KULMOQ, YIG’LAMOQ, LIBOS
Alloh buyurdi:
—
Hali sizlar mana shu so‘zdan (Qur’ondan) ajablanursizlarmi? Yig‘lamasdan, g‘ofil bo‘lgan hollaringizda kulursizlarmi?! (Najm surasi, 59-61 -oyatlar)
Mufassirlar bu oyatlarni shunday sharhlaydilar: —Siz Qur’onni yolg‘on hisoblab, undan taajjublanasiz. U Allohning kitobi bo‘lgani holda, uni mazax qilasiz, undan kulasiz. U xabar bergan azoblardan qo‘rqib, qilgan gunoxlaringizga yig‘lamaysiz. Sizni g‘aflat bosgan. Qur’on sizdan nima istayotganidan xabaringiz yo‘q.
Mufassirlarning qayd etishicha, bu oyat inzol bo‘lgandan keyin Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hech kulmaydigan bo‘ldilar, faqatgina yengil jilmayar edilar.
Ibn Umar rivoyat qiladi:
— Bir kun Rasululloh (s.a.v.) masjiddan chiqib kelayotgan edi. Chaqchaqlashib-kulishib o‘tirgan bir guruh odamlarga duch keldi. To‘xtadi. Ularga salom berdi, keyin dediki:
— Xursandchilik, zavq va kayf-safoni chetga surib qo‘yadiganni (o‘limni) ko‘proq eslab turinglar.
Yana bir kun xuddi shunday masjiddan chiqib ketayotganlarida kulishib o‘tirgan bir jamoani ko‘rdilar. Buyurdilarki:
— Borlig‘im qudrat qo‘lida bo‘lgan Allohga qasamki, agar men bilganlarimni bilsaydingiz, oz kulib, ko‘p yig‘lardingiz?
Xizr alayhissalom Hz. Musodan ajrashib ketayotganlarida, Muso alayhissalom ul zoti benazirga yolbordilar:
— Menga nasihat qiling!
Xizr alayhissalom shularni aytdilar:
— Ey Muso, xusumatda qaysarlik qilma. Zarurat bo‘lmasa, biron joyga borma. Haqiqatan taajjubli bo‘lmagan narsaga kulma.
Yanglishganlarni xatolari uchun ayblama. O’z xatolaringga yig‘la.
Payg‘ambarimiz — Allohning salomi ustlariga yog‘ilsin — buyurdilar:
— Ko‘p kulma — qalbni o‘ldiradi.
— Yoshligida kulgan — qariganda yig‘lar.
— Boyligida kulgan — faqirligida yig‘lar.
— Bu dunyoda kulgan — u dunyoda yig‘lar.
— Qur’onni o‘qing va yig‘lang. Agar yig‘lamasangiz — yig‘latilasiz.
Hasan Basriy shunday deydi:
— Hayronman u kulgan kimsalarga, bilmaslarmiki, orqalarida jahannam otashi bor! Hayronman u masrur kimsalarga, bilmaslarmiki, orqalarida o‘lim bor!