Odamzodning tabiatida o‘zi o‘rganmagan, ko‘nikmagan narralarni inkor etish xususiyati bor. Chunonchi, ilonning oyoqsiz, qorni bilan surgalib chaqmoqday g‘izillab ketishini ko‘rmagan bo‘lsa, insonning oyoqsiz yurishini ham tasavvur etolmaydi, inkor qiladi. Oyoq uzra yurganlarni ko‘rmagan bir inson bo‘lsaydi, balki u buni ham inkor etgan bo‘larmidi... Ko‘zingni och, qiyomat kunini ta’riflaydigan g‘aroyib hodisalar bu dunyoda yuz beruvchi hodisalarga o‘xshamasa, ularni inkor etib o‘tirma! Chunki bu dunyoda ham yuz beradigan bir qator hodisalar to‘g‘risida mushohada yuritmagan bo‘lsang, u dunyoda ro‘y beradigan shunga o‘xshash hodisalarni bayon etsalar, qat’iyan ishonmasliging mumkin. Shuning uchun hozirdan boshlab, qalbingda qiyomat kunidagi holingni shakllantirib bor. Sen qip-yalang‘och, xor, xo‘r va haqir, esankiragan bir ahvolda oyoqda turasan va o‘zing haqingda chiqarilajak hukmni kutasan. Oxir-oqibatda seni xushbaxt yo badbaxt qilish to‘g‘risida qaror qilinadi. U ondagi bu hol favqulodiy bir holdir. Buni shunday deb bil. So‘ngra jonzodlarning u ondagi olomonini o‘yla. Yetti qavat osmonu, yetti qavat yer ahli, malaklar, jinlar, insonlar, shaytonlar, vahshiy hayvonlar, qushlar va hokazolar u yerda yig‘iladilar. Quyosh beshafqat haroratini ularga qadaydi, ularning tepasiga ikki yoy qadar yaqinlashadi... Mahshar bo‘layotgan joyda koinotning mutlaq sohibi Alloh Arshining soyasidan boshqa hech qanday soya bo‘lmaydi. Bu soyada faqat Allohga yaqin bo‘lganlar, Allohning axloqi bilan axloqlanganlar panalana oladilar. Quyoshning harorati borliqni eritadigan darajada bo‘ladi. Butun odamzod issiqlikdan qattiq iztirob chekadi. Keyin jonzodlar bir-birlarini turtib-surta boshlaydilar. Olomon ichida bir-birlarini itarib yuborishlar, bir-birlarini toptashlar yuz beradi. Bu g‘ala-g‘ovur aro inson yana Alloh huzuriga chaqirilarkan, uyat tuyg‘usidan yuzaga kelgan tahlika ham dard ustiga chipqon bo‘ladi. Quyoshning harorati, nafaslar tufayli ko‘tarilayotgan hovur va qalblardagi nomus olovidan hosil bo‘lgan jonsaraklik birlashadi. Badandagi har tukning tagidan ter oqkandan oqib chiqaveradi va mahshargohning ul toza tuprog‘i ustiga oqadi. Bu oqqan terlardan suv jilg‘alari hosil bo‘ladi, har kimning Alloh yonidagi holati qay darajada bo‘lsa, suv shu darajaga qarab, baland ko‘tariladi: ba’zilarining tizzalarigacha, ba’zilarining beligacha, ba’zilarining quloq solinchagigacha chiqadi. Ba’zilar esa cho‘kib ketar darajada ter suvi ostida qoladilar.
Ibn Umar rivoyat qiladi:
— Alloh Rasuli (s.a.v.) bildirdilarki:
— Olamlarning Rabbi bo‘lgan Allohning hukmi asosida insonlar qabrlaridan turishgan kunda, ularning ba’zilari quloqlarining yarmigacha terga ko‘miladilar.