* * *
Mikdod ibn Asvad do‘sti Utba bilan birga masjidning yonidagi Supa nomi berilgan joyda tunab qolardi. Rasululloh (s.a.v.) ularga uchta echkini ko‘rsatib, «Bularni sog‘ib, birgabirga ichamiz», degan edilar.
Miqdod birodari bilan sutni sog‘ib ichishardida, Rasulullohga (s.a.v.) tegishlisini olib qo‘yishar edi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) kechalari kelib, uyg‘oqlarning o‘zigina eshitadigan qilib salom berar va sutlarini ichib ketar edilar.
Bir oqshom Miqdod anchagina och qoldi. O’zining ulushiga qoniqmay, yana ichgisi keldi. Ammo payg‘ambarimizga ajratilgan sutni ichib qo‘ysa, ayb bo‘lmasmikin? Keyin nima deydi? «Sizni emas, o‘zimni o‘yladim, ey Ollohning rasuli», deydimi?
Lekin ochlik uni har ko‘ylarga solib, yana o‘ylar edi: «Payg‘ambarimiz ansor do‘stlarining oldiga ketdilar, qorinlarini to‘yg‘azib kelsalar, ehtimol bu kecha sut ichmaslar?»
Shu xayol bilan payg‘ambarimiz uchun ajratilgan sutni oldida, oxirgi tomchisigacha ichib qo‘ydi. Ichdiyu, ko‘nglini yana g‘ashlik o‘rab kelib, tashvish bosdi. Ichichidan qalbini yoqibyondiradigan bir ovoz eshitilardi go‘yo:
«Nima qilib qo‘yding, ey Miqdod? Payg‘ambarga tegishli narsani ichib qo‘ydinga?! Kelib sutni topa olmasalar, nima degan odam bo‘lding?! Makkadan 6u yerga ul zotning haqqini yemoq uchun kelgan ekansanda?»
Shunga o‘xshash hayqiriklar ichini kuydirib, o‘tda qovurdi. Ustida bir yopinchig‘i bor edi. Yotganida boshiga tortsa, oyoqlari, oyoqlarini berkitsa, boshi ochilib qoladigan. Shunga o‘ranib oldi.
Ammo qani endi uxlay olsa! Do‘stlari xurrak ota boshlaganlari holda, u hali ham uyg‘oq edi. Uxlab qolishiga umidi ham yo‘q edi. Bu orada Rasululloh (s.a.v.) keldilar. Past ovozda salom berdilar. Salomni faqat Miqdodning o‘zi eshitdi. U miq etmay yotibdi.
Sarvari olam masjidga kirib, ikki rakat namoz o‘qidilar. Bu namoz ichini it tirmalayotgan Miqdodning nazarida juda ham uzoq davom etdi. Ana, turdilar, ana, masjiddan chiqyaptilar... Miqdod vijdoni qiynalib, peshonasini ter bosdi.
Rasululloh (s.a.v.) sut idishni bo‘sh ko‘rganlari zamon Miqdodning ichida qo‘pgan bo‘ron sirtiga chikdi. Bu orada Muhtaram Sayyidimiz boshlarini samoga ko‘tardilar:
— Ollohim, meni to‘yg‘azganni sen to‘ydir, mening chanqog‘imni ketkazganning chanqog‘ini sen qondir, — dedilar.
Birdan Miqdod xotirjam torta boshladi... «Bir ichishlik sut uchun Rasululloh duoibad qiladilar deb o‘ylab katta xato qilib qo‘yganingni bilasanmi?» deya o‘zini o‘zi malomat qila boshladi. Darhol pichoqni qo‘lga olib, echkilarning oldiga bordi. Birini so‘yib, Rasulullohga in’om etmoqchi bo‘ldi. Biroq uchalasining ham bo‘g‘oz ekanini eslab, bu fikridan qaytdi. Echkilarni yana bir sog‘ib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Uchalasidan bir ichishlik sut chiqdi. Qaytib Rasululloh hazratlarining oldilariga keldi.
— O’zlaring ichdilaringmi? — deb so‘radilar ul zot.
— Ha, ey Ollohning rasuli, faqat siz qoldingiz. Marhamat, siz ham iching!.. — dedi Miqdod.
Payg‘ambarimiz sutni ichdilar. «Ollohim, bu ichgan sutimizni yanada barakali qil, bizga bu ne’matingni orttir», deb duo qildilarda, qolganini Miqdodga berdilar.
— Yana bir oz ichsangiz bo‘lardi, yo Rasululloh! Rasuli akram (s.a.v.) yana bir oz ichdilar, so‘ng unga uzatdilar. Miqdod qolganini ichdi, ancha xotirjam tortib, avvalgi holatini ko‘z o‘ngiga keltirdi va birdan uni kulgi tutdi. O’zini bosa olmay kula boshladi.
— Mikdod, sening bir ayyorliging bor!.. — dedilar Rasululloh.
Mikdod bo‘lgan voqeani gapirib berdi. Payg‘ambarimiz kulimsiradilar.
— Bu Ollohning bir rahmati va ikromidan bo‘lak narsa emas, ey Mikdod, — dedilar ul zot. — Oldinroq aytganingda, birodarlarimizni ham uyg‘otar edim, ular ham ichishardi...
— Ey Ollohning payg‘ambari, siz ichdingiz, men ichdim, endi kim ichsa ichsin, ishim bo‘lmaydi, — dedi Miqdod.