Hasad va hirs
Hasis odam ko‘rdir, kardir. Ichida g‘imyrlayotgan hirs uni ko‘r va kar qiladi. Shayton esa ana shu hirsli kishini vasvasaga solish uchun payt poylaydi. Hirsli kishining nafsi istayotgan narsa harom, taqiqlangan va yomon ish bo‘lishiga qaramay, hammasini unga chiroyli va yoqimli qilib ko‘rsatadi. Shu tariqa hirsli kishining akdidan harom-halol tushunchasi mahv etiladi. Shundan so‘ng u (hirsli kishi) har yoqqa talpina boshlaydi. Hamma narsani qo‘lga kiritmoqchi bo‘laveradi.
Hikoya qiladilar:
— Nuh Alayhissalom Allohning amriga ko‘ra har jonivordan bir juftdan olgandan so‘ng kemasiga chiqadi. Bir mahal qarasa, kemaning bir burchagida u tanimagan bir chol o‘tirgan emish.
So‘raydi:
— Seni bu yerga kim chiqardi? Chol:
— O’zim chiqdim. Sening odamlaringning yuragiga vasvasa solib, qalblarini men bilan, tanlarini esa sen bilan qoldirish uchun!..
Nuh uning shayton ekanligini anglaydi va:
— Daf bo‘l bu yerdan! Allohning dushmani! La’nati! — deydi.
Shunda Shayton shu so‘zlarni aytadi:
— Besh narsa borki, men o‘shalar bilan insonlarni to‘g‘ri yo‘ldan chiqaraman. Bularning faqatgina uchtasini aytay senga! Qolgan ikkitasini aytmayman.
Lekin xuddi shu asno Alloh, Nuh Alayhissalomga vahiy yo‘li bilan ishora qilib derki:
— Sening u uchtaga ehtiyojing yo‘q. Qolgan ikkitasini aytsin!
Bu xabardan so‘ng Nuh Alayhissalom, qolgan ikkitasini aytishingni istayman, deydi: Shayton shunda deydi:
— Qolgan ikkitasi shunday narsalarki, meni hech kim yolg‘onchiga chiqarolmaydi. U ikki narsa shunday xislatga egaki, hech kim meni tashlab ketolmaydi. Shu ikki narsa bilan men mo‘ljalga bexato uraman. Shu ikki narsa bilan men insonlarni halok etaman. Hirs, hasad!.. Hasad tufayli men Allohning la’natiga uchradim, quvg‘in bo‘ldim. Hirs masalasiga kelinsa, Jannatda Odamga bir daraxtdan boshqa har narsa muboh qilingan edi. Men hirsning yordami bilan niyatimga yetdim: Odam hirs tufayli taqiqlangan mevaga qarab bordi.