SHAYTONNING DUSHMANLIGI
Kimki o‘zini mo‘min deb bilsa, olimlarni va solihlarni sevishi, ularning davra suhbatlariga qatnashi, bilishi shart bo‘lgan masalalarni so‘rab o‘rganishi, nasihatlarini olishi, yomon amallardan uzoqlashishi va shaytonni o‘ziga dushman deb bilishi vojibdir. Alloh buyuradi:
-Aniqki, shayton sizlarga dushmandir, bas, uni dushman tutinglar! Shak-shubhasiz u o‘z firqasini (ya’ni o‘ziga ergashgan kimsalarni) do‘zax egalari bo‘lishlari uchun da’vat qilur (Fotir surasi, 6-oyat).
Oyatni mana bunday deb tushunish kerak:
- Allohga itoat etish orqali shaytonga dushmanlik qiling. Allohga qarshi isyon qilib, shaytonga itoat etmang. Chin yurakdan, samimiyat bilan qilingan xatti-harakatlaringizda, sajiyalaringizda va ishonchlaringizda shaytondan qoching. Ishingizni aqlni ishlatib qiling. Chunki shayton amallaringizga qayta-qayta riyo aralashtiradi va yomon harakatlaringizni ko‘zingizga yaxshi qilib ko‘rsatadi. Shaytonning o‘yiniga tushmaslik uchun Alloxdan yordam talab qiling.
Abdulloh ibn Mas’ud hikoya qiladi:
- Bir kun Rasululloh (s.a.v.) bir chiziq chizdi va: «Bu — Allohning yo‘li!» — deb aytdi. Keyin bu chiziqning o‘ng va so‘l tarafiga yana bittadan chiziq chizdi va «Bular ham yo‘l, ularning har biri uzra shayton bor, u sizni shu yo‘llarga chorlaydi!» - dedi, so‘ngra shu oyatni o‘qidi:
— Albatta, mana shu mening To‘g‘ri yo‘limdir. Bas, shu yo‘lga ergashinglar. Boshqa yo‘llarga ergashmangizki, ular sizlarni uning (Allohning) yo‘lidan uzib qo‘yar, u (Alloh) shoyad taqvo qilsangiz deb sizlarni shunga buyurdi (An’om surasi, 153-oyat).