NAMOZ O’QIMAGANNING JAZOSI
Alloh jahannam ahlidan xabar berib aytdiki:
—
(Ular do‘zax ahliga): «Sizlarni nima Saqorga kiritdi?» (deganlarida), ular ayturlar: «Bizlar namoz o‘qiguvchilardan bo‘lmadik, miskin-bechoraga taom beruvchi ham bo‘lmadik. Bizlar (botil-behuda so‘zlarga) sho‘ng‘iguvchi kimsalar bilan birga sho‘ng‘ir edik (ya’ni Qur’on va payg‘ambar xususida tuhmat-yolg‘onlar to‘qir edik). (Muddassir surasi, 42-45 oyatlar)
Imom Ahmad qayd etadi:
— Mo‘min bilan iymonsiz orasida «namozni tark etish» bor.
Muslim qayd etadi:
— Mo‘minlik bilan kufr yoki shirk orasida «namozni tark etish» bor.
Abu Dovud va Nasoiy (to‘laroq aytilishi Hofiz Abu Nasoiy, «Sunan» («Mujtabo» ham deyiladi) nomli hadis kitobining muallifi, «Kutubi sitta»ning oltinchisi. Vafoti h. 303 y) qayd etadilar:
— Bandasi bilan kofirlik orasida faqatgina «namozni tark etish» bor.
Termiziy va boshqa hadischilar rivoyat qiladilar: Rasululloh (s.a.v.) aytdilarki:
— Men bilan ularni bir bitimga keltiradigan narsa namozdir. Kim namozni tark etsa, kofirlik sari yuz burgan bo‘ladi.
Islomning uch dasturi bor, Dinning tamoyili shular ustiga qurilgan. Kim shu asoslardan tashqari chiqsa, bu bilan u kofirlikka qarab ketgan bo‘ladi:
1 - Qonni (odam o‘ldirishni) halol hisoblasa;
2 - Allohdan boshqa iloh yo‘qligiga guvohlik (shahodat) bermasa;
3 - Farz bo‘lgan namozni va ro‘zani inkor etsa.
Tobaroniy va boshqa muhaddislar qayd etadilar va Uboda ibn Sobitdan (sahoba hadischilardan. Ko‘p rivoyatlarga aniqlik kiritgani naql qilinadi) — Alloh undan rozi bo‘lsin — rivoyat qiladilar:
— Payg‘ambar do‘stim (s.a.v.) menga yetti narsani o‘gitladi:
1- Kesilsangiz, yoqilsangiz, osilsangiz ham Allohga hech bir narsani sherik qilib ko‘shmang.
2 - Qasddan namozni tark etmang. Kim qasddan namozni. tark etsa, «Islom ummati»dan chiqadi.
3 - Ma’siyatga (gunoh ishlarga) yaqin yo‘lamang. Ma’siyat Allohning g‘azabiga sabab bo‘ladi.
4 - Mayxo‘rlik qilmang. Zero ichkilik har yomonlikning boshidir.
5 - Ota-onangizga qarshi bormang. Hatto oilangizdan, mol-mulkingizdan voz kechishni buyursalar ham...
6 - Jang maydonidan qochmang, butun o‘rdu qirilib, yolg‘iz boshingiz bilan qolsangiz ham...
7 - Oila a’zolaringizni izzat-ikrom qiling. Yeganlaringizdan yediring. Ularga qo‘l ko‘tarmang. Ularni Allohdan qo‘rqiting.