Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Zakot sirlari kitobi)  ( 43509 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:03:34

Zakot va sadaqaga olingan narsaning miqdori haqida ulamolarning qarashlari turlichadir. Ayrimlari uning kami haqida faqat bir kecha-kunduzlik ozuqa miqdori bilan cheklanish vojib deb mubolag‘a etishgan. Ular Sahl ibn Hanzalaning: «Payg‘ambar (s.a.v.) boy bo‘lgani holda tilanishdan qaytarganlar. Boy kishi haqida so‘rashganida: «Nonushta va kechqurunligidir», deya javob qilganlar», degan rivoyatini mahkam ushlaganlar (Abu Dovud va Ibn Hibbon rivoyatlari). Ba’zilari esa boylik chegarasigacha olsa bo‘ladi, deyishgan. Boylik chegarasi esa zakot nisobidir. Zero, Alloh taolo zakotni faqat boylarga vojib etgan. Ular oluvchi o‘ziga va oila a’zolarining har biriga zakot nisobini olishi mumkin, deyishadi. Yana boshqa olimlar boylik chegarasini ellik dirham yoki shuncha qiymatdagi tilla miqdorida belgilashgan. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: «Ehtiyoji bo‘la turib tilangan kishi qiyomatda yuzi tilinib keladi». Shunda: «Ehtiyoji nima?» deb so‘rashganida: «Ellik dirham yoki unga to‘g‘rikeladigan oltin», deya javob qildilar (sunan egalari rivoyat etishgan, Termiziy hasan, Nasaiy va Xattobiylar zaif, deyishgan). Aytishlaricha, bu rivoyat kuchli emas. Bir qavm ellik o‘rniga qirq degan. Ato ibn Yasor Rasulullohdan (s.a.v.) munqati’ yo‘l bilan rivoyat etadi: «Kimda bir uqiyya tilla bo‘lgani holda tilansa tilanishda shilqimlik qilibdi» (Abu Dovud va Nasaiylar muttasil yo‘l bilan xam rivoyat etishgan). Boshqa olimlar esa yo‘lni keng olishda mubolag‘a etib deyishgan: «Oluvchi hovlijoy xarid qilishga yetadigan miqdorda olishi mumkin». Bu bilan u umr bo‘yi muhtojlik ko‘rmay yashaydi. Yoki tijorat qilishga mol hozirlash mumkin bo‘lgan miqdor olishi mumkinki, bu bilan ham umri mobaynida ehtiyojmand bo‘lmaydi. Chunki mana shu holgina boylikdir. Darhaqiqat, Umar (r.a.): «Agar bersangiz, boy qilib qo‘ying», deganlar. Hattoki, bir qavm kishi kambag‘al bo‘lib qolsa o‘n minglarcha dirham bo‘lsa ham, oldingi holatiga qaytgudek miqdorda olishi mumkin deyishgacha borishgan. Ammo mo‘‘tadillik chegarasidan o‘tmaslik kerak bo‘lgan. Bir kuni Abu Talhani bog‘lari namozdan mashg‘ul etganda, uni sadaqa qildim dedilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Uni yaqinlaringga qilgin. Bu sen uchun yaxshidir», dedilar (Imom Buxoriy, Muslim va Nasaiylar rivoyati.) Uni Hasson va Abu Qatodaga berdilar. Atrofi o‘ralgan xurmozor ikki kishi uchun ko‘p va behojat qiluvchi hisoblanadi. Umar (r.a.) esa bir a’robiyga bo‘talog‘i bor tuya berganlar. Kenglik borasida shular hikoya qilingandir

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:03:46

Kamaytirishga kelsak, bir kunga yetadigan ozuqa yoki uqiyya (qirq dirham) yetarlidir. Bu tilanchilikning makruhligi va eshiklarni kezib yurish to‘g‘risida vorid bo‘lgan rivoyatlar uchundir. Demak, bu hol man etilgandir. Buning boshqa hukmi ham bordir: berilgan narsa bilan hovli sotib olishning joizligi va bu bilan behojat bo‘lish eng yaqin ehtimoldir. Lekin bu ham isrofga moyillikdir.

Mo‘‘tadillikka eng yaqini bir yilga yetarli narsa berishdir. Bundan ortig‘i xatar va kami esa torlikdir. Agar bu ishlarda chamalash imkoni bo‘lmasa, tavqifan jazm qilinadi. Mujtahidga faqat o‘ziga to‘g‘ri ko‘ringan narsaga hukm qilishgina joiz. So‘ng taqvodorga aytadi: «Qalbingdan fatvo so‘ra, garchi fatvo bersalar ham». Zero, gunoh qalblar yarasidir. Agar oluvchi olgan narsasi to‘g‘risida (gumon) topsa, bu to‘g‘rida Allohdan qo‘rqsin, zohir ulamolari fatvosi bilan cheklanmasin. Chunki ularning fatvolarida qaydlar va zaruriyatlardan umumiyatlar bordir. Yana ularda taxminlar va shubhalarga ehtiyojsizlik bordir. Shubhalardan saqlanish esa diyonatli kishilar sifati va oxirat yuli solihlarining odatlaridandir.

Beshinchisi - mol egasidan unga vojib bo‘lgan miqdor haqida so‘ramog‘i. Agar uning berayotgani nimchorakdan ko‘p bo‘lsa, uni olmaydi (chunki shofe’iy mazhabida yuqorida keltirilganidek, zakot haqdor sakkiz toifaning hammasiga berilishi kerak, ammo bizning hanafiy mazhabida bir toifa bilan chegaralanish mumkin). Chunki u sherigi bilan birga faqat nimchorakni olishga haqli. Demak, o‘sha nimchorakdan o‘z sinfidan bo‘lgan ikki kishining hissasi miqdorida kamaytirsin. Bu so‘rov odamlarning ko‘piga vojibdir. Chunki ular bu taqsimotga yo johillik va yoki yengil qarash oqibatida rioya etishmaydi. Mana shunday ishlarda so‘rovni tark etish joiz bo‘ladi, qachonki gumonga xaromlik ehtimoli g‘olib kelmasa. Savolning zararlari va ehtimolning darajalari zikri «Halol va xarom» kitobida keladi inshaalloh.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:04:06

To‘rtinchi fasl
Ixtiyoriy sadaqa va uning fazilati hamda olish-berish odoblari xaqida

Sadaqa fazilatining bayoni


Payg‘ambar (s.a.v.) aytganlar: «Garchi bir dona xurmo bo‘lsada sadaqa qiling. Chunki u ochiqqandan (ochlikni) to‘sadi va suv o‘tni o‘chirgandek gunohlarni o‘chiradi» (Ibn Muborak «Az-Zuhd»da Ikrimadan mursal holda, Axmad esa Oishadan (r.a.)rivoyat etishgan). Yana Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Garchi bir bo‘lak xurmo bilan bo‘lsada do‘zaxdan saqlaning. Agar uni topmasangiz, yaxshi bir so‘z bilan (saqlaning)» (Imom Buxoriy va Muslimlar Adiy ibn Hotamdan rivoyat qilishgan). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Bir musulmon banda sadaqani yaxshi bir kasbdan qilsin, chunki Alloh faqat yaxshi narsani qabul qiladi. Alloh u (sadaqa)ni qo‘lidan olib, biringiz go‘dagini tarbiyalagandek, xurmo to Uhudchalik bo‘lguncha tarbiyalaydk» (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy va Nasaiylar rivoyati). Payg‘ambar (s.a.v.) Abu Dardoga (r.a.) dedilar: «Agar suyuq taom pishirsang suvini ko‘paytir, so‘ng qo‘shnilaring xonadoniga qara va ularga bemalol quyib ber» (Imom Muslim rivoyat qilgan). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Banda sadaqani chiroyli qilar ekan, Alloh azza va jalla ham uning qoldirganiga o‘rinbosarini chiroyli qiladi» (ya’ni, Alloh uning farzandlariga muhofaza uchun yaxshi o‘rinbosar yuboradi) (Ibn Muborak   «Az-Zuhd»da rivoyat qilgan). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Har bir kishi (qiyomat kuni) to bandalar o‘rtasida hukm qilingunicha sadaqasi soyasida bo‘ladi» (Ibn Hibbon va Hokim rivoyat etishgan). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Sadaqa yomonlikdan yetmish eshikni to‘sadi» (Ibn Muborak va Tabaroniylar rivoyati). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Maxfiy sadaqa Parvardigor azza va jallaning g‘azabini o‘chiradi». Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Boylikdan berilgan narsa ajrda ehtiyojdan qabul qilingan narsadan afzaldir» (Ibn Hibbon va Tabaroniylar zaif sanad bilan rivoyat qilishgan).

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:04:18

Hojatini daf qiluvchi qarzdan qutilishni maqsad etganda beruvchi berishi bilan dilini yashnatishni qasd etmog‘i barobar ekanligi murod bo‘lsa kerak. Rasulullohdan (s.a.v.): «Qaysi sadaqa afzal?» deb so‘rashdi. U zot javob qildilar: «Sog‘lom, xasis (dunyoda abadiy) qolishni o‘ylayotgan va kambag‘allikdan qo‘rqayotgan holingda sadaqa qilmog‘ingdir. Joning to xalqumga kelib: «Falonchiga shuncha, falonchiga shuncha», deguningcha kutib turmaydi. Bunda falonchiga bo‘lib ketadi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Bir kun Payg‘ambar (s.a.v.) ashoblariga: «Sadaqa qilinglar», dedilar. Shunda bir kishi: «Menda bir dinor bor», dedi. Dedilar: «Uzingga infoq qil». Dedi: «Menda yana bir dinor bor». Dedilar: «Xotiningta infoq qil». Dedi: «Menda yana bir dinor bor». Dedilar: «Farzandlaringga infoq qil». Dedi: «Menda yana bir dinor bor». Dedilar: «Xizmatkoringga nafaqa qil». Dedi: «Menda yana bir dinor bor». Shunda Payg‘ambar (s.a.v.): «Sen o‘zing yaxshi bilguvchiroqsan», dedilar (Abu Dovud, Nasaiy, Ibn Hibbon va Hokimlar rivoyati). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Oli Muhammadga sadaqa halol bo‘lmaydi, chunki sadaqa odamlarning chiqindilaridir» (Imom Muslim rivoyati). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Tilanchining malomatini taomdan chumchuqning boshichalik miqdor bilan bo‘lsada, qaytaring!» (Ukayliy «Az-Zuafo»da rivoyat etgan.) Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Agar tilanchi rostgo‘y bo‘lganida edi, uni qaytargan najot topmasdi» (Ukayliy va Tabaroniylar zaif sanad bilan rivoyat qilishgan).

Iso (a.s.) aytadilar: «Kimki tilanchini noumid qaytarsa, farishtalar bu uyni yetti kun o‘rashmaydi». Payg‘ambar (s.a.v.) ikki ishni boshqalarga yuklamasdilar: tungi tahorat suvlarini o‘zlari hozirlab, o‘rab qo‘yardilar va miskinga beradiganlarini o‘z qo‘lari bilan topshirardilar. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Bir yoki ikki xurmoni bir yoki ikki luqmani qaytaradigan miskin emas, balki miskin o‘zini afif tutgan kishidir. Xohlasangiz: «... ular tilanib turib olmaydilar» (Baqara surasi, 273-oyat) oyatini o‘qing» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Bir muslim boshqa muslimga libos kiydirsa, modomiki undan bir ruq’a qolguncha Alloh azza va jallaning muhofazasida bo‘ladi» (Termiziy hasan, deganlar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:04:34

Asarlarda kelishicha Urva ibn Zubayr aytadilar: «Oisha (r.a.) ellik ming dirham sadaqa qilganlar. Holbuki, ro‘mollariga yamoq solingan edi». Mujohid Alloh azza va jallaning: «Va taomni suyub tursalarda, (o‘zlari yemas-dan) miskin, yetim va yesirlarni taomlantirurlar» (Inson surasi, 8-oyat) so‘zi to‘g‘risida: «Ular o‘zlari xohlab tursalarda», dedilar. Umar (r.a.) aytardilar: «Allohim, fazlni (mol ziyodaligini) yaxshilarimizda qilginki, shoyad ular bizdan bo‘lgan hojatmandlarga uni qaytarsalar». Umar ibn Abdulaziz aytardilar: «Namoz seni yarim yo‘lga yetkazadi, ro‘za Malik eshigiga yetkazadi, sadaqa esa undan seni kirgizadi». Ibn Abul Ja’d aytadilar: «Albatta sadaqa yomonlikning yetmish bobini daf qiladi. Uning maxfiysining oshkorasiga nis-batan fazli yetmish barobardir. Albatta u yetmish shaytonning jag‘ini sindiradi». Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: «Bir kishi Allohga yetmish yil ibodat qildi. So‘ng bir yomon ish qilib qo‘yib, hamma amali bekor bo‘ldi. Keyin bir miskinning oldidan o‘tib, unga bir burda obi-non sadaqa qildi. Shunda Alloh uning gunohini kechirib, yetmish yillik amalini qaytarib berdi». Luqmon o‘g‘illariga dedilar: «Agar bir gunoh ish qilsang sadaqa bergin». Yahyo ibn Muoz aytadilar: «Sadaqa donasidan ko‘ra dunyo tog‘larini ziynatlaydigan donani bilmayman». Abdulaziz ibn Abu Ravvod aytadilar: «Uch narsa jannat boyliklaridan yoki yaxshilik xazinalaridandir. Bular: kasalni yashirish, sadaqani berkitish va musibatni pinhon tutish». Buni u Payg‘ambargacha (s.a.v.) yetkazib rivoyat qiladi. Umar ibn Hattob (r.a.) aytadilar: «Albatta amallar o‘zaro faxrlanadi. Shunda sadaqa men eng afzalingizman, deydi». Abdulloh ibn Umar (r.a.) odamlarga shakar sadaqa qilib buning boisini izohlab derdilar: «Men Allohning: «Suygan narsalaringizdan infoq-ehson qilib bermaguningizcha hargiz yaxshilikka (jannatga) yetmagaysiz» (Oli Imron surasi, 92-oyat), deganini eshitdim. Va Alloh mening shakarni yaxshi ko‘rishimni biladi». Naxaiy aytadilar: «Agar bir narsa Alloh uchun berilsa, unda ayb bo‘lmoqligi meni xursand qilmaydi». Ubayd ibn Umayr aytadilar: «Qiyomat kuni odamlar hech bo‘lmagan ochlikda, hech bo‘lmagan chanqoqlikda va hech bo‘lmagan yalang‘ochlikda tiriladi-yu, kim Alloh azza va jalla uchun yedirgan bo‘lsa, Alloh uni to‘ydiradi. Kim Alloh azza va jalla uchun ichirgan bo‘lsa, Alloh uni qondiradi. Va kim Alloh azza va jalla uchun kiydirgan bo‘lsa, Alloh uni kiyintiradi». Hasan aytadilar: «Agar Alloh xohlaganida edi, ichingizda faqir qoldirmay, hammangizni boy qilib qo‘yardi. Lekin U ba’zingizni ba’zingiz bilan imtihon qildi». Sha’biy aytadilar: «Kim o‘zini sadaqasining savobiga faqirning sadaqaga muhtojligidan ko‘ra ehtiyojmandroq ko‘rmasa, darhaqiqat, sadaqasini botil qilibdi va u bilan yuziga uribdi». Molik aytadilar: «Boy kishining masjidlarda suv ulashish uchun sadaqa qilingan idishdan suv ichishida gunoh ko‘rmaymiz. Chunki bu alalxusus muhtoj va miskinlar qatorida zikr qilinmagan tashna kishilar uchun ham qo‘yilgandir». Aytishlaricha, Hasanning oldilaridan naxxos (qul savdosi bilan shug‘ullanuvchi kishi) bir joriya bilan o‘tib qoldi. Unga: «Joriyaning qiymati bir va ikki dirham bo‘lishiga rozimisan?» dedilar. Undan «Yo‘q» javobini olgach, Hasan unga: «Bor jo‘na, chunki Alloh azza va jalla jannatdagi hurlar uchun bir chaqa va bir luqmaga rozi bo‘lgandi», dedilar

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:05:09

Sadaqani maxfiy va oshkor qilish bayoni

Bu to‘g‘rida ixlos toliblari yo‘li ixtiloflidir. Bir qavm maxfiylik afzalligiga moyil bo‘lsa boshqa qavm oshkoralik afzal deydi. Biz bularning barchasidagi ma’no va ofatlarga ishora qilamiz. So‘ng undagi haqiqatdan pardani ko‘taramiz. Maxfiylikka kelsak, unda beshta ma’no bor.

Birinchisi - oluviga nisbatan pana bo‘lishda u boqiyroqdir. Ochiq-oshkora olish olijanoblik pardasini yirtishdir. Ehtiyoj haqida jar solish va qanoatlari sababli bilmagan odamga boy-badavlat bo‘lib ko‘rinadigan afiflik va yoqimli ehtiyotkorlik hay’atidan chiqishdir.

Ikkinchisi - u odamlarning dillari va tillari uchun tinchroqdir. Chunki ko‘pincha ular hasad qiladilar yoki olishini ma’qullaydilar. Va u behojat bo‘la turib olayapti deb o‘ylaydilar. Yoxud ortiqcha olganlikda ayblashadi. Hasad yomon gumon va g‘iybat gunohi kabiralardandir. Ularning bu gunohlardan saqlanishlari a’lodir. Abu Ayyub As-saxtiyoniy aytadilar: «Men yangi ko‘ylak kiyishni hasad tufayli qo‘shnilarim o‘rtasida gap bo‘lishidan qo‘rqqanim uchun tark etdim», dedilar. Zohidlardan biri dedi: «Ayrim narsalarni ishlatishni birodarlarim «Bu unga qaerdan keldi?» deganlari sababidan ko‘pincha tark etdim». Ibrohim At-taymiydan naql etiladi: «Bir marta ul zotni yangi kiyimda ko‘rishganida, bir birodarlari: «Sizga bu qaerdan keldi?» deb so‘radi. Ibrohim: «Birodarim Haysama kiydirib qo‘ydi. Agar ahli buni tanib qolishini bilganimda, qabul qilmasdim», dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:05:18

Uchinchisi - beruvchiga amalni yashirishda yordam bermoqdir. Chunki berishdagi maxfiylikning oshkoralikka nisbatan fazilati ko‘proqdir. Yaxshi ishni oxiriga yetkazmoqqa yordam berish ham yaxshilikdir. Yashirish esa ikki tomon bilan komil bo‘ladi. Oluvchi oshkor qilishi bilan beruvchining ishi ochilib qoladi. Bir kishi olimlardan biriga ochiq holda narsa bergandi, uni rad etdi. Boshqa kishining maxfiy bergan narsasini esa qabul etdi. Undan bu to‘g‘rida so‘raganlarida: «Albatta bunisi yaxshiligini yashirib, odob bilan muomala etdi qabul qildim. Unisi esa muomalasida odobsizlik qildi qaytarib berdim», dedi. Bir kishi so‘fiyga ko‘pchilik ichida bir narsa bergandi u rad etdi. Shunda: «Nima uchun Alloh azza va jalla senga bergan narsani qaytaryapsan?» deb so‘radi. So‘fiy unga shunday javob qildi: «Sen Alloh uchun bo‘lgan narsaga Alloh subhanahudan boshqani sherik qilyapsan. Alloh azza va jalla bilan qanoatlanmayapsan. Bas, senga shirkingni qaytaryapman». Oriflardan biri oshkoralikda qaytargan narsasini yashirin berilganida qabul qildi. Unga bu to‘g‘rida gapirilganida shunday dedi: «Oshkor berish bilan Allohga osiy bo‘lding, men senga ma’siyatda madadkor bo‘lmadim. Yashirin berib toat etding. Sening yaxshiligingda yordam berdim». Savriy aytadilar: «Agar ba’zilarning sadaqasini yodga olmasligini va gapirmasligini bilganimda, sadaqani qabul qilardim».

To‘rtinchisi - olishni oshkor qilishda xorlik va mahonat bordir. Mo‘min esa o‘zini xo‘rlamasligi kerak. Olimlardan biri yashirin holda olib, oshkoralikda olmasdi. Va shunday derdi: «Albatta oshkoralikda ilmni xorlash va ahlini tahqirlash bordir. Men ilmni kamsitish va ahlini xorlash bilan dunyodan biron narsani ulug‘lamayman!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:05:29

Beshinchisi - sheriklik shubhasidan saqlanish bordir Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Kimga hadya berilsa va huzurida odamlar bo‘lishsa, unga bu to‘g‘rida ular sherikdirlar» (Uqayliy, Ibn Hibbon, Tabaroniy va Bayxaqiy rivoyatlari. Uqayliy bu matnda hadis sahih emas deganlar). Hadyaning kumush yoki tilla ekanligi uni hadyalik xususiyatidan chiqarmaydi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytganlar: «Kishining o‘z birodariga qiladigan eng yaxshi hadyasi kumush yoki yediradigan taomidir». Bas, kumush hadya qilinadi. Uni ko‘pchilik ichida bir kishiga berish makruhdir. Illo, hammalari rozi bo‘lishsa mumkin, lekin bunda ham shubhadan xoli bo‘lmaydi. Agar bir kishi o‘zi bo‘lsa, shubhadan salomat bo‘ladi.

Ammo oshkor qilish va u haqda so‘zlashlikda to‘rt ma’no bordir.

Birinchisi - bunda ixlos, rostlik, holat chalkashligidan va ikkiyuzlamachilikdan salomat bo‘lish bordir.

Ikkiichisi - obro‘ va martabani tushirish, bandalik va miskinlikni izhor qilish, kibriyolik va boylik da’vosidan voz kechish va xalq ko‘zida nafsni sindirish bordir. Oriflardan biri shogirdiga shunday dedi: «Agar (sadaqa) oluvchi bo‘lsang har qanday holda olishingni oshkor qil. Shunda sen ikki kishidan albatta biri bo‘lasan: biri - qalbidagi narsani sindirgan kishi bo‘lib, shunday qilsang, murod shuldirki, dining salomatroq, qalbingning ofatlari kamroq bo‘ladi. Ikkinchisi - rostlikni izhor qilishing bilan qalbdagi narsasini ziyoda qilgan kishidirki, buni birodaring xohlaydi. Chunki bunda uning savobi senga muhabbati va hurmati barobaricha ziyoda bo‘ladi. Uning savobi ziyoda bo‘lishiga sabab ekaning uchun sen ham ajr olasan».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:05:41

Uchinchisi - orif Alloh azza va jallagagina qaraydi. Uning haqqida maxfiylik va oshkoralik birdekdir. Holning o‘zgarishi esa tavhiddagi shirkdir. Oriflardan biri shunday deydi: «Biz maxfiy olib, oshkora qaytaradigan kishining duosiga ahamiyat bermaymiz. Hozir bo‘lishadimi, yo‘qmi, xalqqa e’tibor berish holdagi nuqsondir. Balki nazar Vohidul-Fardga chegaralangan bo‘lmog‘i lozim». Hikoya etilishicha, shayxlardan biri barcha murididan bittasiga ko‘proq mayl etardi. Bu hol boshqalarga malol kelardi. Shayx ularga ana shu muridning fazilatini ko‘rsatib qo‘yish uchun har biriga bittadan tovuq berib dedi: «Sizlardan har biringiz tovug‘i bilan yolg‘iz qolsin va hech kim ko‘rmaydigan sharoitda uni so‘ysin». Har biri yolg‘iz o‘zi bo‘lib, tovug‘ini so‘ydi, faqat mazkur murid bunday qilmay, tovuqni qaytardi. Shayx ulardan so‘radi. Ular: «Shayx bizga buyurgan narsani qildik», deyishdi. Shunda shayx haligi muriddan: «Senga nima bo‘ldi? Do‘stlaring qilganidek nega so‘ymading?» deya so‘radi. Murid javob qildi: «Men birov ko‘rmaydigan makonni topolmadim. Chunki Alloh hamma yerda meni ko‘radi». Shunda Shayx: «Mana shuning uchun unga mayl etaman. Chunki u Alloh azza va jalladan boshqaga qaramaydi», dedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 02:05:59

To‘rtinchisi - albatta izhor etish shukr sunnatini qoim qilishdir. Darhaqiqat, Alloh taolo aytgan: «Parvardigoringizning (sizga ato etgan) barcha ne’mati haqida bo‘lsa, (kishilarga doimo) so‘zlang!» (Vaz-zuha surasi, 11-oyat.) Yashirish esa kufroni ne’matdir. Darhaqiqat, Alloh azza va jalla O’zi bergan narsasini yashirgan kishini mazammat etib, uni baxilga tenglashtirdi. Alloh taolo aytadi: «Albatta Alloh o‘zlari baxillik qiladigan va o‘zga odamlarni ham baxillikka chaqiradigan hamda Alloh fazlu karamidan bergan ne’matlarni yashiradigan mutakabbir va maqtanchoq bo‘lgan kimsalarni sevmaydi» (Niso surasi, 36-37-oyatlar). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Agar Alloh bir bandaga ne’mat bersa, ne’matini unda ko‘rmoqni sevadi» (Aumad sahih sanad bilan rivoyat qilgan, Termiziy hasan degan). Bir kishi solihlardan biriga yashirin narsa berdi. Shunda u kishi qo‘lini ko‘tarib: «Bu dunyodandir. Bunda oshkoralik yaxshidir. Oxirat ishlarida esa sir afzaldir», dedi. Shuning uchun solihlardan biri dedi: «Agar ko‘pchilik ichida berishsa olgin, so‘ng maxfiy ravishda qaytarib bergin. Chunki bunda tashakkur etish mahbub ishdir». Payg‘ambar (s.a.v.) aytganlar: «Kim odamlarga shukr qilmasa Alloh azza va jallaga ham shukr qilmaydi» (sanadi oldin o‘tgan). Shukr mukofot maqomiga qoimdir. Hatto Rasululloh (s.a.v.): «Kim sizlarga yaxshilik qo‘lini cho‘zsa uni taqdirlang. Agar bunga qodir bo‘lmasangiz, uni yaxshilik bilan maqtang va duo qilingki, hatto o‘zingiz uni mukofotladim deb biling», dedilar (sanadi oldin o‘tgan). Muhojirlar shukr haqida gapira turib dedilar: «Yo Rasululloh, huzurlariga borganimizda mollarini bizga taqsimlab bergan qavmnikidan ko‘ra yaxshilik ko‘rmadikki, hatto ajrning hammasini ilib ketdilar deb qo‘rqamiz». Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Aslo-aslo. Ularga aytgan tashakkur va maqtovlaringiz o‘zi mukofotdir», deb javob berdilar (Termiziy va Hokim rivoyashlari)

Qayd etilgan