Imom G'azzoliy. Mukoshafatul qulub  ( 216054 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 49 B


Munavvara  07 Noyabr 2008, 12:29:52

NAMOZDA XUSHU
(Namozda o‘zini past tutib yolvorish)

Qiyomat kuni odam eng oldin namozdan so‘roq beradi. Agar namozini yaxshilab o‘qigan bo‘lsa, namozi va boshqa ezgu amallari qabul qilinadi. Namozini yaxshilab o‘qimagan bo‘lsa, namozi va boshqa amallari rad etiladi.
Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning namoz haqidagi hadislaridan ba’zilari:
— Farz namozi tarozuga o‘xshaydi. To‘g‘ri tortgan foyda ko‘radi (Namozini yaxshilab ado etgan kishigina mukofot ko‘radi).
— Ummatimdan ikki kishi turib, namoz o‘qiydi. Rukulari, sajdalari bir. Lekin bu ikki kishining namozlari orasida yer bilan osmoncha farq bo‘lishi mumkin.
Bu bilan Payg‘ambarimiz (s.a.v.) xushuga e’tibor berishni buyurganlar:
— Ruku bilan sajda orasida belini tekis tutmagan odamga Alloh qiyomat kuni nazar tashlamaydi.
— Kim to‘kis tahorat olib, ruku va sajdalarni o‘rinlatib, xushu ila vaqtida namoz o‘qisa, bu namoz oppoq bo‘lib, porloq bir suratda ko‘kka yuksaladi va egasiga shunday deydi:
— Sen meni kechiktirmay, vaqtida o‘qib qanday avaylagan bo‘lsang, Alloh ham seni shunday avaylasin!
 Kimki tahoratini chala qilib, rukularini va sajdalarini, xushu ila namozini vaqtida ado etmasa, uning namozi ham qop-qora holida ko‘kka chiqib, shunday deydi:
 — Sen meni qanday zoe etgan bo‘lsang, Alloh ham seni shunday zoe etsin.
 Alloh xohlagan vaqt masalasiga kelsak, bu xil namozlar bir eski latta singari, o‘ralib-yozilib, egasining sharpasidan achchiqlanib turadi.

Qayd etilgan


Munavvara  07 Noyabr 2008, 12:37:10

 — Insonlar orasidagi eng yomon o‘g‘ri namozidan o‘g‘irlagan kishilardir.
Ibn Mas’ud shunday deydi:
— Namoz o‘lchovlidir, to‘la ado etgan odam haqini ham to‘la oladi. Chalakam-chatti o‘qiganlar Allohning mana bu oyatini unutmasin:
O’lchov va tarozidan urib qolguvchi kimsalarga halokat bo‘lgay. Ular odamlardan (biron narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaktlarida esa kam qilib beradigan kimsalardir. (Mutaffifun surasi, 1-3-oyatlar.)
Ba’zi olimlar shunday deydi:
—Namoz o‘qiyotgan kishining holi tijoratchining holiga o‘xshaydi. Tujjor sarmoyasini butlab olmaguncha foydaga o‘tolmaydi. Namoz o‘qiyotgan kishi ham farz namozlarni yaxshilab ado etmaguncha nofila namozlari hukmga o‘gmaydi.
Namoz vaqti kelganda Hz. Abu Bakr shunday derdi:
 — Turing, Rabbingizning yoqqan olovini so‘ndiring (o‘chiring).
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qiladilarki:
— Namoz tavozudan iboratdir.
— Namoz o‘qiyotgan kishining namozi uni yomonliklardan qaytarmasa, uning bu namozi o‘zini Allohdan uzoqlashtirishdan boshqa narsaga yaramaydi.
— G’ofilning namozi uni yomonliklardan qaytarolmaydi.
— Necha-necha namozga turganlar borki, ularga charchoqdan boshqa hech nima qolmaydi.
Bu so‘zlari bilan Payg‘ambarimiz (s.a.v.) g‘aflatda namoz o‘quvchilarni nazarda tutganlar.
 — Kishi namozning ma’nosini idrok etib, qay darajada yaxshilab o‘qiy olsa, shu darajada savobdan nasibasi bordir.

Qayd etilgan


Munavvara  07 Noyabr 2008, 12:41:55

Ma’rifat ahli deyki:
— Namoz to‘rt narsadan iboratdir:
1. Bilib va ongli ravishda namoz boshlamoq.
2. Hayo bilan namozga turmoq.
3. Ta’zim qilmoq.
4. Namozni qo‘rqib bitirmoq. Ba’zi olimlar esa shunday deydilar:
 — Namoz o‘qiyotgan odam qalbini (xotirini) haqiqat uzra jamlamasa, qalbi bilan vujudini birlashtirmasa, namozi fosid (buzilgan) bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bildirdilarki:
 — Jannatda AFYON («keng» degan ma’noda -tarj.) nomli bir daryo bor. Ichida hurlar bor. Alloh ularni za’farondan yaratgan. Inju va yoqut marjonlarini o‘ynashadi. Yetmish
ming tilda Allohni tasbih etadilar. Ovozlari Dovud Alayhissalom ovozidan ham go‘zalroqdir. Bu hurlar shunday deydilar:
 —Biz namozini xushu ila va quvonib ado etganlar uchunmiz!
Alloh ham marhamat qiladi:
 — Namozni xushu ila va quvonib ado etgan kishini, o‘z makonimda olib qolaman. Mening ziyoratchilarimdan biri bo‘ladi.
Alloh bir vahiyida Hz.Musoga shunday degan edi:
 — Ey Muso, meni zikr etishni boshlagan paytingda shunday zikr etki, a’zolaring hurpayib ketsin. Meni zikr etganingda xushu va quvonch bag‘rida bo‘l. Meni zikr etganingda tilingdan chiqqan zikr qalbingning tubidan kelsin. Huzurimda turganingda kamtarin bo‘l. Menga yuragingda qo‘rquv, tilingda to‘g‘ri so‘z bilan murojot et!
Sahobalardan ba’zi birlari derki:
 — Qiyomat kuni insonlar, dunyoda o‘qigan namozlaridagi holga qarab hashr qilinadilar (to‘planadilar). Namozni xushu ila va bajonidil qilgan-qilmaganlariga va o‘qigan namozlaridan zavq olgan-olmaganlariga ko‘ra o‘sha shakl va o‘sha atvorda o‘rtaga chiqariladilar.

Qayd etilgan


Munavvara  07 Noyabr 2008, 12:47:32

Ey birodarim, bilib qo‘yki, Alloh, namozlarini xushu ichra va bajonidil ado etganlarni bir qancha oyatlarida madh etgan. Bu oyatlardan ba’zilari:
Darhaqiqat, mo‘minlar najot topdilar! Ular namozlarini xushu va tavozu bilan ado etadilar.( Mo‘minlar surasi, 1-2-oyatlar.)
Ular (barcha) namozlarini (vaqtida ado etib, qazo bo‘lishdan) saqlaguvchi kishilardir.( Mo‘minlar surasi, 9-oyat.)
Deydilarki:
 — Namoz o‘quvchilar ko‘p, lekin xushu bilan o‘quvchilar oz. Haj qiluvchi ko‘p, lekin qilgan haji uchun sadaqa bergan oz. Qush ko‘p, faqat bulbul oz. Olim ko‘p, lekin ilmiga amal qiluvchi ozdir. Namozda xushu va tavozuning o‘rni alohidadir va xushu namozning qabul qilinish shartidir. Namozning:
1. o‘rinli bo‘lgan shartlari;
2. qabul bo‘lish shartlari bordir.
Namozning o‘rinli bo‘lgan shartlari namozda farz bo‘lgan narsalarning zohiran ado etilishidir.
Namozning qabul bo‘lish sharti esa xushu va taqvodir, shuning uchun ham Alloh aytadi:
- Darhaqiqat, mo‘minlar najot topdilar! Ular namozlarini xushu va tavozu bilan ado etadilar. Alloh faqat taqvo egalaridangina qabul qiladi.(Moida surasi, 27-oyatning so‘ngi.)
Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning bir hadislari shundaydir:
— Kimki chin yurakdan Allohga yolvorib ikki rakat namoz o‘qisa, gunohlardan poklanib, onadan yangi tug‘ilganday bo‘ladi.

Qayd etilgan


Munavvara  07 Noyabr 2008, 12:57:03

Ey birodarim, bilib qo‘yki, xayolga kelib, kishi aqlini mashg‘ul qilib qo‘yuvchi turli fikrlar uning namozi g‘aflat ichida o‘qilishiga sabab bo‘ladi. U holda, xayolga kelgan bu mashg‘ul etuvchi fikrlarni daf etmoq lozim. Namoz o‘qilayotgan joy tinch bo‘lishi, e’tiborni bo‘luvchi ovozlar chiqarilmasligi, joynamozlarning o‘ta guldor-naqshdor bo‘lmasligi maqsadga muvofiqdir. Ko‘zni qamashtiruvchi guldor liboslar ham kishi e’tiborini bo‘ladi, namozning g‘aflatda o‘tishiga sabab bo‘ladi. Agar shunday narsalar kishi zehnini band etsa, ularni tashqariga chiqarish kerak. Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning hayotidan naql etilgan bir hodisa bu fikrimizni mustahkamlaydi.
Abu Jahm (Abu Jahm - Payg‘ambarimiz s.a.v.ning saxovatli sahobalaridan.) Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ga bir libos bergandi. Bu libosni kiyib namoz o‘qigan Payg‘ambarimiz (s.a.v.), namozdan so‘ng yechib:
— Buni Abu Jahmga oborib bering. Hozirgina namozda ko‘p xayolimni bo‘ldi, deb aytdilar.
Sahobalardan biri Abu Tolho (Abu Talha - Ashobi Kirom orasida qaxramonlar qatorida sanaluvchi jangchilardandir. To‘la nomi — Abu Talha Zayd ibn Sahldir. Paygambarimiz (s.a.v.)ga otilgan o‘qlarga ko‘ksini tutardi. 20 hadis rivoyat qilgan. Hijriy 34 yilda vafot etgandir.) o‘z bog‘ida namoz o‘qiyotgan edi. Daraxtdagi bir qush e’tiborini bo‘ldi. Necha rakat o‘qiganini unutdi. So‘ngra Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qoshiga kelib bo‘lgan voqeani aytdi va:
 — Ey Allohning Rasuli, bog‘imni sadaqaga beraman, —dedi
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) «Xohlaganingni qil!» — dedilar. .
Ulug‘larimizning ba’zi birlari shunday deydi: Namozni to‘rt narsa qiynaydi:
1. Chayqalmoq.
2. Yuzini silamoq.
3. Sajda qilayotganda xas-cho‘p va tosh-poshlarni surib qo‘ymoq
4. Ro‘parasida yo‘l bo‘lgan joyda namozga turmoq
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytdilarki:
 — Kishi namozini xushu bilan va bajonidil o‘qib, o‘ngga-so‘lga chayqalmasa, Alloh uning namoziga nazar tashlaydi.
Hz. Abu Bakr namozini qat’iyan xushu ila va bajonidil o‘qirdi. Namoz chog‘i turishlari doim bamisoli jonsiz bir daraxtni eslatardi.Ulug‘lardan ba’zi birlari ruku asnosida shunday tek- turar edilarki, chumchuqlar ularni jonsiz bilib, ustiga qo‘nardi.
Bulardan tashqari, aql taqozosiga ko‘ra, dunyo sultonlarining huzurida ta’zim bilan turiladi. Modomiki shundoq qilarkanmiz, sultonlarning sultoni bo‘lmish Allohning huzurida ta’zim bilan turish kerakmasmi?
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bildirdilarki:
— (Alloh buyuradi): Bandam, faqat unga men farz qilgan narsalarni ado etish bilangina o‘zini azobdan qutqarishi mumkin.

Qayd etilgan


Munavvara  07 Noyabr 2008, 13:00:58

G’IYBAT - GAP-SO’Z - IG’VO

Ey birodarim, bilib qo‘yki, Alloh, o‘zining Qur’onida g‘iybatning yomonligi haqida keskin aytib, g‘iybat qilganni o‘likning etini yeganga o‘xshatgandir.
Ey mo‘minlar, ko‘p gumonlardan chetlaninglar! Chunki ayrim gumonlar gunohdir! Bir-biringizning ayblaringizni kavlashtirmang va ayrimlaringiz ham ayrimlarni g‘iybat
qilmasin! Sizlardan biron kishi o‘zining o‘lgan birodarlarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi?! Ana, yomon ko‘rdingizmi?! (Bas, gunohi bundanda ortiq bo‘lgan g‘iybatni ham yomon ko‘ringiz!) Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qilguvchi, mehribondir.
(Hujurot surasi, 12-oyat.)
Alloh Rasuli (s.a.v.) buyuradilarki:
— Har bir musulmonning qoni, moli, iffati va nomusi boshqa musulmon uchun haromdir.
— G’iybatdan saqlaning! G’iybat zinodan ham yomondir. Zero, kishi zino qilib, oxiri tavba qilsa, Alloh afv etishi mumkin. Holbuki, g‘iybat qilganni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kechirishi qiyin. Faqat g‘iybat qilingan kishi kechirgandan keyingina afv etishi mumkin.
Derlarki:
 — G’iybat qilgan kishi maydonga bir to‘p qo‘yib, o‘ngu so‘lni zambarak o‘qidan sovurgan kimsaga o‘xshaydi. G’iybat qilganda, uning qilgan go‘zal amallari o‘ngga-so‘lga sovurilgan bo‘ladi. Kim musulmon birodarining nomiga dog‘ tushirish maqsadida uni g‘iybat bilan qiynasa,qiyomat kuni Alloh uni jahannam ko‘prigi ustida turg‘izadi. Qilgan g‘iybati qaytib olinmaguncha u o‘sha joydadir.

Qayd etilgan


Munavvara  07 Noyabr 2008, 19:16:50

— G’iybat birodaringning ortidan o‘zi eshitib qolsa xafa bo‘ladigan ayb-nuqsonini aytishingdir.Bu hadis ko‘p qamrovlidir. Kishining jismoniy kamchiligini, zoti, xatti- harakatlari, so‘zi, diniy va dunyoviy jihatlari, hatto libosi va ulovining qusurini aytmoq, uni kavlashtirmoq demakdir. Dastlabki sof musulmonlarning ba’zi birlari birov to‘g‘risida «Kiyimi qisqa yo kiyimi uzun!» tarzida aytilgan so‘zni ham g‘iybat deb hisoblaganlar. Shunday bo‘lgach, nega endi kishini xafa qiladigan so‘z aytilganda, bu g‘iybat bo‘lmasin?!
 Bir kun pakana bir xotin ba’zi bir masalalarni so‘ramoqchi bo‘lib, Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ni yo‘qlab keladi. Bilolmay qiynalib yurgan narsalarini bilib olib, chiqib ketgandan keyin, Hz. Oysha:
— Muncha ham pakana xotin ekan! — deb qoladi. Shunda Payg‘ambarimiz (s.a.v.):
— G’iybat qilding, ey Oysha! — deydilar.
G’iybatdan saqlaning! Chunki unda uch ofat bor:
1. G’iybatchining duosi qabul qilinmaydi.
2. Qilgan xayrli ishlari qabul etilmaydi.
3. G’iibatchining ustida gunohlar birlashadi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hamisha (gap tashuvchilik)ning yomonligi haqida shunday buyurganlar:
— Qiyomat kuni insonlarning eng yaramasi ikkiyuzlamachilaridir. Ikkiyuzlamachilar bu yerga kelib boshqacha so‘zlaydi, unga borib boshqacha gapiradi. Kim dunyoda shunday ikkiyuzlamachi bo‘lsa, qiyomat kuni uning olovdan ikki tili bo‘ladi.
— Unga borib bir turli, bunga kelib boshqa turli gapirib, buzg‘unchilik qilganlar jannatga kirmaydi.

Qayd etilgan


Munavvara  07 Noyabr 2008, 19:54:38

Hikoya qiladilar:
— Abullays Buxoriy hajga ketayotganda cho‘ntagiga ikkita pulni g‘amlab oladi va o‘ziga-o‘zi shunday shart qo‘yadi:
— Agar Makkaga ketayotganimda yoki u yerdan kelayotganimda birovni g‘iybat qilsam, shu ikki pulni sadaqa qilaman.
— Makkaga borib keladi, lekin ikki puli cho‘ntagida qoladi. So‘raganlarga shu javobni beradi:
— Yuz marta zino qilganimdan bir marta g‘iybat qilganimning gunohi yomonroqdir!
Abu Hafs Kabir (Abu Hafs Kabir — dastlabki islom faqihlaridan.) ham bu mavzuda shunday degan edi:
— Birovni ig‘vo qilishning gunohi bir ramazon ro‘zasini tutmaslikning gunohidan yomonroqdir.
Va ilova qiladi:
— Kim bir fiqh olimini ig‘vo qilsa, qiyomat kuni peshonasida «Bu, Allohning rahmatidan umid uzuvchidir!» deb yozilgan holda keladi.
Anas ibn Molik rivoyat qiladi:
— Alloh Rasuli (s.a.v.) bildirdilarki:
— Me’roj kechasi bir to‘da insonlarni ko‘rdim, tirnoqlari bilan yuzlarini timdalardilar va iflos narsalar yeyardilar. Jabroildan: «Bular kim?» — deb so‘radim. Dediki: «Bular dunyoda insonlarning go‘shtini yeganlar, g‘iybat qilganlardir!»
Abu Hurayra deydiki:
 — Sizlarning ba’zi birlaringiz musulmon birodaringizning ko‘ziga tushgan bir cho‘pni ko‘radiyu, o‘zining ko‘zidagi xodani ko‘rmaydi (ya’ni boshqalarning arzimagan mayda-chuyda kamchiliklarini titkilaydi, topadi va ig‘vo qiladi, lekin o‘zining undan kattaroq xato va kamchiliklarini ko‘rmaydi).

Qayd etilgan


Munavvara  08 Noyabr 2008, 14:42:18

Rivoyat qiladilarki:
— Salmoni Forsiy ko‘pincha Hz. Abu Bakr va Umar bilan safarda bo‘lardi va ularga yegulik hozirlar edi. Bir payt bir yerda qo‘nishdi. Lekin yeydigan hech vaqolari yo‘q edi. Hz. Abu Bakr bilan Umar Payg‘ambar(s.a.v.)ning yonida yegulik bir narsasi bo‘lsa olib kelish uchun Salmonni jo‘natdilar. Lekin u yerda ham yegulik bo‘lmagani uchun Salmon qo‘li bo‘sh qaytdi. Shunda Hz. Abu Bakr bilan Usmon:
— Agar Salmon suv olishga quduqqa borsa, quduqning suvi ham quriydi! — dedilar.
 Shunda Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ga ushbu mazmundagi oyat inzol bo‘lgan edi:
 —Ayrimlaringiz ham ayrimlarni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biron kishi o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi? Ana, yomon ko‘rdingizmi?!
Abu Hurayra nakl etadi:
— Alloh Rasuli dedilarki:
 — Kim dunyoda musulmon birodarining go‘shtini yesa (g‘iybat qilsa), Qiyomat kuni u kishining eti unga taqdim etiladi va «Ye buni o‘lik holida, chunki sen uni dunyoda tirikligida yeganding!» — deyiladi.
 Rasululloh (s.a.v.) bularni o‘qigandan so‘ng mana bu oyatni o‘qidi:
 —Sizlardan biron kishi o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi? (Mujohid - to‘la ismi Mujohid ibn Jabrdir. U tobe'inlarni ko‘rgan, ularning sahobalar haqidagi hadislarini yozib olgan, ularning hayotini kuzatgan hadischilardandir (vafoti hijriy 103 yil))
Jobir ibn Abdulloh Payg‘ambarimiz (s.a.v.) zamonida qilingan har qanday g‘iybat hididan sezilganligini aytadi.
Bu  zamonda g‘iybat oz bo‘lgani uchundir. Holbuki, bizning zamonamizda g‘iybat ko‘paygan, burunlar g‘iybat bilan to‘lgan va hidini farqlab bo‘lmaydi. Bu hol, ko‘nchilar bozoriga kirgan odamning holiga o‘xshaydi: iflos hidning o‘tkirligidan u yerda bir daqiqa ham turib bo‘lmaydi. Holbuki, ko‘nchilar u yerda bemalol ovqatlanishadi, yebichishadi, lekin aslo jirkanishmaydi. Bu jirkanch hid ularning burnini bezovta qilmaydi. Chunki yomon hid burunlariga yaxshigina to‘lib bo‘lgan. Mana, bizning kunlarimizda g‘iybat masalasi shundaydir.

Qayd etilgan


Munavvara  08 Noyabr 2008, 14:46:31

Alloh ogohlantirdi:
Barcha bo‘htonchi-g‘iybatchiga halokat bo‘lg‘ay. (Humaza surasi, 1-oyat.)
Bir daf’a Alloh Rasuli (s.a.v.) shunday buyurgandilar:
 — G’iybatdan saqlaning! Chunki g‘iybat zinodan ham yomondir.
Sahobalardan biri so‘radi:
 — Ey Allohning Rasuli, g‘iybat zinodan qanday qilib yomonroq bo‘lsin?
Rasul (s.a.v.) javob berdilar:
 — Zino qilgan kishi tavba qiladi, ortiq bu ishni takrorlamasa, Alloh tavbasini qabul etib, afv etishi mumkin. Holbuki, g‘iybat qilganni g‘iybat qilingan kishi kechirmaguncha Alloh ham uni afv etmaydi.
G’iybat qilgan odam g‘iybati tufayli g‘iybat qilingan odamga qaramdir. Avvalambor, Allohning haqidan qutulish uchun tavba qilishi, keyin yana g‘iybat qilingan kishining haqidan ham qutulish uchun undan rozilik tilashi vojibdir.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday ogohlantiradilar:
 — Kim musulmon birodarini ig‘vo qilsa, Alloh Qiyomat kuni uning yuzini orqasiga o‘girib qo‘yadi.
G’iybat qilgan kishining zimmasiga tushgan yuk shundan iboratki, u g‘iybat qilgan davrasidan turib ketmasdan burun va qilingan ig‘vo qilinganning qulog‘iga yetmasdan burun tavba-istig‘for qilsin, chunki qilingan g‘iybat, g‘iybat qilinganning qulog‘iga bormasdan avval tavbasi-istig‘for qilinsa, afv etiladi! Lekin, qilingan g‘iybat, g‘iybat qilinganning qulog‘iga yetib borgandan keyin afv etilmaydi, faqat ig‘vo qilingan kishi bilan rozilashgandagina afv etiladi. Ayni tarzda, uyli-joyli xotin bilan zino qilgan kishi xotinning eridan rozilik so‘rashi lozim. Uning roziligini olmasdan tavba qilgan bilan afv ololmaydi.
Namoz, zakot, ro‘za va haj singari ibodatlar esa tavba qilish bilan kishining ustidan olib tashlanmaydi. Vaqtida ado etilmagan bu xildagi ibodatlar qazosini ado etish bilan kishining zimmasidagi qarzi uzilgan bo‘ladi. Har narsaning to‘g‘risini eng yaxshi shaklda yolg‘iz Alloh biladi.

Qayd etilgan