Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (2-kitob). Oydinliklar sari  ( 145182 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 B


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 05:19:22

* * *
Janobi Rasululloh (s.a.v.) asirlarga ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan muomala xususida ashoblari ila maslahatlashdilar. Hazrati Abu Bakr (r.a.) ularning hayotlarini saqlab qolish, tovonpuli olib ozod etib yuborish fikrida edi.
— Ey Ollohning payg‘ambari! Bular sizning qabiladoshlaringiz va aqrabolaringizdir. Men ulardan fidya olishni va hayotlarini saqlab qolishni maqsadga muvofiq ko‘raman. Ulardan oladiganimiz mablag‘ biz uchun kofirlarga qarshi kurashimizda quvvat bo‘ladi. Yana, umid qilinadiki, Olloh taolo ham shoyad ularga hidoyat bersa, hatto bizga madadkor bo‘lsalar ham ajab emas.
Rasuli akram Hazrati Umarning (r.a.) fikrini so‘radilar:
— Sen nima deysan, ey Xattobning o‘g‘li?
— Vallohi, men Abu Bakrdan boshqacha fikrdaman. Meningcha, biz bunday qilishimiz kerak: menga buyuring, aqrabomdan falon shaxsni o‘ldirayin, Aliga amr qiling, og‘abeyi (akasi) Oqilni o‘ldirsin. Hamzaga buyuring, birodari Abbosning boshini olsin. Toki Olloh taolo qalblarimizda mushriklarga nisbatan bir marhamat tuyg‘usi bo‘lmasligini dushmanlarimizga bildirsin. Bular mushriklarning boshliqlari, zararli, tishtirnoqli raislaridir.
Hazrati Umarning bu qarashi Badr jangining ruhiga ham juda mos edi. Har ikki tarafni qo‘shsa, bir ming yuz kishidan ko‘p ham oshmaydigan raqiblarning tarkibi, darhaqiqat, odamni ajablantirarli darajada g‘alati edi: bir tarafda Hazrati Ali, boshqa tarafda akasi Oqil; bir tarafda Hamza, u tarafda akasi Abbos... turishardi. Yana, shuningdek, bir-biriga juda yaqin qarindosh insonlar bir-birlariga qarshi qurol ko‘targan holatda edilar. Masalan, Hazrati Payg‘ambarning (s.a.v.) saflaridan joy olgan Abu Huzayfaning otasi, akasi va amakisi mushriklarning oldi qatorlarini ishg‘ol etishar edi.
Bu jang qanday boshlangan bo‘lsa, shunday tugashi, boshlanishiga uyg‘un shaklda davom etishi lozim edi. Ham, shu kunga qadar qilingan hisobsiz razilliklarning yaxshigina bir jazosi berilgan bo‘lar, «Rabbim Ollohdir» deyishdan boshqa «aybi» bo‘lmagan insonlarga yetkazilgan musibatlarning intiqomi ham shu taxlit olinar edi.
Ashob orasidan Hazrati Umarning fikriga bir Sa’d ibn Muoz qo‘shildi. U ham, to Badr urushi davom etar ekan, qochganlarning asir qilinishlarini xush ko‘rmaganini, tutilgan joylarida o‘ldirilishlarini to‘g‘ri deb Janobimizga arz etgan edi.
Boshqa ko‘pchilik Hazrati Abu Bakrning fikrini qabul etdi. Chunki asirlardan olinadigan haq hisobiga ozmiko‘pmi farovonlikka erishishardida. Qurayshdan intiqom olish mavzuiga kelinsa, zotan Badrda yetarlicha intiqom olindi ham. Qozonilgan zafarni kamsitishga hech kimning haqqi yo‘q.
Natija shu bo‘ldiki, Janobi Rasululloh ko‘pchilikning fikriga qo‘shildilar. Asirlardan tovonpuli olinib, evaziga ozod qo‘yib yuborishga qaror berildi.
Bu xabar asirlar orasida sevinchla qarshilandi. Yo‘lda Nadr ibn Horisning va Uqba ibn Abu Muoytning o‘ldirilishi juda ko‘plarining ko‘zlarini qo‘rqitgan, o‘zlarini kelgusida bo‘g‘izlashga hozirlab qo‘yilgan qo‘ylar kabi tasavvur eta boshlashgan edi. Yo‘lda Suxayl ibn Amrning qochishga urinishi ham shundan edi.
Makkaga odam yuboriladigan va, «Asirlarning egalari kelsin», deyiladigan bo‘ldi. Olinajak tovonpulining eng ko‘p miqdori to‘rt yuz dirham edi. Kambag‘alroq oilalardan uch yuz, ikki yuz, hatto yuz dirham olingan hol ham bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 05:20:02

* * *
Janobi Payg‘ambarimizning amakilari Abbos keltirildi. Rasululloq (s.a.v.) unga:
— O’zing bilan birlikda jiyanlaring Oqil bilan Navfalning hamda ittifoqching Utbaning ham tovon pullarini sen to‘laysan, — dedilar.
Abbos buncha odamning tovonpulini to‘lash bir yoqda tursin, hatto o‘zi uchun ham bir tiyin bergisi yo‘q edi. Umr bo‘yi tijoratga va foizga ishlagan zakosi bu yerda o‘zini ko‘rsatajak edi:
— Men musulmon edim, — dedi. — Jangga kelmoqchi emasdim, Quraysh meni zo‘rlab keltirdi.
Janobi Payg‘ambarimiz bu uzrni qabul etmadilar:
— Sening musulmonliging yo musulmon emasligingni Olloh biladi. Aytganing to‘g‘ri bo‘lsa, mukofotini ham Olloh beradi. Ammo holat shuki, jangda asir oldik. Sen ham bizning qarshimizda bizga qarshi urushganlar bilan birga eding. Shu onda tovonpulini to‘lashga maj bursan.
Abbos yana ayyorlik qilmokchi bo‘ldi:
—   Meni tutganlaringizda yonimda faloncha mikdorda oltinim bor edi, oldilaring. O’shani tovonpuli hisoblashlaring mumkin, — dedi.
—   Bo‘lmaydi, — deb javob qildilar Janobi Rasululloh. — Biz ularni urush o‘ljasi o‘laroq qo‘lga kiritganmiz.
—   Ammo mening ulardan boshqa molim yo‘q. Meni Makka ko‘chalarida tilanchilik qilib yurishga majbur etasanmi, ey Muhammad?
—   Xo‘p, ammo u oltinlar qani? Ularga nima bo‘ldi?
—   Qaysi oltinlarni aytyapsan.
— Ummul Fazlga omonat qo‘yib kelganing oltinlar... Esingdami, u bilan vidolashayotib: «Bu safarda boshimizga nelar kelishini bilmaymiz. Mabodo qaytmasam, bular senga bo‘ladi, mana bu qismini esa, Fazl, Abdulloh, Ubaydulloh va Qusamga bo‘lib berasan»,  demaganmiding?..
Abbos hayratini yashira olmadi:
—   Ajabo, bularni senga kim xabar berdi?.. Qasam ichaman, oltinlarimni unga berayotganimda va bu so‘zlarni so‘zlayotganimda o‘rtamizda boshqa hech kim yo‘q edi!..
—   Olloh xabar berdi, — deb javob qildilar Rasuli akram (s.a.v.).
— Men shohidlik bildiramanki, sen Ollohning rasulisan, — deb yubordi Abbos.
Bu suhbat ashobi kirom ishtirokida bo‘layotgan edi. Abbosning musulmon bo‘lishi hammani sevintirdi. Shu bilan birga, u baribir istanilgan tovonpulini to‘lash majburiyatida qoldirildi. Ham eng baland qiymat bo‘lgan to‘rt yuz dirham hisobida...
Kimdir taklif kiritdi:
— Yo Rasululloh, izn bersangiz, amakingiz Abbosdan tovonpuli olinmasin.
Janobimiz bu taklifni keskin rad etdilar.
— Vallohi, boshkalardan qanday to‘liq olingan bo‘lsa, bu kishiga ham birday munosabatda bo‘linglar!— dedilar.

Ikkinchi kitob bitdi

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Yanvar 2009, 01:33:15

Saodat asri qissalari: Oydinliklar sari. 2-kitob



Muallif: Ahmad Lutfiy
Hajmi: 2,04 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan