Alisher Navoiy. Lison ut-tayr (nasriy bayoni)  ( 153064 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 B


mutaallimah  03 Fevral 2009, 01:07:06

Bolalar mendagi bu holatni anglagach, g'avg'o-to'polon ko'targancha uni ota-onamga yetkazishdi. Ota-onam mening bu holatimdan vahimaga tushdilar. Ular: "Bu otashin so'zni uning yosh, xom tab'i ko'tara olmaydi. Bu asar unga og'irlik qilib, u jinni bo'lib qolishi mumkin. Keyin uni tuzatib bo'lmaydi", degan xayolga bordilar. Ular bu kitobni qo'limdan tortib olib, uni bir joyga yashirdilar va ko'nglimni u bilan mashg'ul bo'lishdan mahrum etdilar. Menga uni o'qishni qat'iy man' qilishib, "Mantiq ut-tayr" ustida fikrlashni taqiqlab qo'ydilar. Ota-onam, shoyad tez fursatda o'g'limiz bu ahvoldan qutulib, o'ziga kelib qolar, degan umidda edilar.
Lekin bu asar menga yod bo'lib qolgan edi. Uni doimo yashirincha takrorlab yurar edim. Ko'nglim qush tili bilan sirdosh bo'lib, undan boshqa so'zga maylim oz edi.
Men turk she'riyatida bayroq ko'tarib, bu mamlakatni bir qalam ostida birlashtirdim. To'rt devon bilan "Panj ganj" hech bir qiyinchiliksiz, g'am va mashaqqat chekmagan holda qo'lga kirdi. Agar taxmin etuvchi kotib nazm va nasrimdagi she'riyatimni chamalab ko'rsa, uni yuz ming bayt atrofida qiyos etar edi.
She'riyat sohasida shunchalik muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritgan bo'lsam-da, lekin bir xayol sira yodimdan ko'tarilmas edi. Ya'ni Haq madad bersa-yu, men tarjima yo'li bilan asar yozsam. Biroq bu asarni yozish juda qiyin bo'lib, bu ishni bajarishdan ojiz edim. Qalamni ravon yurgizishga qo'lim bormas edi. Oqibat ko'rdimki, umrim tez o'tib ketmoqda. Men o'lib, bu kitob yozilmay qoladiganga o'xshaydi. Bundan men u dunyoga armbn bilan ketib, bu armon o'ti qalbimda umidsizlik dog'ini qoldiradimi, deb o'yladim.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 01:07:20

Shundan so'ng bu ishga kirishib, unga birmuncha vaqtimni sarf etdim. Oltmish yoshga qadam qo'yganimda qush tilini sharhlash uchun qalamim uchini yo'ndim. Bu ishda Shayx ruhidan madad so'radim, u menga yordam qo'lini cho'zdi. Kechalari bu ruh menga yor bo'lib, ta'bim bu ma'noga mashg'ul bo'lgan paytda doimo qo'llab turdi. Qalamimni tez yugurtirib, har yarim kechaga qadar qirq-ellik baytni yozmaguncha to'xtamas, ajib bir ilhom bilan betinim ishlar edim. Shayx ruhidan ko'p shijoat yetib, asarimni oz fursatda tugalladim. O'z-o'zimni qanchalik qiynamayin, bu asarni yozish men uchun og'ir bo'lib, undagi ma'no ko'zdan yashiringan edi. Ammo Shayx ruhidan mushkilim oson bo'lib, mendek bir nomurod o'z murodiga erishdi.
Agar bir g'avvos ko'p mashaqqat chekib, o'zini bu dengizga oshno qilsa, uning qo'liga garchi durlar ilinmasa ham, bu dengiz mavjlarida suzib yurgan xas-xashaklarni yig'ib olsa, so'ngra ularni quritib, o'tin qilsa va bu o'tindan uning vayrona kulbasi bir zum tutunsiz yorisa, degan umidim bor.
Men bu dengiz ichra pok durlarni topa olmay, xas-xashaklarni yig'ib oldim. Nima qilay, qo'limdan faqat shu ishgina keldi, xolos! Hijronda qolgan ta'bim shu bilan ham qanoatlanadi! Oliy martabali she'r bituvchi olam ahliga o'z dengizidagi kondan naqd gavharlar sochgan bo'lsa mening undan oshirishga haddim sig'armidi! Undan olgan ehsonlarni vasf qilsam ham menga kifoya qiladi.
Umidim shuki, har kim bu kitobga ko'z solib o'qisa va undagi so'zlardan ko'ngliga harorat yetsa, uni Shayx nafasidan deb bilsin va bu asardan fayz topib, o'z murodi maqsadiga erishsin. Bunda bizni ham u bilan bir qatorda ko'rib, ko'ngli ikkilik sari mayl qilmasin.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 01:08:45

CXC
Tamsil


Bir tolib kishi ko'ngliga ishtiyoq tushgan holda qiynalib, shahar oralab ketib bormoqda edi. Ko'chada yiqilib yotgan devorni ko'rdi. Uning atrofida kishilar to'planib, mojaro qilmoqda edilar. Chunki odamlar bu katta ko'chadan o'tib qaytishar, bugun esa devor yiqilib, ular o'tadigan yo'lni berkitib qo'ygan edi. Odamlar:
- Yo Rab! Endi qaysi tomondan o'tamiz? E voh, buni endi kim imorat qiladi? Kim bu devorni qaytadan urishga kirishadi?! - deyishardi.
Shu tariqa birmuncha muddat yo'l tamoman bekilib qolib, barcha kishilar yo'ldan o'ta olmay, ojiz qolishdi.
El ichida ana shu xil iztirob va chorasizlik bo'lib turgan paytda ular qoshiga umidvor tolib yetib keldi. Bu holatni ko'rgach, ko'ngliga xush yoqib, faryod chekkancha, hayajon bilan o'zidan ketdi. El uning bu holatidan taajjubga tushib: "U bekordan-bekorga, asossiz ravishda chinqirib, o'zidan ketdi",- dedilar. U hushiga kelgach, istak va maqsad dashtida ovora bo'lgan bu bechoradan hol-ahvol so'radilar. U shunday dedi:
— Men bu yerda to'planib turgan kishilami ko'rdim, ammo ularning nima uchun yig'ilganliklarini bilmadim. Lekin avvallari bu tomondan o'tayotganimda devorga bir nazar tashlab o'tar edim. U doim bu tomonga qiyshayib borar edi. Mana bugun u yiqilib ham tushibdi. Bu oddiy jonsiz tuproq bu xil sifat ko'rsatib, oqibatda o'zi istagan tomonga yiqilib tushibdi. Men esa o'zimdan noumid bir holdaman, istagan maqsadimdah ham behad yiroqdaman. Devor menga bu ramzni oshkor etgach, men umidsizga ham umid yuzlandi: haq meni qayoqqa boshlasa, o'sha yoqqa mutlaq yo'llasin! Mening asosiy murodim faqru fanoga erishmoq edi, bu mushkilni menga Haqning o'zi oson qildi.
Bugun menga shunday baxt yor bo'lib, beixtiyor shu holatga tushdim.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 01:10:03

CXCI
Bu kitobda taxallus o 'zgartirishning uzrini aytish
 


Kichik yoshligimdanoq menga she'r yozish sohasida ajib xayollarga berilish nasib etgan. She'rning qaysi bir turida asar yozgan bo'lsam, ular turkiy tilda nihoyasiga yetar edi.
Har bir kishi biron ish qilgan bo'lsa, u bajargan ba'zi ishlarda o'zining bir belgisi bo'ladi. Qo'yiladigan shu belgi yo muhr, yo yorliq, yoki tamg'a shaklida bo'lishi mumkin. Sahifalarni ziynatlovchilar yoki she'r yozuvchilar uchun taxallus qo'yish yozuvchining tamg'asi vazifasini o'taydi. Sir ahh qaysi varaqqa she'r bitgan bo'lsa, u o'sha nishon (taxallus) bilan imtiyoz topadi. O'qigan kishilar ularni bir-biridan ajratib, bu Sa'diyniki yoki Nizomiy qalamiga mansub va yo buni Xusrav Dehlaviy yozgan, bu Jomiy asaridir, deyishadi.
Men esa turk tilida asar yozishga kirishib, shu tilda iste'dodim va qalamim tufayli she'rlar bunyod etdim. Iste'dodim buluti o'zidan durlar sochganida she'rlarimda "Navoiy" taxallusini qo'lladim. Jahon bo'stonida o'z maqsadimga erishdim, baxtiyor kishilar she'riyatimdan kuy, navo topib, bahramand bolishdi. Forsiy she'riyatda ham qalam surib, nazmning turli nav'larida asarlar yozdim. U ma'nolardan menga fayz yetgach, she'riyatim, "Foniy" taxallusi bilan belgi topdi.
Mana endi "Lison ut-tayr"ni yaratib, unda har xil qushlar bilan birgalikda parvoz qildim. Bunda shunday navo tuzdimki, uni ham "Navoiy" taxallusi bilan tugatsam, maqsadga muvofiq bo'lar edi. Chunki navo qilish qushlar tilining sayrashiga xosdir. Bu ularning dilkash afg'oni va hazin dostonlaridir. Yana, bu doston ham turkiy uslubda edi, shu sababli unda "Navoiy" taxallusi qo'llansa, o'rinli bo’lar edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 01:10:15

Bu asarda nima uchun "Foniy" taxallusi qo'llaganimni bilmoqchi bo'lganlar uchun sababini aytaman: mening bu asarni yozishdan ko'zlagan maqsadim asl manbaga qaytib borishni tasvirlashdan iborat edi. Bunda esa foniy bo'lmasdan turib, ish nihoyasiga yetmaydi, shu sababli ushbu asarim ham "Foniy" taxallusi bilan tugallandi.
Ikkinchi sabab shuki, ma'nolar egasi bo'lgan Shayx qushlar tilidan doston aytib, qushlarni sayr ettirdi va ularga yetti vodiydan uchib o'tishni belgilab berdi. O'z asarida qushlarga ko'p azob-uqubat chektirtirib, ularni eng so'nggi — Fano vodiysiga qo'ndirdi.
Men keltirgan bu ikki tanosib bir-biriga mos bo'lib, she'rimda bu taxallusni qo'llaganimning sababi ham shundandir. Agar bunda "Foniy" taxallusini qo'ygan bo'lsam, yuqoridagi tanosiblar asosida ish ko'rdim. Agar birov sabab istab, so'ragudek bo'lsa, sharh qilgan so'zlarim unga javob uchun yetarlidir. Bunday ishlarni niyat qilgan kishi uchun zamona dorilomon bo'lmog'i kerak. Zamon Dorosi adolati joriy bo'lmasa, zamon tinch bo'ladi, deb xayolingga ham keltirma.
Kimki bunday ishlarni amalga oshirmoqni niyat qilsa, zamona tinchimas ekan, o'z maqsadiga erisha olmaydi. Sen zamon Dorosining adolati barqaror bo'lgandagina zamona tinch bo'lishi mumkin deb gumon qil.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 01:11:04

CXCII
Islom podshosining duosi va kechirim so'rash adosi


U shunday bir kishiki, uning borlig'idan zamonaga tinchlik yog'ilib turadi. Xalq doimo uning saxovat va ehsoniga shukr aytib kelgan. Bif'kishi sharq va g'arbning hukmdori shoh Abulg'ozjy Sulton Husayndir, uning ehsoni abadiy boisin!
Men uning sifatlarini, xulqini va marhamatini, adolat va insofini qanday qilib maqtay olaman! Agar men kabi yuz ming she'r yozuvchi ming yil davomida qog'oz sahifalarini uning sifatlari bilan to'ldirsa, shunda ham uning vasfining mingdan biri aytilmagan, balki yuz mingdan biri aytilmagan, balki yuz mingdan biri yozilmagan bo'ladi.
Uning madhiyasi va duosini shu bilan tamomlab, qolgan gaplarimni qush tili bilan davom etayin. U davron bog'idagi shunday bir qushki, uning hamrohi doimo saodat bo’lsin! U saltanatning yuksak osmonida sayr qilib yursin va baxt bog'ida o'ziga oshyon qursin! Bu baxt, izzat va davlat uning boshi uzra doimo hashamatli soyabon bo'lib tursin! Uning adolatli bo'stonida yuz tuman qush hech qachon zulm toshidan ozor chekmasin! Hukmi to abad davron aro barqaror boisin! Barcha insonlar va jonlar uning amriga bo'ysunsin! Davlatining dushmanlari unga tobe' bo'lishsin! U hammaning gunohidan o'tib, xalqqa himoyachi boisin!


Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 01:12:02

CXCIII
Bu nazm tarixini aytish va tavba qilib, kechirim so'rash
 



Men xilvat bir joyda qalamimni yo'nib, o'zimning bu dilkash yozuvlarimni naqsh qildim. Payg'ambarlar boshlig'i Batho tarafdan Yasribga tomon yo'lga tushgandan so'ng to'qqiz yuz to'rt yil o'tganda ulusning ko'ngliga o't soluvchi ushbu asar maydonga keldi.
Men bu dostonni xuddi shu yil boshlab, shu yil nihoyasiga yetkazdim. To'g'rirog'i, bir-ikki oy bu ish bilan yaxshiroq shug'ullanib, yuqoridagi sharhni vujudga keltirdim. Kechalari turli mashg'ulotlardan bo'shagan paytlarimda bir-ikki soat vaqtimni bu asarni yozishga bag'ishladim. Doim shu tarzda g'ayrat bilan ish tutib, boshlaganlarimni tugallashga muvaffaq bo'ldim.
Yo Rab! Ushbu ajoyib, dilni sehrlovchi sho'xning vaslini menga nasib etding! Endi uni ham el ko'ziga sevimli qil, barcha ko'ngillarga yoqimli et! Garchi unda ifoda etilgan maqsadni bilib olish qiyin bo'lsa-da, lekin qush tilini el ko'ngliga ayon qilgil! Kimki undan muddao hosil qilib, marhamat yuzasidan Foniyni ham duo qilsa, uning duosini ham inobatga olgin va ikkalamiz o'rtamizda turgan pardani olib tashlagil!
Agar tab'imga bir oz xato yoki nuqson yuzlangan bo'lsa va undan qalamimga sahv yoki xalal yetgan bo'lsa, yo Rab, o'zing muruvvat ko'rsatib, barchasining gunohidan o't, yomon yozuvlarim uchun o'zing yorlaqagin! Ey karam egasi! Qanday parishon so'z aytgan bo'lsam, barchasi uchun tavba qilib, sendan ulug' ezgulik tilayman.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 01:12:43

KO'NGILLAR HAMROZI


Galaktikamizning yer shari degan jahonida odamlar olami, hayvonlar olami, hasharotlar olami va boshqa olamlar bor. Shu olamlar orasida bolalarga ko'proq yaqini qushlar olami desak xato qilmaymiz. Shuning uchun bo'lsa kerakki, 9—10 yoshlardagi Alisher Farididdin Attorning "Mantiq ut-tayr" ("Qush nutqi") nomli dostonini juda yoqtirib qoldi va muttasil shu doston mutolaasi takroriga ruju' qildi va butun boshli dostonni yod oldi.
Hamma asarlan dostonlar, devonlar ham Alisher Navoiy uchun bir bo'ldi-yu, "Mantiq ut-tayr" ham bir bo'ldi. U "Xamsa" dostonlariga javob yozdi. Kamol Xo'jandiy, Hoftz Sheroziy, Sa'diy Sheroziy, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiylarg'azallariga tatabbu'lar bitdi. "Mantiq ut-tayr" esa, unga umrbod yo'ldosh bo'ldi. Uning bosh g'oyasi — vahdati vujud (vujud yagonaligi) va tajalliy (asl moyaning olamdagi zuhuroti) Alisher Navoiy ma'naviy hayotining mag'zini tashkil etdi. Buni atroflicha tadqiq etishni "Lison ut-tayr" falsafasini tushuntirishdan boshiagan ma'qul ko'rinadi.
"Lison ut-tayr" dostonidagi bosh qoliplovchi hikoya: jahon qushlarining yig'ilishib martaba va fazilatlariga ko'ra joy talashishlari voqeasidan tortib, qushlarning Hudhud yo'lboshchiligida Simurg'ni izlab yetti vodiydan (Talab, Ishq, Ma'rifat, Istig'no, Tavhid, Hayrat, Faqru Fano) o'tishlari va Simurg'ni topolmay, Simurg'ni izlashga chiqqan si murg' (o'ttiz qush)ning o'zi ekanligini bilishlarida ham; dostondagi Shayx San'on qissasi va o'nlab hikoyalaridan chiqadigan xulosa ham bitta: olam - borliq Allohning zuhuridan iborat-dir. Qushlar (odamlar) Simurg'ni izlab (ya'ni Allohga yetishish uchun) yo'lga chiqadilar. Alloh izlashga umr sarflaydigan darveshlar yetti riyozat bosqichidan (Talab, Ishq, Ma'rifat, Istig'no, Tavhid, Hayrat, Faqru Fano) o'tadilar va ruhga aylangach, Alloh bilan qovushadilar. Go'yo Alloh — quyoshdir, olamdagi barcha narsa va odamlar - uning nur zarralaridirlar. Tug'ilish — zarraning quyosh-dan uzilib, nurga aylanib ketishi; o'lim esa —zarraning asliga qaytib quyosh bag'riga yetishidir.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 01:13:06

Riyozat bosqichlarining ma'nosi nima?
So'fiy (Alloh jamoli shaydosi, ya'ni Alloh fidoyisi) talab yo'liga kiradi. Allohni topishni istaydi. U talabda shunchalik izchil va fidoyiki, muttasil Alloh yodi bilan band bo'ladi. So'ng "Alloh nima?" degan masalani hal etishga urinadi va Alloh haqida bilim hosil qiladi. Allohning husn va ma'no jihatdan mislsiz vujud ekanligini bilgach, u o'zining oliy tilagiga yetib, qanoat hosil qiladi. So'fiyga husn va ma'no jihatdan Alloh o'zi kifoya qiladi. Allohning hamma sohada tengsiz va yakkavu yagona ekanligi unga kashf bo'ladi. Borliq, barcha go'zalliklar va eng yuksak aql-tamiz faqat Allohda va undangina yog'ilishi, uning asllarning ash, o'zaklarning o'zagi, moyalarning moyasi ekanligi; faqat u hamisha borligi, yakka-yagona ekanligi so'fiyni hayratga soladi. Bu hayrat shunchalik kuchliki, endi uning aqlida, ko'nglida va ko'zida faqat Alloh jilvalanadi va o'sha jilvadan hayratlanish ni-hoyasiga yetmaydi. Shu hayrat manbai uchun u hamma narsadan: boylik, davlat, kishilar, o'zligidan voz kechadi: Alloh fidoyisi o'z izlanishlarining cho'qqisi^ yetib jisman Alloh uchun faqirlikni tan olib, fano bo'ladi. Ya'ni so'fiylik istilohi bilan aytsak, Alisher o'ziga ikkinchi taxallus qilib olgan so'z - tasavvufda eng oliy kamolot bosqichiga yetgan kishidir.
Dostondagi ana shu bosh falsafiy masala Shayx San'onning sevgi qissasida qisqaroq bo'lsa-da, yaqqol ifodalangan. Majnun al-haq, ya'ni Alloh devonasi nomi bilan mashhur bo'lgan hikoyada esa, Allohning odam uchun o'zi bilmasa ham mehribonligi, uning g'amini yeyishi aks ettiriladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Fevral 2009, 01:13:24

Tasavvuf ta'limoticha, olam: yulduzlar, oy, quyosh, odamlar, hayvonlar, qushlar, kapalaklar va boshqajami narsalar Allohning zuhurotidan iborat. Go'yo Alloh o'z qudratini namoyish etish uchun o'z husnini olamdagi narsalarda ifodalagan. Mislsiz aqlini mutafakkirlarda, mislsiz husnini go'zal qiz va yigitlarda namoyish etgan. Shuning uchun Laylini sevgan Majnun Laylida Alloh yuzini ko'rgan... Shayx San'on tarso sanamga ko'ngil berib, Ka'badan vqz kechib, Qur’onni o'tda yoqib, otashparastlar ibodatxonasida o't yoqib yurgatiida, ya'ni islomga qarshi xatti-harakatlarini uchiga chiqarganida u Alloh husni fidoyisi edi: tarso sanamga Alloh husniga mahliyo bo'lgandek boqar va hamma narsadan uning uchun voz kechgan edi.
Tasavvufdagi aha shu o'zak masala — olamning Alloh jilvasidan iboratligi, odamning Alloh quyoshining zarrasi ekanligi haqidagi ta'limot Farididdin Attor ijodi, Alisher Navoiy ijodi va Mashrab ijodida o'zak tomir sifatida yashaydi. Farididdin Attor, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va Mashrab Mansur Hallojning "anal haq" (men Allohman, men Allohning bir zarrasiman) degan ta'limotidan o'sgan mutafakkir mutasavvuflardir.
Tasavvuf ahli ishqning uch xilini bir-biridan farq etadilar. Birinchisi: haqiqiy ishq yoki ishqi ilohiy: insonning Allohga muhabbatidir. Ikkinchisi: majoziy ishq yoki odamning odamga muhabbatidir. Uchinchisi: pok ishq yoki yuksak ma'naviy kamolot egalarining pok ko'z bilan (g'arazsiz) pok go'zal vujudga boqib pok lazzat olishlaridir.

Qayd etilgan