"Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro'za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo'lsalaringiz!" deb marhamat qilingan Ilohiy buyruqqa "labbay" deb javob berib, "Sanoqli kunlar"da ro'zador bo'lish sharafiga muyassar bo'lgan jamiyki musulmon xalqlarini Ramazon hayiti bilan chin ko'ngildan tabriklab, ularga Ramazondan onadan tug'ilgandek pok chiqish baxtini tilab qolamiz!
"Sizlardan kim bemor yoki musofir bo'lsa, bas, sanog'ini boshqa kunlarda tutadir" degan istisnoga binoan, bemorliklari va musofirliklari tufayli ro'za tutolmagan bo'lsalarda, qalblarida ro'zadorlik ishtiyoqi to'lib toshgan insonlar hamda "Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida bir miskin taomi fidya bordir" deb marhamat qilingan oyatga muvofiq keksa yoshdagi va surunkali bemor bo'lgan fidya beruvchilar bo'lib, qalblarida Ramazon va uning ro'zasiga muhabbati kuchli bo'lgan zotlarni ham muborak hayit bayrami bilan muborakbod etamiz! (Baqara, 183-184 oyatlaridan, Qur'oni Karim o'zbek tilidagi ma'nolari tarjimasidan keltirib o'tildi).
Sahardan masjidga otlanib, bamdod va hayit namozlarini ado qilib, uzoq-yaqindagi qarindoshlarni yo'qlab, bayramlar bilan qutlab kelganimizdan so'ng, mana nihoyat tabriklash navbati internetdagi dindoshu yurtdoshlarga keldi, alhamdu lillah!
Butun Islom olamini, barcha musulmon ahlini, barcha vatandoshlarimizni, Prezidentimizdan tortib qalbilarida iymon jo'sh urib turgan barcha yurtdoshlarimizni, xususan internet ahli va saytdoshlarni bugungi muborak Ramazon hayiti bilan tabriklayman!
Keksalarga baquvvat iymon, yoshlarga insofi tavfiq, ayollarimizga sharmi hayo, bolajonlarimizga porloq kelajak, ota-onalarimizga sihat-salomatlik va xotirjamlik tilab qolaman!
Yurtimizga tinchlik, jamiyatga farovonlik, oilalarga qut-baraka, qalblarga sokinlik tilab qolamiz! Yanagi shunday ulug' ayyomlarga ham jismonan salomat va ma'naviy yetuk holda diydorlashish nasib qilsin!
Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!