Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294870 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 69 B


AbdulAziz  12 Dekabr 2008, 14:52:47

65-BOB
MAVZU: NABIZ (XURMO QIYOMI) BILAN TAHORAT OLMOQ


88. Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; u dedi: Nabiy sallallohu alayhi va sallam mendan: «Tulumingda nima bor?» deb so‘radilar. «Nabiz», dedim. Shunda: «Pokiza xurmo va toza suv!» dedilar. «So‘ng shu bilan tahorat oldilar», deydi.
Bu hadis tanho Abu Zayddan, Abdullohdan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilindi. Abu Zayd esa muhaddislar nazdida majhul kishidir. Uning shu hadisdan boshqa rivoyati ma’lum emas.
Ilm odamlaridan ayrimlari sharbat bilan tahorat olish mumkin degan fikrdalar. Sufyon As-Savriy va yana boshqalar shulardandir. Boshqa ilm odamlari esa: «Sharbat bilan tahorat olinmaydi!» - deyishadi. Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli shudir.
Ishoq aytadiki, «Kishi shu vaziyatga tushsa, sharbat bilan tahorat olishidan tayammum qilmog‘i, menimcha, yanada ma’qulroq».
«Sharbat bilan tahorat olinmaydi» deganlarning so‘zi Qur’oni karim hukmiga yaqinroq va muvofiqroqdir: «Suv topa olmasangiz, pokiza tuproq bilan tayammum qilingiz...» deb marhamat qilingan.
«Al-Moida», 6-oyatda, suv topilmasa, tayammum qilish buyurilgan. (Hasan Basriy nabiz bilan tahorat olishni makruh deganlar. Ato ibn Abu Raboh: «Menga, nabiz yoki sut bilan tahorat qilgandan, tayammum qilmoq afzalroq», deganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Dekabr 2008, 14:53:14

66-BOB
MAVZU: SUT ICHGANDAN KEYIN OG’IZ CHAYQAMOQ


89. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam sut ichdilar va suv keltirtirib, og‘iz chayqadilar, so‘ng: «Sutda yog‘ bor», dedilar.
Bu hadis hasan-sahih.
Ba’zi ilm odamlari, sut ichgach, og‘iz chayqash kerak, degan fikrdalar. Bizningcha, bu mustahabdir. Ayrimlar esa, og‘iz chayqash lozim, degan fikrga qo‘shilmaydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Dekabr 2008, 14:56:13

67-BOB
MAVZU: TAHORAT UShATAYoTGANDA SALOMGA ALIK OLMOQ KAROHAT EKANLIGI


90. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam peshob qilayotgan edilar, bir kishi salom berdi; salomiga alik olmadilar».
Bu hadis hasan-sahih.
Bizningcha, faqat katta va kichik qazoi hojat qilayotgan vaziyatda bo‘lsa, salom bermoq makruh. Ba’zi muhaddislar shunday tafsir (ta’vil) qilishgan.
Ammo kazoi hojat qilib bo‘lgan va o‘rnidan turgan bo‘lsa, salomiga alik olish karohat emas. Bu bobda hadisga qarab sarlavha qo‘ydik. Termiziy esa «Tahoratsiz holda salomga alik olmoqning karohat ekanligi» deb sarlavha qo‘yganlar. Bu holatda sarlavha umumiy (omma uchun), hadis esa xosdir. Hadis bilan sarlavha orasida mutobaqat (muvofiqlik) ko‘rinmaydi.
Bu hadis ushbu bobda rivoyat qilingan hadislarning eng chiroylisidir. Ayniqsa, bu bobda Al-Muhojir ibn Kunfuz, Abdulloh ibn Hanzala, Alqama ibn Al-Fag‘vo hamda Al-Barrodan bittadan hadis rivoyat qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Dekabr 2008, 14:56:30

68-BOB
MAVZU: ITNING SARQITI


91. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «It tekkan idish yetti marta yuviladi, birinchi va oxirgi martasi tuproq bilan yuviladi. Mushuk yalagan idish esa bir marta yuviladi».
Bu hadis hasan-sahih.
Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli shudir. Bu hadis Abu Hurayradan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan shu shaklda rivoyat qilingan, ammo «Mushuk yalagan idish bir marta yuviladi» degan jumlasi zikr qilinmagan.
Bu bobda Abdulloh ibn Mug‘affaldan ham hadis rivoyat qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Dekabr 2008, 14:57:14

69-BOB
MAVZU: MUSHUKNING SARQITI


92. Ka’b ibn Molikning qizi Kabshadan rivoyat qilindi: U (Kabsha) Abu Qatodaning o‘g‘li huzurida (nikohida) edi. Abu Qatoda (bir kuni) ularning uyiga kirdi. (Kabsha) aytadiki, «U kishiga tahorat suvi keltirdim. Shu payt suvsagan bir mushuk kelib qoldi. (Abu Qatoda) idishni eltib, mushukka suv ichirdi. Mening qarab qolganimni ko‘rib, aytdiki, «Ey birodarimning qizi! (Bundan) ajablandingmi?» «Ha», dedim. (Shunda) dedi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Mushuk najas emas. Chunki, u hamisha atrofingizda aylanib yuradigan jonivorlardandir».
Abu Qatodaning o‘g‘li Al-Horis Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning suvoriylaridan edi. Habbon, Al-Horisning xotini Kabsha ham sahobalardan ekanini aytadi.
Bu o‘rindagi «birodarlik»dan murod — Islom va din birodarligidir. Begona bo‘lsa ham birovga: Ey birodarzodam!» deb yoki «Ey jiyanim (amakivachcham)» deb xitob qilish arablarning odatidir. (Muborakfuriy).
Ba’zilar, Kabsha - Abu Qatodaning xotini ekanini Molikdan rivoyat qiladilar. Holbuki, u Abu Qatodaning o‘g‘li (nikohi)da bo‘lgani to‘g‘ridir.
Bu bobda Oisha va Abu Hurayra (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilingan.
Bu hadis hasan-sahih.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan, tobi’iyndan va taba’i tobi’iyndan bo‘lmish ko‘pchilik ilm odamlarining qavli shu. Shofi’iy, Ahmad va Ishoq shulardandir. Mushuqdan qolgan suvni zararsiz, deb hisoblaydilar.
Bu hadis ushbu bobda rivoyat qilingan hadislarning eng yaxshisidir. Molik bu hadisni Ishoq ibn Abdulloh ibn Abu Talhadan eng yaxshi shaklda rivoyat qilgan va buni Molikdan ko‘ra yaxshiroq rivoyat qilgan kishi bo‘lgan emas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Dekabr 2008, 14:57:37

70-BOB
MAVZU: MAHSILAR USTIGA MASH TORTMOQ


93. Xammom ibn Horisdan rivoyat qilindi; u dedi: «Jarir ibn Abdulloh peshob qildi. Keyin tahorat oldi va mahsilari ustiga mash tortdi. Unga: «Nega bunday qilding?» deyildi. Aytdiki, «Bunday qilishimga nima monelik bor? Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning shunday qilganlarini ko‘rdim». Ibrohim aytadi: «Ular Jarirning hadisini yaxshi ko‘rishardi. Chunki u (Jarir) «Moida» (surasi) nozil bo‘lganidan keyin Islomga kirgan». «Ular Jarirning hadisini yaxshi ko‘rishardi» jumlasi Ibrohimning so‘zidir.
«Al-Moida» surasi, 6-oyati. Bu oyatda oyoqlarni yuvishga buyurilgan. Jarir, bu oyat nozil bo‘lishidan avval Islomga kirgan bo‘lsa edi va o‘shanda bu hadisni eshitgan bo‘lsa edi, bu oyat mahsilar ustiga mash tortish hukmini bekor qilgan bo‘lardi. Ammo bu oyat tushishidan keyin musulmon bo‘lgani uchun, hadis oyatning umumiga (to‘liq) tegishli ekanini bildirmoqda. (Ya’ni, bu hadis mahsiga mash tortish mumkin va bu sunnat ekanini isbotlamoqda).
Bu bobda (Hazrati) Umar, Hazrati Ali, Huzayfa, Al-Mug‘iyra, Bilol, Sa’d, Abu Ayyub, Salmon, Burayda, Amr ibn Umayya, Anas, Sahl ibn Sa’d, Ya’lo ibn Murra, Uboda ibn As-Somit, Usoma ibn Shorik, Abu Umoma, Jobir, Usoma ibn Zayd, Ibn Uboda — uni Ibn Umora deb atashadi — va Ubay ibn Umora (roziyallohu anhum ajma’iyn)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Jarirning hadisi hasan-sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Dekabr 2008, 14:58:07

94. Shahr ibn Havshabdan rivoyat qilindi; u dedi: «Jarir ibn Abdullohni ko‘rdim, tahorat oldi va mahsilari ustiga mash tortdi. Undan bu ish haqida so‘ragan edim, aytdiki, «Men Nabiy sallallohu alayhi va sallamni ko‘rdim, tahorat oldilar va mahsilari ustiga mash tortdilar». Jarirdan so‘radim (deydi roviy): «Bu hol «Moida» (surasidagi oyat)dan oldin bo‘lganmidi yoki «Moida»dan keyinmi? Shunda u bunday dedi: «Men asli «Moida»dan keyin Islomga kirganman».
Bu hadisni Qutayba bizga Xolid ibn Ziyod At-Termiziydan, Muqotil ibn Hayyandan, Shahr ibn Havshabdan, Jarirdan bayon qildi.
Bu hadis tafsirga (ta’vilga) mavzu bo‘ldi. Chunki, mahsi ustiga mash tortishni qabul qilmaganlar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning mahsilari ustiga mash tortishlari «Al-Moida» surasi nozil bo‘lishidan oldin bo‘lgan deb ta’vil qilishadi. Jarir o‘z hadisida, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Moida» nozil bo‘lishidan keyin mahsilari ustiga mash tortganlariga guvoh ekanini bildirmoqda.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Dekabr 2008, 14:59:31

71-BOB
MAVZU: MUSOFIR VA MUQIM KISHILARNING MAHSI USTIGA MASH TORTMOQLARI


95. Xuzayma ibn Sobitdan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan mahsilari ustiga mash tortish haqida savol qilindi. Shunda aytdilar: «Musofir uchun - uch kun, muqim kishi uchun - bir kun».
Xuzayma ibn Sobitning mash tortish haqidagi hadisini Yahyo ibn Maiyn sahih, deb aytgani zikr qilingan. Abu Abdulloh Al-Jabaliyning ismi - Abd ibn Abd, uning Abdurrahmon ibn Abd ekani ham aytiladi.
Bu hadis hasan-sahih.
Bu bobda (Hazrati) Ali, (Hazrati) Abu Bakr, Abu Hurayra, Sofvan ibn Assal, Avf ibn Molik, Ibn Umar va Jarir (roziyallohu anhum ajma’iyn)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Dekabr 2008, 15:00:16

96. Sofvan ibn Assal (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; u dedi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizga, safarda bo‘lgan chog‘imizda, uch kecha-kunduz mahsilarimizni yechmaslikni, illo junub bo‘lgandagina yechishni, lekin katta qazoi hojat, peshob qilish va uxlaganlik tufayli yechmaslikni amr qildilar».
Bu hadis hasan-sahih.
Al-Hakam ibn Utayba va Hammod bu hadisni Ibrohim Al-Nahoiydan, Abu Abdulloh Al-Jabaliydan, Xuzayma ibn Sobitdan rivoyat qilishdiki, bu rivoyat sahih emas. Ali ibn Al-Madaniy aytadiki, Yahyo ibn Sa’id, Shu’badan naql etib, bunday deydi: «Abu Abdulloh Al-Jabaliydan Ibrohim An-Nahoiy mash hadisini eshitmagan».
Zoida Mansurdan naqlan bunday deydi: «Ibrohim At-Taymiyning hujrasida edik, Ibrohim An-Nahoiy ham biz bilan birga edi. Ibrohim At-Taymiy bizga mash hadisini Amr ibn Maymundan, Abu Abdulloh Al-Jabaliydan, Xuzayma ibn Sobitdan, Ra-sululloh sallallohu alayhi va sallamdan naql etdi».
Muhammad ibn Ismoil (Al-Buxoriy) aytadiki, «Sofvan ibn Assal Al-Murodiyning hadisi bu bobda rivoyat qilingan hadislarning eng chiroylisidir».
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan, tobi’iyndan ilm odamlarining ko‘plari va keyingilaridan Sufyon As-Savriy, Ibnul-Muborak, Shofi’iy, Ahmad va Ishoq kabi fiqh ahlining qavli ushbudir: «Muqim kishi bir kecha-kunduz, musofir kishi esa uch kun, ya’ni uch kecha-kunduz mahsilariga mash tortishlari mumkin».
Ilm ahlidan ba’zilari, mash tortish uchun vaqt belgilanmaganligini rivoyat qilishadi. Molik ibn Anasning qavli ham shunday. Ammo tavqid (vaqt belgilangani) sahihroqdir.
Imomi Molik va Lays fikricha, mahsilarga mash tortishning muayayan bir muddati yo‘q. Poklangan holda mahsisini kiygan kishi, xoh safari bo‘lsin, xoh muqim bo‘lsin, (uch kun va bir kun orasida) istagan muddatgacha mahsilariga mash tortishi mumkin. Hazrati Umar ibn Al-Xattob, Uqba ibn Omir, Abdulloh ibn Umar va Hasan Al-Basriy ham shu fikrda ekanliklari rivoyat qilingan. (Shavqoniy).
Bu hadis Osimning rivoyatidan boshqa vajhdan ham Sofvan ibn Assaldan rivoyat qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Dekabr 2008, 15:00:49

72-BOB
MAVZU: MAHSILARNING USTIGA VA TAGIGA MASH TORTMOQ


97. Al-Mug‘iyra ibn Shu’ba (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam mahsilarning ustiga va ostiga mash tortdilar».
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan, tobi’iyndan va keyingi faqihlardan (fiqh ahlidan) mutaaddid kishilarning qavli shudir. Molik, Shofi’iy va Ishoq ham shu to‘xtamga kelishgan. Holbuki, bu hadis ma’lul (illatli)dir. Uni Savr ibn Yaziddan, Volid ibn Muslimdan boshqasi isnod etmagan (sanadini to‘ldirmagan).
Abu Zur’a va Muhammad ibn Ismoil (Al-Buxoriy)dan bu hadis haqida so‘radim, ular: «Sahih emas» dedilar. Chunki, Ibnul-Muborak buni Savrdan, Rajo ibn Hayvadan rivoyat qiladi va Rajo: «Al-Mug‘iyraning kotibi tomonidan aytib o‘tildim», deydiki, demak, hadis Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan mursal tarzida rivoyat qilingan va hadisda Al-Mug‘iyraning nomi o‘tmagan.

Qayd etilgan