Imom G'azzoliy. Mukoshafatul qulub  ( 221454 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 49 B


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:18:30

YAXSHILIKKA UNDASH - YOMONLIKDAN QAYTARISH

Alloh taolo Kur’oni karimda aytadi:
— (Ey ummati Muhammad), siz odamlar uchun (insoniyat uchun) chiqarilgan millatlarning eng yaxshisi bo‘ldingiz. Zero, siz yaxshi amallarga buyurasiz, yomon amallardan qaytarasiz va Allohga iymon keltirasiz. Agar ahli kitob ham iymon keltirganida edi, o‘zlari uchun yaxshi bo‘lardi. Ulardan mo‘minlari ham bor va (lekin) ularning ko‘plari itoatsiz kimsalardir (Ol-i Imron surasi, 110-oyat.).
Kalabiy (Kalabiy - to‘la ismi Abul-Nozir Muhammad al-Kalabiydir, asli Kufadan, keyinchalik Basrada Qur’on mufassiri bo‘lgandi. Vafoti 146/763 y.)derki:
— Bu oyat fazilat bobida Muhammad (s.a.v.) ummatining boshqa ummatlarga qiyosan egallagan o‘rnini bayon etadi. Oyatda bu ummatning hech shak-shubhasiz boshqa ummatlardan xayrliroq ekanini bildiruvchi dalil bor. Yana bu xayrlilik, boshqa ummatlarga solishtirilganda, ilk musulmonlar bilan oxir zamon musulmonlari orasida ham shunga o‘xshashdir. Sahoba fazilat bobida boshqa musulmonlardan qanchalik ustun bo‘lmasin, bari bir o‘zgarishga majburdir!
«Yaxshi amallarga buyurasiz, yomon amallardan qaytarasiz va Allohga iymon keltirasiz» jumlalari Muhammad ummatining ustunlik sabablarini ko‘rsatadi. Shunday bo‘lgach, ular faqat shu sifatlarga ega bo‘lgan chog‘laridagina xayrli bo‘la oladilar. Agar bu sifatlarni yo‘qotsalar, xayrlilik ulardan ketadi. Shu sababli biz bu oyatni o‘qiganda shunday xulosaga kelishimiz mumkin:
— Alloh Muhammad (s.a.v.) ummatini insoniyat uchun insonlarning eng xayrlisi qildi. Endi ular hammani yaxshilikka undashi, yomonlikdan qaytarishi kerak. Allohning adolati hukmron bo‘lishi uchun ular iymonsizlar bilan jihod olib boradilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:18:44

Shu sababli Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qiladilar:
— Insonlarning eng xayrlisi insonlarga foydali bo‘lganidir. Insonlarning eng yomoni insonlarga zararli bo‘lganidir.
«Allohga iymon keltirasiz» degani — Allohning birligini tasdiq etasiz va bu tasdig‘ingizga sobit bo‘lasiz, Hz. Muhammad (s.a.v.) ning Alloh Rasuli ekanligiga iqror bo‘lasiz va bu iqroringizda sobit turasiz, deganidir. Hz. Muhammad — Allohning Rasuli ekanligini tasdiq etmagan odam Allohga iymon keltirgan sanalmaydi. Chunki uni tasdiq etmaslik — u taqdim etgan mo‘‘jizalar Alloh tomonidan bo‘lmaganligi, uning o‘zi to‘qiganligini da’vo qilish demakdir.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) buyuradilarki:
— Qaysi biringiz Alloh rizosiga to‘g‘ri kelmaydigan biron xatti-harakatni ko‘rsangiz, uni qo‘lingiz bilan qaytarib ogohlantiring. Agar bu unga ta’sir qilmasa, tilingiz bilan bu harakat to‘g‘ri emasligini aytib, yo‘lga soling. Kimda-kim tili bilan ham, qo‘li bilan ham biron ish qilolmasa, loaqal bu harakatni ma’qullamaganini ko‘nglidan o‘tkazsin. Iymonlilarning eng zaif fe’li shudir.
Bu hadis yuzasidan ba’zi olimlarimiz shunday deydilar:
— Yomonlikka qo‘l tahdidi bilan mone’ bo‘lmoq amaldorlarga, til bilan mone’ bo‘lmoq, ya’ni ul xatti-harakatning yomonligini til bilan tushuntirmoq olimlarga, qalban ma’qullamaganini ko‘ngildan o‘tkazmoq esa avom tabaqasiga oiddir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:19:00

Ba’zi olimlarimiz bu borada shunday deydilar:
— Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, bir yomonlikning oldini olishga qo‘ldan kelgancha harakat qilish har bir inson uchun vojib.
Shuning uchun Alloh buyuradi:
— Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz, gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Shubhasiz, Allohning jazosi qattiqdir".
Yaxshilikni tashviq etmoq, xayrli ishlar qilishni osonlashtirmoq va imkon darajasida yomonlik va dushmanlik yo‘llarini bekitmoq «Yaxshilik yo‘lida hamkorlik» jumlasiga kiradi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir hadislarida buyuradilar:
— Kim, bid’at yo‘lidagi odamning bid’atiga mone’lik qilsa, Alloh uning qalbini o‘z himoyasiga oladi, iymon bilan to‘ldiradi. Kim, bid’at egasiga qarshi chiqsa, Alloh qiyomat kunining qo‘rquvidan uni xalos qiladi. Kim, biron kishini yaxshilik sari yo‘lga sololsa, yomonlikdan qaytarsa, u yer yuzida Allohning, Alloh Kitobining va Rasulining xalifasidir.
Huzayfa (Huzayfa - muhtaram ansorlardandir. Huzayfa-i Yamaniy ham deyiladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bilan ko‘p muloqotda bo‘lgan. Judataqvoli bir zot edi. Eron fathida qatnashgan. Hijriy 35 yilda vafot etgan.)da shunday naql bor:
— Shunday bir zamon keladiki, bir qism insonlarning fikricha, atrofda yaxshilikka undab, yomonlikdan qaytaruvchi odam qolmaydi, «eshak terisi» maqbul narsa deb hisoblana boshlaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:19:09

Hz. Muso so‘raydi:
— Ey Rabbim, mo‘min birodarini yo‘ldan qaytarib, unga yaxshilik qilishni va yomonlikdan qochishni tavsiya etgan odamning mukofoti nimadir?
Alloh buyuradiki:
— Unga butun kalimalar bilan bir yillik ibodat savobi yozaman va unga azob berishdan uyalaman.
Bir qudsiy hadisda Alloh buyuradiki:
— Ey Odamzot, tavbaga kechikkan, hoyu-havaslarga o‘ralashgan va oxiratga amalsiz quruq kelganlardan bo‘lma. Obidlarning aytganini aytib yuruvchi, lekin amalda munofiqlar ishini qilib yuruvchilardan bo‘lmaki, ular Allohning halolidan berganlariga qanoat qilmaydilar va harom bo‘lgan narsalarga yaqinlashishdan toymaydilar... Solihlarni sevaman deb, ularning axloqiga ega bo‘lmagan va munofiqlarni yomon ko‘raman deb, ular bilan birga yuradiganlardan bo‘lma. Birovni yaxshilikka undab, o‘zi yaxshilik qilmaydigan, yomon ishlardan qaytarib, o‘zi yomonlik qilishdan qaytmaydigan toifadan ham bo‘lma.
Hz. Alidan naql etiladi:
— Rasululloh (s.a.v.) dan eshitganman. Aytardilarki:
- Oxir zamonda isqirt tishli, aqlsiz shunday bir guruh odamlar yuzaga chiqadiki, ular yaxshilikdan gap sotadilar-u, lekin aytganlari yuraklarga ta’sir etmaydi. O’q nishonga tegmay, xato ketgani kabi ta’sirsiz qolaveradi va odamlar dindan chiqib ketadilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:19:17

Yana Rasululloh (s.a.v.) bir hadislarida aytadilar:
- Me’roj kechasi bir qism odamlarni ko‘rdim. Olovdan bo‘lgan qaychilar ularning dudoqlarini kesar edi. «Bular kimlar, ey Jabroil?» — deb so‘radim.
Dediki:
- Bular sening ummatingdan... boshqalarga yaxshilik qilishni o‘rgatganlari holda o‘zlarini unutgan xatiblardir.
Shu sababli Alloh buyuradi:
- Odamlarni yaxshilikka chorlab, o‘zlaringizni unutasizlarmi? Holbuki, o‘zlaringiz kitob (Tavrot) tilovat qilasizlar. Es-hushingizni yig‘ib olmaysizlarmi? (Baqara surasi, 44-oyat.)
Qancha-qancha insonlar Allohning kitobini o‘qiydilar. Istagini tushunadilar, o‘rganadilar, faqat amal qilmaydilar. Masalan, muhtojlarga va yetishmovchilikdan qiynalganlarga yordam berish kerakligini aytadilar, lekin o‘zlari bunday yordamga mayl ko‘rsatmaydilar. Yaxshilikka yo‘llay bilish va yomonlikdan qaytarish yaxshi, lekin ayni zamonda bu gapni aytgan odam o‘zi ham fe’lan shu asosda ish ko‘ruvchi musulmon bo‘lmog‘i har bir mo‘minga vojibdir. Alloh marhamat qiladi:
— Mo‘min va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar. Ular yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namozni to‘kis ado etadilar, zakot beradilar, Allohga va Uning Payg‘ambariga itoat qiladilar. Ana o‘shalarni Alloh yorlaqaydi. Shak-shubhasiz, Alloh qudratli (hech narsa uni va’-dasidan qaytarolmaydi), hikmatlidir (hech narsani hikmat bilan, o‘rinli ado etadi) (Tavba surasi, 71-oyat.).

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:19:26

Alloh «yaxshilikka buyuradilar» jumlasi bilan mo‘minlarni maqtaydi. Demak, «yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarishga harakat qilmaganlar» bu oyatda madh etilgan mo‘minlar toifasidan hisoblanmaydilar. Shuning uchun ham Alloh «Yaxshilik qilishni buyurib, yomonlikdan qaytarish uchun harakat qilmaganlar»ni ayblaydi:
— Ular bir-birlarini qilgan noloyiq ishlaridan qaytarmas edilar. Bu qilmishlari naqadar yomon ish! (Moida surasi, 79-oyat.)
Abu ad-Dardo (Abu ad-Dardo. Ansorlardan, Uvaymir nomi bilan ham tanilgan. To‘liq nomi Abu ad Dardo Uvaymir. U ibn Molikning olim va hakimlaridan edi. Paygambarimiz (s.a.v.) «Uvaymir - ummatimning hakimlaridandir» deb bildirganlar. Uhuddan boshlab barcha janglarda ishtirok etgan. 179 ta hadis rivoyat qilganlar. Vafoti m. 652 yil.) shunday deydi:
— Ey insonlar, siz odamlarni yaxshilikka undab, yomonlikdan qaytaring. Yo‘qsa, Alloh zolim bir hukmdorni boshingizga balo qilib yuboradi. Bu zolim na kattalaringizni hurmat qiladi, na kichiklaringizga marhamat ko‘rsatadi!.. Orangizda qolgan yaxshi odamlaringiz duo qiladilar, ammo duolari qabul bo‘lmaydi. Allohdan najot tilaydilar, ammo najot kelmaydi. Afv so‘raydilar, ammo afv qilinmaydilar.
Abu Zar G’ifforiy (Abu Zar G’iforiy (Jundub ibn Junoda) - ilk islomga kirganlarning beshinchisi bo‘lib, ilmda Ibn Mas’ud hazratlariga teng sanalardi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan 281 ta hadis naql etgan. Vafoti h. 31 y.) hikoya qiladi:
Abu Bakr dedi:
— Ey Allohning Rasuli (s.a.v.) butparastlar bilan qilingan urushdan boshqa jihod bormi?

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:19:32

Rasululloh (s.a.v.):
— Ha, ey Abu Bakr! Allohning yer yuzida shunday mujohid bandalari borki, shahidlardan ham fazilatlidirlar: yashaydilar, yeb-ichadilar va dunyo yuzida aylanib yuradilar. Alloh ko‘kdagi malaklardan ham ko‘ra ular bilan ko‘proq faxrlanadi, chunonchi, Ummu Salama Allohning Rasuli uchun bezansa, jannat ham ular uchun bezanadi.
Abu Bakr:
— Ular deganingiz kimlar, ey Rasululloh? Rasululloh (s.a.v.):
— Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarganlar, Alloh uchun sevib, Alloh uchun yomon ko‘rganlar! Mening nafsim Allohning kudratli qo‘lidadir, men Alloh nomiga ont ichib aytamanki, yuqorida aytilgan sifatlarga ega bo‘lgan kishi ko‘shklararo, shahidlarning ko‘shklari ustidagi ko‘shkda o‘tiradi. Har ko‘shkning uch yuz eshigi bo‘ladi. Eshiklar yokutdan va yashil zumraddan bo‘ladi. Har eshikda bir nur bo‘ladi. Bu ko‘shkning egasi uch yuz ming hurga uylanadi va bu hurlar yolg‘iz unga ko‘ngil beradilar. Hurlarning qay biriga nazar tashlasa, shu onda unga shunday deyiladi:
— Xotiringdami, falon kuni falonchi-falonchilarni yaxshilikka undagan, yomonlikdan qaytargan eding.
Yana hurlardan qay biriga iltifot ko‘rsatsa, o‘sha hur unga yaxshilikka undagan, yomonlikdan qaytargan chog‘larini xotirlatadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:19:40

Abu Ubayda ibn Jarroh (Abu Ubayda ibn Jarroh - Payg‘ambarimiz (s.a.v.) jannat va’da qilgan asharai mubashsharalardan biridir. Ilk musulmon bo‘lganlardan, Rasululloh s.a.v. bilan birga ko‘p urushlarda qatnashgan. Askarlarga sarkardalik qilgan. Hz. Umar xalifaligi davrida Suriyadagi qo‘shinning bosh qo‘mondoni bo‘lgan. Hijriy 18 yilda vabo kasalidan vafot etgan.) hikoya qiladi:
Rasululloh (s.a.v.) ga dedimki:
— Ey Allohning Rasuli (s.a.v.), Alloh huzurida shahidlardan qaysi biri sharafliroq?
Aytdilar:
— Zolim bir amaldorga qarshi chiqib, uni yaxshilik sari yo‘lga undagan va yomonlikdan voz kechishga chaqirgan va shu tufayli u zolim tomonidan qatl etilgan odam! Qatl etil masa ham, modomiki u zolim hukmdorga qarshi chiqqanidan keyin qanday yashaganidan qat’i nazar, qalam unga ortiq gunoh yozmas.
Bir zamonlar Alloh, Yusho Alayhissalom (Yusho alayhissalom — Muso alayhissalomdan keyin payg‘ambar bo‘lgan va 29 yil payg‘ambarlik qilgan hamda tarixiy asarlarda aytilishicha, ilohiy jazo sifatida 40 yil Tiyx sahrosida qolgan bani Isroil qavmini Allohning ma’rifati bilan sahrodan qutqarib olib chiqqan edi. O’zi Yusuf payg‘ambarning nevaralaridan bo‘lgani va miloddan avvalgi 1225 yilda Muso alayhissalomning yonida bo‘lgani, keyin 110 yil umr ko‘rgani aytiladi.)ga vahiy yuboradi:
— Ey Yusho, qavmingning yaxshilaridan qirq mingini, sharir (buzuq)laridan esa oltmish mingini halok etaman!
Yusho:
— Ey Rabbim, sharirlarni-ku tushundik, yaxshilarning gunohi ne?
Alloh:
— Chunki ular (yaxshilar) sharirlar bilan birga yeb-ichadilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:19:52

Anas ibn Molik (Anas ibn Molik - Payg‘ambarimiznint sahobalaridan, laqabi Abu Hamza. Taxminan hijriy 92 yidda 100 yoshida vafot etgan.) nakd etadi: Deydiki:
— Ey Allohning Rasuli (s.a.v.), o‘zimiz yaxshilik qilmasdan burun birovni yaxshilikka undamaylik, hamma yomonliklarimizni tark etmaguncha boshqalarga, yomonlik qilmang, demaylik. Yo bu gapimiz noto‘g‘rimi?
Marhamat qiladilarki:
— Yaxshilikning tagi mo‘l, hamma vaqt yaxshilik qilishga ulgurmaysiz, umuman, yaxshilik qilayotgan bo‘lsangiz, bas, boshqalarni yaxshilikka undayvering; o‘zingiz yomonliklarning hammasidan qutulmagan bo‘lsangiz ham, boshqalarni yomonlikdan qaytaring.
Salaflarning ba’zilari (ya’ni ba’zi bir o‘tmishda o‘tgan kishilar) o‘g‘illariga shunday nasihat qilishardi:
— Orangizda kimda-kim odamlarga yaxshilik qilish va yomonlikdan voz kechish kerakligini aytmoqchi bo‘lsa, o‘z nafsini sabr bilan qurollantirib olsin. Bu gapining savobini Allohdan kutsin. Kimki Alloh beradigan savob bilan kifoyalansa, odamlar tomonidan beriladigan nohaq javoblarning achchig‘ini his qilmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:20:07

SHAYTONNING DUSHMANLIGI

Kimki o‘zini mo‘min deb bilsa, olimlarni va solihlarni sevishi, ularning davra suhbatlariga qatnashi, bilishi shart bo‘lgan masalalarni so‘rab o‘rganishi, nasihatlarini olishi, yomon amallardan uzoqlashishi va shaytonni o‘ziga dushman deb bilishi vojibdir. Alloh buyuradi:
-Aniqki, shayton sizlarga dushmandir, bas, uni dushman tutinglar! Shak-shubhasiz u o‘z firqasini (ya’ni o‘ziga ergashgan kimsalarni) do‘zax egalari bo‘lishlari uchun da’vat qilur (Fotir surasi, 6-oyat).
Oyatni mana bunday deb tushunish kerak:
- Allohga itoat etish orqali shaytonga dushmanlik qiling. Allohga qarshi isyon qilib, shaytonga itoat etmang. Chin yurakdan, samimiyat bilan qilingan xatti-harakatlaringizda, sajiyalaringizda va ishonchlaringizda shaytondan qoching. Ishingizni aqlni ishlatib qiling. Chunki shayton amallaringizga qayta-qayta riyo aralashtiradi va yomon harakatlaringizni ko‘zingizga yaxshi qilib ko‘rsatadi. Shaytonning o‘yiniga tushmaslik uchun Alloxdan yordam talab qiling.
Abdulloh ibn Mas’ud hikoya qiladi:
- Bir kun Rasululloh (s.a.v.) bir chiziq chizdi va: «Bu — Allohning yo‘li!» — deb aytdi. Keyin bu chiziqning o‘ng va so‘l tarafiga yana bittadan chiziq chizdi va «Bular ham yo‘l, ularning har biri uzra shayton bor, u sizni shu yo‘llarga chorlaydi!» - dedi, so‘ngra shu oyatni o‘qidi:
— Albatta, mana shu mening To‘g‘ri yo‘limdir. Bas, shu yo‘lga ergashinglar. Boshqa yo‘llarga ergashmangizki, ular sizlarni uning (Allohning) yo‘lidan uzib qo‘yar, u (Alloh) shoyad taqvo qilsangiz deb sizlarni shunga buyurdi (An’om surasi, 153-oyat).

Qayd etilgan