Imom G'azzoliy. Mukoshafatul qulub  ( 221258 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 49 B


Robiya  26 Yanvar 2009, 14:19:37

KIBR-HAVONING YOMONLIGI

Alloh, bizga yuborgan kitobi - Qur’onda kibr-havoni va har qanday mutakabbir kishini qoralaydi va ayblaydi:

—   Endi Yerda nohaq kibru havo qilib yuradigan, agar barcha oyat-mo‘‘jizalarni ko‘rsalar ham, ularga iymon keltirmaydigan, to‘g‘ri - Haq Yo‘lni ko‘rsalar ham uni (o‘zlari uchun) yo‘l qilib olmaydigan, agar zalolat — noto‘g‘ri yo‘lni ko‘rsalar, uni yo‘l qilib oladigan kimsalarni o‘z oyat-mo‘‘jizalarimdan burib yuborurman (ya’ni anglab yetmaydigan qilib qo‘yurman). Bunga sabab ular Bizning oyatlarimizni yolg‘on deganlari va u oyatlardan g‘ofil bo‘lib olganlaridir. (A’rof surasi, 146-oyat)

—   Allohning oyatlari haqida o‘zlariga kelgan biron hujjat - dalilsiz talashib-tortishadigan kimsalar Alloh nazdida ham, iymon keltirgan zotlar nazdida ham katta nafratga duchor bo‘ladilar. Alloh har bir mutakabbir va zo‘ravonning qalbini mana shunday muhrlab qo‘yur. (G’ofir surasi, 35-oyat)

—   (So‘ngra payg‘ambarlar Allohdan) madad tiladilar va barcha jabrkor-sarkash kimsalar baxtsizlikka duchor bo‘ldilar. (Ibrohim surasi, 15-oyat)

—   U zot (Alloh) mutakabbir kimsalarni sevmas. (Nahl surasi, 23-oyat)

—   Bizga ro‘baro‘ bo‘lishni umid qilmaydigan kimsalar: «Bizlarga farishtalar tushirilsa edi yoki Parvardigorimizni ko‘rsak edi» dedilar. Qasamki, ular o‘zlariga bino qo‘ydilar va juda katta ketdilar. (Furqon surasi, 21-oyat)

—   Albatta, menga ibodat etishdan KIBR-HAVO qilgan kimsalar yaqinda bo‘yinlarini eggan hollarida jahannamga kirurlar. (G’ofir surasi, 60-oyat)

Qur’onda KIBR-HAVO qoralangan oyatlar juda qo‘l. Hadislarda ham shu holni ko‘ramiz. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bildirdilar:

—   Qalbida xantal (gorchitsa) donasining bir dirham og‘irligi qadar kibr-havosi bo‘lgan kimsa jannatga kirmaydi. Qalbida xantal donasining bir dirhami qadar iymoni bo‘lgan kimsa esa jahannamga kirmaydi.

Qayd etilgan


Robiya  26 Yanvar 2009, 14:30:48

Abu Hurayra rivoyat qiladi: Alloh Rasuli (s.a.v.) aytdilarki:

-   Alloh buyuradi: «BUYuKLIK mening chakmonimdir, ULUG’VORLIK esa ko‘ylagimdir. Kimda-kim bulardan biri xususida men bilan talashsa, uni jahannamga otaman, hech ham e’tibor bermayman».

Abu Salama ibn Abdurrahmon (bani Hoshim qabilasidan. Muhammad payg‘ambarimiz s.a.v. xonadonlarining yaqin kishilaridan. Vafoti m. 750 y.) hikoya qiladi:

-   Abdulloh ibn Amr (sahoba. Badr jangi g‘oziylaridan) bilan Abdulloh ibn Umar Safo tog‘ida uchrashib qolishdi, lekin ibn Amr salomlashmasdan o‘tib ketdi. Ibn Umar turgan yerida qotgancha turib qoldi va yig‘lay boshladi. Undan: «Nega yig‘layapsan, ey Abdurrahmonning otasi?» - deb so‘radilar. Ibn Umar dediki:

-   Rasululloh(s.a.v.)ning: «Kimning qalbida xantal donasining bir dirhami qadar kibr-havo bo‘lsa, Alloh uni xoru zor etib, jahannamda kabob qiladi!» - degannni eshitdim, degandi-ku?

Yana Alloh Rasuli dedilar:

-   Nafsining amri yo‘lida ketgan har bir kimsa mutakabbirlar daftariga yoziladi va ularga yetkazilgan azob bularga ham yetkaziladi.

-   Uch toifa kishi jannatga kirolmaydi:

1.   Xasis.
2.   Takabbur-zolim.
3.   Badfe’l.

-   Jannat ila jahannam bahslashib qolishdi. Jahannam dediki: «Men TAKABBURLARni va MUSTABID-ZOLIMLARni ustun ko‘raman!» Jannat esa dedIki: «men esa KAMTARLARNI, FAQIRU BYeNAVOLARNI va OJIZLARni ustun qo‘yaman!» Alloh jannatga ovoz berdi: «Sen mening rahmatimsan! Bandalarimdan istaganimni sen bilan RAHMATIMGA g‘arq etaman!» Jahannamga esa dediki: «Sen mening azobimsan! Istaganimni sen bilan azoblayman. Sizlarga tushganlar sizlarniki bo‘lajak!»

-   Qanday bir yomon kishi ekanki u zo‘ravonlik qildi, quturdi, eng buyuk qudrat sohibi (Alloh)ni unutdi. Qanday bir bo‘lmag‘ur kishi ekanki, u mustabidlik qildi, zolimlik qildi, kibrlandi, eng buyukni va eng ulug‘ni (Allohni) unutdi. Qanday bir nokas ekanki, u umrini g‘aflatda o‘tkazdi, xato qildi, qabrni va boshiga gushajak balolarni unutdi. Qanday bir yaramas kishi ekanki, u haddidan oshdi, avvalini va oxiratini unutdi.

Qayd etilgan


Robiya  26 Yanvar 2009, 14:34:55

Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ga bir kishining ustidan shikoyat qildilar:

—   Ey Allohning Rasuli, falon kishi shu qadar KIBR-HAVOLIKI!

Rasul dedilar:

—   Bu KIBR-HAVODAN keyin o‘lim yo‘q ekanmi?

Abdulloh ibn Amr hikoya qiladi: Rasululloh (s.a.v.) bildirdilarki:

—   Nuh alayhissalom o‘limi oldidan ikki o‘g‘lini chaqirib, shunday dedi: «Ikkovingizga ikki narsani buyuraman, ikki narsani taqiqlayman:

1.   Allohga sherik tanishni va kibr-havoga berilishni man’ etaman.

2.   La ilaha illalloh (koinotda ibodat qilinadigan yolg‘iz Allohdir), Subhanalloh va bihamdihi (Allohni nuqsoniy sifatlardan tanzih etaman, unga hamd aytaman) jumlalari ifodalagan haqiqatlarni tasdiqlashingizni buyuraman, chunki osmonlar, Yer va ularda neki bor bo‘lsa — hammasini tarozining bir pallasiga, «La ilaha illalloh» jumlasini (bu jumla ifodalagan haqiqatni) boshqa pallasiga qo‘yilsa, hech shak-shubhasizki, «la ilaha illalloh» og‘ir keladi. Agar osmonlar va Yer tep-tekis, yagona bir maydon bo‘lsa-yu, «la ilaha illalloh» uning ustiga qo‘yilsa, hech shak-shubhasiz, uni cho‘ktirib yuboradi. «Subhanalloh va bihamdihi» esa barcha bandalarning duosidir. Butun bandalar shu duo bilan rizqlanadi.

Hz. Iso shunday deydi:

— Alloh qay kimsaga o‘z kitobini o‘rgatsa va u kimsa to o‘lguncha ZO’RLIK-ZO’RAVONLIK qilmagan bo‘lsa, undan baxtiyorroq kishi bo‘lmaydi.

Janob Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytdilar:

—   Jahannam ahli: zolimlar, takabburlar va mol-mulk yig‘ib ham atrofdagilarga foydasi tegmagan xasislardir. Jannat ahli esa: kamtarin-kamsuqumlar va mol-mulkini jamiyatning xayri uchun sarflaganlardir.

—   Qiyomat kuni bizning eng sevimli kishilarimiz va bizga eng yaqin bo‘lganlaringiz eng yaxshi axloqli bo‘lganlaringizdir. Bizning eng sevmagan kiptilarimiz va bizga uzoq bo‘lganlaringiz safsataboz, bema’ni, vaysaqilaringiz va TAKABBURLARINGIZDIR.
-   TAKABBURLAR qiyomat kuni urug‘ donalariday bir joyga yig‘iladilar. Odamlar ularni odamsifat urug‘lar deb o‘ylab, bexos toptab o‘tadilar. Eng kichik narsa ham ularning ustiga chiqadi. So‘ngra jahannamda BULAS degan bir zindonga tashlanadilar. Olov ularni o‘sha yerda chirmaydi. Ular chanqoqlarini qonli yiring bilan bosadilar.

Muhammad ibn Vose’ hikoya qiladi:

—   Bilol ibn Abi Burdanikiga borganimda: «Ey Bilol, - dedim, — sening otang o‘z otasining Rasululloh(s.a.v.)dan bir gap eshitganini aytgandi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytgan ekanlarki:

«Jahannamda HAPHAP degan bir DARA bor. Alloh TAKABBUR-ZOLIMLARNI o‘sha daraga joylaydi». Ehtiyot bo‘l, ey Bilol, u yerning odamlaridan biri bo‘lib qolma.

Qayd etilgan


Robiya  26 Yanvar 2009, 14:37:54

Alloh Rasuli (s.a.v.) dedilar:

-   Jahannamda bir bino bor. TAKABBURLAR bilan to‘ldirilib, usti bekitib tashlanadi.
-   Allohim, KIBRU HAVO va KATTALIKNING hididan ham asra!

-   Kimningki ruhi jasadidan ayrilgan vaqtda unda uch narsa bo‘lmasa, u jannatga kiradi:

1.   Kibru havo.
2.   Qarz.
3.   Hiyonat.

Ba’zi buyuklarning so‘zlari:

Abu Bakr:

—   Hech bir musulmon o‘zidan boshqa musulmonni haqir va kichik deb bilmasin, chunki kichik ko‘ringan musulmon Allohning nazarida kattadir.

Vahob:

- Alloh ADN JANNATINI (jannatning eng maqbul yerini) yaratdi, unga qarab: «Sen jamiki TAKABBURLARga xaromsan!» - dedi.
Ahnaf ibn Qays (to‘liq ismi Abu Bahr Zahhok ibn Qays. Tobeinlardan. Vafoti m. 675 y) Mus’ab ibn Zubayr (to‘liq ismi Mus’ab ibn Zubayr ibn Avvomdir. Zubayr ibn Avvom (shahid bo‘lgan yili h. 34) 12 yoshida islomga kirgan, islom yo‘lila birinchi bo‘lib qilich yalang‘ochlagan sahobalardan bo‘lib, Mus’ab uning o‘g‘lidir) bilan birga uning xonadonida turardi. Bir kun Ahnaf keldi, Mus’ab oyoqlarini uzatgancha o‘tirardi. Ahnaf kelganda oyog‘ini yig‘madi. Ahnaf o‘tirdi, lekin bezovtalanar, o‘zini erkin his qilolmasdi. Mus’ab buni uning yuzidan o‘qidi va shunday dedi:

—   Kibrlangan, o‘zini katta olgan odam o‘zining qanchalik g‘aribligini bilmaydi, holbuki u ikki marta siydik yo‘lidan chiqqan, xolos.

Hasan Basriy:

—   Odamzot naqadar g‘arib!.. Kuniga bir marta yoki ikki marta axlatini aritadi (oqizadi), keyin esa osmonlarning sohibi Allohga qarshi chiqadi.

Muhammad ibn Husayn:

—   Insonning qalbiga kirgan KIBR qancha bo‘lsa, aqli ham shuncha kamchilikka ega bo‘ladi.

Qayd etilgan


Robiya  26 Yanvar 2009, 14:40:18

Sulaymon Havvosdan (o‘rta asr islom mufassirlaridan) so‘radilar:

—   Odamda yomon xislatning qay biri bo‘lgan vaqgda u qilgan yaxshiliqdan foyda chiqmaydi?

Javob berdi:

—   KIBR!

No‘‘mon ibn Bashir (sahoba, amir. To‘liq ismlari Nu’mon ibn Bashir ibn Sa’laba ibi Sa’d al-Ansoriy al-Hazrajiy. Onalari — Abdulloh ibn Ruvohaning singlisi bo‘lmish Amra binti Ruvoha. Ko‘plab hadislar rivoyat qilganlar. O’limi 64/682 y) minbardan shunday degan edi:

—   Shaytonning bir talay tuzoqlari bor. Allohning ne’matlari bilan GYeRDAYMOQ, Allohning berganlari bilan MAQTANMOQ, Allohning bandalariga KIBR-HAVO qilmoq, Allohning axloq asoslaridan chiqib, havoyi nafsga berilmoq shunday tuzoqlar jumlasidandir. Dunyo va oxiratda Allohdan lutf-karam aylab afv etishini, omonlik va ofiyat berishini tilaymiz.
Alloh Rasuli (s.a.v.) aytadilar:

-   Alloh, KIBR tufayli libosini dog‘ qilgan kimsaga nazar qilmaydi (yoki: KIBR tufayli libosiga dog‘ tushirgan kimsani nazariga ilmaydi).

-   Bir vaqt bir odam katak ko‘ylak kiyib sollana-sollana borardi, ko‘ylagidan g‘ururlangan edi. Alloh uni yerga tikdi. Endi u to qiyomatgacha o‘sha yerda tipirchilab yotadi.

-   Kim KIBRLANIB libosini uzun qilsa, Allohqiyomat kuni unga qaramaydi.
Zayd ibn Aslam hikoya qiladi:

-   Ibn Umarnikiga borgandim. Abdulloh ibn Vohid ham uning huzurida ekan, egnida yangi bir libos bor edi. Ibn Umar shunday deganini eshitdim:

-   Ey o‘g‘il, libosingni yechib, taxlab ol. Men Rasululloh (s.a.v.)dan eshitganman, shunday der edilar: «Libos kiyib, shundan KIBRLANGAN kimsaga Alloh nazar tashlamaydi».

Bir kun Atloh Rasuli (s.a.v.) kaftiga tufladilar. Tupugining ustiga barmog‘ini qo‘yib dedilarki: «Alloh aytadi:
-   Ey Odamzod, meni ojiz deb o‘ylayapsanmi? Holbuki, men seni mana shuni kabi narsa (maniy)dan yaratdim. Seni qiyomga keltirdim. Benuqson qildim. Mana, liboslaring ichida yura olasan. Yerdan senga shunday ovoz kelajak: «Mol-mulk to‘plading, hammasini changallading, boshqa xilqatlar ham foydalansin uchun xarjlamading. Jon bo‘g‘zingga kelganda: «Sadaqa qilaman!» - deding. Sadaqa qiladigan payting qachon keladi?»

Qayd etilgan


Robiya  26 Yanvar 2009, 14:44:45

-   Ummatim sollana-sollana, KIBRLANIB yuradigan bo‘lib qoldi, forslar va rumlar ularga xizmat qila boshladi, ammo hali Alloh kimni kimning boshiga balo qilishi ma’lum emas.

- Kim o‘zida buyuklik ko‘rsa va yurganda KIBRLANSA, Allohga yetishgan vaqtida Uni g‘azablangan holda topadi:
Abu Bakr Huddali (hijriy II asrda yashagan tobeinlardan) hikoya qiladi:

—   Bir vaqt Hasan Basriy bilan o‘tirgandik. Ibn Adham yonimizdan o‘tib qoddi. Jome’ning sultonlarga oid qismiga kirish niyatida edi. Ustida dengiz qo‘yi junidan (terisidan) bir libos bor edi, gerdaygancha sollana-sollana borardi. Hasan Basriy uni ko‘rganda:

—   O’h, o‘h!.. Kibrni qarang, burun naqosmonda! Qovoqlar soliq, sollanib yurishlar bo‘lakcha, o‘ngu so‘lga viqor bilan boqishlar!.. - dedi. So‘ngra qo‘shimcha qildi:

—   Ey ahmoq, sen yelkalaringdagi Allohga shukr qilmay, Uni esga olmay, Uning qonunlariga amal qilmay topgan va shukri ado etilmagan ne’matlaring ila kerilmoqdasan. Alloh ato etgan a’zolaringning har biri Uning bir ne’matidir. Allohga ont ichib aytamanki, har qanday insonning tabiiy holda, qimtinib, o‘zini bir oz noqulay his qilib yurishi bunday gerdayib yurishidan xayrliroqdir.

Ibn Adham bu so‘zlarni eshitdi. Orqasiga qaytib keldi, Hasan Basriydan uzr so‘ramoqchi bo‘ldi. Lekin bu shunday dedi:
—   Mendan uzr so‘rama, Allohga tavba qil. Alloh nima deb buyurganini eshitmaganmisan:

—   Yer yuzida kibr-havo bilan yurmagin! Chunki sen (oyoqlaring bilan) hargiz Yerni yorolmaysan, bo‘y-bastda tog‘larga yetolmaysan. Bularning bari Parvardigoringiz nazdida makruh bo‘lgan gunohlardir. (Al-Isro surasi, 37-38-oyatlar)

Bir yigit Hasan Basriyning yonidan o‘tib ketayotgan edi. Ustida yaxshi gazmoldan tikilgan libos bor edi. Hasan Basriy uni chaqirib, shunday dedi:

—Ey odamzod, yoshligingga mag‘rursan, ko‘rinishlaring va xatti-harakatlaring o‘zingga yoqadi. Go‘yo allaqachon qabrga kirib yotib chiqqanday va go‘yo amallaring qay ahvolda ekanligini bilganday yuribsan. Uyat senga! Esiz senga! Qalbingni shifolab ol. Uni go‘zal tuyg‘ular bilan naqshla, zero Allohning bandalaridan kutgani qalblarini isloh qilishlaridir.

Muhammad ibn Vose’ o‘g‘lining kibr-havoli bo‘lib qolganini payqadi, uni chaqirib, dedi:

-   Sen kim bo‘lganingni bilasanmi? Onangga kelsak, uni yuz dirhamga sotib olganman (mahr). Otangga kelsak, Alloh musulmonlar orasida uning kabilarni aslo ko‘paytirmasin! (Sen nimangga gerdayasan?)

Ibn Umar bir kishining libosi tufayli kibrlanayotganini ko‘rdi va dediki:

-   Yer yuzida ham shaytonning tug‘ishganlari ko‘p! Shayton KIBRGA berilib, Odamni mensimagani uchun Allohning rahmatidan mahrum etilgandi)...

Ibn Umar bu so‘zni ikki yoki uch marta takrorladi.

Mutarrif ibn Abdulloh (hijriy I asrda yashagan sahobalardan) Muhallabni (hijriy 1 asrda yashagan sahobalardan) ko‘rdi. Yangi va go‘zal xirqa kiyib, gerdaygancha ketayotgan edi. Mutarrif unga qarab dedi:

-   Ey Allohning bandasi, bu qanaqa yurish? Bunday yurishdan Alloh ham, uning Rasuli (s.a.v.) ham g‘azablanadiku?!

Qayd etilgan


Robiya  26 Yanvar 2009, 14:45:20

Muhallab:

-   Meni tanimayapsanmi? — deganda, Mugarrif shu javobni berdi:

-   Ha, taniyman. Eng oldin iflos bir maniy eding, keyin yanada iflosroq axlat yig‘indisi bo‘lding! Endi bu ikkisining orasida axlat tashuvchi bir hammolsan, boshqa narsa emassan!

Muhallab bu so‘zlardan keyin indamay o‘tib ketdi, lekin bundan so‘ng yurganda gerdaymaydigan bo‘ldi, kibru havoni tark etdi.
Bu mavzudagi ba’zi go‘zal misralar:

Bichimidan kibrlangan kimsalarga hayronman:
Bilmasmilar bo‘lganlarin maniy degan ayrondan?
Bugun ular ko‘rkamdirlar, go‘zaldirlar albatta.
Erta yana murda bo‘lib yotmasmilar lahadda?!
Bir do‘stim bor amalga o‘ch, keriladi qishu yoz,
Gunohlari olam-olam, savoblari juda oz.
O’ta qaysar, parvonaday o‘zin har yon uradi,
Kimni ko‘rsa, salom bermay, gerdaygancha turadi.
«Tengim yo‘q!» deb gerdaygandi, unga dedimki:
«Oshna, Ko‘tarilgan joylaringda odob saqla ozgana!»
Ey, takabbur, gerdaymagil, buyuklik xos Allohga!
Biz loydanmiz, unutmagil, ko‘pda botma gunohga!


Qayd etilgan


Robiya  26 Yanvar 2009, 14:56:15

TAFAKKUR (FIKRLASh)

Alloh bizga yuborgan kitobi — Qur’onda qayta-qayta tafakkurdan bahs etadi va fikrlash kerak, deb buyuradi. Mana, Allohning buyruqlari:

-   Osmonlar va Yerning yaralishida hamda kecha va kunduzning almashinib turishida aql egalari uchun ibratli dalillar borligi shubhasizdir. (Ol-i Imron surasi, 190-oyat)

-   U (Alloh) fikrlab, ibrat olmoqchi bo‘lgan yoki shukr qilmoqchi bo‘lgan kishilar uchun kecha va kunduzni (bir-birining) o‘rnini bosuvchi qilib qo‘ygan zotdir. (Furqon surasi, 62-oyat)

Oto deydiki:

-   Oyatdagi «Kecha va kunduzni bir-birining o‘rnini bosuvchi qilib»dan murod - yorug‘lik va qorong‘ilikning ketma-ket kelishi, kunlardagi va tunlardagi uzayish va qisqarishlardir.

Bir shoirning go‘zal satrlaridan namunalar:

Ey, oqshomdan huzur ichra uxlagan inson,
Hodisalar savayotir tonglarni, uyg‘on!
 Tunlar boshi soz bo‘ldi deb, quvonma darrov,
Ne-ne tunlar oxirida keltirar olov!
Bu kechalar insonlarning mehmonlaridir,
Unda bitar va boshlanar sanoqsiz umr.
Qisqa bo‘lsa hamki, uzun NOLON KYeChALAR,
Uzun bo‘lsa hamki, qisqa ShODON KYeChALAR.


Alloh mutafakkirlarni maqtab, marhamat qildiki:

— Ular (mutafakkirlar) turganda ham, o‘tirganda ham, yotganda ham Allohni eslaydilar hamda osmonlar va Yerning yaralishi haqida tafakkur qilib deydilar): «Parvardigoro, bu (borliq)ni behuda yaratganing yo‘q! Sen (behuda biron ish qilish aybidan) poksan! O’zing bizni jahannam azobidan asragil!» (Ol-i Imron surasi, 191-oyat)
Ibn Abbos - Alloh undan rozi bo‘lsin — hikoya qiladi:

Bir to‘da insonlar Alloh haqida fikrlab o‘tirishardi. Alloh Rasuli (s.a.v.) buyurdilarki: «Allohning yaratganlari to‘g‘risida fikrlang, Alloh haqida fikrlamang. Chunki sizlar Uning buyukligini chinakamiga baholay olmaysizlar».

Bir kuni Alloh Rasuli (s.a.v.) bir jamoaga uchradilar. Ular o‘yga cho‘mgan edilar. Rasul (s.a.v.) so‘radilar:
-   Nega gaplashmay o‘tiribsiz? Dedilar:

-   Allohning yaratganlarini o‘ylaylikmi? Rasul (s.a.v.) buyurdilar:

-   Shunday bo‘lsin! Allohning yaratganlari haqida fikrlang, lekin Alloh haqida fikrlamang. Mana shu g‘arb tarafingizda bir oq kenglik bor, undan taraluvchi nur oqish, bezagi ham ana shu nuridir. Bu kenglik Quyoshgacha qirq kunlik masofadir. U yerda Allohga zarracha ham isyonlari bo‘lmagan bandalar yashaydilar.

Dedilar:

-   Shayton qaerda? Ularni bezovta qilmaydimi? Rasul (s.a.v.) javob berdilar:
-   Shayton yaratildimi, yaratilmadimi, - bilmaydilar.

Qayd etilgan


Robiya  26 Yanvar 2009, 15:01:09

Oto hikoya qiladi:

-   Bir kun Ubayd ikkimiz Hz. Oyshani ziyorat qildik. Biz bilan suhbatlashdi. Lekin uning bilan bizning oramizda bir parda bor edi. Oysha dediki: «Ey Ubayd, meni ziyorat qilishingga nima to‘sqinlik qiladi?» Ubayd Alloh Rasuli(s.a.v.)ning: «Ziyoratlaring tanaffusli bo‘lsin, sevging (sog‘inching) ortib borsin!» degan so‘zlari to‘sqinlik qiladi!» - deb javob berdi. So‘ngra Ubayd dediki: «Ey Oysha, Alloh Rasuli(s.a.v.)ning hayotida sodir bo‘lgan, o‘zing ko‘rgan, odamni hayratga soladigan biror hodisani xabar qil!» Hz. Oysha yig‘ladi va dediki:

-   Ularning har bir harakati favqulodda va hayratlanarli edi. Menga atalgan tunda bir mahal yonimga keldilar. Tanini tanimga tekkizdilar. So‘ngra: «Menga ruxsat ber, Rabbimga ibodat qilay!» - dedilar . Men ruxsat berdim. Turdilar, obdastani oldilar. Tahorat qiddilar. Keyin namozga turdilar. Yum-yum yig‘lar edilar. Soqollari (ko‘z yoshdan) ho‘l bo‘ldi. So‘ngra sajdaga ketdilar, ko‘z yoshlaridan joynamoz ho‘l bo‘ldi. Namozdan keyin yonboshlab yotdilar. Shu asno muazzin Bilol bomdod azonini aytib keldi. «Ey Allohning Rasuli, - dedi u, - Sizni nima yig‘latdi, axir, Alloh sizning qilgan va qiladigan gunohlaringizni afv etgan-ku?!»

—   Ustingga Allohning marhamati yog‘ilsin, ey Bilol! Meni yig‘lashdan nima ham qaytara olardi? Alloh bu kecha menga shunday so‘zlarni inzol etdi va buyurdiki:

-   Osmonlar va Yerning yaralishida hamda kecha va kunduzning almashinib turishida aql egalari uchun ibratli dalillar borligi shubhasizdir.

So‘ngra Rasululloh (s.a.v.) dedilar:

-   Bu oyatni o‘qib, u ifoda qilayotgan ma’no ustida o‘ylamaydigan kimsalarga achinaman.

Muhammad ibn Vose’ hikoya qiladi:

—   Basralik bir kishi Abu Zar o‘lgandan keyin Ummu Zarga uylangandi. Undan Abu Zar qanday ibodat qilardi, deb so‘radi. Ummu Zar shu javobni berdi:

-   Butun kun bo‘yi uyning bir burchagida TAFAKKUR qilardi.

Hasan Basriy derki:

—   Bir soatlik TAFAKKUR bir kecha davomida qilingan ibodatdan xayrliroqdir.

Fuzayl esa shunday deydi:


-   FIKRLAMOK bir oynadir, senga yaxshi va yomon amallaringni ko‘rsatadi.

Ibrohim ibn Adhamga: «Sen uzun o‘ylarga tolasan», -dedilar. U shu javobni berdi:

—   O’ylamoq (TAFAKKUR) aqlning iligidir!

Qayd etilgan


Robiya  26 Yanvar 2009, 15:04:08

Sufyon ibn Ubayna (mashhur hadischi. Tug‘ilishi h. 107, o‘limi 198 y) bu borada ko‘pincha shu baytni aytardi:

«Odamzodda bo‘lsa qachonki FIKR,
Har narsadan ibrat aylagay zikr».

Tovus (to‘liq ismi Tovus ibn Kayson. Tobein, faqih) hikoya qiladi:

Bir kun havoriylar Hz. Isoga dedilarki:

—   Bugun yer yuzida Sizning bir monandingiz bormi?

Hz. Iso shu javobni berdi:

—   Ha, kimningki mantiqi ZIKR, sukuti FIKR, qarashi IBRAT bo‘lsa, ana o‘sha mening monandimdir.

Hasan Basriy shunday deydi:

—   Kimningki so‘zi hikmatsiz bo‘lsa, u so‘z botildir. Kimningki sukuti tafakkursiz bo‘lsa, u sukutda xatolik bor. Kimningki qarashi ibrat olish uchun bo‘lmasa, u bir xursandchilikdir.

—   Endi Yerda nohaq kibru havo qilib yuradigan, agar barcha oyat-mo‘‘jizalarni ko‘rsalar ham, ularga iymon keltirmaydigan, To‘g‘ri-Haq Yo‘lni ko‘rsalar uni (o‘zlari uchun) yo‘l qilib olmaydigan, agar zalolat — noto‘g‘ri yo‘lni ko‘rsalar, uni yo‘l qilib oladigan kimsalarni o‘z oyat-mo‘‘jizalarimdan burib yuborurman. Bunga sabab ular Bizning oyatlarimizni yolg‘on deganlari va u oyatlardan g‘ofil bo‘lib olganlaridir. (A’rof surasi, 146-oyat)

Hasan Basriy «Oyat-mo‘‘jizalarimdan burib yuborurman» jumlasini shunday tafsir qiladi:

—   Mening yaratganlarim to‘g‘risida o‘ylaganda qalblarini anglab yetmaydigan qilib qo‘yaman (Mening yaratganlarim haqida o‘ylab tagiga yetishni qalblariga taqiqlab qo‘yaman).

Abu Said Hudriy rivoyat qiladi: Rasululloh (s.a.v.) buyurdilarki:

—   Ko‘zlaringizning ibodatdan nasibasini beringiz!

So‘radilar:

—   Ey Allohning Rasuli, ko‘zlarning ibodatdan nasibasi nima? Dedilar:
—   Qur’onga boqmoq (o‘qimoq), u haqda fikrlamoq va ta’sir kuchidan o‘git olmoq, ibrat olmoqdir.

Luqmon uzun muddat yolg‘iz o‘tirar, odamlarga aralashmas edi. Qo‘shnisi unga uchradi va:

—   Ey Luqmon, sen yolg‘iz o‘tirishni cho‘zib yuboryapsan, agar odamlar bilan o‘tirsang, sening bilan do‘st bo‘luvchi kishi topilib qolardi, - dedi. Luqmon shunday javob bergan edi:

—   Uzun muddat yolg‘iz qolish — fikrga komillik beradi, komil fikr esa jannatga boshlab boruvchi yo‘lko‘rsatkichdir.
Ba’zi buyuklarimizning so‘zlari: Vahob ibn Munabbih:

—   Kishining tafakkuri uzaysa — biladi, bilsa — amal qiladi.
Umar ibn Abdulaziz:

—   Allohning ne’matlari borasida o‘ylamoq ibodatning eng fazilatlilaridandir.

Abdulloh ibn Muborak Sahl ibn Alini (hijriy II asrda yashagan zohidlardan) qattiq o‘yga cho‘mgan holda ko‘rib: «Qaergacha yetding?» - deb so‘raydi. Sahl shu javobni beradi:
—   Sirotgacha.

Bishr:

—   Agar insonlar Allohning ulug‘ligi haqida fikrlagan bo‘lsaydilar, Unga isyon qilmasdilar.

Qayd etilgan