Yugurib kelgan bola Xattobning qoshiga kelib to‘xtadi:
— Suyunchi ber, o‘g‘illik bo‘lding, — dedi.
Xattob necha kunlardan beri o‘pkasini to‘ldirib nafas ololmagan edi. Ko‘zlarida yonayotgan uchqunlar sevinch yoshlariga aylandi, yuziga tabassum yugurdi. Bolaning boshini silarkan:
— Suruvning ichiga kirginda, xohlagan qo‘ylaringdan ikkitasini ol, — dedi.
Bola xursand bo‘lib ketdi.
Xattob shu kungacha ham marxamat va mehrmuhabbatdan mutlaqo mahrum kishi emasdi. Faqat, keyingi paytlarda uning ovoziga jahl, tajanglik oshino bo‘lgan, ko‘pchilikni cho‘chitib qo‘ygan edi.
Xattob juda baxtli edi shu onlarda. Umrida necha marta bu darajada sevinganini eslamoqchi bo‘ldi, ammo tabriklayotgan birodarlarining ovozi uning xayolini bo‘lib yubordi. Yana ham to‘g‘rirog‘i, Xattob do‘stlari bilan o‘tirganini endi esladi:
— O’g‘lingning otini nima deb qo‘yasan, ey Xattob! Xattob o‘ylab o‘tirmay javob berdi:
— Umar, o‘g‘limning ismi Umar bo‘ladi!
— Injiq bola bo‘lmasa edi...
Xattobning nigohlari uning so‘zlarini bo‘lib qo‘ydi. Bu qarashda qat’iy bir haqiqatdan bahs etuvchi matonat bor edi. «Xattobning o‘g‘li aslo injiq bo‘lmaydi», deyishni istardi. Kechqurun uyiga kelganda tutqazilgan chaqaloqqa qarar ekan, bolaning kutilganidan ham dovyurak, jasur va mard bir yigit bo‘lishini sezgan edi. Bola emas, xuddi arslonning o‘ziya!
—Umar, bu o‘g‘limning oti Umar bo‘ladi, — dedi. Xotiniga o‘girildi: — Sog‘lig‘ing qalay, Xontama, durust misan? Uylaganimdan ham go‘zal bir bola tug‘ibsan. Endi qiz tug‘sang ham, ming marta roziman, — dedi. Xattob juda xursand edi. Hatto qo‘shni ayolning:
— O’g‘lim, inson nima eksa, shuni o‘radi. Bu nimasi, xotiningga shunchalik do‘qpo‘pisa qilganing? Bir ayol qornidagi bola qiz bo‘lsa, uni qanday qilib o‘g‘il bolaga aylantiradi?.. — deb bergan tanbehiga:
— Haqlisiz, xolajon, — dedi.
Yo‘rgakda, hech narsadan xabarsiz, shiringina uxlayotgan go‘dak ertaning Umar ibn Xattobi bo‘lajagi, faqat Makka ahli emas, butun Arabiston, butun dunyo, hatto qiyomat kunigacha tug‘iladigan barcha insonlar uni Islomning buyuk xalifasi, beqiyos adolat sarvari Umar ibn Xattob sifatida tanishlari hozir hech kimga ma’lum emas, ammo shunday bo‘lishi begumon edi.
Fil voqeasining o‘n yettinchi yili...
Bani Mahzum qabilasining bir joyda turmaydigan, sho‘x, janjalkash, qilig‘idan shayton ham qochadigan bir o‘spirini bor edi. Amr ibn Hishom ibn Mug‘iyra...
Kuchli, baquvvat yigit edi. Shu bilan birga, aqlli ham edi. Ammo u, bu aqlini durust insonlarga yarashadigan tarzda ishlatmas, janjal ko‘tarish, odamlar ustidan tazyiq o‘tkazish vositasi o‘laroq ishlatishni afzal ko‘rar edi. Boybadavlat, so‘zi ko‘pchilikka o‘tadigan oilaning farzandi edi u.
Boylik, kuchqudrat va aql jamuljam edi unda. Ammo ularni oqilona bir yo‘lga soladigan inson yo‘q edi o‘rtada. Shuning uchun ham Amr ibn Hishom tom ma’noda tantiq o‘spirin bo‘lib o‘sdi. Fursat topdi deguncha, atrofdagilar bilan janjallashar, har safar yonidagi hamtovoqlarining ham aralashuvi bilan ustun va g‘olib chiqar edi.