CLXVII
Qushlarning fanoga erishishdan umidsizlikka tushib turganlarida, Hidhudning to'g'ri yo'l ko'rsatganligi tufayti ularda quvvat hosil bo'lgani
Shunda Hudhud ularga dedi:
- Ey bechora, xonumonu mulkidan ovora bo'lgan to'da!
Shoh marhamatidan noumid bo'lmang, chunki uning sifatlaridan bittasi karam ko'rsatishdir. Agar uning visoliga erishish qiyin bo'lsa, ishqida o'lmoq ham yaxshi ishdir.
Biz bu iqbolni qo'lga kiritib, bugun uning dargohiga yetib keldik. Shu saodatning o'zi ham biz uchun oliy martabadir. Endi uning ishqida barchamiz halok bo'lsak ham mayli.
Bu so'zlarni eshitgan qushlarning barchasi yuraksizlik izhor qilib, Hudhudga shunday deyishdi:
- Ey hikmatshior! Biz o'z oldimizga duch kelgan barcha balolarga sabr-toqat ko'rsatib, sening hamma buyrug'ingni qabul etdik! Sen qayerda qanot urgan bo'lsang, biz sendan ayrilmadik. Nimaiki amr etgan bo'lsang, qarshilik ko'rsatmadik. Ammo vasl chog'i bizga ayriliq g'ami yuzlandi. Bu sen aytgan so'zlarga to'g'ri kelmaydi-ku!
Hudhud ularga shunday dedi:
- Siz tushkunlikka tushmang va bundan aslo ozor chekib, ranju uqubat tortmang! Biz bu yo'lga qadam qo'yib, yuz xil balo-qazoni chekishga jazm etgan mahalimizda bizning bundan maqsadimiz shohga erishmoq va uning dargohiga yetishmoq edi. Endiki biz bu maqsadga yetib, uning dargohiga yo'l topgan ekanmiz, o'zingizni asl maqsaddan yiroqda deb gumon qilmang.
Agar oshiq o'z ishqida haqiqiy kainolotga erishgan bo'lsa, uning uchun hijron ham, visol ham teng hisoblanadi. Chunki yorning xohishi oshiq uchun orzu etilgan narsa bo'lib, u nimani istasa, o'sha ma'qul sanaladi. Yor vaslini qo'lga kiritmagan bo'lsangiz siz uchun uning yodi bilan yashash yetarli emasmi?! Har bir kishi yor yodi bilan jon bersa, uning bu o'limi mangu hayot bilan tengdir.