Shu tariqa hammasi bir-bir gapirib bo‘lganidan keyin Allohdan Dovud alayhissalomga shunday vahiy keldi:
- Ey Dovud, ularga ayt: «So‘zlaringizni eshitdim. Istaklaringizni ijobat etdim, sevgan va orzu qilgan narsalaringizga qovushajaksiz. Bir-biringizdan ayriling. Har kim o‘ziga bir kulba, bir yerto‘la topsin. Men siz bilan oramdagi pardani olib tashlayman. Har biringiz mening nurimga va jamolimga boqajaksiz!»
Dovud alayhissalom so‘radi:
- Ey Rabbim, bular qaysi amallari orqasida sening bu iltifotingga noil bo‘ldilar?
Alloh marhamat qildi:
- Husni zan (ya’ni bir hodisaning yaxshiligi haqida yaxshi fikrda bo‘lib, yaxshi bo‘lajagi haqida o‘ylash) va dunyoda g‘ayriaxloqiy yashashni tark etishlari, men bilan yuzma-yuz qolishlari, menga munojot qilishlari va qalblariga mendan boshqasining sevgisini kiritmasliklari orqasida.
Mening jamolimni tomosha qilish shunday bir sharafdirki, bunga faqat meni zikr etishdan boshqa hech bir narsa bilan mashg‘ul bo‘lmaganlar va qalblarini men uchun boshqa narsalardan bo‘shatib qo‘yganlar, meni hamma narsadan ustun qo‘yganlar noil bo‘la oladilar. Ana shunday qilinganda, men shunday sifatlarga ega bo‘lgan kishiga atfi nazar (moyil ko‘z bilan qarash) qilaman, uning bilan oramdagi pardani olib tashlayman. So‘ng shunday bo‘ladiki, birov bir narsani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganday, u ham meni ko‘radi. Har on unga karamimni ko‘rsataman. Uni nurimga o‘xshataman. Shafqatli ona bolasining kasali bilan kasallanganday, men ham shu bandamning kasali bilan kasallanaman. Chanqaganda chanqog‘ini qondiraman, meni zikr etishning mazasini tottiraman. Mana, ey Dovud, shu aytganlarimni berganimda, u dunyoni va dunyo ahlini ko‘rmaydigan ko‘r bo‘ladi. Men unga o‘zim ko‘rsatgan axloq asoslaridan boshqacha yashashni sevdirmayman. Meni zikr etishdan hech zerikmaydi. Sal oldinroq bo‘lsa-da, menga yetishishni istaydi. Men esa uning o‘limidan xursand bo‘lmayman. Chunki u bandalarim ichida mening nazargohimdir. U mendan boshqasini ko‘rmaydi, men ham undan boshqasini ko‘rmayman. Ey Dovud, ko‘rsang, mening bu turdagi bandamning nafsi o‘lgan, vujudi noziklashgan bo‘ladi, mening zikrimni eshitayotgan vaqtida qalbi xitraydi. Men malaklarim va osmon ahli oldida uning bilan faxrlanaman. Uning esa borgan sari mendan qo‘rquvi ortib boradi, vaqt o‘tgan sayin ko‘proq ibodat qiladi. Izzatim va jalolim uchun, ey Dovud, uni Jannatning Firdavs bog‘iga o‘tkazaman, jamolimni tomosha qilish baxtini beraman.
Yana Hz. Dovudga Allohning vahiy yo‘li bilan bildirganlaridan:
— Ey Dovud, mening muhabbatimga tavajjuh etib kelayotgan bandalarimga aytki: «Men maxluqotim bilan orangizga parda tortgan, siz bilan oramdagi pardani esa olib tashlagan vaqtimda sizga hech bir narsa zarar berolmaydi. Siz bemalol menga qalb ko‘zi bilan nazar tashlay olasiz. Sizga dinimni kashf etgan vaqtimda siz erisholmagan dunyoliklar zarar bermaydi. Mening mamnuniyatimga yopishib olsangiz, maxluqotdan zarar kelmaydi.