Uchinchi fasl - ixtiyoriy ro‘zalar va ulardagi virdlar tartibi to‘g‘risidadir.
Bilgilki, ro‘zaning mustahabi fazilatli kunlarda yanada ta’kidlanadi. Fazilatli kunlarning ba’zisi butun yil ichida topilsa, ba’zilari butun oy mobaynida, yana ayrimlari esa hafta ichida topiladi.
Ramazon kunlaridan keyin yil davomida topiladigani quyidagi fazilatli ayyomlardir: arafa kuni, ashuro kuni, zul-hijjaning avvalgi o‘nligi, muharramdan dastlabki o‘n kunlik. Xarom oylarining barchasi fazilatli kunlar bo‘lgani uchun ro‘za manbaidir. «Payg‘ambar (s.a.v.) sha’bon oyida ro‘za tutishni ko‘paytirardilarki, hatto u kishini ramazon oyida deb gumon qilinardi» (Imom Buxoriy vi Muslim rivoyatlari). Xabarda keladi: «Ramazon oyidan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi - muharramdadir» (Imom Muslim rivoyati). Chunki bu oy yilning ibtidosidir. Buni yaxshilik bilan boshlash esa barakasi davomli bo‘lishi uchun yaxshi ko‘rilgan va umid qilingandir. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Xarom oyidan bir kun ro‘za tutish boshqasining o‘ttiz kunidan yaxshidir. Ramazondan bir kun ro‘za tutish esa xarom oyida o‘ttiz kun ro‘za tutishdan afzaldir» (bunday lafz bilan uchramaydi). Hadisda keladi: «Kim xarom oyidan uch kun: payshanba, juma va shanba kunlari ro‘za tutsa, Alloh uning har bir kuni uchun to‘qqiz yuz yillik ibodatning savobini yozadi» (Azdiy «Az-zuafo»da rivoyat qilgan). Xabarda keladi: «Sha’bonning yarmi to‘lganda ramazon (oyi) bo‘lguncha ro‘za yo‘qdir» (to‘rt imom rivoyat etib, Termiziy saxix, degan).Buning uchun ramazon (oyi)dan bir necha kun oldin ro‘za tutmaslik mustahab qilindi. Agar sha’bonni ro‘za bilan ramazon (oyi)ga ulasa, joizdir. Buni Rasululloh (s.a.v.) bir marta ulab, ko‘p marta ajratganlar. Ramazonni ikki yoki uch kun ro‘za tutib qarshilash joiz bo‘lmaydi. Illo, o‘ziga lozim qilib qo‘igan kunlarga muvofiq kelib qolsa, mumkindir. Ba’zi sahobalar rajabning hammasida ro‘za tutmoqlikni to ramazon oyiga o‘xshab qolmasligi uchun karih ko‘rishdi. Fazilatli oylar zul-hijja, muharram, rajab va sha’bondir. Xarom oylar esa: zul-qa’da, zul-hijja, muharram va rajabdir. Bu oylarning bittasi alohida, qolgani ketma-ketdir.