Alisher Navoiy. Lison ut-tayr (nasriy bayoni)  ( 152857 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 25 B


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:56:37


VII
Mo'minlar amiri Umari Foriq (Alloh uning ruhidan rozi bo’lsin) vasfida


Payg'ambar hamdamlaridan biri buyuk Foruq edi. U haqni xatodan farq qila olgan va adolati bilan g'arbu sharqni ravshan etolgan kishidir. Bu jahonda bundan o'zgasi, bunga teng keladigani yo'q edi. Shariat ishida u payg'ambarlar shohining izdoshi bo'lib, u adolat va din asosini kuchaytirdi. Uning sahovati dasturxonidan jahon ahli nasiba olib, to'yar, o'zi esa, o'zini to'ydirish uchun qorniga g'isht qo'yib bog'lar edi.
Yer yuzining insoniyat yashaydigan qismi uning adolati me'morchiligi oldida past bo'lib, jahonni bir g'isht sifatida qiyoslash mumkin edi.
U toza zahar ichib nafsini o'ldirgan va din nazoratida o'g'lini o'ldirgan odildir.
Uning dinidan mehrobu minbar va adolatidan mamlakat va olka rivoju ravnaq topdi. Qilichining damidan shariat bo'stoni yashnab, kofirlarning mamlakat va ibodatgohlari vayron bo'ldi. Uning qahri Kisrolar boshidan tojini oldi va haybati Qaysarlarga xiroj yukini soldi. Uning davrida Ajam mamlakati egallanib, uning shaharlarida arab bayroqlari hilpiradi.
Uning yordamchilari shohlar mamlakatlarini oldilar, dinparvarlari esa kufr uyini buzdilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:57:36

VIII


Uning kishilari Madoyin shahrini egallab olib, mol-mulk va xazinalarini tortib oldilar. Bir necha yuz yillar davomida sultonlar qiynalib yiqqan xazinalarni yuklab yo’lga tushdilar. Bu katta xazinalar tomoshasiga aql ham lol edi. Hazrati Umar keltirilgan bu mol-dunyo va xazinalarga ko'z qirini ham tashlamay, davlat xazinasiga topshirishni buyurdi: bular g'azotga chiquvchilar uchun yetganicha bo'lib beriladi.
Bunday qonunni yo'lga qo'ygan Umardan boshqa kimning qo'lidan bu ish kelardi!

Qayd etilgan


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:58:33


IX
Mo'minlar amiri Usmon Zunnurayn (Alloh uning ruhidan rozi bo'lgay) shonida



U hayo koni va ko'zlar nuri edi. U ikki ko'z kabi Zunnurayn deb ataldi. U sidq koni va muruvvat xazinasi, muloyimlik dengizi-yu olijanoblik koni edi. Ham Madina ahliga shayxu imom, asl shayxining munosib o'rinbosari bo'ldi. Alloh uni Qur'onni yig'uvchi qildi, xalq Usmon binni Affon deb atadi. Kalomullohni Jabrail olam ahli gunohkorlari homiysiga olib kelganidan beri, u bekiklik zindonida saqlanardi. Har bir arab bir necha oyatlarni yig'ib yurardi. Qur’onni jamlash va tartibga solishga u sababchi bo'ldi. Har bir sura o'rnini belgilab, bir ajoyib devonni tartib berdi.
Bu sharaf unga kifoyadirki: hozirgacha u ummatlaming eng sharaflisi hisoblanadi. Afv etuvchi Alloh kulbasiga ikki nur solgan yana birorta kishi bormidi?!

Qayd etilgan


mutaallimah  27 Avgust 2008, 13:59:30

X
Hikoyat

Shunday bir naql bor: xaloyiqqa saodat yulduzi bo'lgan payg'ambar bir kuni eldan farog'at istab, bir xilvatga kirib, bir oyog'ini uzatib o'ltirib edi. Uning huzuriga ba'zi zodagon suhbatdoshlardan, ba'zi aziz va ayrim sharif do'stlaridan kirib borishdi. Payg'ambar avzoida o'zgarish bo’lmadi. U bemalol yaxshi xayollar bilan tin olib o'tirdi.
Biroq xonaga Usmon kirgach, millat shami uzatgan oyog'ini yig'ib oldi. Chunki Usmon juda hayoli kishi bo'lib, Rasulning u holidan ahvoli o'zgarishi mumkin edi. Shunday Payg'ambar hurmatini joyiga qo'ygan zot haqida har qanday kimsalar har nima desalar behudadir.

Qayd etilgan


mutaallimah  27 Avgust 2008, 14:00:11


XI
Mo'minlar amiri Ali (Alloh uning ruhini yarlaqasin) maqtovida


U ilm daryosi va valiylik gavhari bo'lib, olam ahli orasida noyob bir kishi edi. U payg'ambarlar boshlig'iga farzand, odamlar ichida tengi yo'q zotdir. Makka tomidan Hubal butini tushirayotganda, egni hazratning oyog'iga zina bo'lgandir. Payg'ambar qatldan qochgan paytda, u jonidan kechib, uning o'rnida turgan edi. Uning zoti olam vasflari bilan ziynatlidir. Zotan birov biladi, birov kashf etadi.
U din ahli orasida mo'minlar amiri va taqvodorlar orasida taqvodor imomdir. Ilm sharhi va nabiylikda yetukligi uchun uning vasfida Alii bobaho deyishgan. Duldulining yugirishi yashinga o'xshaydi, zulfiqoridan yov qon ichra g'arqdir. Nabiylar shami bilan uning ahdi shunday bo'lgan: men senikiman, sen menikisan."Go'shtim go'shtingga'' iborasi ham uning sha'nida aytilgan. U taqdir o'rmonining haybatli sheri bo'lib, uning oldida sher qo'rqa-pisa titroqqa tushadi. U kofirlarga tegishli javobni bergan va pahlavonlik na'rasini urgandir. Payg'ambarning farzandi buning payvandi va buning farzandi uning farzandidir

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:22:44

XII
Hikoyat

G'azot janglarining birida, shunday naql qiladilarki, shoh dushmandan o'q yebdi. O'qning uchi suyagiga botib, hech tortib olishning iloji bo’lmabdi. Bu holni payg'ambarga aytganlarida, u to'g'ri yo'l ko'rsatish g'aznasi shunday depti: "'U namoz o'qiy boshlagan paytda o'qni tortib olish payida bo'lingiz. Jarohatning o'q uchi joylashgan joyidan kuchingiz yetganicha o'qni tortib olishga harakat qiling. U namozga shunday berilgan bo'ladiki, o'qni tortib olganlaringni bilmay qoladi".
To'g'ri yo'l ko'rsatish shami shu so'zni degach, kishilar bu ishga kirishdilar va Alloh kushoyish berdi. Aytilganiga amal qilinib, shoh shom namozining salomini aytishi bilan, o'qni shunday tortdilarki, bir lahzada jarohatda na dardu na o'q uchi qoldi.
U hayron bo'lib, voqeani surishtirgan edi, unga payg'ambarlar shohining ko'rsatmasini aytdilar.
Haydari Karror bunga shukr qilib, bu ish sirini shunday aytdilarki: "œAjal o'qining uchidan faqat nabi ehsoni bilangina qutilish mumkin. Bizga har qanday g'amdan najot, balki hayot rasmi u tufaylidir".

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:24:45

XIII
Olijanoblik egasi va poklik qiblasi Shayx Farididdin Attorga (Alloh uning ruhini ezgulikka buyursin) madhu sano aytmoq va o'z o'tinchini bayon qilmoq

Olamdagi barcha dengiz va konlarda nimaiki bor bo'lsa, yuzlab o'shancha narsalar Attor do'konida mavjuddir. Uning ma'nolar dengizidagi durlar xuddi kechasi jilva qilayotgan yulduzlarga o'xshaydi. Konlardagi yoqutlar esa kechki paytdagi shafaqqa, balki tong paytida endi yoyilib kelayotgan quyosh nurlariga monand. Ularni sen duru gavhar dema, balki hodisalar toshi degin, bu toshlardan zaifu notavonlar boshi yorilgusidur. Ularni yoqut ham dema, balki olam ahli qatlidan oqqan qonlar deb atagin.
Garchi vasfini aytishda qalam ojizlik qilsa-da, endi uning do'konira sharh qilay. Agar odam ta'bini jaholat mag'lub etib, unda har xil yomon axloqsizliklar paydo bo'lsa, bu do'konda bunday illatlarni davolash uchun turli sharbatlar muhayyodir. Undagi sandal, mushk, abir va za'faron kabi dorivorlar kishi ta'bini jaholatdan davolaydi. Fayzli bog'idan yetishtirilgan gulob va xushbo'y mushklarning har biridan ta'bga yuz fayzli umid hosil bo'ladi. Uning qand va navvotga o'xshash shirin so'zlaridan o'lgan ko'ngil ham hayot topadi. Asal va shakar kabi bu so'zlarda irfon haqida fikr yuritilganki, ulardan bechoralar chora topadi. U nazm va nasrda har xil asarlar yaratdi, ularda vahdat (birlik) sirlari tafsir etilgan. Xalq uchun u shunday gul va qandlar yetishtirdiki, ular kishilar ta'bi uchun gulqand kabi foydalidir.
Ulardan biri "Musibatnoma" edi. Unda nafsning yuz xil musibatga duchor bo'lganligi bayon qilingan. Agar ko'ngilga biron musibat tushsa, u "Musibatnoma"dan o'ziga taskin topadi.
Yana "llohiynoma"ni yozdi va qalamni vahylikka muharrir qildi. Unda ilohiy sirlarni shunday sharh qildiki, bunday tugal sharh kamdan-kam uchraydi.
Yana "Ushturnoma" ("Tuyanoma"ni) yozib, unda har xil nozik ma'nolami go'yo nortuyalar kabi qator tizib qo'ydi. Bir necha ming tuya ham undagi duru gavharlarni ko'tarishga ojizlik qiladi.
Yana "Lujjai hiloj" ("Urar bulog'i")da g'avvos kabi sho'ng'ib, pok durlarni qo’lga kiritdi va har bir durni shohlar boshiga toj etdi. Balki uni shoh tojining ziynati qildi, ulardan har birining qiymati butun bir mamlakat xirojiga tengdir.
Yana qasidalar dashtiga chopqir ot soldi va bu vodiyni kesib o'tguncha har xil ajoyib baytlarni qo'lga kiritdi. Undagi har bir vodiyda yuz xil g'aroyib mamlakatlar bo'lib, bu yurtlarning har birida ming xil ajoyibotlar bor.
Yana g'azal gulzorida guldastalar yasadi, bulbul kabi ming xil qo'shiq kuyladi. Lekin uning har bir tarannumida birlik sirlarining sharhi ravshan bayon etilganligi ayon bo'ladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:25:08

Yana rubo’lydan devonga ziynat berdi va butun olamga g'avg'o soldi. Ular ma'nolar olami bo'ylab maxsus bo'limlarga bo’lingan bolib, har biri bir necha iqlimdan xabar beradi.
Yana avliyolar ruhini xushnud etuvchi tazkira tuzdi. Uning har bir so'zidan yuzlab noma'lum zotlar xuddi tiriklik suvi ichgan kabi jon topdilar.
Yuqorida eslatilgan asarlarning hammasi qanchalik sharaf va maqtovga sazovor bo'lsa, uning yolg'iz "Mantiq ut-tayr" ("Qush nutqi") asari ham shunchalik sharaf va maqtovga loyiqdir. Unda qushlar haqida o'zga tilda, o'zga so'zda va o'zgacha yo'sinda so'zladi. Buni fahmlash uchun kishi maxfiy tillarni bilishi kerak. Yo'q, maxfiy tillarni biluvchigina emas, balki naq Sulaymonning o'zi bo'lishi kerak!
Yuz tuman qush nutqini o'ziga mos ravishda bera olish, albatta, juda mushkul ish. Ammo bu kitobda har bir qushning kuylash va sayrash tartibi o'zgacha, bundan kishi aqli nihoyatda hayron qoladi.
Ammo Haq madad bersa, mendek bir gado ham, Qushlar nutqini izhor qilmoqchiman, xuddi bulbul yoki to'tiga o'xshab so'zlamoqchiman. Shu tariqa xaloyiqqa qo'shiq kuylab, qush tili bilan so'zlamoqchiman.
Lekin ma'noni to'ti misol shirin-shakar qilib aytish, albatta, har kimning qo'lidan kelavermaydi. Chunki to'tining yemishi shakar bo'lib, bu shakanii quruq xayol qilish bilangina hosil qilib bo'lmaydi. Shoyad Alloh lutfu inoyat dasturxonidan nasib etsa, Attor do'konidan bunday shakarning qo'lga kirishi hech gap emas.

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:29:34

XIV
Qushlaring bir yerga to'planishi va o'rin talashib bir-birlari bilan nizo qilishlari hamda bir shohga muhtoj bo'lishlari

Bir kun guliston, o'rmon, dengiz va biyobon qushlari har biri o'z guruhi bilan bir yerga jam bo'lib, majlis tuzdilar. Ular muhabbat bilan navo tuzib, bazm tugagach, osmonga parvoz qilmoqchi edilar.
Ammo bu yig'inda ulardan hech qaysining tayin bir o'rni yo'q edi. O'tirishda tartib bo'lmagani uchun Kalog'(olaqarg'a) To'tidan, Zog'(go’ngqarg'a) esa Bulbul va Qumrilardan yuqoriroqda o'tirdi. Xod(kalxat) Shunqordan to'rga chiqdi. Yurtachi(o’laksaxo’r) esa Tovusni ham nazar-pisand qilmay yuqoriga o'tib ketdi. Hunarliklar o'rnini behunarlar egalladi. Tojsiz qushlar to'rga chiqib olishdi, tojdor qushlar esa poygohda qolishdi.
Nihoyat, poygohdagilar nizo chiqardilar, to'rdagilar esa ularning so'ziga quloq osmadilar. Natijada qushlar orasida g'avg'o-to'polon ko'tarildi, ular sodir bo'lgan ahvolni mojarolasha-mojarolasha qizg'in muhokama qila boshladilar. Vaqt o'tgan sari bu mojaro tobora oshib bordi.
Oxir-oqibat ular shunday bir shohga muhtoj bo'ldilarki, u shoh insofli va diyonatli, yaxshi tartib o'rnata oladigan va adolatli bo'lsin. Toki uning davlati soyasida pastdan a'loga shikast yetmasin, yuqori tabaqadagilar esa o'rta tabaqalar oldida xor bo'lmasin. Har bir qush guruhi o'ziga aziz bo'lgani holda, hamma bir tamizli, aqlli va dono shoh bo'lishini istadi.
Ammo bunday odil shoh ular orasida yo'q edi. Shuning uchun ham qushlar zoru mahzun bo'lib, har biri o'zining yomon holidan afsus chekmoqqa kirishdi. Ulardan motam ohanglari eshitila boshladi. Bunday shoh topilmasligidan ularning barchasi noumid bo'ldilar. Bu hodisa ular qalbida og'ir iz qoldirdi. Ular chala so'yilgan qush kabi iztirob cheka boshladilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Avgust 2008, 03:33:21

XV
Qushlarning o 'zlariga shoh istab, uni topa olmay hayron bo 'lib turganlarida, Hudhudning Simurg' haqida xabar bergani

Hudhud(popushak)  aql nuridan bahramand va rahbarlik jig'asi bilan sarbaland bo'lgan bir qushdirki, uning zotida sharaf va izzat nihoyatda yuksak bo'lib, boshini to'g'ri yo'l ko'rsatuvchi toj bezaydi. U Arsh oldida parvoz qiladi va Jabrail kabi unga ham yuz xil sirlar ayon bo'lib turadi.
U maqsad shami vasfini kuylash uchun parvonadek yonib, bu yig'in ichiga devonavor holda kirib keldi va shunday dedi:
— Ey, g'ofil va bexabar gumh! Sizning ushbu holingiz g'aflat aro ostin-ustin bo'lib yotibdi. Chunki siz uchun olamda tengi va o'xshashi yo'q bir shoh borki, uning vasfini aytishga yuz ming til ham ojizlik qiladi.
U olamdagi barcha qushlarga shohdir, holingizdan doimo ogohdir. U sizga yaqin, ammo siz undan yiroqsiz. U sizning vaslingizga yeta oladi, biroq siz uning firoqida qolgansiz.
Uning har patida yuz minglab ajoyib ranglar jilva qiladi. Har bir rangning o'zida yana ming xil go'zal naqshlar bor. Uning bu naqsh va ranglaridan aql xabardor emas, tafakkur uni mushohada etishga ojizdir. Chunki u aql bilan idrok qilishdan ustun bo'lib, shu bo’lsa aql uni idrok qilishga yo'l topa olmaydi.
U Qof degan tog'da yashaydi, o'sha yerlarda uni Anqo deb ham ataydilar. Burun olamda u Simurg' nomi bilan shuhrat topgan, zoti esa bu oliy va yagona osmon peshtoqi aro to'p-tojiqdir.
Siz u shohdan benihoya uzoqdasiz, ammo u sizga bo'yin tomiringizdan ham yaqinroqdir. Har kishi tirik bo'la turib, undan yiroqda bo’lsa, bu tiriklikdan o'lim ko'p yaxshiroqdir!

Qayd etilgan