Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Zakot sirlari kitobi)  ( 29110 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:50:12

Oisha va Ummu Salamalar (r.a.) agar biror narsani kambag‘al kishiga berib yuborsalar, elchiga tayinlashardi: «U qilgan duoni yodlab oling». U qilgan duoni qaytarishardi-da, «Bu duoimiz unikiga barobardir. Shu bilan sadaqamiz biz uchun xolis bo‘ladi», derdilar. Ular kambag‘aldan hech narsa kutishmasdi, chunki bu mukofotga o‘xshardi, shuning uchun duoga mislidek duoni muqobil qilishardi. Umar ibn Xattob (r.a.) va o‘g‘illari Abdulloh ham shunday qilishardi. Qalb egalari qalblarini mana shunday davolatishardi. Zohiriy tomondan davo faqat zalillik, tavozu’ va minnatni qabul qilishga dalolat etadigan amallarda bo‘ladi. Botiniy tomondan esa zikr qilganimiz ma’rifatlarda bo‘ladi. U amal tomonidan bo‘lsa, bu ilm jihatidan bo‘ladi. Qalbni faqat ilm va amal ma’juni bilangina muolaja qilinadi. Zakotlardagi mana shu shart namozdagi xushu’ o‘rnida yuradi. Bu narsa Payg‘ambar (s.a.v.) quyidagi so‘zlarida sobit bo‘lgan: «Kishi uchun namozidan faqat fikri anglaganigina qoladi». Bu: «Alloh minnatchining sadaqasini qabul qilmaydi», degan so‘zlari kabidir. Yana Alloh azza va jallaning: «Bergan sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang», degan so‘ziga o‘xshaydi. Ammo faqihning bu shartsiz ham zakotning o‘rniga tushganligi va zimmasidan soqit bo‘lganligi haqidagi fatvosi boshqa mavzudir. Uning ma’nosiga «Namoz kitobi»da ishorat qilganmiz

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:50:42

Oltinchi vazifa - bergan narsasini arzimas bilmog‘i. Agar ko‘p sanasa, ujbga ketadi. Ujb esa amallarni bekor qiluvchi holatdir. Alloh taolo aytadi:

«Hunayn kunini (eslanglar)! O’shanda sizlarning ko‘p ekanligingiz mag‘rur qilib qo‘ygandi. Ammo u sizlarni hech narsadan behojat qila olmadi» (Tavba surasi, 25-oyat). Aytilishicha, toat qanchalik kichik sanalsa, Alloh azza va jalla huzurida shunchalik ulkan hisoblanadi. Ma’siyat qanchalik katta hisoblansa, Alloh azza va jalla nazdida shu darajada kichik sanaladi. Yana aytilishicha, yaxshilik uch ish bilangina mukammal bo‘ladi: kichik sanash, tezlashtirish va yashirin qilish. Minnat va ozor katta sanash emasdir. Agar u molini masjid yoki rabot qurishga sarflaganda edi, katta sanash imkoni bo‘lardi. Bunda minnat va ozor mumkin bo‘lmaydi. Balki ujb va katta sanash hamma ibodatlarda joriydir. Buning davosi ilm va amaldir. Ilm shuki, u o‘ndan bir yoki qirqdan bir, ko‘pdan oz ekanini bilmoqdir. U nafsi uchun sarfiyotining eng tuban darajasiga ham qanoat qilayapti. Bundan u uyalishi kerak edi. Agar eng oliy darajaga chiqib molining hammasini yoki aksarini sarf qilsa ham qanday qilib buni katta sanaydi? O’ylab ko‘rsin, mol unga qaydan kelayapti? Va qaerga sarflayapti? Mol Alloh azza va jallanikidir. Minnat qilish Uning o‘zinikidir. Zero, U berayapti va sarf qilishga muvaffaq etyapti. Unda nima uchun Alloh taoloning haqqida aynan Alloh subhanahuning haqqi bo‘lmish narsani og‘ir sanayapti? Agar uning maqomi oxiratga qarashni taqozo etar ekan, u sarfiyotini savob uchun qilar ekan, unda nega bir necha barobar bo‘lib qaytishini kutayotgan narsasini ko‘p sanaydi?

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:50:50

Amal shuki, berayotganda qolgan molini Alloh azza va jalladan olib qolib, baxillik qilayottaniga xijolat tortgan kishining berishidek ato etmog‘idir. Uning ko‘rinishi omonatni qaytarish so‘ralganda, ba’zisini berib, ba’zisini berolmayotgan kishidek siniq va hayoli bo‘lsin. Chunki molning hammasi Alloh azza va jallanikidir. Barchasini sarf etish Alloh subhanahuning nazdida mahbubdir. Lekin buni bandasiga buyurmadiki, baxilligi sababli mashaqqat bo‘lmasin, deb. Alloh azza va jalla bu to‘g‘rida shunday deydi:

«Agar (Alloh) sizlardan (mol-dunyolaringizni) so‘rab, sizlarni qiynaydigan bo‘lsa, sizlar baxillik qilursizlar» (Muhammad surasi, 37-oyat).

Yettinchi vazifa - molidan sifatlisini, o‘ziga sevimlisini, kattasini va yaxshisini bermog‘i. Chunki Alloh taolo yaxshidir, faqat yaxshi narsani qabul qiladi. Agar chiqarib berilgan narsa shubhadan topilgan bo‘lsa, mutlaqo uning mulki bo‘lmagani tufayli o‘rniga tushmaydi. Hadisda Abon Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qiladilar: «Gunoh qilmay qo‘lga kiritgan molidan infoq qilgan bandaga yaxshilik bo‘lsin! » (Bazzor rivoyati.)

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:51:03

Agar chiqarilgan narsa molning yaxshisi bo‘lmasa, bu odobsizlikdan sanaladi. Zero u yaxshi narsani o‘ziga yo quliga yoki ahliga ushlab qolgan. Bu bilan u Alloh azza va jalladan boshqani oldinga qo‘ygan. Agar buni mehmoniga qilganda va uning oldiga eng yomon taomini qo‘yganida bu ishidan o‘zining g‘azabi qaynab ketardi. Bu agar Alloh azza va jallaga nisbatan shunday qilganda bo‘ladi. Agar o‘ziga va oxiratdagi savobiga qaraganda o‘zidan boshqani muqaddam qilsa, bu kishi oqil emasdir. Uning uchun molidan faqat ikki narsa qoladi: sadaqa qilib boqiy bo‘lgani yoki yeb, ya’ni hozirdagi istagini qondirib, foniy bo‘lgani. Nazarni faqat hozirga qaratib, saqlab qo‘yishni unutish aqldan emasdir. Darhaqiqat, Alloh taolo aytgandir:

«Ey mo‘minlar, kasb qilib topgan narsalaringizning halol-pokizalaridan va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalardan infoq-ehson qilingiz! Ehson qilish uchun ulardan o‘zingiz faqat ko‘z yumib turib oladigan past-nopoklarini tanlamangiz!» (Baqara surasi, 267-oyat.) Ya’ni, faqat karih ko‘rish va hayo bilan olingiz. «Ko‘z yumib turib»dan murod shudir. Buni Rabbingizdan afzal ko‘rmangiz. Xabarda kelishicha: «Bir dirham ming dirhamdan o‘tib ketdi» (Nasaiy, Ibn Hibbon va Hokim rivoyat etib, sahih, deyishgan). Bu hol kishining eng halol va sifatli molini chiqarib berishi bilan bo‘ladi. Bu badalga rozilik va xursandlikdan sodir bo‘ladi. Molining karih ko‘rganidan yuz ming dirhamli chiqarishi mumkin. Bu hol u Alloh azza va jallani o‘zi yaxshi ko‘rgan biror narsaga muqaddam qilmasligiga dalolat etadi. Shuning uchun ham Alloh taolo o‘zlari yomon ko‘rgan narsalarini Alloh uchun atagan qavmni mazammat qilib aytadi:

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:51:17

«Ular o‘zlari yomon ko‘radigan narsalarni Allohniki, deyishib, yana tillari o‘zlari uchun chiroyli mukofot - jannat bo‘lishi haqida yolg‘on so‘zlarni so‘zlaydi. Yo‘q!!!» (Nahl surasi, 62-oyat.) Ba’zi qorilar vaqf to‘xtashini «Yo‘q!»dan keyin, ularning yolg‘onchiligini aytish uchun qo‘yishgan. Oyat davomida «Shubha yo‘qki, ular do‘zax egalaridir», deyiladi. Ya’ni, do‘zax yomon ko‘radigan narsalari Allohniki, deganlar uchun beriladi.

Sakkizinchi vazifa - sadaqasi uchun sadaqa u bilan poklanadigan odamni izlashidir. Bunda umumiy sakkiz sinf bo‘lishi bilan kifoyalanilmaydi. Chunki ularning umumiylari ichida sifati xoslari bor. Mana shu sifatlarning xoslariga rioya etilishi kerak. Bu sifatlar oltitadir:

Birinchi sifat - taqvodor, dunyodan yuz o‘girgan, oxirat tijoratiga o‘zini bagishlagan kishilarni istamog‘i. Payg‘ambar (s.a.v.) aytganlar: «Faqat taqvodorning taomini yegin. Va taomingni faqat taqvodor yesin» (boshkacharoq lafz bilan rivoyat qilingan). Chunki taqvodor u bilan taqvosiga madad oladi, unga yordam berganing uchun toatiga sherik bo‘lasan. Rasululloh (s.a.v.) aytganlar: «Taomlaringizni taqvodorlarga yediringlar. Yaxshiligingizni mo‘minlarga ilininglar» (Ibn Muborak rivoyat qilgan, Ibn Tohir majxuli bor g‘arib hadis, degan). Boshqa lafzda: «Taoming bilan Alloh taolo yo‘lida yaxshi ko‘rgan kishingni ziyofat et», deya kelgan (Ibn Muborak mursal holda rivoyat etgan). Ulamolardan biri taomlarga so‘fiylarning kambag‘alini boshqalardan afzal bilardilar. U kishiga: «Yaxshiligingizni hamma faqirlarga om qilganingizda ma’qul bo‘lardi», deyishganida, shunday javob qilgandilar: «Yo‘q! Bular g‘amlari Alloh subhanahu bo‘lgan qavmdirlar. Agar ularga yo‘qchilik kelsa, fikr-hayollari sochilib ketadi. Ulardan birining himmatini Alloh azza va jalla tomonga qaytarishim menga g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan ming kishiga bermog‘imdan mahbubroqdir». Bu gap Junaydga gapirib berilganida, u kishi ma’qullab: «Bu kishi Alloh taolo valiylaridan bir valiydir», dedilar. Yana aytdilar: «Anchadan beri bundan yaxshiroq so‘z eshitmagandim». So‘ng hikoya qilinishicha, bu odamning holati yomonlashdi va do‘konini tashlashga qasd qildi. Shunda unga Junayd mol jo‘natdilar va: «Buni o‘zingta dastmoya qilgin va do‘konni tashlamagin. Chunki tijorat seningdek kishilarga zarar qilmaydi», dedilar. Bu odam kambag‘allar xarid qilgan narsalarga pul olmasdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:51:28

Ikkinchi sifat - xususan ahli ilmdan bo‘lmog‘i. Chunki bu ularga ilm olishlarida madad bo‘ladi. Agar bu to‘g‘rida niyat to‘g‘ri bo‘lsa, ilm ibodatlarning eng sharaflisidir. Ibn Muborak ataganlarini faqat ilm ahliga xoslardilar. U kishiga: «Nega buni om qilmaysiz?» deyilsa: «Men payg‘ambarlik maqomidan keyin ulamolik maqomidan o‘zgasini bilmayman», deya javob qildilar. Agar ulardan birining qalbi dunyo tashvishlari bilan mashg‘ul bo‘lib qolsa, ilmga vaqti bo‘lmaydi va ta’lim olishga qaramaydi. Shu bois ularni ilmga bog‘liq etib qo‘yish afzaldir.

Uchinchi sifat - taqvosida va tavhidni bilishida sodiq bo‘lmogi. Tavhidi shuki, agar u atoni olsa. Alloh azza va jallaga hamd aytadi, Unga shukr qiladi va ne’matni Undan deb bilib, vositaga qaramaydi. U bandalarning Alloh subhanahuga eng shokirrog‘idir. U ne’matning barchasini Allohdan, deb biladi. Luqmon o‘g‘liga vasiyatida shunday deydi: «O’zing va Alloh o‘rtasida in’om etuvchini paydo qilib olma. Undan boshqaning senga bergan ne’matini qarz sanagin. Kim Alloh subhanahudan boshqaga tashakkur etsa, go‘yoki in’om etuvchini bilmabdi, vosita esa Alloh azza va jallaning bo‘ysundirishi bilan tobe’ qilingan va bo‘ysundirilganiga ishonmabdi. Zero, Alloh taolo unga fe’l (bajarish) boislarini musallat qildi, uning sabablarini oson etdi va u bo‘ysungan holda berdi. Alloh taolo uning qalbiga dini va dunyosining salohi buni qilishda ekanligini tashlagandan keyin uni tark etishga qodir bo‘lmaydi. Bois qanchalik kuchaysa, u iroda qat’iyligi va qudratdan foydalanishni vojib etadi. Taraddudi yo‘q kuchli boisga qarshilik qilishda bandaning kuchi yetmaydi. Va Alloh taolo boislarni xalq qiluvchi va qo‘zg‘atuvchi, zaiflik va taraddudni ketkazuvchi hamda bois muqtazolaridan foydalanib qolish uchun qudratni bo‘ysundiruvchi Zotdir. Kim bunga qat’iy ishonsa, nazari faqat Musabbibul-asbob (Sabablarni paydo qiluvchi)ga qaratiladi. Bandaning mana shunday qat’iy ishonchi beruvchi uchun boshqaning maqtov va tashakkuridan foydaliroqdir. Chunki maqtov va tashakkur til harakati bo‘lib, ko‘pincha foydasi kam bo‘ladi. Ammo bunday muvahhid bandaga yordam etish zoe bo‘lmaydi. Lekin ato tufayli maqtaydigan va xayriyat so‘rab duo etadigan kishi esa atodan noumid bo‘lganda mazammat etadi, yomonlik so‘rab duo qiladi. Uning holati o‘zgarib turadi. Rivoyat etilishicha, Payg‘ambar (s.a.v.) faqirlardan biriga ato jo‘natdilar va elchiga: «Aytgan narsasini yodlab ol», dedilar. U atoni olgan vaqtda: «Zikr qilganni unutmaydigan va shukr qilganni zoe etmaydigan Zot Allohga hamd bo‘lsin! Allohim! Albatta Sen falonchini (ya’ni, o‘zini) unutmading, endi falonchini Seni unutmaydigan qilib qo‘ygin!» dedi. Rasulullohga (s.a.v.) buning xabari berilganida xursand bo‘ldilar va: «Uning bunday deyishini bilgandim», dedilar (asli yo‘q, faqatgina Ibn Munda zaif sanad bilan rivoyat qilgan.)   Qara, u iltifotini yolg‘iz Allohga qanday chegaraladi! Yana Payg‘ambar (s.a.v.) bir odamga: «Tavba qil», dedilar. U odam: «Allohning o‘ziga tavba qilaman. Muhammadga tavba qilmayman», dedi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Haqni ahliga munosib holda tanidi», dedilar (zaif sanad bilan Ahmad va Tabaroniylar rivoyati.)

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:51:58

Oishaning (r.a.) «Ifk voqeasi»da beaybliklari haqida oyat nozil bo‘lganida otalari Abu Bakr (r.a.): «Tur, Rasulullohning (s.a.v.) boshlaridan o‘p!» dedilar. Shunda Oisha (r.a.) aytdilar: «Allohga qasamki, bunday qilmayman va Allohdan boshqaga hamd aytmayman!» Rasululloh (s.a.v.) ham: «Uz holiga qo‘y, ey Abu Bakr!» dedilar. Boshqa bir rivoyatda Oisha (r.a.) Abu Bakrga (r.a.): «Sizga ham, sohibingizga ham maqtov yo‘q, hamd faqat Allohgadir», deganlarida, Rasululloh (s.a.v.) bunday deyishini man etmadilar. Vaholanki, vahiy Oishaga (r.a.) Rasulullohning (s.a.v.) tillari vositasida yetib kelgandi. Narsalarni Alloh subhanahudan boshqadan ko‘rish kofirlarning vasfidir. Alloh taolo aytadi:

«Qachon yolg‘iz Alloh zikr qilinsa, oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalarning dillari siqilib ketar. Qachon U Zotdan o‘zga butlar zikr qilinganida esa banogoh ular shodlanib keturlar» (Zumar surasi, 45-oyat).

Kim botinini vositalarni ko‘rishdan tozalamabdi, go‘yoki u siri maxfiy bo‘lgan shirqdan qutilmaydi. Bundan vositalarni vosita o‘laroq ko‘rgan kishilar mustasnodir. Bas, tavhidini shirk iflosliklari va dog‘laridan tozalashda Alloh subhanahudan qo‘rqing.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:52:38

To‘rtinchi sifat — hojatini maxfiy va yashirin tutmog‘i, xuzni va shikoyatini ko‘paytirmasligi. Yoki ne’mati ketsada, saxiyligi qolgan muruvvat ahlidan bo‘lmog‘i. U boodoblik libosida yashaydi. Alloh aytadi:

«... qanoatlari sababli bilmagan odamga boy-badavlat bo‘lib ko‘rinadilar. Ularning (faqirliklarini) siymolaridan bilib olasiz. Ular odamlardan tilanib turib olmaydilar» (Baqara surasi, 273-oyat).

Chunki u komil iymoni sabab g‘aniy, sabri bois azizdir. Buni har bir joydagi diyonat ahlini yaxshilab o‘rganish, ahli xayr va boodob holatlarining botinini kashf qilish bilan izlash lozim bo‘ladi. Unga atoni berish savobi tilanchilikni oshkor qiladiganlarga bergandan ko‘ra bir qancha ko‘pdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:52:49

Beshinchi sifat - bola-chaqasi ko‘p yo kasallik yoki boshqa sabab bilan uyga qamalib qolgan kishi bo‘lishi. Bunda Alloh azza va jallaning quyidagi oyati ma’nosi topiladi:

«(Sadaqa-ehsonlar) Allohning yo‘lida to‘silgan faqir-kambag‘allar uchundir» (Baqara surasi, 273-oyat). Ya’ni, ular bola-chaqa yoki tirikchilik og‘irligi yoxud qalb islohi uchun oxirat yo‘lida o‘zlarini ushlagan kishilardir. «... biror yerga safar qilishga qodir bo‘lmaydilar» (oyat davomi). Chunki ular qanotlari qirqilgan va qo‘loyog‘i bog‘langan kishilardir.

Mana shular tufayli Umar (r.a.) ahli baytga o‘nlab miqdor qo‘y berardilar. Payg‘ambar (s.a.v.) atoni bola-chaqa miqdoricha berardilar. (Mazkur lafzda naql qilinmagan.)

Umardan (r.a.) ko‘rgilikning eng kattasi haqida so‘rashganida: «Moli kam bo‘lgani holda bola-chaqaning ko‘pligi», deya javob berganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 01:53:20

Oltinchi sifat - yaqin va qarindosh-urug‘laridan bo‘lmog‘i. Shunda ham sadaqa, ham silai-rahm bo‘ladi. Silai-rahmda esa sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan savob bordir. Ali (r. a.) aytadilar. «Bir qarindoshimga bir dirham bilan silai-rahm qilmog‘im yigirma dirham sadaqa qilmog‘imdan mahbubdir. Yigirma dirham bilan silai-rahm qilmog‘im yuz dirham bilan sadaqa qilmog‘imdan mahbubdir. Yuz dirham bilan silai-rahm qilmog‘im qul ozod etmog‘imdan mahbubdir». Yaxshi do‘st va birodarlar ham begonaga nisbatan yaqinlari muqaddam qilingani singari xayr-ehsonda oldinga qo‘yiladi. Bundagi daqiq ma’nolarga rioya etgin. Bular talab etilgan sifatlardir. Har bir sifatning o‘z darajasi bordir. Bulardan eng oliysini istamoq lozim bo‘ladi. Agar mana shu sifatlarning jumlasini jamlagan kishi topilsa, bu ulug‘ zahira va buyuk g‘animat bo‘ladi. Kishi bu to‘g‘rida qanchalik ijtihod qilib to‘g‘ri topsa, ikki savob, agar xato qilsa, bir savobga ega bo‘ladi. Chunki ikki savobdan biri darhol nafsini baxillik sifatidan poklash, qalbidagi Alloh azza va jallaga bo‘lgan muhabbatini ta’kidlash va Uning toatida ijtihod etishda bo‘ladi. Bu sifatlar qalbni quvvatlantiradi va Alloh azza va jallaga yetishishga shavqlantiradi. Ikkinchi savob sadaqa oluvchining duosi va himmatiga bog‘liqdir. Chunki abrorlar qalbining holda ham, istiqbolda ham ta’siri bordir. Agar buni to‘g‘ri topsa, ikki savobni hosil qiladi. Agar adashsa, ikkinchi emas, birinchi savobni topadi. Shu sababli ham ijtihodda to‘g‘ri topuvchining savobi bu yerda ham, boshqa o‘rinlarda ham ikki barobar qilingandir. Vallohu a’lam.

Qayd etilgan