Bu mavzuda Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning ba’zi hadislari:
— Kim Allohning rizosi uchun bir ochni to‘yg‘azsa, uning uchun jannat vojibdir. Kimki bir ochning tamaddi qilishyga monelik qilsa, Alloh qiyomat kuni undan fazilatini olib qo‘yadi va uni azoblaydi.
— Saxiy kishi Allohga yaqindir, jannatga yaqindir, insonlarga yaqindir, jahannamdan uzoqdir.
- Baxil kishi Allohdan uzoqdir, jannatdan uzoqdir, insonlardan uzoqdir, jahannamga yaqindir.
- Allohning nazdida johil, lekin saxovatli kishi obid, lekin baxil kishidan sevimliroqdir.
- Qiyomat kuni bo‘lganda insonlarning to‘rt toifasi so‘roqsiz, savolsiz jannatga kiradi:
1. Ilmiga amal qilgan olim.
2. Alloh rizosi uchun hajga borgan va bundan keyin o‘lguncha hech yomonlik qilmagan kishi.
3. Islomiyatni tushuntirmoq va yoymoq maqsadida iymonsizlar bilan urushgan va shahid bo‘lgan kishi.
4. Halol mol-mulk orttirgan, so‘ngra riyoga berilmay va ko‘z-ko‘z qilmay, bu molini Alloh yo‘lida xarjlagan saxiy kishi.
Mana shular «oldin siz kiring», «siz kiring» qilib, bir-birlariga yo‘l bo‘shatib, bir-birlari bilan munoqasha qiladilar.
Ibn Abbos rivoyat qiladi:
Alloh Rasuli bildirdilar:
- Allohning shunday bandalari borki, boshqa bandalarining manfaati uchun ularga ko‘p ne’matlar beradi. Kim bu manfaatlar ustidan baxillik qilsa, Alloh u ne’matlarni olib, boshqasiga beradi.
- Saxovat jannat daraxtlari orasida shunday bir daraxtki, shoxlari bu dunyoda ko‘rinib turadi. Kim bu shoxlardan biriga yopishsa, u shox uni jannatga eltadi.