Imom G'azzoliy. Mukoshafatul qulub  ( 221572 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 49 B


Munavvara  20 Yanvar 2009, 19:46:19

Hasan Basriy derki:
 — O’lim dunyo hayotini bir pul qildi. Shu tufayli farosatli insonlarga hech quvonish uchun imkon qoldirmadi.
Ibni abi Hoysama (Ibni abi Hoysama — muhaddislardan. O’limi hijriy 279 yil.) ham shunday deydi:
 — Mo‘min yetishishni orzu qiladigan o‘limdan ham xayrliroq yo‘qotish yo‘q. (O’lim aslida bir yo‘qotishdan iborat, ammo mo‘min unga yetishishni orzu qiladi, uning uchun bunday yo‘qotish har narsadan xayrliroqdir).
 Hikmat ahlidan biri do‘stlaridan biriga shunday xat yozgan ekan:
 — «Ey birodar, «Koshki o‘lsaydik» deb yolvorib ham o‘lolmaydigan qora kunlaring kelmasdan bu dunyoda o‘limdan ehtiyot bo‘l!». («... O’limdan ehtiyot bo‘l» - koinot nizomi buzilib, qiyomat boshlanganda bir to‘da insonlar o‘limni, o‘lishni, yo‘q bo‘lishni xohlaydilar, ammo o‘lolmaydilar. Bu haqda Allohning shunday buyrug‘i bor: «Darhaqiqat Biz sizlarni yaqin azobdan ogohlantirdik. U KUNda kishi o‘zi qilib o‘tgan narsani ko‘rur. Kofir kimsa: «Eh, koshki edi tuproqqa aylanib ketsam», deb qolur (Naba’ surasi, 40-oyat).)
 Ibn Siriyn ( Ibn Sirin - to‘liq ismi Muhammad ibn Sirin. Hadis ilmlari orasida eng ko‘p kamol topgan jarh va ta’dil (Payg‘ambarimiz (s.a.v.) haqida xotiralarini aytgan roviylarning rivoyatlari to‘g‘ri-noto‘griligini tadqiq etuvchi hadischilik tarmog‘i)ning ilk namoyandalaridan biridir. O’limi h. 110 y.)ning yonida o‘limdan gap ochilsa, jismonan o‘lganday bo‘lib qolardi.
 Xalifa Umar ibn Abdulaziz har kecha olimlarni yig‘ar, birgalikda o‘limdan, qiyomatdan va oxiratdan bahslashardilar, so‘ngra bamisoli oldilarida bir janoza borday yig‘lardilar.
 Ibrohim Tamimiy (Ibrohim Tamimiy - to‘liq ismi Ibrohim ibn Yazid Tamimiy. Bu
olim ham hadischilikning jarh va ta’dil tarmog‘i namoyandalaridan. O’limi h. 92 y.) shunday deydi:
— Ikki narsa meni dunyo zavqi va o‘yin-kulgisidan uzdi:
1. O’limni xotirlamoq.
2. Hisob-kitob chog‘ida Alloh huzuriga chiqmoq.

Ka’bning bir so‘zi esa mana bunday:
 — O’limni bilganga dunyo mashaqqat va musibatlari oson keladi.
 Xotinlardan biri Hz. Oyshaning huzuriga kiradi va o‘z yuragining toshligidan shikoyat qiladi. Hz. Oysha unga o‘limni ko‘p xotirlashni tavsiya etadi va shunday qilgan taqdirda yumshoq qalbli bo‘la olishini aytadi. Xotin shunday qiladi, haqiqatan yuragida bir halimlik (yumshoqlik) va salimlik (sog‘lomlik) paydo bo‘ladi. So‘ngra kelib, Hz. Oyshaga tashakkur bildiradi.

Qayd etilgan


Munavvara  20 Yanvar 2009, 19:51:34

TAVAKKUL - RIZQ

A’robiy so‘radi:
 — Ey Allohning Rasuli, tuyani bog‘laymi yoki erkin qo‘yib, tavakkul qilaymi?
Rasul (s.a.v.) buyurdilar:
— Bog‘lab tavakkul qil!
Yana Alloh Rasuli (s.a.v.) aytdilar:
 — Agar Allohga haqiqatan tavakkul qilsangiz bormi, u erta bilan och chiqib, kechqurun to‘q qaytgan qushlarni rizqlantirgani kabi, sizlarni ham rizqlantiradi.
 Shaqiq Balxiy rizqni ta’minlash uchun ishlamas, rizq topishga bahona izlamasdi. Bir payt haj sabab bo‘lib, Makkada Ibrohim ibn Adham (Ibrohim ibn Adham - hijriy 11 asrda yetishib chiqqan buyuk valiyullohdir. Otasi Balx podshohi edi. Allohning roziligi yo‘lida shahzodalikni, saltanatni tark etib, faqirlikni qabul etgan va butun umrini toat-ibodatda o‘tkazgan. Uning karomatlari tillarda dostondir. Imom A’zam (Hz. Abu Hanifa) bilan suhbat qurgan. Junayd Bag‘dodiy u haqda: «Ibrohim ilmlar kalidi» der edi.) bilan uchrashib qoldi. Ibrohim ibn Adham undan rizq topish uchun bunday harakat qilmasliginga sabab nima, deb so‘radi. Shaqiq Balxiy hikoya qildi:
 - Qachonlardir bir payt cho‘l sari yo‘lga chiqqandim. Cho‘l o‘rtasida qanoti siniq bir qushni ko‘rdim. Harakat qilmas, ucholmas edi. O’zim-o‘zimga: «Qani, ko‘raychi, bu qush qayerdan va qanday oziqlanarkin!» - dedim va bir oz nariroqda bekinib, kuta boshladim. Tuyqusdan og‘zida chigirtkasi bilan bir qush uchib keldi va chigirtkani qanoti siniq qushning og‘ziga soldi. Shundan keyin men ham o‘z-o‘zimga dedim:
 —Bu sog‘lom qushga bu qanoti siniq qushni ta’minlatgan Alloh meni ham ta’minlagay!
 Keyin ishlashni tashladim, faqat ibodat bilan band bo‘la boshladim. Shunda Ibrohim ibn Adham dedi:
 — Nechun sen nogiron qushni ta’minlovchi sog‘lom qush bo‘lmaysan? Harakat qiluvchi qush bo‘lsang yanada fazilatli va yanada sharafliroq bo‘larding! Eshitmaganmisan, Rasululloh (s.a.v.) shunday buyurganlarku: Bergan qo‘l olgan qo‘ldan xayrliroqdir. Hamda doimo har ishda har narsaning eng yuksak darajasiga tolib bo‘lmoq mo‘min uchun shon-sharaf hisoblanadi. Chunki Allohning solih bandalari martabaga faqat shu tarzda yuksaladilar.
 Ibrohim ibn Adhamning bu so‘zlarini eshitgan Shaqiq Balxiy yanglish yo‘lda yurganini anglab yetadi, uning qo‘lini o‘padi va: Sen mening ustozimsan! deydi.

Qayd etilgan


Munavvara  20 Yanvar 2009, 19:57:43

TAVAKKUL VA ASBOBGA TAVASSUL

(sabablarga tayanish, ya’ni rizq topishga bahona izlash) mavzuida juda muhim bir nuqta bor. U esa shundan iborat: Rizq ta’minoti uchun ishlanadi va asbobga tavassul etiladi (rizq topishga bahona izlanadi). Lekin bahonalar deganda «har narsa» tushunilmaydi. Rizqqa bahonai sabab bo‘lgan narsalarga aslo e’tibor berilmaydi, ularga bog‘lanilmaydi va ularning tepasida turib olinmaydi. Rizqni taqdir etgan Allohdir. Shunday bo‘lgach, kishining ko‘z tikkan joyi, rizq so‘raydigan ilohi faqat Alloh bo‘lmog‘i kerak. Buni oddiy bir misol bilan tushuntirib beray. Masalan, bir tilanchini olaylik va u haqda o‘ylaylik. Qo‘liga bir xurjun olib, o‘tgan ketganlardan bir narsalar to‘plab yuripti, deylik. Berilgan narsalar xurjunga solingan va xurjun rizq to‘plashga bir bahona bo‘lgani holda tilanchi hech xurjuni ichiga qaramaydi. Uning butun nazar e’tibori o‘ziga ehson berayotgan insonlarda bo‘ladi. Hadisda shunday buyuriladi: Kim insonlar orasida eng boyi bo‘lishni istasa, o‘z qo‘lidagidan ko‘ra Allohning nazdidagiga ko‘proq ishonsin va unga e’tiqod etsin!
Huzayfat ul-Maroshiy Ibrohim ibn Adham xizmatida bo‘lgan kishi edi. Bir kun undan Ibrohim ibn Adhamdan ko‘rgan eng ajoyib voqeani so‘zlab berishini iltimos qildilar. Huzayfa hikoya qildi: Bir marta Makka yo‘lida kunlarcha qolib ketdik. Yeyishga hech vaqo topolmasdik. Keyin Kufaga ketdik, xarob bir masjidga qo‘ndik: Ibrohim ibn Adham menga qarab: «Ey Huzayfa, och ko‘rinasan!» - dedi. Men esa: «Ulug‘ ustozimga shunday ko‘rinayotgandir!» - dedim. u: «Menga bir qalam bilan qog‘oz keltir!, - dedi. Men qalam va qog‘oz keltirdim.
«Bismillah»dan keyin Hazrat: «Har holu korda maqsud etganim sensan, har ma’noda ishorat etganim ham sensan!» - jumlalarini yozdi. Shundan so‘ng shu satrlarni ilova qildi:
Men hamd etgan, men shukr etgan, men zikr etgan Yor,
Men ochmanu, men xarobman, ammo menda or,
U oltita, men qoplayman naq yarmisini,
Ey Allohim, sen ham qopla qoq yarmisini.
Bularni yozgandan so‘ng, qog‘ozni menga uzatdi va:
— Bor, qalbingni Allohdan boshqa hech kimga bog‘lama va ro‘parangdan chiqqan birinchi odamga qog‘ozni ber! dedi. Men chiqdim, ko‘chada kaminaga birinchi uchragan odam xachir mingan bir kishi edi. Qog‘ozni unga uzatdim. Oldi, o‘qidiyu, yig‘lay boshladi. So‘ngra: «Buni yozgan odam qayerda?» deb so‘radi. Men: «Falon masjidda!» dedim. Menga ichida 600 dinor puli bo‘lgan bir hamyon uzatdi. U ketgach, boshqa bir odamni ko‘rdim va undan xachir mingan kishi kimligini so‘radim. Menga javoban: «Bir nasroniy kishi!» dedi. Keyin masjidga keldim, yuz bergan hodisani Ibrohim ibn Adhamga so‘zlab berdim. «U pulga teginma, bir ozdan keyin bu yerga keladi egasi!» dedi. Haqiqatan bir soatdan keyin, o‘sha nasroniy keldi, Ibrohim ibn Adhamning qo‘lini o‘pdi va musulmon bo‘ldi.

Qayd etilgan


Munavvara  20 Yanvar 2009, 20:03:50

DUNYO HAYOTI

Ilohiy kitob bo‘lmish Qur’onning asoslariga va payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning axloqiga noloyiq tarzda hayot kechirishni qoralovchi oyatlar juda ko‘p. Qur’oning juda ko‘p oyatlari shu xususda to‘xtaladi, odamlarni kayfiyatga qarab yashashdan uzoqlashishga undaydi va ilohiy axloq asoslariga muvofiq hayot kechirishga da’vat etadi. Payg‘ambarlarning g‘oyasi ham shudir. Ular faqat insonlarni ilohiy axloq bilan yashashga chaqirish uchun Alloh tomonidan yuborilgandirlar.
Biz o‘quvchilarimizda zarracha ham shubha qoldirmaslik maqsadida Qur’ondan bu mavzudagi ayrim oyatlardan parchalar keltiramiz:
Bilinglarki, bu dunyo hayoti faqat o‘yin-kulgi, zeb-ziynat, o‘rtalaringizdagi o‘zaro maqtanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko‘paytirishdir, xolos. U xuddi bir yomg‘irga o‘xsharki, u sababli ungan o‘t-o‘lan kofirlarni hayratga solur. So‘ngra u qurir, bas, uni sarg‘aygan holda ko‘rursiz. So‘ngra u quruq cho‘p bo‘lib qolur. Oxiratda esa (o‘sha to‘rt kunlik dunyoga aldanib qolganlar uchun) qattiq azob va (iymon e’tiqod bilan o‘tganlar uchun) Alloh tomonidan mag‘firat va rizolik bordir. Dunyo hayoti esa faqat aldaguvchi matodir(Hadid surasi, 20-oyat.)
Mol-mulk, bola-chaqa dunyo hayotining ziynatidir. Parvardigoringiz nazdida esa abadiy qolguvchi yaxshi amallar savobliroq va orzuliroq (orzu qilishga arzirliroq)dir ( Kahf surasi, 46-oyat.)
Kofir bo‘lgan kimsalarning qilgan amallari sahrodagi sarobga o‘xshaydi. Tashna bo‘lgan odam uni suv deb o‘ylar, toki, qachon uning oldiga kelgach, hech narsa emasligini ko‘rur va Allohni qilgan amalining oldida topur. Bas, u Zot uning hisob-kitobini komil qilur. Alloh juda tez hisob kitob qilguvchidir (Nur surasi, 39-oyat.).
Ko‘rinib turibdiki, oyatlar g‘oyat ravshan va aniq. Endi biz faqat bu mavzudagi hadislar bilan bir qatorda ba’zi buyuklarimizning so‘zlarini qayd etamiz.
— Bir kuni Payg‘ambarimiz (s.a.v.) yo‘l ustida o‘lgan va axlat uyumiga tashlangan bir qo‘yni ko‘rdilar. Yonidagi sheriklariga: «Nima deb o‘ylaysiz, shu qo‘yning egasi uchun biron qiymati bormi?» - dedilar. Ular: «Qiymati yo‘qki, tashlab yuborgan!» - deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) aytdilarki: «Borlig‘im qudrat qo‘lida bo‘lgan Alloh nomiga qasam ichib aytamanki, ilohiy axloq asoslariga nomuvofiq o‘tkazilgan dunyo hayotining egasi ham Alloh uchun qiymatga ega emas. Agar Qur’on asoslariga rioya qilmay o‘tkazilgan dunyo hayotining Alloh uchun xira pashshaning qanotichalik qiymati bo‘lsaydi, iymonsizlarga bir yutum ham suv bermasdi».

Qayd etilgan


Munavvara  20 Yanvar 2009, 20:08:22

— Qur’onning va Payg‘ambar (s.a.v.)ning axloq asoslariga moslashmay o‘tkazilgan dunyo hayoti mo‘min uchun zindon, kofir uchun esa jannat.
— Dunyo va dunyoda Alloh rizosi uchun qilinmagan har narsa la’natga loyiqdir.
Abu Muso Ash’oriy (Abu Muso Ash’oriy - hadisning yozilishini xush ko‘rmagan bir qator sahobiylardan ham rivoyatlar bor Shunday sahobiylardan biri Abu Muso al-Ash’oriydir. Ash’oriy kabi sahobiylar odamlar hadis yozish bilan shug‘ullanishsa, Qur’oni karimdan uzoqlashib qolishlari mumkin deb qo‘rqar, shuning uchun ham Rasululloh (s.a.v.) haqidagi ko‘pdan-ko‘p bilimlarini aytmasdilar. Shunga qaramay, Abu Muso Ash’oriydan taxminan o‘n sahifalik hadis yozib olishga muvaffaq bo‘lganlar. Vafoti hijriy 50 yil.) hikoya qiladi:
— Rasululloh (s.a.v.) marhamat qildilarki:
— Kim dunyosini sevsa, oxiratiga zarar beradi. Kim oxiratini sevsa, dunyosiga zarar beradi. Abadiy bo‘lgan narsaga o‘tkinchi bo‘lgan narsa yetolmaydi. Yana Alloh Rasuli (s.a.v.) bildirdilar:
— Har bir xato ilohiy axloq asoslariga to‘g‘ri kelmaydigan harorat (hayajon)lardan tug‘iladi.
Zayd ibn Arqom (Zayd ibn Arqom — Bani Mustalik jangidan keyin Madinada muhojirlar (Payg‘ambar (s.a.v.) bilan Madinaga kelgan makkaliklar) va tub aholi (madinaliklar), ya’ni ansorlar o‘rtasida chiqqan ixtilof chog‘ida Rasululloh (s.a.v.)ga sadoqatini ko‘rsatgan sahoba.)hikoya qiladi:
— Bir safar Abu Bakr bilan birga edik. U suv isitadi. Abu Bakrga suv o‘rnida asal sharbati keltirishdi. Ichmoqchi bo‘lib og‘ziga olganda, yig‘ladi. Yonidagilarni ham yig‘latdi. Ular bir ozdan so‘ng tinishdi, ammo Abu Bakr tinmadi, yig‘lashda davom etaverdi. So‘ngra ichmoqchi bo‘lib, yana og‘ziga oldi va yana yig‘ladi. Yonidagalar uning bu holini tushuna olmay: «Ey Rasululloh (s.a.v.)ning xalifasi, seni yig‘latgan narsa nima?» - deb so‘radilar. Abu Bakr izoh berdi:
 «Men Rasululloh (s.a.v.) bilan birga edim. U o‘zidan bir narsani daf etmoqda, uzoqlashtirmoqda edi. Holbuki, yonida menga hech narsa ko‘rinmas edi. «Ey Allohning Rasuli, dedim, - o‘zingizdan uzoqlashtirmoqchi bo‘layotgan narsangiz nima? (nimani haydayapsiz?)» Dediki: «Bu dunyo hayoti menga tamsil holida ko‘rsatildi. Men unga: «Mendan uzoqlash!» dedim. Uzoqlashdi, so‘ngra qaytib kelib: «Sen mendan qochyapsan, lekin sendan keyingilar mendan qochmagay» - dedi.
 Yana Alloh Rasuli (s.a.v.) boshqa bir hadislarida shunday dedilar:
 G’aroyibdan g‘aroyib kimsalarning holi shunday bo‘ladiki, oxirat hayotini tasdiq etadilarda, dunyo hayotini Alloh qo‘ygan axloq asoslariga moslashib o‘tkazmaydilar.

Qayd etilgan


Munavvara  20 Yanvar 2009, 20:15:49

 Payg‘ambarimiz (s.a.v.) supurindi yonidan o‘tayotgan edilar. Birdan supurindi tepasida to‘xtadilar va: «Dunyo hayotiga keling!» - deb ovoz berdilar. So‘ngra supurindidan chirigan bo‘z parchasi hamda chirigan suyak olib: «Mana, dunyo hayoti, bu dunyoga oid ziynatlar shu lattaday chiriyajagiga, bu esa siz har kuni ko‘radigan go‘zal insonlar vujudi shu chirigan suyak holiga kelajagiga ishoratdir!» - deb aytdilar.
 Dunyo hayoti shirin bir holvadir. Alloh sizni yer yuzida o‘zi o‘rniga xalifa qildi, qanday yashab, qanday amal qilishingizga qaraydi.
Iso Alayhissalom shunday deydi:
 — Dunyoga sig‘inmang, u sizni qul qilib olmasin! Go‘zal axloqli bo‘lish va go‘zal amallar qilish yo‘li bilan Alloh yonida bir xazina tayyorlang. Bu dunyo uchun xazina to‘plaganlarning xazinasi ofatga mubtalo bo‘lishidan qo‘rqqulikroqdir. Holbuki, Alloh yonida xazina tayyorlaganlarning xazinasi tufayli ofatga mubtalo bo‘lishdan qo‘rqish yo‘q. Yana Hz. Iso havoriylariga xitoban deydiki:
 — Ey havoriylarim, sizlar uchun men dunyoni kabob ayladim. Uni mendan so‘ng takroran tiriltirmang. Dunyoda kayfiyatga qarab yashash Allohdan norozilikka sabab bo‘ladi. Yana oxirat sevgisi va qayg‘usi faqat dunyoda kayfiyatga qarab yashashni tark etish orqali hosil bo‘ladi. Ey havoriylarim, bu dunyodagi hayot ko‘prigidan Alloh qo‘ygan axloq asoslariga moslashgan holda o‘tingiz. Ilohiy qonunlardan uzoqlashmang, kayfiyatga qarab hayot kechirmang. Bilingizki, har xatoning ibtidosi Allohning yo‘rig‘iga moslashmaslikdadir. Ko‘pincha bir soatlik havoyi yashash havoyi yashayotgan kishini orzu-havaslar sari surgaydi. Dunyo siz uchun yozib qo‘yildi, siz esa uning ustiga o‘tirdingiz. U yerda zolim davlat kishilari va xotinlar sizlar bilan olishmasinlar. Kanda qilmay ro‘za tuting va to‘kis ibodat qiling, shu yo‘l bilan xotinlar bilan qilinadigan gunohdan saqlanasiz. Dunyo shunday bir narsaki, siz uni izlaysiz, u ham sizni izlaydi. Oxiratga talabgor bo‘lgan kimsani dunyo quvib yuradiki, dunyoda rizqi tamom bo‘lsin. Dunyoga talabgor bo‘lgan kimsani oxirat izlab yuradiki, o‘lim kelib, tezroq yoqasidan olsin.
 Muso ibn Yasor (Muso ibn Yasar - sahobalardan.) rivoyat qiladi:
- Rasululloh (s.a.v.) bildirdilarki:
 Molning ko‘pligi sizni aldaydi. Odamzot: «Molim, molim!» - deydi. Sizning yeb tugatganingizdan, kiyib eskirganingizdan va yoxud sadaqa qilib mangulikka erishganingizdan boshqa molingiz bormi? (Odamzotni boqiy qiladigan, ya’ni umrbod «molim» desa bo‘ladigan narsasi: bergan sadaqalari, qilgan ezgu amallari va hokazolardir).

Qayd etilgan


Munavvara  23 Yanvar 2009, 19:21:28

Dunyo uyi yo‘qning uyidir, moli yo‘qning molidir. Dunyoda faqat aqlsizlar mas’uliyatni unutgan holda mol-boylik to‘playdilar. Dunyoda faqat ichi qora johillargina musulmon birodariga dushmanlik qiladi! Dunyoda faqat haq-huquq qayg‘usidan bexabarlargina musulmon birodariga HASAD qiladilar. Faqat dunyo uchun shukursiz kishilargina ochko‘zlarcha o‘lib-tirilib yotadilar.
 — Kimning saharlab turgan zahoti eng katta qayg‘usi dunyo va dunyolik bo‘lsa, uning Alloh nazdida hech bir qiymati yo‘qdir. Undan tashqari Alloh uning qalbiga to‘rt narsani tashlaydi:
 Qalbiga QAYG’ULI BIR FIKR tashlaydiki, undan abadiyan qutula olmaydi.
 Bir MASHG’ULLIK tashlaydiki, xayrli ishlar qilay desa, hech undan qutulishga vaqt topolmaydi.
 Ichiga bir KAMBAG’ALLIK TUYG’USI tashlaydiki, qancha topib tutmasin, baribir qanoatlanmaydi.
 SO’NGSIZ ORZU-HAVAS beradiki, hech oxiriga yetolmaydi.
Abu Hurayra hikoya qiladi:
— Rasululloh (s.a.v.) menga dedilarki:
 — Ey Abu Hurayra, dunyoni ipidan ignasigacha senga ko‘rsataymi? Men: «Ha, ko‘rsating, ey Rasululloh!» - dedim. Qo‘limdan tutdilarda, Madinaning daralaridan biriga yetaklab bordilar. U yerda: insonning bosh suyaklari, ichak-chavoqlari, lattaga aylangan bo‘z parchalari va chirigan suyaklar uyulib yotgan bir axlat tepa bor edi. Alloh Rasuli (s.a.v.): «Ey Abu Hurayra, - dedilar, bu bosh suyaklar ham sizlar kabi tirik edilar, orzu-havaslari ham sizlarnikiga o‘xshardi. Bugun esa ular terisiz bir suyak, xolos. Keyinroq bular ham chirib, tuproq holiga keladilar. Anavi ichak-chavoqlar qanday topsalar topib (harom-harish), me’dalarni to‘latib yegan-ichgandilar. Anov eski latta, bo‘z parchalari ular kiygan liboslar edi. Endi ularni bu yerda shamollar o‘ynayotir. Bu suyaklar esa, ular foydalangan hayvonlarning suyaklaridir. Kim bu dunyo dardida yig‘lamoqchi bo‘lsa, yig‘layversin!» Rasululloh (s.a.v.)ning bu so‘zlaridan keyin yig‘imizning keti uzilmadi, borgan sari kuchayaverdi.
Dovud ibn Hilol (Dovud ibn Hilol - o‘rta asr tafsirchilaridan.). deydiki:
Ibrohim Alayhissalomning sahifalarida(Sahifalar (Suhuf) — Kitob inzol bo‘lmagan payg‘ambarlarga kelgan Alloh amrlari.). shunday yozilgan edi:
 — Ey Dunyo, sen men (Alloh) o‘rtaga qo‘ygan axloqiy asoslarimga moslashganlar kabi haqirsan, ammo men ular uchun seni ziynatladim, faqat ularning qalbiga senga sig‘inmaslik asoslarini soldim. Ular sening ustingda kayfiyatga berilib yashamaydilar, men o‘rtaga qo‘ygan axloq asoslariga tobe bo‘ladilar. Ey ilohiy axloq asoslariga rioya qilmaydigan DUNYO HAYOTI! Men sendan ham haqirroq biron narsa yaratmadim. Sen har qanday holda ham kichiksan. Oddiysan. Yo‘q bo‘lishga mahkumsan, seni yaratgan kunim hech kimsaning senga abadiy ega bo‘lmasligiga hukm chiqardim.
Sen tufayli baxillik va xasislik bilan naqadar xush kayfiyatda yashamasinlar, baribir... O, naqadar baxtli bo‘lg‘aylar qalblari to‘g‘ri bo‘lgan kimsalar!.. Ana o‘shalargadir mening barcha mujdalarim!.. Mening yonimga kelgan chog‘larida katta mukofotlarimga sazovor bo‘lajaklar. Qabrlaridan turgan vaqtlarida ularning oldlari yorug‘ bo‘lajak. Ularni
rahmatimga yetishgunlaricha farishtalar ziyorat qilajaklar!

Qayd etilgan


Munavvara  23 Yanvar 2009, 19:28:15

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) buyurdilar:
 — Qiyomat kuni bir talay insonlar keladilar, tog‘ kabi orzu-havaslari bor. Jahannamga o'tilishlari amr qilinadi. Sahoba so‘radi:
— Ular namoz o‘qisharmidi? Rasul javob berdilar:
 — Ha, namoz o‘qishar, ro‘za tutishar va kechalari yig‘lashardi. Lekin dunyoviy manfaat masalasi ko‘ndalang bo‘lgan zahoti sakrab o‘rinlaridan turib ketar va Allohni unutardilar.
 Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir xutbasida shularni aytgan edilar:
 — Mo‘min odam ikki qo‘rquv, ikki ajal orasidadir. Bulardan biri moziy - o‘tmishdir. Bunda Alloh o‘zi haqda qanday hukmlar berganini bilmaydi. Biri yana o‘sha mangulikdir. Lekin yana u Alloh nima hukm qilajagini ham bilmaydi. Inson o‘z nafsi bilan o‘zi uchun oziq (oxirat uchun) hozirlasin. Dunyoda oxirati uchun, umr bo‘yi o‘limi uchun, yoshligida keksaligi uchun hozirlik ko‘rsin! Chunki dunyo siz uchun yaratildi. Siz esa dunyoda oxiratga hozirlik qilasiz.
Borlig‘im qudrati qo‘lida bo‘lgan Alloh nomiga ont ichib aytamanki, o‘limdan keyin hayot mashaqqati yo‘q. Dunyodan keyin yolg‘iz jannat va jahannam hayoti bor.
 Rivoyat qilinishicha, Jabroil alayhissalom Hz. Nuhdan so‘raydi:
 — Ey payg‘ambarlarning eng uzun umr ko‘rgani! Dunyo hayoti haqida qanday xulosaga kelding? Nuh alayhissalom shu javobni beradi:
 — Ikki eshikli uyga o‘xshaydi!.. Biridan kirdim, boshqasidan chiqdim.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday buyurdilar:
 — Dunyo hayotiga e’tiborli bo‘ling. Zero, u Horut va Morut (Horut va Morut — Bobil xalqiga azobdan saqlanish uchun sehr o‘rgatgan ikki sehrgar, mohir sehrboz farishta (malak)lar.) dan ham sehrgarroqdir.
Yana Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan rivoyat qilinadi: Bir kun Rasululloh (s.a.v.) ashoblari bilan ko‘rishganda shularni aytdilar:
 — Sizlarning har biringiz Alloh qalbingizdan basiratsizlik-idroksizlikni yo‘qotib, basiratli-idrokli qilishini istaysiz, shunday emasmi? Shunday bo‘lgach, xabaringiz bo‘lsin, dunyoda kim Alloh o‘rtaga qo‘ygan axloq asoslariga qay darajada muvofiqlashmagan bo‘lsa, uzun va behuda orzu-havaslarga qanchalik ko‘milsa, Alloh uning qalbidagi basiratni shu darajada yo‘q qiladi. Kim dunyoda Allohning amrlariga rioya qilsa, uzun va behuda orzu-havaslarni tark etsa, Alloh unga hech ikkilanmay ilm va hidoyat beradi. Xabaringiz bo‘lsin, sizlardan keyin bir talay insonlar kelajak, jabru jafo va odam o‘ldirish yo‘li bilan mol-mulk sohibi bo‘lajaklar, xasislik bilan boylik orttirajaklar va bu boyliklari bilan maqtanajaklar. Sevgi-muhabbat faqat havoyi nafsga berilishi tarzida bo‘lajak. Sizlardan qay biringiz u zamonlarga yetib borsa, qonuniy ravishda ishlab topganiga qanoat qilib, rozi bo‘lsin. G’ayriqonuniy yo‘llar bilan boy bo‘lish qo‘lidan kelsa ham, bu yo‘lga kirmasin. Kambag‘alligiga sabr etsin. Havoyi nafsining ko‘rsatgan yo‘llaridan yurib, boshqalarning sevgi-muhabbatiga sazovor bo‘lish qo‘lidan kelsa ham, bu yo‘lga kirib ketmasin. Azizu mo‘tabar bo‘lish qo‘lidan kelsa ham xoru, xokisorlikka chidab, sabr qilsin. Lekin o‘zini bunday tutishi bilan yolg‘iz Allohning rizosini talab etsin, O’zini shunday tutsa, Alloh unga ellik siddiq (chin so‘zli inson) ning savobini beradi.

Qayd etilgan


Munavvara  23 Yanvar 2009, 19:37:37

Hz. Iso deydiki:
 - Uyat, dunyoga topinuvchilarga! Endi qanday o‘ladilar, dunyoni va dunyodagilarni qanday tashlab ketadilar?! Dunyo hayoti ularni aldaydi, sharmandai-sharmisor qiladi. Ular esa dunyoga ishonib, unga suyanib, kerilib yuradilar. Uyat - dunyo hayotiga mag‘rur bo‘lganlarga! Dunyo ularni sevmaganlari bilan uchrashtiradi, sevganlaridan ayiradi. Va’da qilingan narsalarni ko‘rsatadi. Jon-jahdi bilan dunyolik ketida ergashib yurgan va barcha amallari xatolar bilan to‘la bo‘lgan kimsalarga uyat! Ertaga Allohning huzurida bu gunohlari tufayli qanday sharmanda bo‘lurlar!
 Alloh bir vaqt vahiy yo‘li bilan Hz. Musoga shunday xitob qildi:
 — Ey Muso! Zolimlarga xos dunyo hayotining senga nima keragi bor?! Zolimlarga o‘xshab yashash senga yarashmaydi.
Aqlingni ishlatib, bunday yashashdan qoch! Zolimlik bilan o‘tkazilgan bu dunyo hayoti naqadar tuban! Go‘zal amallar bilan o‘tkazilgan dunyo hayoti esa naqadar go‘zal! Men (Alloh), mazlumning haqini zolimdan olib berish uchun, uni (zolimni) qadam-baqadam kuzataman.
 Payg‘ambarimiz (s.a.v.)' Abu Ubayda ibn Jarrohni tijorat maqsadi bilan safarga jo‘natgan, u ham bir talay mol bilan safardan qaytgan, ansorlar uning kelganini eshitgan edilar. Rasululloh (s.a.v.) bilan birga namoz o‘qiyotgan ansorlar namozdan keyin Payg‘ambar (s.a.v.)ning atrofiga yig‘ildilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ularning kayfiyatini ko‘rib, kulimsiradilar va: «Aftidan, Abu Ubayda bir nima narsalar olib kelganini eshitgansizlar, chog‘i!» -dedilar. Ular: «Ha, ey Allohning Rasuli!» - deya javob berishganda, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shu gaplarni aytdilar:
 — Sevining va sizlarni sevinchga g‘arq etuvchi mollarni xayol qiling. Ont ichib aytamanki, men sizlarning faqirona hayot kechirishingizdan qo‘rqmayman, chunki sizlardan avvalgi ba’zi qavmlar dunyoda mo‘l-ko‘llik, ma’murlik ichida hayot kechirgandilar, shu tufayli quturib, bir-birlari bilan kurashgandilar va shu sababli mahv bo‘lgandilar, sizlarning ham ayni tarzda mo‘l-ko‘llik ichida hayot kechira turib, bir-biringizga hujum qilishingizdan va oxiri mahvu parishon bo‘lishingizdan qo‘rqaman...
Abu Said Xudriy esa mana bu hadisni rivoyat qiladi: -- Rasululloh (s.a.v.) marhamat qildilarki:
 — Ey ummatim, sizlar uchun eng ko‘p qo‘rqqan narsam Alloh yerdan chiqargan barakatlardir. So‘rashdi:
— Ey Allohning Rasuli, barakatlar nima?
 — Dunyo ziynatlaridir (insonlar, umuman, mo‘l-ko‘llik ichida yashagan paytlarida havoyi nafslariga ko‘proq beriladilar. Ularda Alloh ko‘rsatgan yo‘ldan chiquvchilar ko‘proq bo‘ladi. Shuning uchun mo‘l-ko‘llikda yashash bir jihatdan qo‘rqinchli holdir).
Yana Rasululloh (s.a.v.) buyurdilarki:
— Qalblaringizni dunyoviy fikrlar bilan band qilmang.
Ammor ibn Said (Ammor ibn Said - o‘rta asr islom tafsirchilaridan.). hikoya qiladi:
— Iso alayhissalom yonida havoriylari bilan bir qishloqqa borgan edi Qishloq aholisini ko‘chalarda va sohillarda o‘lik holda topdi. Havoriylariga dediki:
— Ey havoriylar, bular Allohning g‘azabiga uchraganlar, shuning uchun o‘liklari shu holda yotibdi. Agar shunday bir sabab bilan o‘lgan bo‘lmasalar edi, dafn etilardilar.Shunda havoriylar Hz. Isodan bularning qissasini bilmoqchi bo‘ldilar. Hz. Iso esa Allohdan bu voqeaning tafsilotini ma’lum qilishni so‘radi. Alloh vahiy yo‘li bilan unga bildirdiki:
— Tun kirganda ularga nido qil, senga javob beradilar! Tun kirdi. Hz. Iso: «Ey qishloq ahli!» - deya ularga nido etdi. Bir ovoz: «Labbay, ey Iso!» - deb javob qildi. Hz. Iso: «Bu holga tushishingizga nima sabab bo‘ldi, hikoya bermayotirlar!» Ovoz: «Chunki ular dag‘al va qattiqqo‘l malaklarning qo‘liga tushishgan. Olov tizginlar bilan tizginlanganlar!» - dedi. Hz. Iso so‘nggi marta ovozdan o‘zining qanday javob berayotganini so‘radi. Ovozning javobi shu bo‘ldi:
 — Men ularning ichida edim, lekin ularning yomon fe’l va harakatlariga qo‘shilmasdim. Ularga azob inzol bo‘ldi, men muallaq osilib yotibman. Azobdan chetda qolamanmi yo‘qmi, bilmayman.
 Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning bir tuyasi bor edi. Yurishda hech qaysi tuya uning oldiga tusholmasdi. Bir kun bir a’robiy tuyasi bilan keldi. Bu tuya Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning tuyasini orqada qoldirdi. Shunda Rasululloh bildirdilar:
 — Alloh o‘zi yuksaltirgan narsasini so‘ngida mutlaqo pasaytirib ham qo‘yadi.
Hz. Iso deydiki:
 — Dengiz to‘lqini ustiga kim uy qura oladi? Mana, dunyo hayoti shudir. Uni abadiy qarorgoh qilaman deb o‘ylamang.

Qayd etilgan


Munavvara  23 Yanvar 2009, 19:57:15

Yana Hz. Isodan so‘raydilar:
 — Bizga shunday bir narsa o‘rgatginki, u tufayli Alloh bizni sevsin.
Iso alayhissalom shunday javob beradi:
 — Dunyo hayotida havoyi nafsga berilmang. Mana shunda Alloh sizni sevadi.
Abu ad-Dardo rivoyat qiladi:
— Rasululloh (s.a.v.) aytdilarki:
 — Agar mening bilganimni bilsaydingiz, oz kular, ko‘p yig‘lar edingiz. Havoyi nafs orzulariga berilib yashalgan bu dunyo hayoti sizga tuban ko‘rinardi. Alloh yo‘lida hayot kechirishni ustun qo‘ygan bo‘lardingiz. Abu ad-Dardo Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan bu hadisni naql etgandan so‘ng o‘zi shunday xitob qildi: Mening bilganimni bilsaydingiz, tog‘larga chiqib, Allohga yolvorar va o‘z holingizga yig‘lardingiz. Butun borlig‘ingiz bilan yig‘gan, ishongan mollaringizni tashlab ketar, ular hech narsa emasligini qabul qilardingiz. Lekin, uzun orzu-havas sizlarning qalbingizdan oxirat tushunchasini sidirib tashlagan. Dunyo hayoti birdan bir orzuingiz bo‘lib qolgan. Shu tufayli to‘g‘rilikdan yuz o‘girgansiz. Ba’zilaringiz qilgan ishi oqibatida falokatni oy‘lamaganligi uchun havoyi istaklarini tark etolmagan hayvonlardan ham tubanroqsiz. Sizlarga nima bo‘lgan o‘zi, bir-biringizni sevmaysiz, bir-biringizni to‘g‘ri yo‘lga solmaysiz? Ahvol shundayki, so‘zda bir-biringizning diniy birodarisiz. Ammo botiniy yomonlik sizlarni bir-biringizdan ayirgan, bir-biringizni yiqitasiz. Agar to‘g‘ri yo‘lda bo‘lsaydingiz, bir-biringizni sevardingiz. Sizlarga nima bo‘lgan o‘zi, dunyoviy ishlarda bir-biringizga yo‘l ko‘rsatasizu, oxirat masalasida xuddi shu ishni qilmaysizlar? Hech biringiz dunyoviy masalalarda sevgan va yordam bergan kishingizga oxiratga oid xususlarda sira nasihat qilmaysiz; bu hol sizlarning qalbingizdagi iymonning sustligi tufayli yuz berdi. Agar dunyo hayotini bilganingizday oxirat hayotini ham yaqindan bilsaydingiz, unga inonsaydingiz, u dunyo uchun ham biror ish qilar, Alloh o‘rtaga qo‘ygan iymonu axloq asoslariga moslashar edingiz. Chunki oxirat hayoti siz uchun abadiydir. Yo‘q. «Dunyo hayotiga bo‘lgan sevgimiz ajoyibroq!» - deyolmaysiz, chunki dunyo hayotida ham ba’zan kelajakda qo‘lga kiritishingiz mumkin bo‘lgan narsa uchun qo‘lingizdagi bor yo‘q narsalaringizni fido qilasiz (Masalan, bir yil keyin erishishingiz mumkin bo‘lgan hosil uchun hozir qo‘lingizda tayyor turgan urug‘ni sochasiz). Kutgan narsangiz bo‘lmay qolish ehtimolini bila turib ham zahmatu mashaqqatlarga ko‘milib, naqd narsangizni qo‘ldan chiqarasiz. Komil iymon sohiblariga xos alomatlardan mahrum qanday yomon insonlarsiz. Yoki, ayting, Allohning Rasuli Hz. Muhammad (s.a.v.) taqdim etgan haqiqatlardan shubhangiz bormi? Agar unday bo‘lsa, bu shubhalaringizni bayon eting, men esa sizlarga haqiqatni dalillari bilan ko‘rsatay, qalblaringizni qanoatlantiruvchi nur bilan yoritay. Allohga ont ichib aytamanki, sizlar aqli noqis kishilardan emassizki, ma’zur ko‘rsam. Chunki dunyoviy ishlaringizda to‘g‘ri va foydali narsalarni farqlay olasizlar, koringizga yaraydigan narsalarni qo‘lga kiritishni yaxshi bilasizlar, ularga ega bo‘lasizlar. Sizlarga nima bo‘lgan o‘zi, bir oz dunyolikni qo‘lga kiritsangiz, sevinib sakraysiz, lekin ozgina bir dunyolikni yo‘qotsangiz qayg‘urasiz?!

Qayd etilgan