Imom G'azzoliy. Mukoshafatul qulub  ( 221184 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 49 B


Munavvara  26 Dekabr 2008, 22:22:03

Ka’b al-Axborning shunday degani rivoyat qilinadi:
 — Agar Odam o‘g‘illari mendan zarracha ortiqroq Allohning qudratini sal yaqinroqdan bilgan bo‘lsalar edi, suv ustida yurar va shamol bilan birga uchar edilar. Allohni idrok etishdan ojizligiga iqror bo‘lgan zotning bu iqrorini iymon hisoblab, Rabbimizni yomonlik va yaramasliklardan pok bilaylik. Axir, Allohning ne’matlariga sazovor bo‘lgan kishining bu ne’matlar shukrini ado qilishdan ojizligiga iqror bo‘lishi ham Rabbimiz tomonidan «bandasining shukronasi» sifatida qabul qilinayotir-ku!
Mahmud Varoq (Mahmud Varoq - o‘rta asr arab shoirlaridan.) shunday deydi:

Ne’matiga shukrim ham ne’mat ekan, unda, Bu ne’matga ham mendan shukur vojib kunda.

Ne’matiga shukr etsang - Alloh lutfi fuzun,-Kunlaring ham, umring ham bo‘lar ekan
uzun.


Allohdan sevinch kelsa odam bahra olur, G’am ketidan muqarrar, savob kelib
qolur.


Sevinchda ham, g‘amda ham sirli ne’mat bordir, Vale akdi qosirga ummon-qita
tordir.


Kishi, Allohni tanigan zahoti o‘zining banda (qul) ekanligini tan olishi kerak: Qalbga iymon o‘rnashgan zahoti Allohga ibodat va itoat qilish vojib bo‘ladi.
Iymon ikki asosdan iboratdir:
1. Zohiriy iymon.
2. Botiniy iymon.

Qayd etilgan


Munavvara  26 Dekabr 2008, 23:10:54

 Zohiriy iymon inonganini til bilan aytishdan iboratdir. Botiniy iymon esa, yurakdan inonmoqdir. Mo‘minlar Allohga itoat va unga yaqinlik darajasiga qarab bir-birlaridan farqlanadilar. Iymon ularni bir boshpana ostiga oladi. Allohning hukmiga rozi bo‘lish, tavakkul etish, amallarni yolg‘iz Alloh uchun qilish bilan daraja jihatidan yuksalmoq va Rabbining marhamatiga noil bo‘lmoq borasida ayri-ayri darajalarga ega bo‘ladilar.
 IXLOS: kishi ado etgan ibodatlari va boshqa xayrli ishlari uchun Alloxdan mukofot kutmasligi kerak. Chunki kishining o‘zini ham, qilgan ishini ham yaratuvchi Allohdir. Agar kishi savob olish va azobdan qutulish orzusi bilan Allohga itoat etsa, bu tom ma’noda ixlosli iymon emas. Chunki, u o‘z manfaati uchun ishlaydi, deganidir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan rivoyat qilingan bir hadis shundaydir:
 - Orangizda birontangiz faqat qo‘rqqanidan ish qiladigan yomon it singari bo‘lmang. Ish haqi oldindan berilmasa ishlamaydigan mardikor singari ham bo‘lmang.
Alloh aytadiki:
- Odamlar orasida Allohga dinining faqat bir tarafidan tutib ibodat qiladigan kimsalar ham bor. Agar ularga yaxshilik yetsa xo‘p-xo‘p, bordiyu biron fitna-baxtsizlik yetsa, dindan yuz o‘girib ham keturlar. Undoq kimsa bu dunyoda ham, oxiratda ham ziyon ko‘rur. bu esa ochiq-aniq ziyondir.(Haj surasi, 11-oyat.)
 Allohning bizga atagan ko‘p ne’matlari va marhamatlari bor. Shuning uchun unga ibodat va itoat etishimiz vojib. Undan tashqari, asosan, itoat etganlarni mukofotlash, adashganlarni esa jazolash uchun Alloh ibodat qilishni bizga amr etgandir.

Qayd etilgan


Munavvara  01 Yanvar 2009, 16:51:53

TAVAKKUL: tavakkul ehtiyoj onlarida Allohga ishonmoq, zarurat paytlarida unga suyanmoq va musibat chog‘larida ko‘ngilni keng qilib, matonat ko‘rsatmoqdir. Allohga tavakkul qilganlar, har narsa Allohning taqdiri bilan sodir bo‘lishini biladilar. Sabablar esa Allohning hukmidadir. Tavakkul qilganlar ajdodlariga, avlodlariga, mollariga, mulklariga mag‘rur bo‘lmaydilar, ularga suyanmaydilar, ularga ishonib ketmaydilar. Faqatgina Allohning hidoyati bilan barcha ishlari, barcha mushkullarini Allohga havola qiladilar. Kim Allohga tavakkul qilsa, Alloh uning ehtiyojini qoplovchi bo‘ladi.
 RIZO: taqdiri ilohiy qay tarzda yuz bermasin, nafsning buni ma’qullashi, qismatga rizolik ko‘rsatishidir. Ba’zi olimlar shunday deydi:
 - Insonlarning Allohga eng yaqin bo‘lgani uning taqsimi ilohiysiga eng ko‘p rozi bo‘lganidir.
Mana bular ham ba’zi hikmat ahlining so‘zlaridandir:
 - Qanchadan-qancha sevintiruvchi narsalar borki, ular musibatdir, xastalikdir. Va qanchadan-qancha xastaliklar va qayg‘ular borki, ular xayrdir, shifodir.
Bir shoir shunday deydi:

Bordir senga ko‘z ko‘rmagan noz-ne’matlar, Ammo bular yog‘dirar ko‘p musibatlar.

Sabr qil, bor musibatda yorug‘lik ham, Har g‘am ichra bir sevinch bor, sevinchda g‘am.

 Bu mavzuda biz musulmonlarga Allohning ushbu oyati yetarlidir:
- Sizlar o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lgan narsani yoqtirmasligingiz va siz uchun yomon bo‘lgan narsani yaxshi ko‘rishingiz mumkin. Alloh bilur, sizlar bilmassiz.( Baqara surasi, 216-oyatdan.)

Qayd etilgan


Munavvara  01 Yanvar 2009, 17:09:01

Ey aziz o‘quvchi, bilib qo‘yki, odam kayfiyatiga qarab yashashni bir chetga otmaguncha chinakamiga Allohga itoat etgan bo‘lmaydi.
 Bu mavzuda hikmat ahllarining ba’zi so‘zlari shundaydir:

 - Qalb pardasi bilan pardalanmagan o‘git eng ta’sirli o‘gitdir. Dunyoga sig‘inish va kayfiyatga qarab yashash bir pardaga o‘ralish demakdirki, bu narsa qalbga haqiqat sevgisi kirishiga to‘sqinlik qiladi.

- Dunyo bir soatlidir, sen bu vaqt ichida Allohga itoat qil!

Abulvalid Bojiy (Abulvalid Bojiy - o‘rta asr arab shoirlaridan.) shunday deydi:

Nechun yurmay haq yo‘ldan, nechun xasis bo‘lay man? Bir soatli umr bu - Rabbim haqqin to‘layman!

Bir odam Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga derki:
— Men o‘limdan qo‘rqaman va nafratlanaman! Alloh Rasuli (s.a.v.) so‘radi
— Mol-mulking bormi?
Odam:
-Ha!
Alloh Rasuli (s.a.v.):
 — Yo‘qot molingni (o‘lmasdan oldin yaxshi ishlarga sarfla!) Chunki mol qayerda bo‘lsa, odam ham o‘sha yerda bo‘ladi.
Hz. Iso shunday deydi:
— Kishining yaxshiligi uch narsada ma’lum bo‘ladi:
1. Suhbatda. 
2. Qarashda.
3. Sukutda.


Qayd etilgan


Munavvara  01 Yanvar 2009, 17:13:29

Kimki so‘zlashganda ilohiy axloq asoslaridan tashqarida bo‘lsa, ishlari behudadir.
Kimki qarashlari ishga yaroqsiz bo‘lsa, nokerak yerlarda o‘ralashib yursa, xatolardan qutulolmaydi.
Kimki sukut qilgani holda, bu sukutini tafakkur yo‘lida ishlatmasa, ermak bo‘lishi muqarrardir.
Kayfiy yashashni tark etish dunyoviy fikrlarni va dunyo kayf-safolarini qalbdan haydash demakdir. Halol bo‘lmagan narsalarga nazar tashlashdan saqlanish kerak. Chunki, halol bo‘lmagan narsalarga qarash qalbni ma’nan o‘ldiruvchi bir o‘q, unga zulm etuvchi sultondir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday buyuradilar:
 — Halol bo‘lmagan narsalarga qarash naq Iblisning o‘qiga nishon bo‘lish demaqdir. Kim Allohdan qo‘rqqanidan halol bo‘lmagan narsalarga qarashni tark etsa, Rabbi unga shunday bir iymon beradiki, bu iymonning totini u qalbida his etadi.
Hikmat ahlining bu xususdagi ba’zi so‘zlari:

— O’ngda-so‘lda duch kelganga nazar tashlayverishning oxirida qattiq afsuslanishlar ko‘p bo‘ladi.

— O’ngu so‘lga qarayverish g‘ayriaxloqiy hodisalarni yuzaga keltiradi, insonni razil qiladi, jahannamda uzoq muddat qolishiga sabab bo‘ladi.


Ko‘zlaringga ega bo‘l. Agar ularni erkin qo‘yib bersang, axir bir kun seni yomonlikka olib boradi. Holbuki, ularga ega bo‘lsang, barcha boshqa a’zolaringga ham ega bo‘la olasan.
Aflotundan so‘raydilar:
 - Qalb uchun qay biri zararliroq: quloqmi (eshitilgan narsalarmi), yoki ko‘zmi (qarashlarmi)?
Aflotunning javobi:
 - Ko‘z ila quloq qalb uchun bir qushning ikki qanoti o‘rnidadir. Qush faqat qo‘sh qanot bilan ucha oladi, qo‘sh qanot bilan oyoqda tura oladi. Ba’zan qanotlardan birining patlari yulinadi, muvozanat buziladi. Shu tufayli zo‘rg‘a oyoqqa turadi (Quloq eshitgan luzumsiz, harom narsalar va ko‘z ko‘rgan luzumsiz, harom narsalar qalbga bir xil darajada zararlidir).

Qayd etilgan


Munavvara  01 Yanvar 2009, 17:36:43

Bir odam bir qulga qarab kular va uni mensimasmish. Buni ko‘rgan komil bir kishi u odamga shunday debdi:
 - Ey aqlsiz odam, ey qalbsiz odam, ey ko‘zlari ma’nan xarob bo‘lgan odam! Yelkangdagi yozuvchi va qilgan ishlaringni xatlab saqlab qo‘yuvchi farishtalardan uyalmaysanmi, qilayotgan ishlaring bari daftarga tushyapti-ku?! Ular senga qarab turiptilar, qilmishingga guvoh bo‘lyaptilar-ku?! Sen hozir bamisoli chuqur bir botqoqqa botayotib, atrofiga to‘plangan insonlarga ahamiyat bermayotgan kishiday, amallaringga shohidlik qilayotgan farishtalarga parvo qilmayapsan.
Qozi Erjoniy (Qozi Erjoniy - o‘rta asr turk-arab shoirlaridan.) shunday deydi:
Ey ko‘zlarim, bir boqish-la ko‘rdingiz-u naf, Qulatdingiz ayb jariga qalbimni to‘nab.
Ey ko‘zlarim, yuragimdan torting qo‘lingiz, Ikkovlashib bir kishiga hujum qildingiz,
Hz. Alining bir so‘zi esa bundaydir:
 - Ko‘zlar shaytonning tuzoqlaridir. Vujudga eng toza va eng shiddatli ta’sir o‘tkazuvchi a’zo ko‘zdir. Kim Rabbiga itoat qilib, a’zosini nafsining e’tiboridan qoldirsa, niyat qilgan amaliga yetishadi. Kim dunyo zavqlariga to‘yish uchun, a’zosini nafsining e’tiborida qoldirsa, niyatidagi amallarini o‘zi bekor qilgan bo‘ladi.

Inson nafsi poklanganda ibodat uchun,

Gunoh mayli yo‘qotganda tamoman kuchin,

A’zolari itoatni xush ko‘rgan palla,

Alloh unga bir ne’matni etgay havola.

U o‘ldirar a’zolarda hoyu-havasni

Va a’zolar jannat sari boshlar u kasni.

Qayd etilgan


Munavvara  19 Yanvar 2009, 16:12:57

Ibn Muborak (Ibn Muborak - Abdulloh ibn al-Muborak. Xurosonda hadis mavzusida asar yozish bilan shuhrat qozongan olimlardan.) shunday deydi:
 — Iymonning asosi Alloh tomonidan yuborilgan ilohiy axloq asoslarini payg‘ambarlar tasdiq etishidan iboratdir. Qur’on Allohning kalomi ekanligini tasdiqlagan inson unga amal qiladi. Bu amali uni Allohning azobidan qutqaradi. Haromdan qochgan kishi tavba qiladi, yomon fe’llarini tark etadi va go‘zal axloqli bo‘ladi. Halolidan topgan kishi taqvo sohibi bo‘ladi. Farzlarni chinakamiga ado etgan odam haqiqiy musulmon hisoblanadi. Tili to‘fi bo‘lgan odamning ko‘ngli ravshan bo‘ladi. Mazlumning haqini yemagan odamda qasosdan qo‘rqish bo‘lmaydi. Payg‘ambar (s.a.v.)ning go‘zal axloqiga tobe bo‘lganlarning amallari toza bo‘ladi. Amallarini yolg‘iz Alloh uchun ado qilganlarning amallari maqbul bo‘ladi.
Abu ad-Dardo Payg‘ambar (s.a.v.)ga derki:
— Ey Allohning Rasuli, menga o‘git bering!
Rasul (s.a.v.) shunday buyurdilar:
 — Halolidan top. Go‘zal amallar qil. Bir kun uchun bir kunning rizqini so‘ra. Nafsingni o‘ldir!
KIBR: ish qilishda kibrlanishdan saqlanish kerak. Chunki kibr (qilayotgan ishidan, amallaridan kibrlanish, mag‘rur bo‘lish) ofatlarning eng kattasidir, amallarni eng ko‘p fasodga (buzuqchilik, tartibsizlikka) duchor qiluvchi yomon bir fe’ldir. Amallari bilan kibrlangan kimsa, bu amali bilan Rabbiga minnat qilishga haqli bo‘lishni istayotgan bo‘ladi. Amalining qabul bo‘lishi yoki rad etilishi to‘g‘risida o‘ylamaydi. Egasini xorlik va noumidlikka sudragan ne-ne itoatsizliklar borki, hatto o‘shalar ham azizlikka va kibrlanishga da’vogar bo‘lgan ibodatlardan xayrliroqdir.

Qayd etilgan


Munavvara  19 Yanvar 2009, 16:19:27

RIYO. «Agar zolim-kofir kimsalar uchun Yerdagi bor narsa va u bilan birga yana o‘shaning mislicha narsa bo‘lsa, albatta, ular Qiyomat KUNidagi azobning yomonligidan, o‘sha (qo‘llaridagi bor narsalarini) to‘lov qilib berib yuborgan bo‘lur edilar. (Chunki u KUNda) Ularga Alloh tomonidan ular o‘ylab ham ko‘rmagan narsalar — azoblar ko‘rindi»(Zumar surasi, 47-oyat.), mazmunidagi oyatning tafsiri haqida shunday deyiladi:
 — Ba’zi insonlar bir qancha amallar qiladilar va dunyoda bularni yaxshi amallar deb biladilar. Holbuki, bular oxiratda biror yomon amal (gunoh) sifatida qarshilariga
chiqadi. Ba’zi eski din butun musulmonlar yuqorida mazmuni keltirilgan oyatni o‘qigan chog‘larida shunday deyishardi:
— Isnod riyokorlarga!
— Ular: Kim parvardigoriga ro‘baro‘ bo‘lishidan umidvor bo‘lsa, u holda yaxshi amal qilsin va Parvardigoriga bandalik qilishda biron kimsani (unga) sherik qilmasin (Kahf surasi, 110-oyatning bir qismi.), maolini keltirib, undagi oyatning «Parvardigoriga bandalik qilishda biron kimsani sherik qilmasin» qismini «Ibodatida riyo qilmasin» tarzida sharhlar edilar.
 Ibn Mas’uddan rivoyat qilinishicha, eng so‘ngi nozil bo‘lgan oyat shu maoldagi oyatdir:
(Barchangiz) Allohga qaytariladigan KUNdan qo‘rqingiz! So‘ngra har bir jonga qilgan amali uchun to‘la jazo beriladi va hech kimga zulm qilinmaydi.( Baqara surasi, 281-oyat.)
 Mo‘minning TAQVO sohibi bo‘lgan yo bo‘lmaganligi uch narsada ma’lum bo‘ladi:
1. Erishgan narsalari xususida TAVAKKUL qilsa,
2. Erishgan narsalari borasida HUSNI RIZO ko‘rsatsa
3. Yo‘qotgan va qo‘ldan chiqargan narsalari xususida HUSNI SABR ko‘rsatsa.

Qayd etilgan


Munavvara  19 Yanvar 2009, 16:26:27

Hikmatli bir so‘z:

Sabr qilgan vafoga erishar.

Ba’zi shoirlarning bu mavzudagi go‘zal she’rlari:

Sabr qilmog‘ing lozim tushsa boshingga balo,
Faryod chekma qarshingda paydo bo‘lsa-da yuho.
Agarki kelsa senga dunyoning bor ne’mati,
Demak, sabr qilgansan va senda bo‘lgan taqvo.
Nafsing bilan tinimsiz mujodala etgansan,
Endi to‘siq yo‘q, hamma yo‘l senga ravo.
Sabr murod eshigin ochquvchi kalitingdir,
Sobir bo‘lsang, sen uchun sabr sodiq itingdir.
Sabrli bo‘l, agarda uzaysa ham kechalar,
Sabr hatto yomonga baxt keltirgan nechalar.
Topilmagan narsalar sabr bilan topilar,
Jamiki kemtiklaring sabr bilan yopilar.
Iymonning eng mustahkam tutqichi erur sabr,
Shayton vasvasa solsa, undan qutqarur sabr.
Sabr tagi zar-oltin, insonni saqlar omon,
Yengiltaklikda esa insonga ko‘pdir ziyon.
To‘g‘ri, zamon g‘alvali! Bo‘lishi mumkin har ish!
Zamonning fitnalari boshingga solsa tashvish -
Darhol sabr ko‘ylagin ikkilanmay kiyib ol,
Zero, jannat bog‘iga sabr eltar bezavol.


Sabrning bir qancha tarmoqlari bor:
 1. Farzlarni to‘kis va o‘z vaqtida hamda davomli tarzda ado etishda sabr.
 2. Nafila ibodatlarini ado etishda sabr.
 3. Yoru birodarlaridan hamda qo‘shnilaridan o‘tkazilgan zulmlarga sabru bardosh.
 4. Balo bo‘lib kelgan xastaliklarga sabru bardosh.
 5. Kambag‘allashganda kambag‘allikka sabr.
 6. Ruhiy g‘alayonlarga, nafsning havoyi orzulariga, shubhali narsalarga, vujuddagi barcha a’zolarning har bir bema’ni istaklariga sabr, hokazo va hokazolardir.

Qayd etilgan


Munavvara  19 Yanvar 2009, 17:48:12

O’LIMNI XOTIRLASH

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) buyuradilar:
 — Zavq va o‘yin-kulgi orzularini sovutib qo‘yuvchi narsa (o‘lim)ni ko‘p xotirlang!
Hadisning sharhi bunday:
 — O’limni ko‘p xotirlab turing — nafsingizning zavq va o‘yin-kulgiga bo‘lgan mayli kesilsin. Shu tariqa Allohga yuzlaning.
Hz. Oysha Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan so‘raydi:
 — Ey Allohning Rasuli, shahidlar bilan birga yig‘ilishadigan biron shaxs bormi?
Rasululloh (s.a.v.):
 — Ha, har vaqt kecha-kunduz yigirma marta o‘limni xotirlagan kimsa shahidlar bilan birga yig‘ilishadi.
 O’limni ko‘p xotirlovchi kishi shahidlar bilan birga yig‘ilishadi. Chunki o‘limni ko‘p xotirlagan kishi o‘tkinchi dunyo hayotiga mag‘rur bo‘lmaydi, kimsaning haqini yemaydi va oxirat uchun hozirligini qiladi. O’limdan g‘ofil bo‘lmoq esa kishini dunyo zavqlariga ko‘milishga chorlaydi.
 — O’lim har musulmon uchun bir kafforatdir (qilingan gunohlarni yuvadigan badaldir).
 Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu hadislarida o‘zi ham, so‘zi ham to‘g‘ri, qo‘lidan ham, tilidan ham kimsaga zarar kelmaydigan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning pok axloqiga ega bo‘lgan hamda katta va ko‘pdan-ko‘p kichik gunohlar bilan kirlanmagan, faqatgina kichik va arzimas xatolari bo‘lgan haqiqiy musulmonlarni nazarda tutganlar. O’lim mana shu xil musulmonlarni gunohlardan tozalaydi, katta gunohlar qilmagani va farzlarni ham ado etgani uchun kichik va arzimas gunohlariga kafforat bo‘ladi.
Oto Hurosoniy hikoya qiladi:
 Bir kun Payg‘ambarimiz (s.a.v.) masjidga ketgandilar. U yerda bir guruh jamoat gaplashib-kulishib o‘tirardi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu guruhga xitoban buyurdilarki:
 — O'limni unutmang, o‘limni xotirlang. Borlig‘im qudrat qo‘lida bo‘lgan Allohning nomiga qasam ichib aytamanki, agar mening bilganimni bilsaydingiz, oz kulib, ko‘p yig‘lardingiz.
 Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning yonida bir odamdan gap ochadilar va madhu sano qiladilar. Rasululloh (s.a.v.):
— Do‘stingiz o‘limni yodga olarmidi? - deb so‘raydilar.
Uni madh etganlar: «Biz uning hech o‘limni yodga olganini eshitmadik», - deydilar.
Alloh Rasuli(s.a.v.):
 - U do‘stingiz siz madh etgan darajada emas, - deb aytdilar.
 Ibn Umar (Ibn Umar - Sahobai kirom. O’z asrida fatvoda barcha buyuklardan
biri edi. Hz. Umarning o‘g‘li.) hikoya qiladi:
 Bir kun biz o‘n kishi, Rasululloh (s.a.v.)ni ko‘rgani borgandik. Oramizdagi ansorlardan biri dediki:
 - Ey Allohning Rasuli, insonlarning eng farosatlisi va eng sharaflisi kimlar?
Javob berdilarki:
 - O’limni eng ko‘p yodga oluvchilar, eng ko‘p o‘limga hozirlangan kishilar!.. Mana, farosatlilar, sharaflilar shulardir. Shular dunyodan sharaf bilan o‘tadilar va oxiratda ham sharafli o‘rinni qo‘lga kiritadilar.

Qayd etilgan