— Ey Malak, bizga azob haq bo‘ldi. Ey Malak, bizga azob og‘ir keldi. Ey Malak, terilarimiz kuydi. Ey Malak, bizni bu yerdan chiqar, biz endihargiz gunoh qilmagaymiz.
Zaboniy ularga javoban derki:
— Hayhot, najot yo‘llari uzoqlarda qoldi. Sizga bu xo‘rlik uyidan chiqish yo‘q. Usha yerda jimgina o‘tiring. Gaplashmang. Agar u yerdan chiqarilsangiz, siz uchun taqiqlangan ishlarni yana qila boshlaysiz!
Bu so‘zlarni eshitib, osiy bandalarning umidlari uziladi. Dunyoda Allohga qarshi qilgan gunohlari uchun taassuf qiladilar, lekin nadomatlari ularni qutqara olmaydi, afsuslari achchiq azoblarini yengillatolmaydi. Yuz tuban bo‘lib yotadilar, ustlariyu ostlarini, o‘nglariyu so‘llarini olovlar o‘raydi. Alangaga ko‘miladilar. Yeganlari olov, liboslari olov, yotoqlari olov. Otash yolqinlari, qatron ko‘ylaklar, to‘qmoq zarbalari va og‘ir zanjirlar orasida qoladilar. Jahannamning torligidan tipirchilab tepinadilar, quyi tabaqadagilar eziladilar, buziladilar; tovonlar ostida iztirob chekadilar, otash ularni qozonda qaynatganday qaynatadi. «Oh-voh»lab baland ovoz bilan nola qiladilar. O’lishni, yo‘q bo‘lishni istaydilar. Har ne zamon o‘lishni istaganlarida boshlaridan qaynoq suv quyiladi. Bu qaynoq suv ila ichak-chavoqlari va terilari eritiladi. U yerda ular uchun temir to‘qmoqlar bor. Shu to‘qmoqlar bilan manglaylari to‘qmoqlanadi, og‘izlaridan qonli yiring oqadi. Tashnalikdan jigarlari quriydi. Ko‘z olmalari yonoqlariga oqib tushadi. Yonoqlarining etlari, sochlari, hatto terilari to‘kiladi. Terilari har ne zamon to‘kilgani-da boshqa teri o‘sib chiqadi. Suyaklari etdan shilinib chiqadi. Ruhlar faqatgina qiltomir va ko‘ktomirlarga joylanadi va otashning hovurida qaynatishadi. Shunda ular o‘lmoqni istaydilar, ammo o‘lolmaydilar.
Qalay! Sen ularga bir qur ko‘z tashlab qo‘y. Yuzlari ustlaridan quyilgan qaynoq suvda kuyib, qop-qorayib ketgan, ko‘zlari ko‘r, tillari gaplasholmaydigan holga keltirilgan, bellari va suyaklari singan, burunlari kesilgan, terilari chirigan, qo‘llari bo‘yinlariga bog‘langan, yuzlari bilan oyoqlari bir oraga keltirilgan., yuzlari ustida yurib, olovga ketadilar, ko‘z olmalariga temir o‘qlar bilan turtiladi, otashning yolqini a’zolarini dog‘-dug‘ qilib yuboradi? Jahannam ilonlari va chayonlari vujudlariga yopishib oladi!
Bular ahli jahannamning ahvolidan ba’zilaridir. Endi ularning qo‘rqinch hollari tafsilotiga boq va jahannam daralari haqida o‘yda. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytib berganlar:
- Jahannamda yetmish ming dara bor, har daraning yetmish ming tarmog‘i bo‘ladi. Har tarmokda yetmish ming katta ilon va chayon bor Kofir va munofiqlar bu yerlarga tushishdan qutulolmaydi.