Asarlarda kelishicha Urva ibn Zubayr aytadilar: «Oisha (r.a.) ellik ming dirham sadaqa qilganlar. Holbuki, ro‘mollariga yamoq solingan edi». Mujohid Alloh azza va jallaning: «Va taomni suyub tursalarda, (o‘zlari yemas-dan) miskin, yetim va yesirlarni taomlantirurlar» (Inson surasi, 8-oyat) so‘zi to‘g‘risida: «Ular o‘zlari xohlab tursalarda», dedilar. Umar (r.a.) aytardilar: «Allohim, fazlni (mol ziyodaligini) yaxshilarimizda qilginki, shoyad ular bizdan bo‘lgan hojatmandlarga uni qaytarsalar». Umar ibn Abdulaziz aytardilar: «Namoz seni yarim yo‘lga yetkazadi, ro‘za Malik eshigiga yetkazadi, sadaqa esa undan seni kirgizadi». Ibn Abul Ja’d aytadilar: «Albatta sadaqa yomonlikning yetmish bobini daf qiladi. Uning maxfiysining oshkorasiga nis-batan fazli yetmish barobardir. Albatta u yetmish shaytonning jag‘ini sindiradi». Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: «Bir kishi Allohga yetmish yil ibodat qildi. So‘ng bir yomon ish qilib qo‘yib, hamma amali bekor bo‘ldi. Keyin bir miskinning oldidan o‘tib, unga bir burda obi-non sadaqa qildi. Shunda Alloh uning gunohini kechirib, yetmish yillik amalini qaytarib berdi». Luqmon o‘g‘illariga dedilar: «Agar bir gunoh ish qilsang sadaqa bergin». Yahyo ibn Muoz aytadilar: «Sadaqa donasidan ko‘ra dunyo tog‘larini ziynatlaydigan donani bilmayman». Abdulaziz ibn Abu Ravvod aytadilar: «Uch narsa jannat boyliklaridan yoki yaxshilik xazinalaridandir. Bular: kasalni yashirish, sadaqani berkitish va musibatni pinhon tutish». Buni u Payg‘ambargacha (s.a.v.) yetkazib rivoyat qiladi. Umar ibn Hattob (r.a.) aytadilar: «Albatta amallar o‘zaro faxrlanadi. Shunda sadaqa men eng afzalingizman, deydi». Abdulloh ibn Umar (r.a.) odamlarga shakar sadaqa qilib buning boisini izohlab derdilar: «Men Allohning: «Suygan narsalaringizdan infoq-ehson qilib bermaguningizcha hargiz yaxshilikka (jannatga) yetmagaysiz» (Oli Imron surasi, 92-oyat), deganini eshitdim. Va Alloh mening shakarni yaxshi ko‘rishimni biladi». Naxaiy aytadilar: «Agar bir narsa Alloh uchun berilsa, unda ayb bo‘lmoqligi meni xursand qilmaydi». Ubayd ibn Umayr aytadilar: «Qiyomat kuni odamlar hech bo‘lmagan ochlikda, hech bo‘lmagan chanqoqlikda va hech bo‘lmagan yalang‘ochlikda tiriladi-yu, kim Alloh azza va jalla uchun yedirgan bo‘lsa, Alloh uni to‘ydiradi. Kim Alloh azza va jalla uchun ichirgan bo‘lsa, Alloh uni qondiradi. Va kim Alloh azza va jalla uchun kiydirgan bo‘lsa, Alloh uni kiyintiradi». Hasan aytadilar: «Agar Alloh xohlaganida edi, ichingizda faqir qoldirmay, hammangizni boy qilib qo‘yardi. Lekin U ba’zingizni ba’zingiz bilan imtihon qildi». Sha’biy aytadilar: «Kim o‘zini sadaqasining savobiga faqirning sadaqaga muhtojligidan ko‘ra ehtiyojmandroq ko‘rmasa, darhaqiqat, sadaqasini botil qilibdi va u bilan yuziga uribdi». Molik aytadilar: «Boy kishining masjidlarda suv ulashish uchun sadaqa qilingan idishdan suv ichishida gunoh ko‘rmaymiz. Chunki bu alalxusus muhtoj va miskinlar qatorida zikr qilinmagan tashna kishilar uchun ham qo‘yilgandir». Aytishlaricha, Hasanning oldilaridan naxxos (qul savdosi bilan shug‘ullanuvchi kishi) bir joriya bilan o‘tib qoldi. Unga: «Joriyaning qiymati bir va ikki dirham bo‘lishiga rozimisan?» dedilar. Undan «Yo‘q» javobini olgach, Hasan unga: «Bor jo‘na, chunki Alloh azza va jalla jannatdagi hurlar uchun bir chaqa va bir luqmaga rozi bo‘lgandi», dedilar