmiga erishish shavqidan navo tortib, u go'zal bo'ston sari parvoz qilgin!


Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:44:28

XXIV
Bulbul navosi ohangida Hudhudning xushovoz sayragani

— Ey shavq gulzorining Bulbuli! Shunday navo chekkilki, sening kuylaringda ajoyib zavqu shavq sirlari yangrasin! Ishq kuyini ming xil navo bilan tuzgil, benavolik qo'shig'ini boshla! Shoh gulistonida gul husniga mast bo'lib, u gul ishqida mastlikning kayf beruvchi jomini ko'tar. Bahor chog'i otashin gul jilva qilgach, uning har bir yaprog'i parlaringga o't yoqsin.
Hozir sen u toza gulshandan yiroqdasan. Firoq o'ti jismingni kul aylamoqda. Ko'm-ko'k osmon sari parvoz qilgil, o'sha qizil gul sari mayl ko'rgazgil. Shoh bo'stonida yuz gul jilva qilib turadi, sen esa bu yerda hijron shu'lasidan ming bor kuyib-yonasan!

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:45:25

XXV
Qumrining sayrashi usulida Hudhudning nag'masozligi

— Ey bo'ston Qumrisi! O'z ahvoling haqida bir sayrab bergin. Ajoyib kuylaring bilan qushlar to'dasini bir nafas lol qilib, ularni behol etgil. Yusr(dengiz o’simligi) tasbehini bo'yningga solib olding, bu haqda so'z aytishdan til og'ir ahvolda qoldi. Chunki sen har bo'ston aro sarson kezasan, bu bilan qonga belanib, tuproqqa ham qorishasan. Goho ishq savdosida majnunlar kabi mahzun nolalar chekasan. Go'yo sen visol bog'ini yod etib, bu yanglig' oshuftahol bo'lgandeksan. Senga quvonchli xabar shuki, bu g'amda benavo qolmasdan, tezda o'sha gulshan tomon havoga ko'tarilgil!

Qayd etilgan