Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ro‘za sirlari kitobi)  ( 25540 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 B


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:34:08

   «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi» (Niso surasi, »8) oyatini tilovat qilganlarida qo‘llarini quloqlari va ko‘zlariga qo‘yib: «Quloq omonatdir, ko‘z omonatdir», dedilar (Abu Dovud rivoyati). Agar ro‘za omonatlardan bo‘lmaganida, Rasululloh (s.a.v.): «Men ro‘zadorman, degin», demagan bo‘lardilar. Ya’ni, bu bilan inson «Men tilimni saqlashga va’da berganman, senga javob uchun qanday qilib uni qo‘yvoraman?!» demoqchi bo‘ladi.

   Demak, har bir ibodatning zohiri va botini, po‘sti va mag‘izi borligi senga ma’lum bo‘libdi, uning po‘stlog‘i, ust qismining darajalari bordir. Har bir darajaning esa tabaqalari mavjuddir. Endi ixtiyor senda, xohlasang, mag‘iz qolib po‘stloq bilan qanoatlan, xohlasang, aql egalari jamoasiga borib qo‘shil!

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:34:19

   Uchinchi fasl - ixtiyoriy ro‘zalar va ulardagi virdlar tartibi to‘g‘risidadir.

   Bilgilki, ro‘zaning mustahabi fazilatli kunlarda yanada ta’kidlanadi. Fazilatli kunlarning ba’zisi butun yil ichida topilsa, ba’zilari butun oy mobaynida, yana ayrimlari esa hafta ichida topiladi.

   Ramazon kunlaridan keyin yil davomida topiladigani quyidagi fazilatli ayyomlardir: arafa kuni, ashuro kuni, zul-hijjaning avvalgi o‘nligi, muharramdan dastlabki o‘n kunlik. Xarom oylarining barchasi fazilatli kunlar bo‘lgani uchun ro‘za manbaidir. «Payg‘ambar (s.a.v.) sha’bon oyida ro‘za tutishni ko‘paytirardilarki, hatto u kishini ramazon oyida deb gumon qilinardi» (Imom Buxoriy vi Muslim rivoyatlari). Xabarda keladi: «Ramazon oyidan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi - muharramdadir» (Imom Muslim rivoyati). Chunki bu oy yilning ibtidosidir. Buni yaxshilik bilan boshlash esa barakasi davomli bo‘lishi uchun yaxshi ko‘rilgan va umid qilingandir. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Xarom oyidan bir kun ro‘za tutish boshqasining o‘ttiz kunidan yaxshidir. Ramazondan bir kun ro‘za tutish esa xarom oyida o‘ttiz kun ro‘za tutishdan afzaldir» (bunday lafz bilan uchramaydi). Hadisda keladi: «Kim xarom oyidan uch kun: payshanba, juma va shanba kunlari ro‘za tutsa, Alloh uning har bir kuni uchun to‘qqiz yuz yillik ibodatning savobini yozadi» (Azdiy «Az-zuafo»da rivoyat qilgan). Xabarda keladi: «Sha’bonning yarmi to‘lganda ramazon (oyi) bo‘lguncha ro‘za yo‘qdir» (to‘rt imom rivoyat etib, Termiziy saxix, degan).Buning uchun ramazon (oyi)dan bir necha kun oldin ro‘za tutmaslik mustahab qilindi. Agar sha’bonni ro‘za bilan ramazon (oyi)ga ulasa, joizdir. Buni Rasululloh (s.a.v.) bir marta ulab, ko‘p marta ajratganlar. Ramazonni ikki yoki uch kun ro‘za tutib qarshilash joiz bo‘lmaydi. Illo, o‘ziga lozim qilib qo‘igan kunlarga muvofiq kelib qolsa, mumkindir. Ba’zi sahobalar rajabning hammasida ro‘za tutmoqlikni to ramazon oyiga o‘xshab qolmasligi uchun karih ko‘rishdi. Fazilatli oylar zul-hijja, muharram, rajab va sha’bondir. Xarom oylar esa: zul-qa’da, zul-hijja, muharram va rajabdir. Bu oylarning bittasi alohida, qolgani ketma-ketdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:34:31

   Ularning afzali zul-hijjadir. Chunki unda haj, ma’lum va sanoqli kunlar bordir. Zul-qa’da esa xarom oylaridan hamda haj oylaridandir. Shavvol bo‘lsa, haj oylaridan, xarom oylaridan emasdir. Muharram va rajab haj oylaridan emasdir. Xabarda kelgandir: «Hech bir kunning amali Alloh taologa zul-hijjaning o‘n kunligidan afzal va mahbub emasdir. Undan bir kungi ro‘za bir yilning ro‘zasiga to‘g‘ri keladi. Uning tunida bir kecha qoyim bo‘lish laylatul-qadrda qoyim bo‘lish bilan barobardir. Shunda: «Alloh taoloning yo‘lidagi jihod ham bunga teng kelolmaydimi?» deb so‘ralganda: «Alloh azza va jalla yo‘lidagi jihod ham to‘g‘ri kelmaydi. Illo, kim oti yaralanib, qoni to‘kilsa, bundan mustasno», deb javob berdilar (Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari, Buxoriyda boshka lafz bilan kelgan).

   Oyda takrorlanadigan ro‘zaga kelsak, u ushbulardir: oyning boshi, o‘rtasi va oxiri. Urtasi oq tunlar, ya’ni qamariy o‘n uch, o‘n to‘rt va o‘n beshinchi kunlardir.

   Haftada takrorlanadigan ro‘zalar esa quyidagilardir: dushanba, payshanba va juma kunlari. Bu kunlar fazilatli bo‘lib, ro‘za tutish va bu vaqtlar barakasidan ajrlar bir necha barobar qilib berilgani uchun yaxshiliklarni ko‘paytirish mustahabdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:34:41

   Umr ro‘zasi esa yuqorida ro‘zalarning hammasini o‘z ichiga olib, yana qo‘shimchasi ham bordir. Bu to‘g‘rida solihlar bir necha yo‘ldadir. Ulardan ayrimlari buni karih ko‘rishgan. Zero, uning makruhligiga dalolat qiladigan xabarlar vorid bo‘lgan. Sahih so‘z shulki, bunday ro‘za ikki sabab tufayli makruh bo‘lgan.

   Birinchisi - ikki hayit va tashriq kunlari ham ro‘za bo‘lishligi.

   Ikkinchisi - og‘iz ochiqlikdagi sunnatdan bosh tortishi va ro‘zani nafsiga to‘siq qilishi. Vaholanki, Alloh subhanahu azima (buyruq)larini bajo keltirishini yaxshi ko‘rganidek, ruxsatlarini ham bajo keltirilishini sevadi. Agar bu ikki sababdan birortasi ham bo‘lmasa va nafsining salohini umr ro‘zasida ko‘rsa, shunday qilsin. Sahoba va tobe’inlardan bir jamoa shun-day qilishgan. Abu Muso al-Ash’ariy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (s.a.v) shunday dedilar: «Kim umr bo‘yi ro‘za tutsa, unga jahannam torayib, go‘qson tugun bog‘lanadi». Buning ma’nosi unda bu bandaga joy qolmaydi, deganidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:34:51

   Undan quyiroqda yana boshqa daraja, umrning yarim ro‘zasi bor. Bunda bir kun ro‘za tutilib, bir kun og‘iz ochiq bo‘ladi. Bu nafsga juda shiddatli va uni tizginlashda quvvatlidir. Bunday ro‘zaning fazilati haqida ko‘pgina xabarlar vorid bo‘lgan. Chunki bunda banda bir kun ro‘za va bir kun shukr o‘rtasida bo‘ladi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytganlar: «Menga dunyo xazinalari va yer boyliklari arz etildi. Va men rad etdim va dedim: «Bir kun och bo‘laman va bir kun to‘q bo‘laman. Qornim to‘ysa, Senga hamd aytaman, och bo‘lsam, tazarru’ qilaman» (Termiziy rivoyat qilib, xasan, degan). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Ro‘zalarning afzali birodarim Dovudning ro‘zasidir. U bir kun ro‘za tutar, bir kun og‘iz ochardi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Bunga yana Abdulloh ibn Amr (r.a.) men bundan ko‘piga toqat qilaman, deganlarida Rasululloh (s.a.v.)ning u kishini pasaytirib qo‘ygani ham misol bo‘ladi. Shunda yana Payg‘ambar (s.a.v.): «Bir kun ro‘za tut, bir kun og‘izni och», dedilar. U kishi: «Men bundan afzalini xohlayman», deya javob qildilar. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: «Bundan afzali yo‘qdir!» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Rivoyat etilishicha, «Payg‘ambar (s.a.v) ramazon (oyi)dan boshqa biror oyning ro‘zasini to‘liq tutmaganlar» (Imom Buxoriy va Muslim Oisha (r.a)dan rivoyat qilishgan)

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:34:59

   Kim yarim umr ro‘zasiga kuchi yetmasa, uchdan birini tutganning ham zarari yo‘qdir. Bunda bir kun ro‘za tutib, ikki kun og‘iz ochiq bo‘ladi. Agar oyning bo-shidan uch kun, o‘rtasidan uch kun va oxiridan uch kun ro‘za tutsa, bu uchdan bir bo‘ladi va fazilatli kunlarga muvofiq keladi. Agar dushanba, payshanba va juma kunlari ro‘za tutsa, bunda ham uchdan birga yaqinlashadi. Agar fazilatli vaqtlar zohir bo‘lsa, inson ro‘za ma’nosini fahmlashi kamollik belgisi-dandir. Albatta bunda uning maqsadi qalbni tozalash va himmatni Alloh azza va jalla uchun forig‘ qilish bo‘ladi. Faqih botin tuyg‘ulari bilan holatlariga nazar soladi. Ba’zi payt holi ro‘zaning davomiyligini xohlasa, boshqa payt ro‘zasizlik davomiyligani taqozo qiladi. Yana ayrim paytda esa ro‘zasizlik bilan ro‘zadorlik aralash bo‘lishini taqozo qiladi. Agar ma’noni fahmlab, qalbni muroqaba qilish bilan oxirat yo‘li sulukidagi chegarasini aniqlab olsa, unga qalbining salohiyat maxfiy qolmaydi. Bu esa muttasil tartibni lozim etmaydi. Shuning uchun ham Payg‘ambar (s.a.v.)dan rivoyat qilinishicha, ro‘za tutardilar, hatto og‘izlari ochiq bo‘lmasdi, deyilardi. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmaydilar, deyilardi. Uxlardilar, hatto tunda qoim bo‘lmaydilar, deyilardi. Ibodat bilan qoim bo‘lardilar, hatto uxlamaydilar, deyilardi (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Bu holat ul zotga nubuvvat nuri bilan inkishof bo‘lgan vaqtlarning huquqini ado qilishga qarab bo‘lardi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:35:10

   Ulamolar hayit va tashriq kunlarini hisobga olib, to‘rt kundan ortiq ketma-ket og‘iz ochiq bo‘lishini karih ko‘rishgan. Bu qalbni qoraytiradi, yomon odatlarni paydo qiladi va shahvatlar eshiklarini ochadi, deb zikr qilishgan. Umrimga qasamki, aksar xalq haqida ish shundaydir, xususan, bir kecha-kunduzda ikki marta yeydiganlarda. Ixtiyoriy ro‘za tartibi xususida zikr qilishni iroda etgan narsamiz shudir. Vallohu a’lam bissavob.

   «Ro‘za sirlari» kitobi tugadi. Biz bilgan va bilmagan barcha maqtovlar bilan biz bilgan va bilmagan hamma ne’matlari uchun Allohga hamd bo‘lsin. Sayyidimiz Muhammadga, oilalari va ashobiga hamda yer va osmon ahlidan bo‘lgan har bir tanlangan bandaga salovot va salomlar bo‘lsin.

   Inshaalloh, bundan keyin «Haj sirlari» kitobi keladi. Alloh madadkor, Undan o‘zga Parvardigor yo‘qdir.

   Muvaffaqiyatim faqat Alloh bilandir! Alloh bizga yetarli va U qanday yaxshi vakildir!

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:35:42

Ihyou ulumid-din. Ro'za sirlari kitobi



Muallif: Imom G'azzoliy
Hajmi: 80 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan