OLLOHNI UNUTMOQ
Alloh buyuradiki:
— Sizlar Allohni unutib qo‘ygan (ya’ni, U zotning amr-farmonlariga itoat etmagan), bas (shundan keyyn, Alloh) ularga o‘zlarini ham unuttirib qo‘ygan kimsalar kabi bo‘lmangiz! Ana o‘shalar fosiq-itoatsiz kimsalardir (Hashr surasi, 19-oyat.)
Bir kun Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan so‘rashdi:
— Mo‘min kim-u, munofiq kim?
Rasululloh buyurdilar:
— Mo‘min namoz o‘qiydi, ro‘za tutadi. Munofiq kimsa hayvonday yeb-ichadi, namoz o‘qimaydi va Allohning o‘rtaga qo‘ygan axloq asoslariga zid hayot kechiradi. Mo‘min muztarib (iztirobda qolgan) va qiynalayotganlarga yordam berish va Allohdan mag‘firat tilash bilan mashg‘uldir. Munofiq esa hoyu-havas ketida, ochko‘zliq bilan chor tarafga tashlanish bilan mashg‘uldir. Mo‘min yolg‘iz Allohga suyanadi, undan boshqasini haqiqiy xaloskor deb bilmaydi. Munofiq esa Allohdan boshqa har narsaga sig‘inadi, yolg‘iz Allohga tavakkul qilmaydi. Mo‘min dinini pulga va mol-mulkka sotmaydi, oldin din-iymon, so‘ngra mol-mulk va puldir. Munofiq esa dinini pulga sotadi, uning uchun pul va mol-mulk dindan ham, iymondan ham ustun turadi. Mo‘min Allohdan boshqa hech bir zotdan qo‘rqmaydi, munofiq esa, Allohdan boshqa har kimdan qo‘rqadi. Mo‘min gunoh qilishdan saqlanadi, Alloh uchun ko‘z yoshi to‘kadi. Munofiq esa, gunoh qilishdan toymaydi, doimo kuladi. Mo‘min yolg‘iz qolib, qalbida Alloh sevgisini kuchaytirishni yaxshi ko‘radi. Munofiq yolg‘izlikni sevmaydi, tinimsiz insonlar bilan aralashib o‘tirishdan rohatlanadi. Mo‘min tuzatishni, islohni sevadi, buzg‘unchilikdan tiyiladi, munofiq esa buzg‘unchilikni sevadi va bu buzg‘unchilikning oxirida xayriya to‘plamoqchi bo‘ladi. Mo‘min faqat Allohning amri bo‘lgani uchun yomonliklarga to‘sqinlik qiladi, ezgu amallar qilinishini istaydi. Munofiq esa o‘z manfaatini ko‘zlab to‘sqinlik qiladi yoki buyuradi. Hatto yomon narsalarni tashviq qiladi, yaxshi narsalar yo‘liga g‘ov bo‘ladi. Shuning uchun ham Alloh buyuradi:
- Munofiq erkaklar va munofiq ayollar bir-birlaridandirlar (bir-birlarini davom ettiradilar).