Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ro‘za sirlari kitobi)  ( 25550 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 B


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:29:08

Hujjatul-islom Abu Homid G’azzoliy

IHYOU ULUMIDDIN
(Din ilmlarini jonlantirish)
Ro‘za sirlari kitobi

Tarjimon: Mubashshir Ahmad


Shaytonning hiylasi va makrini qaytarish, uning orzusini rad etish, gumonida noumid qilish bilan bandalariga ne’matini ulkan qilib bergan Alloh taologa hamd bo‘lsin! Zero, Alloh taolo ro‘zani do‘stlariga qo‘rg‘on va to‘siq qildi. Va ularga jannat eshiklarini ochdi. Va ularga shaytonning qalblarga vasilasi - ergashiluvchi shahvatlar ekanini, albatta uni sug‘urib tashlashgina nafsni xotirjam qilishini bildirdi.

Ummatning rahnamosi va sunnatning yoyuvchisi Muhammad alayhissalomga, nurli fikr va ustun aql egalari bo‘lgan oilasiga hamda ashobiga ko‘p salovot va salomlar bo‘lsin!

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:29:32

Ammo ba’d, albatta ro‘za Rasulullohning (s.a.v.) «Ro‘za - sabrning yarmi» (Termiziy rivoyati) va «Sabr - iymonning yarmi» (Abu Na’iym va Bag‘dodiy rivoyati), degan so‘zlari taqozosi ila iymonning choragidir. So‘ng u - boshqa arkonlar ichida Alloh taologa nisbat berilish xususiyati bilan farqlidir. Zero, Alloh taolo payg‘ambari (s.a.v.) tili bilan aytgan hadisi qudsiyda shunday deydi: «Har bir yaxshilik o‘ndan yetti yuzgacha barobar bo‘ladi. Illo, ro‘za bundan istisno. Chunki u Men uchundir va mukofotini ham Uzim beraman» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Darhaqiqat, Alloh taolo aytadi: «Hech shak-shubha yo‘qki, sabr-tokat kilguvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz to‘la-to‘kis qilib berilur» (Zumar surasi, 10-oyat). Ro‘za sabrning yarmidir. Uning savobi chamalash va hisob qonuniyatlaridan o‘tib ketgan. Uning fazilatini bilishga Rasulullohning (s.a.v.) ushbu so‘zlari yetarlidir: «Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ro‘zador og‘zining hidi Alloh nazdida mushk hididan xushbo‘yroqdir. Alloh azza va jalla aytadi: «Shahvatingni, taomingni va sharobingni Mening uchun tark et. Ro‘za Men uchun va uning mukofotini O’zim beraman» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Jannatning bir eshigi bor. U Rayyon, deyiladi. Undan faqat ro‘zadorlar kiradilar. Ro‘zasining mukofoti uchun ularga Alloh taolo bilan uchrashuv va’da qilingan» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Ro‘zadorga ikki xursandchilik bordir: og‘izni ochish paytidagi xursandchilik; Rabbisiga yo‘liqqan vaqtdagi xursandchilik» (Imom Buxoriy, Muslim va Nasaiy rivoyatlari). Yana Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Har bir narsaning eshigi bordir. Ibodatning eshigi ro‘zadir» (Ibn Muborak rivoyati). Yana Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Ro‘zadorning uyqusi ham ibodatdir» (Bayhaqiy, Daylamiy va Ibn Najjor rivoyatlari, zaif). Abu Hurayraning (r.a.) rivoyat etishlaricha, Rasululloh (s.a.v.) shunday dedilar: «Agar ramazon oyi kirsa, jannat eshiklari ochiladi. Do‘zax eshiklari yopiladi. Shaytonlar kishanlanadi. Va munodiy nido qiladi: «Ey yaxshilik talabidagi, kelgin! Ey yomonlik istovchi, to‘xtagin!» (Termiziy, Hokim rivoyatlari, «...Va munodiy...»gacha «Sahihayn»da xam mavjud.) Alloh taoloning: «(Jannat ahliga) «O’tgan kunlarda qilib o‘tgan (ezgu) amallaringiz sababli (ushbu nozne’matlarni) pok bilib yeb-ichaveringlar (deyilur)» (Al-haqqa surasi, 24-oyat) so‘zi haqida gapira turib, «o‘tgan kunlar» - yeyish-ichishni tark qilgan ro‘za kunlaridir, dedilar. Darhaqiqat, Rasululloh (s.a.v.) dunyoda zohidlik qilish va ro‘za o‘rtasini faxrlanish darajasida barobar jamladilar. Aytdilar: «Alloh taolo farishtalariga yosh obid bilan faxrlanib deydi: «Ey shahvatini Mening sababimdan tark etuvchi, yoshligini Mening uchun sarf etuvchi yigit, sen Mening huzurimda ba’zi farishtalarimdeksan!» (IbnAdiy zaif sanad bilan rivoyat qilgan.) Ro‘zador xususida ham dedilar: «Alloh azza va jalla aytada: «Ey farishtalarim, bandamga qaranglar! Shahvatini, lazzatini, taomini va sharobini Mening rizoim uchun tark etajak.» (Ibn Sunniy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:29:57

   Alloh taoloning:
   «Bas, ularning qilib o‘tgan amallariga mukofot qilib, ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (ya’ni, oxirat ne’matlarini) biron jon bilmas» (Sajda surasi, 17-oyat) so‘zi to‘g‘risida bu insonlarning amallari ro‘za edi, deyiladi. Chunki Alloh taolo:
   «Hech shak-shubha yo‘kki, sabr-toqat qilguvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz to‘la-to‘kis qilib berilur» (Zumar surasi, 10-oyat), deydi. Demak, ro‘zadorga mukofoti keng va ulgurjisiga beriladiki, u xayol va chamalash qonuniyatlariga bo‘ysunmaydi. Aslida shunday bo‘lishi ham kerak edi. Chunki ro‘za Uning uchundir. Unga nisbat berish bilan sharaflangandir, garchi barcha ibodatlar Uning uchun bo‘lsa ham. Bu - Baytning va hamma yerning sharafi Uziga nisbat berilishi bilan sharaflangani kabidir.
   Bu darajadagi sharaf ikki ma’no sababidir.
   Birinchisi - albatta ro‘za tiyilish va tark qilishdir. U o‘ziga xos sirdir, unda ko‘rinadigan amal yo‘qdir. Barcha toat-amallar xalqning guvohligi va ko‘z o‘ngida bo‘ladi. Ro‘zani esa faqat Alloh azza va jallagina ko‘radi. Chunki u faqat sabr bilan bo‘ladigan botindagi amaldir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:30:37

   Ikkiichisi - Alloh azza va jallaning dushmaniga qarshi kuch ishlatishdir. Chunki shayton la’anahullohning vasila-vositasi shahvatlardir. Shahvatlar esa yeyish va ichish bilan quvvatlanadi. Shuning uchun ham Rasululloh (s.a.v.): «Albatta shayton odam bolasining qon yo‘llarida yuradi. Uning yo‘llarini ochlik bilan toraytiring», deganlar. («Uning yo‘llarini ochlik bilan toraytiring»dan oldingi jumla Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Shuning uchun ham Rasululloh (s.a.v.) Oishaga (r.a.): «Jannat eshigini qoqishda davom et», deganlar. U zot: «Nima bilan?» deya so‘raganlarida: «Ochlik bilan», deya javob qilganlar» («Avoriful-Ma’orif» kitobida keltirilgan). Ochlikning fazilati esa «Taomga hirs va uning muolajasi» kitobida keladi. Demak, alal-xusus ro‘za shaytonni kaltaklash, maslakini to‘sish va yo‘lini toraytirish ekan, Alloh azza va jallaga nisbat berib xoslanishlikka haqlidir. Allohning dushmanini kaltaklash Alloh subhanahuga nusrat berishdir. Alloh taoloning bandaga beradigan nusrati bandaning Unga beradigan nusratiga bog‘liqdir. Alloh taolo aytadi:
   «Ey mo‘minlar, agar sizlar Allohga yordam bersangizlar, U Zot ham sizlarga yordam berur», (Muhammad surasi, 7-oyat). Bandadan jiddiyat bilan boshlash bo‘lsa, Alloh azza va jalladan hidoyat bilan mukofotlashdir. Shuning uchun ham Alloh taolo aytadi:

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:30:47

   «Bizning (yo‘limizda) jihod qilgan - kurashgan zotlarni albatta O’z yo‘llarimizga hidoyat qilurmiz» (Ankabut surasi, 69-oyat). Yana Alloh taolo aytadi: ularning ahvolini o‘zgartirmas» (Ra’d surasi, 11-oyat). Ularning buzilishlari shahvatlarni ko‘paytirishdandir. Shahvatlar esa shaytonning yaylov va o‘tloqzoridir. Modomiki, u serhosil bo‘lar ekan, insonlarning ikkilanishlari to‘xtamaydi. Modomiki, ikkilanar ekan, bandaga Alloh subhanahuning jaloli kashf bo‘lmaydi va Unga yo‘liqishdan bebahra qoladi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Agar shaytonlar bani bashar qalblarini aylanmaganida edi, ular koinot mamlakatini ko‘rgan bo‘lardilar» (Axmad rivoyati). Mana shu sababdan ro‘za ibodat eshigi va to‘siq bo‘ladi. Uning fazilati shu darajada ulug‘ ekan, demak, uning zohiriy va botiniy shartlarini arkon, sunnatlarini zikr qilish bilan bayon etishimiz lozim bo‘ladi. Buni esa uchta faslda bayon qilamiz.
   Biriichi fasl-vojiblar, zohir sunnatlar va fasod etishni lozim qiladigan ishlar to‘g‘risidadir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:30:54

   Zohir vojiblar oltitadir:
   birinchisi - ramazon oyining avvalini kuzatish. Bu hilolni ko‘rish bilan bo‘ladi. Agar kun bulutli bo‘lsa, sha’bon oyi o‘ttiz kun mukammal qilinadi. Ko‘rishdan ilm nazarda tutilyapti. Bu esa bitta odil kishining so‘zi bilan hosil bo‘ladi (mazhabimizga ko‘ra, agar kun bulutli bo‘lmasa, hilolni ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lishi shart qilinadi, bulutli bo‘lganda bir odil kishiniki kifoya). Shavvol oyining hiloli esa ibodatda ehtiyotan olingani uchun faqat ikki odil kishining(hanafiy mazhabi bo‘yicha, ko‘pchilikning) so‘zi bilan isbot bo‘ladi. Kim bir odildan eshitsa, uning so‘ziga ishonsa va uning rostligi fikrida g‘olib kelsa, garchi qozi hukm qilmagan bo‘lsa ham, ro‘za tutishi lozim bo‘ladi. Har bir banda ibodatida fikriga qarab ish tutsin. Agar hilol bir shaharda ko‘rinib, boshqasida ko‘rinmasa, agar o‘rtalaridagi masofa ikki marhaladan (ikki manzil o‘rtasidagi masofa) kam bo‘lsa, ro‘za tutish hammalariga vojib bo‘ladi. Agar masofa bundan ko‘p bo‘lsa, har bir shahar o‘z hukmiga ega, vojib bo‘lishi unga o‘tmaydi (hanafiy mazhabimizga ko‘ra, hilol qaerda ko‘rinishining e’tibori yo‘qdir, agar hilol mashriqda ko‘rinsa, mag‘ribdagi musulmonlarga ham ro‘za tutish lozim bo‘ladi).

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:31:02

   Ikkinchi - niyat, har bir kecha uchun tunda kilingan, muayyan va kat’iy niyat bo‘lishi kerak. Agar ramazon oyi ro‘zasini bir daf’ada niyat qilsa, kifoya etmaydi. Biz «har bir kecha uchun», degan so‘zimizda shuni nazarda tutganmiz. Agar kunduzi niyat qilsa, ramazon oyi ro‘zasi ham, boshqa farz ro‘za ham joiz bo‘lmaydi. Faqat nafl ro‘za mumkin. «Tunda qilingan», deyishimizdan murod shu. Agar mutlaq ro‘zani yoki mutlaq farz ro‘zani niyat qilsa, to Alloh azza va jallaning farzi - ramazon ro‘zasini niyat qilmagunicha joiz bo‘lmaydi (hanafiy mazhabimizda mutlaq niyat, nafl niyati va boshqa vojib niyati bilan ham ramazon oyi bo‘lgani sababli ramazon oyi ro‘zasi durust bo‘laveradi). Agar shak kechasi ertaga ro‘za tutmoqlikni niyat qilsa, agar u ramazon (oyi)dan bo‘lsa, joiz bo‘lmaydi (mazhabimizda nafl ro‘zaga niyat qilsa bo‘ladi, ammo ramazon oyi ro‘zasiga yoki boshqa vojib ro‘zaga niyat qilish makruh). Chunki u qat’iy niyat emas, illo, niyati odil guvohning so‘ziga tayangan bo‘lsa, bu ro‘za ramazon (oyi)dan hisoblanadi. Odil guvohning xato ehtimoli yoki yolg‘oni qat’iyatni botil qilmaydi. Yoki ramazon oyi kechasida shak bo‘lgani kabi bir holatni ehtimol qilishga tayansa, bu ham qat’iy niyatni man etmaydi. Yoxud turmadagi mahbusga o‘xshash ijtihodga tayansa, gumoniga ijtihod bilan ramazon oyi kirgani g‘olib kelsa, uning shak etishi ham niyatdan to‘xtatolmaydi. Shak kechasi qanday shak qilsa ham, til bilan niyatni qat’iy etishi foyda bermaydi. Chunki niyatning o‘rni qalbdir. Bunda shak bilan qasdni jazm etishi tasavvur qilinmaydi. Bu hol xuddi ramazon oyi o‘rtasida: «Agar ramazon (oyi)dan bo‘lsa, ertaga ro‘za tutaman», deb aytganga o‘xshaydi. Kim kechasi niyat qilib, so‘ng (ro‘za boshlanguncha) yesa, niyati buzilmaydi. Agar ayol hayzligida niyat qilib, bomdoddan oldin pok bo‘lsa, niyati durustdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:31:12

   Uchinchi - ro‘za esida bo‘lgani holda tomoqka biror narsa ataylab yetishidan o‘zni to‘xtatmoklik. Ro‘za yeyish, ichish, burunga dori tomizish va huqna (teri ostiga dori yuborish) bilan buziladi. Shohtomirdan va umuman qon oldirish, surma qo‘iish va quloqqa hamda peshob yo‘liga mil nayza kirgizish bilan fosid bo‘lmaydi. Magar qovuqqa yetadigan darajada tomchilasa, ro‘za buziladi. Beixtiyor yetadigan chang-to‘zonlar yoki pashsha tomoqqa o‘tsa yoki mazmaza (tomoq chayqagan)dagi suv tomoqqa o‘tsa, ro‘za ochilmaydi. Illo, mazmazada mubolag‘a etsa, og‘iz ochiladi, chunki u beparvo bo‘ldi. Ta’rifdagi «ataylab», degan so‘zimizdan murod shudir. Ammo «ro‘za esida bo‘lgani holda», deyish bilan unutuvchi bunday emasligidan ogoh etishni iroda etdik. Chunki bu holda ro‘za ochilmaydi. Ammo kunduzining ikki tomonida (ya’ni, bomdoddan oldin va shomdan keyin) ataylab yesa, so‘ng chuqur o‘rganish bilan kunduzi yegani ma’lum bo‘lsa, unga qazo qilish lozim bo‘ladi. Agar gumoni hukmi va ijtihodi bo‘yicha qolsa, unga qazo yo‘qdir. Kunduzning ikki tomonida faqatgina mulohaza va ijtihod bilan yesa bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:31:23

   To‘rtinchi - jimo’dan tiyilish. Uning chegarasi hashafaning (jinsiy olatning boshi) kirishidir. Agar esda yo‘q holda jimo’ qilsa, og‘iz ochilmaydi. Agar tunda jimo’ qilsa yoki ehtilom (tushda bulg‘anish) bo‘lsa va junub holda tong ottirsa, ro‘za ochilmaydi. Ahli bilan munosabatda ekan, tong otib qolsa va darhol jimo’dan to‘xtasa, ro‘zasi sahihdir. Agar to‘xtamasa, u buziladi va kafforat lozim bo‘ladi.

   Beshinchi - istimno (onanizm)dan o‘zini tiyish. U - jimo’da yoki jimo’siz qasddan maniyni chiqarishdir. Chunki bu ro‘zani ochadi. Modomiki, maniy inzol bo‘lmas ekan, zavjasini o‘pishi yoki u bilan yotishi ro‘zani buzmaydi. Lekin bu qari yoki o‘ziga ishongan kishidan boshqalarga makruhdir. O’pishning zarari yo‘q, tark qilish afzaldir. Agar o‘psa, inzol bo‘lishidan xavotirlansa va o‘pganda maniy kelsa, e’tiborsizligi uchun ro‘zasi ochiladi.

   Oltiichi-qusqi chiqarishdan saqlanish. Ataylab qusish ro‘zani buzadi. Agar qusqi o‘zi g‘olib kelsa, ro‘zasi buzilmaydi. Agar balg‘amni tomog‘idan yoki ko‘kragidan yutib yuborsa, baloi om bo‘lgani uchun ro‘za ochilmaydi. Ammo agar u og‘izdan yutilsa, bu holda ro‘za buziladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:31:36

   Endi og‘iz ochgandan keyin lozim bo‘ladigan ishlarga kelsak, ular to‘rttadir: qazo, kafforat, fidya va ro‘zadorlarga o‘zini o‘xshatib kunning qolgan qismida ro‘za tutish.

   Qazo - ro‘zani uzrli yoki uzrsiz tark etgan har bir musulmonga vojibi omdir. Hayzli ayol ro‘zani qazo qiladi. Shuningdek, murtad ham (ya’ni, qayta musulmon bo‘lsa, murtad holida o‘tkazib yuborgan ro‘zalarini tutib beradi). Ammo kofir, sabiy va jinniga qazo yo‘qdir. Ramazon ro‘zasini qazo qilganda ketma-ketlik shart etilmaydi. Xohlaganicha bo‘lib yoki qo‘shib tutaveradi.

   Kafforat - bu faqat jimo’ bilan vojib bo‘ladi. Ammo istimno, yeyish, ichish va jimo’dan boshqa narsalarda kafforat vojib emas (mazhabimizda ataylab yegan va ichganga ham vojib). Kafforat - qul ozod qilishdir. Agar bu qiyin bo‘lsa, ikki oy ketma-ket ro‘za tutadi. Agar bunga ham ojiz bo‘lsa, bir muddan (900 gramm (2 ratl)ga teng o‘lchov birligi) oltmish miskinni ovqatlantiradi.

Qayd etilgan