Alisher Navoiy. Lison ut-tayr (nasriy bayoni)  ( 152893 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 25 B


mutaallimah  04 Sentyabr 2008, 08:18:10

LV

Hudhudning Qarchig'ayga javobi


Hudhud shunday dedi:
— Ey g'urur qo'lida past bo'lib, jahl va g'aflat aro tuban ketgan. Shuni bilki, shoh tugul oddiy bir ovchi ham sening oyog'ingga tushov solib, o'z huzurida tutadi. Ochlik va uyqusizlikdan shu darajaga yetgansanki, hatto eting suyagingga borib yopishgan. Oldingga bir luqma et tashlagunga qadar toqatsizlik bilan faryod qilib, odamlar qulog'ini qomatga keltirasan. Zoti past odamlarga muhtoj bolib, xor-zorlikda kun kechirib, Alloh ajratgan nasibangni yeb yurasan. Sen qaysi bir ovni qo'lga kiritsang, o'ljangni ushlagan zahotiyoq ovchi nog'ora chalib, seni quvlab yuboradi. Sen o'zingdan kuchsizroq bir o’ljaga hamla qilib, ochofatlik bilan uni ov qilasan. Ushlagan ovingni egangga topshirib, unga itoat etasan. Qushchi berganiga qanoat qilib kun kechirasan. Shunday ayanchli ahvolda bo'la turib, yolg'on so'zlar bilan lof urishdan uyalmaysanmi?! Agar senda zarracha vijdon yoki uyat bo'lganda edi, bu sharmandali hayotdan ko'ra o'lganim yaxshiroq, deb o'ylarding! Ammo senda nodonlik g'olib kelib, nafsing seni aljirashga moyil qilib qo'ygan!

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Sentyabr 2008, 08:19:18

LVI

Hikoyat


Bir tog'lik odam tog'dan ayiq tutib oldi va uni ko'p aziyat chekib, qo'lga o'rgatdi. Ilgari sayoq yurgan ayiq egasiga rom bo'lgunga qadar kunda ikki marta o'lguncha tayoq yer edi. Ochlik azobi va yegan behisob tayog'i ichi va tashini ezib tashlagan edi. Shu sababli egasi unga bir yog'och ko'rsatsa, ayiq yuvoshlik bilan unga bo'yin egardi. Shu tarzda ayiq ko'cha-ko'ylarda o'yinchilik qilib yurar, egasining uyiga o'tin tashib keltirar edi. Xo'jasi unga haddan ko'p yuk ortar, ayiq yuk tashiyverganidan egnida hatto tuk qolmagan edi. Xullas, u bu dunyoda qancha jabru jafo bo'lsa, hammasini tatib ko'rgan edi. Ammo jaholati tufayli nafsida takabburlik ortib ketdi. Goh makru hiyla va xusumat toshi bilan qoplon boshini yanchib tashlayman, deb xayol qilar, goh dahshatli slier yo'liqsa ham, taom uchun uning qornini dadil yorib yuboraman. deb o'ylardi. U shu sifat har xil xom xayollarga berilib yurdi. Oxir-oqibatda uning o'zi bir kun itlarga yem bo'ldi.
Shunday behuda aljirashing bilan xalq orasida sen ham xuddi o'sha ayiqning holiga tushgansan.


Qayd etilgan


mutaallimah  04 Sentyabr 2008, 08:20:39

LVII

Shunqor uzri

Shunqor shunday dedi:
— Ey amriga hatto ogohlar ham tobe' bo'lgan to'da rahbari! Haq menga marhamat ko'rsatib, barcha qushlardan qudratliroq qilib yaratdi. Barcha shohlar men bilan faxrlanadi. Mening nomimni qushlar podshohi deb ataydilar. Chunki menga toj nasib etgan, boshimda oltin tumog'a — zar tojim bor. Mening barcha ahvolimni: qushlar orasida zotimni ham, otimni ham yaxshi bilasan. Bir shohning boshida toji bo'la turib, o'zga shohni istashi yaxshi emas-ku! O'zim shoh bo'la turib, nechun o'zga shohga tobe' bo'lishim kerak?!


Qayd etilgan


mutaallimah  04 Sentyabr 2008, 08:21:39

LVIII

Hudhudning Shunqorga javobi


Hudhud unga shunday dedi:
— Ey bechora kaltafahm! Sening bu xayoling zotingga qo'rquvni orttiradi. Sen o'zingni shoh deb hovliqtirib ketyapsan, bu behuda xayoldan o'zga narsa emas! Ko'pgina zangilar aslida qop-qora bo’lgani holda xalq orasida   ular "kofur" (oq) deb ataladilar. Darvoqe, nomlar orasida "sulton" va "shoh" tushunchalari keng tarqalgan, ularni hatto past, tuban kishilar ham o'zlariga nisbatan qo'llaydilar. Ammo har bir kishi o'zini er degani bilan er bo'laveradimi?! Qoiidan kelmaydigan ishni bajaraman deya oladimi? Nodon kishilargina seni shoh deb ataydi, xolos. Bu butni yoki olovni iloh deb atashga o'xshash bir narsa. Senga shaxmat shohini qiyos qilsa ham bo'ladi. U shunday bir shohki, uni har bir razil va pastkash odam istagan paytda havoga ko'tarib, yerga ura oladi.
U shoh (Simurg') bilan sening shohliging o'rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Senga o'xshab shohlik da'vo qilgandan gadolik ming marta yaxshiroqdir.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Sentyabr 2008, 08:22:46

LIX

Hikoyat

Bir podsho ko'ngil yozish niyatida butun mamlakatga katta to'y berdi. Unda ziynat har qancha gumon qilinganidan ham ortiq darajada edi. Butun mamlakat va shaharlardagi aholi boshdan-oyoq yasanib, ko'chaga chiqa boshlashdi. Bu to'yda san'at ahli juda yuksak mahorat ko'rsatib, osmon quyoshi kabi porloq gumbazli yuzta to'rt burchakli chodir qurdilar. Hunar ahlining barchasi ularni shunchalik bezashdiki, natijada bu chodirlar butun mamlakatning ko'rkiga aylandi. Ko'p ajoyibotlar kashf etildiki, hayot o'z sehriga o'zi rom bo'lib qoldi. Har bir kishi o'yin-kulgi deb nayrangbozlik qildi, g'am-hasratni dog'da qoldirish uchun ayshu nash'u namosini oshirdi.
Shu odamlar orasida bir behayo razil kishi o'zini bo'yra shohi deb e'lon qildi. Uning ustidagi kiyimi boshdan oyoq bo'yradan bo'lib, sadoq, qalqon va bayrog'i ham bo'yradan yasalgan edi. U bir necha nokas masxaraboz do'stlarini ham o'ziga o'xshash yasantirdi. Shu tarzda ular bazm maydoni tomon yo'l oldilar. Yo'l-yo'lakay har xil buzuq, bid'at o'yinlar ko'rsatdilar. Ularning boshlig'i esa o'zini go'yo mamlakat shohi hisoblar, har nimaiki qilgan hazil ishlarini chin deb bilar edi.
Nihoyat, shodlik ayyomi nihoyasiga yetib, u ablah o'ziga ta'ziya tutdi. Uni ushlab olib, soyaboni va tojini boshiga urdilar, bo'yra to'nini esa buzib, kuydirib yubordilar. Bu hangomadan so'ng bildiki, shohligi masxara bo'lishdan boshqa narsa emas ekan.


Qayd etilgan


mutaallimah  04 Sentyabr 2008, 08:24:05

 
LX

Burgut uzri


Burgut, ya'ni Uqob o'rtaga kirib, shunday dedi:
- Ey qushlar xo'jasi! Mening holatim o'zga qushlardek emas; kishilar qumri yoki bulbul kabi meni maqtab, vasf etmaydilar. Mening savlatim bahaybat, qahrim esa yomon, tog' mamlakati ichra qahramonman! Har kun bir necha kaklik menga ovqat bo'ladi, agar bu bo'lmasa, tunlari ko'zimga uyqu kelmaydi. Yegulik izlab havoga ko'tarilsam, mendan qulon yoki kiyik qochib qutulolmaydi. Bo'g'zi shu qadar katta bo'lgan qush ozuqsiz yo'lni qanday nihoyasiga yetkaza oladi?! Men bu yo'lda ko'proq xo'p qanot qoqdim ham deylik, qornim ochgach, yiqilib qoldi deyaver!

Qayd etilgan


mutaallimah  05 Oktyabr 2008, 15:35:52

LXI
Hudhudning Burgutga javobi

Hudhud shunday dedi:
- Ey qudratli hukmdor! Olam ahli sendek kishini shu vaqtgacha ko'rmagan! Sening zotingga yigitlik maqtovi loyiq, otingga esa pahlavonlik yarashadi. Ammo sening bu tumshug' va changalingga, shavkatli va saodatli qanotlaringga xayfl Ey, badnafs pastkash! Sen asl maqsadni ista! Halitdan bunchalik ojizlik ko'rsatma, yo'lga tushmay turib qanotingni chetga tortasan. Changaling, tumshug'ing va qanotlaringga bu uyat emasmi?! Sen shular bilan o'zingni tavsif etding-ku! Zo'rliging va shavkating bilan o'zingni ta'riflading-ku! Shuni yaxshi bilki, o'z shirin jonidan kechib, bu yo'lga kirgan kishinigina haqiqiy pahlavon va qahramon desa bo'ladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:16:48

LXII
Hikoyat


Bir zo'r pahlavon bo'lib, u hunarsizlikda yagona edi. Choshgohda o'n botmon, kechqurun ham xuddi shuncha ovqat yer edi. Bu ikki payt mobaynida yana shuncha ovqatlanib olardi. U shunchalik kuchli ediki, hatto mast filga ham shikast yetkaza olardi. Ittifoqo, hayot hodisalari tufayli mamlakatda xarobalik yuz berdi. Shu sababli u yerning aholisi o'z joyini tark etib, o'zga tomon ketishga majbur bo'ldi. Yo'l qiyinchiliklaridan bexabar pahlavon ham ularga hamroh bo'ldi. Yo'l uzoq bo'lib unda badnafs kishilar nafsini to'q tutadigan obod joylar yo'q edi.
Taom yemagan pahlavon birinchi kundanoq o'z holiga aza tutishga kirishdi. Ikkinchi kun esa uning jismida madori qolmadi. Ammo uchinchi kun u boyaqish biyobonda jonini topshirishga majbur bo’ldi.
Yana ikki-uch kun mashaqqat tortgach, yosh bolalar ham, hatto ikki bukilgan qariyalar ham sabr-toqat bilan yo'lni oxiriga yetkazishdi va obod bir manzilga yetib kelib, maqsadlariga erishdi. Pahlavon esa bu azobga bardosh bera olmay, ajal yo'lida nobud bo'ldi.

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:18:16

LXIII
Kuf(boyo’g’li) uzri


Kuf o'z ahvolidan  shunday shikoyat qildi:
— Men zaif va ojiz bir qushman, yo'l esa qo'rqinchlidir. Umrimni boshimga qulab tushgudek bir vayronada o'tkaribman. Barcha vaqtim anduh va g'am tortish, motamsaro kishilar kabi ohu fig'on chekish bilan kechadi. Vayrona ostidagi xazinaga erishish umidida necha turli fig'onlar qilib, hatto o'zimdan ketib qolaman. Umrimda shunchalik azob-uqubat tortdim, ajab emas, nasibam bir kun xazina bo'lsa. Men ganj umidida devonaman, kecha-kunduz vayronani o'zimga makon qilib olganman. Bu uzun yo'lga meni undama! Men qaydayu Simurg'u Qof tog'i qayda?!

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:19:53

XIV
Hudhudning Kufga javobi
 


Hudhud unga shunday dedi:
— Ey ishi makr va hiyladan iborat! Sen bu qilmishing bilan o'z joningga qasd qilyapsan! Ko'nglingda amalga oshishi mumkin bo'lmagan puch orzu o'rnashib olgan.Uning qo'lga kiritilishi aslo mumkin emas.
Faraz qilaylik, sen xazinani topgan taqdiringda ham, undan boshingga turli balolar yog'ilishini, yangi-yangi g'amlarga mubtalo bo'lishingni o'ylab ko'r, ey, o'ziga o'zi dard orttiruvchi notavon. Sen o'sha balolar girdobida xoru zorlikda o'lib ketasan, xazina esa dushman qo'liga o'tib ketadi.

Qayd etilgan