Mol-dunyosi zarar ko‘rsa o‘ylab yotar beado, Ammo dini yo‘q qilinsa yuraverar beparvo.
Xasislik bir xastalikdir, insonga hech yarashmas, Iymoni but aqllilar xasislarga qarashmas.
Xasis odam boyman, deya chuchvarani sanar xom. Qasam ichib aytamanki, aldanadi u mudom.
U dunyoni bir lahza ham o‘ylamaydi kasofat, Oxiratga ikki qo‘li quruq borar oqibat.
Do‘stlar! Moldan naf ko‘rmasa bir g‘aribi notavon, «Mol manim!» deb o‘ylamang hech, sizga qolmas hech qachon. O’tib ketar vorislarga u mol oxir-oqibat, Xasis uchun oxiratda ajralmas do‘st - nadomat.
Bishr deydiki:
Xasis bilan uchrashib qolmoq kishiga g‘amginlik beradi. Unga nazar solgan kishining ko‘ngli cho‘kadi. Qadim-qadimdan olijanob arab qavmlari xasislikdan va qo‘rqoqlikdan or qilardilar. Och-yalang‘och qolaman deb qo‘rqma aslo, beraver! Rizq azaldan bo‘lingandir, o‘ynab-kulib yuraver!
Xasislikdan foyda kamdir bu vafosiz dunyoda, Bergan bilan kam bo‘lmassan, baxting bo‘lur ziyoda.
Ko‘rdim juda ko‘p insonni - jo‘mardlarga do‘st ular, Hech ko‘rmadim, o‘yla axir, kim xasisga do‘st bo‘lar?! Xasislikdan zarar ko‘rgan baxillarni ko‘rdim ko‘p. Nafsim xasis bo‘lmasin, deb izzat-ikrom qildim xo‘p.
Boshqa birovlarga zahmat yetkazib, topgan narsasining zavqini ham, mazasini ham seza olmaslik va yaxshilikni ko‘rolmaslik kabi tuban xususiyatlar xasislarga xosdir. Shuning uchun shoir bu haqiqatni ifodalagan she’rida shunday deydi:
Molga faqat ochko‘zlikla mol qo‘shadi bot, Vorisiga qolar molni qilar ehtiyot.
Tozi itday ov tutadi, o‘zi och mudom Xayolida boshqa birov yeydigan taom.