Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294518 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 69 B


AbdulAziz  16 Dekabr 2008, 09:32:54

88-BOB
MAVZU: UXLAMOQCHI BO’LGAN JUNUB KISHINING TAHORAT OLIB YOTMOG’I


120. Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: u kishi Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan: «Birortamiz junub holatda uxlasak bo‘ladimi?» deb so‘radilar: «Ha, agar tahorat olsa», dedilar (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam).
Bu bobda Ammor, Oisha, Jobir, Abu Sa’id va Ummu Salama (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan. Hazrati Umarning hadisi ushbu bobda rivoyat qilingan hadislarning eng hasani va eng sahihidir. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va tobi’iyndan ko‘pchiligining qavli shudir. Sufyon As-Savriy, Ibnul-Muborak, Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning ham qavli shu. Junub holatdagi kishi uxlamoqchi bo‘lsa, yotishdan oldin tahorat oladi, deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Dekabr 2008, 09:34:00

89-BOB
MAVZU: JUNUB KISHINING MUSOFAXASI (QO’L BERIB KO’RISHMOG’I)


121. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: u kishi junub holatda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga yo‘liqib qoldi. Aytadiki, «Men orqaga tislandim, yani orqaga chekinib, borib g‘usl qildim, keyin qaytib keldim. Shunda: «Qaerda eding?» yoki «Qayoqqa ketding?» dedilar. «Men junub edim», dedim. Ul zot: «Batahqiq, musulmon kishi najas bo‘lmaydi», dedilar.
Bu bobda Huzayfa va Ibn Abbosdan hadis rivoyat qilingan. Abu Hurayraning junub holatda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga uchrab qolgani haqidaga hadis hasan-sahih.
Ilm ahlidan mutaaddid kishilar junub holatdagi odam bilan musofahaga (ko‘rishmoqqa) ruxsat berganlar.
Xoh junub kishi, hoh hayz ko‘rgan ayol bo‘lsin, ularning terlashi zararsiz, deb hisoblaganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Dekabr 2008, 09:34:22

90-BOB
MAVZU: XOTIN KISHINING ERKAK KISHIDEK TUSH KO’RISHI (YA’NI UYQUSIDA IHTILOM BO’LISHI)


122. Ummu Salama (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; dediki: «Milhon qizi (Abu Talhaning xotini) Ummu Sulaym Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, aytdiki: «Yo Rasululloh! Alloh taolo haq narsadan uyalmoqni buyurmaydi! Agar xotin kishi uykusida erkak kishi ko‘rgan narsani ko‘rsa (ya’ni ihtilom bo‘lib qolsa), g‘usl lozim bo‘ladimi?» (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam): «Ha, agar suv (maniy) kelganini ko‘rsa, g‘usl qilsin», dedilar. Ummu Salama aytadi: Unga: «Ey Ummu Sulaym! Ayollarni uyatga qo‘yding-ku! — dedim».
Bu hadis hasan-sahih. Faqihlarning yakdil (umumiy) qavli budir: Ayol kishi ihtilom bo‘lsa va maniy kelsa, g‘usl qilmog‘i kerak. As-Savriy va Shofi’iyning qavli shu.
Bu bobda Ummu Sulaym, Havla, Oisha va Anas (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Dekabr 2008, 09:35:38

91-BOB
MAVZU: G’USLDAN KEYIN AYOLI BILAN ISINMOQ


123. Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam ba’zan g‘usl qilib janobatdan poklangach, men bilan isinar edilar, men yuvinmagan holda bo‘lsam-da, u kishini bag‘rimga bosar edim».
Bu hadisning isnodida nuqson yo‘q. .Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va tobi’iyndan bo‘lgan ilm ahlidan mutaaddid kishilarning qavli budir: G’usl qilib poklangan erkak hali yuvinmagan ayolining yotog‘iga qaytib, u bilan isinishi mumkin. Sufyon As-Savriy, Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli shudir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Dekabr 2008, 09:36:00

92-BOB
MAVZU: SUV TOPOLMAGAN JUNUB KISHINING TAYAMMUM QILMOG’I


124. Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Albatta, toza tuproq musulmon kishini poklovchidir, hatto u o‘n yil suv topa olmasa ham! Suv topgan taqdirda ham toza tuproqni badaniga (terisiga) sursin, albatta ana shu xayrliroqdir!»
Mahmud o‘z rivoyatida «Toza tuproq musulmon kishining poklik suvidir», deydi.
Bu bobda Abu Hurayra, Abdulloh ibn Amr, Imron ibn Husayn (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Ushbu hadisni Xolid Al-Hazzodan, Abu Qilobadan, Amr ibn Bujdodan, Abu Zarrdan (roziyallohu anhum) bittadan ko‘p kishi shu tarzda rivoyat qilishdi.
Ayyub esa bu hadisni Abu Qilobadan, Omir o‘g‘illaridan bo‘lmish bir kishidan, Abu Zarrdan rivoyat qiladi va Omir o‘g‘illariga mansub kishining ismini keltirmaydi.
Bu hadis hasan-sahih.
Faqihlarning yakdil qavli budir: Junub bo‘lgan erkak va ayol hamda hayz ko‘rgan ayol suv topmasa, tayammum qilishadi va namozlarini o‘qishadi.
Ibn Mas’ud, suv topa olmagan junub kishi uchun tayammum yo‘q, degan fikrda ekanligi rivoyat qilindi. Ammo so‘zidan qaytib «Suv topgunicha tayammum qiladi» deb aytgani alohida rivoyat etiladi.
Sufyon As-Savriy, Molik, Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli shudir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Dekabr 2008, 09:36:22

93-BOB
MAVZU: ISTIHOZA


125. Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdilar: «Fotima ibn Abu Hubaysh Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, «Yo Rasululloh! Men istihoza ko‘radigan ayolman, bundan hech poklanmayman. Namozni tark etayinmi?» - dedi. «Yo‘q, - dedilar (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam) - bu tomir qonidir, hayz qoni emas. Hayz ko‘radigan kunlaring namozni tark et, hayz (muddati)dan poklangach, g‘usl qilgin va namozingni o‘qiyvergin».
Abu Muoviya o‘z rivoyatida bunday deydi: «Aytdilarki, «Har vaqt namozi uchun alohida tahorat ol, to o‘sha vaqt (hayz vaqti) kelgunicha».
Bu bobda Ummu Salamadan hadis rivoyat qilingan.
Oisha (roziyallohu anho)ning «Fotima kelib» degan hadisi hasan-sahih. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va tobi’iyndan bo‘lmish mutaaddid ilm ahllarining qavli shudir. Sufyon As-Savriy, Molik, Shofi’iy va Ibnul-Muborak ushbu qavlga ega bo‘lishgan: Istihoza ko‘rgan ayol, hayz kunlari o‘tgach, yuvinadi va har vaqt namozi uchun  (alohida) tahorat oladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Dekabr 2008, 09:37:28

94-BOB
MAVZU: ISTIHOZA KO’RGAN AYOL HAR BIR VAQT NAMOZI UCHUN TAHORAT OLADI


126. Adiy ibn Sobitning bobosidan rivoyat qilindi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallam istihoza ko‘radigan ayol borasida bunday dedilar: «Oy ko‘rishi kunlari oldindan belgili bo‘lgan ayollar hayz kunlarida namozni tark etadi, keyin g‘usl qiladi va har vaqt namozi oldidan tahorat oladi, ro‘zasini tutib, namozini o‘qiyveradi».

127. Ali ibn Hujr xuddi shu hadis ma’nosini Shorikdan naql etib, bizga bayon qildi.
Bu hadisni Abul-Yaqzondan faqatgina Shorik rivoyat qilgan. Muhammad (Al-Buxoriy)dan bu haqda so‘rab, «Hadisning sanadida Adiy ibn Sobitdan, uning otasidan, bobosidan, deyiladi, Adiyning bobosining oti nima?» dedim. Muhammad uning ismini bilmadi. Bir gal Muhammadga: «Yahyo ibn Maiyn, uning ismi Dinor deb aytyapti», desam, u bunga e’tibor bermadi.
Ahmad va Ishoq istihoza ko‘radigan ayol borasida bunday deyishadi: «Har bir namoz vaqtida yuvinsa (g‘usl qilsa) o‘zi uchun ehtiyotkor bo‘lgan bo‘ladi, har vaqt namozi uchun faqatgina (yangi) tahorat olsa, kifoya. Bir tahorat bilan ikki vaqt namozini jam’ qilsa, joizdir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Dekabr 2008, 09:38:00

95-BOB
MAVZU: ISTIHOZA KO’RGAN AYOL BIR G’USL BILAN IKKI VAQT NAMOZNI JAM’ QILIB O’QIMOG’I


128. Hamna binti Jahsh (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Oy ko‘rish muddatidan ziyod, ko‘p og‘ir hayz ko‘rar edim. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga keldim; ahvolimni bildirmoqchi va fatvo so‘ramoqchi edim. Ul zotni egachim Zaynab binti Jahshning uyida topdim va dedimki: «Yo Rasululloh! Men oy ko‘rish muddatidan ziyod, ko‘p og‘ir hayz ko‘rguvchiman! Bu haqda menga nimani amr qilasiz? Chunki, bu meni ro‘zadan va namozdan qoldirdi». Aytdilarki: «Senga paxtani tavsiya qilaman, chunki paxta qonni ketkazadi». Hamna dedi: «Paxta asqotmaydigan darajada ko‘p qon keladi». (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam) dedilar: «(Qon oqishi va yoyilishini ushlaydigan) bir bog‘ich tutgin». Hamna dedi: «Qon bundan ham ko‘p keladi». (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam) «Biror buyum (kiyim) tutgil», - dedilar. Hamna: «Qon bundan ham ko‘p keladi, to‘xtovsiz oqib turadi», — dedi. Shunda Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Senga ikki narsani buyuraman, qaysi birini qila olsang, shu senga kifoya. Agar ikkovini qila olsang ham, o‘zing bilasan. Bu, albatta, faqat shaytonning buzg‘unchiligidir. Buni Allohu taoloning ilmiga havola etib, olti kun yoki yetti kunni hayz kunlari hisoblagin, keyin g‘usl qilgin, agar tozalanganing va poklanganingni ko‘rsang, yigirma to‘rt kun yoki yigirma uch - kun kecha va kunduz namoz o‘qi, ro‘zangni tut, namozingni ham o‘qiyver. O’sha g‘usl (bu muddat uchun) senga yetadi! Ayollar odatda qay vaqtda oy ko‘rib, qay vaqtda hayzdan poklansa, sen ham o‘shanday qil. Agar kuching yetsaki, peshinni orqaroqqa surib va asrni ildamlatib, unga ulasang, bu orada poklansang (qon to‘xtaganini ko‘rsang), g‘usl qilib, peshin bilan asr namozlarini jam’ qilib o‘qi, (va agar kuching yetsaki), keyin shomni kechiktirib va huftonni ildamlatsang, keyin g‘usl qilib, bu ikki namozni ham jam’ qilib o‘qisang, shunday qil. Bomdod namozi uchun (alohida) g‘usl qilib, namozingni o‘qiysan. Ana shunday qilgin. Agar ro‘za tutmoqqa kuching yetsa, ro‘zangni ham tutaver». Shundan so‘ng (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam) aytdilarki: «Bu ikki ishdan menga ajibrog‘i shunisidir».
Bu hadis hasan-sahih.
Ubaydulloh ibn Amr Ar-Rokkiy, Ibn Jurayh va Shorik bu hadisni Abdulloh ibn Muhammad ibn Oqildan, Ibrohim ibn Muhammad ibn Talhadan, u amakisi Imrondan, u onasi Hamnadan rivoyat qiladilar. Ajabki, Ibn Jurayh «Umar ibn Talha» deydi.
Holbuki, sahih so‘z — «Imron ibn Talha»dir.
Muhammad (Al-Buxoriy)dan bu hadis haqida so‘radim, «Bu hadis hasan-sahih» dedi.
Istihoza ko‘rgan ayol haqida Ahmad va Ishoq bunday deyishadi: «Koshki hayzning muddatini, qonning kelishi va tugashi bilan bilsa, chunki qonning kelishi qora bo‘lmog‘i va tugashi esa sariqqa o‘zgaruvidir; ana shu takdirda Fotima ibn Hubayshning hadisiga binoan fatvo beriladi. Agar, istihoza ko‘rgan ayolning istihozadan avval muayyan (belgili hayz ko‘rish) kunlari bo‘lsa, namozni hayz kunlarida tark etadi; keyin g‘usl qilib, har namoz uchun (yangi) tahorat olib, namozini o‘qiydi. Qon davom etsa-yu, ayolning muayyan (hayz) kunlari bo‘lmasa, hayzini qonning kelishi va ketishi bilan bilmasa, bu holatda Hamna ibn Jahsh hadisi asosida fatvo beriladi».
Abu Ubayda ham shunday deydi.
Shofi’iy aytadiki, istihoza ko‘rgan ayol, agar ilk hayz ko‘rganida qon davom etsa va bu hol cho‘zilib ketsa, hayz boshlangan kun bilan (birga) o‘n besh kun orasida namozni tark etadi. Bordi-yu, o‘n besh kunda yoki undan oldinroq poklansa, shu muddat uning hayz kunlaridir. Agar o‘n besh kundan ortiq qon ko‘rsa, o‘tgan o‘n to‘rt kunning namozini qazo qiladi va hayz muddatining eng ozi bo‘lgan bir kun va bir kechaning namozini tark etadi.
Hayz muddatining ozi va ko‘pi borasida ilm ahli ixtilof qilishgan: birovi eng oz uch kun va eng ko‘pi o‘n ikki kun ekanini aytadi. Sufyon As-Savriy va Kufa ahlining (hanafiylarning) qavli shunday. Ibnul-Muborak shu qavlga ega bo‘lgan, ayni vaqtda, boshqa bir fikrga ega bo‘lgani ham rivoyat qilingan. Orasida Ato ibn Abu Raboh bo‘lgan ba’zi ilm ahli hayz muddatining eng ozi bir kecha-kunduz deb, eng ko‘pi 15 kun deb aytdilar. Molik, Al-Avzoiy, Shofi’iy, Ahmad, Ishoq va Abu Ubaydaning qavli shudir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Dekabr 2008, 09:39:01

96-BOB
MAVZU: ISTIHOZA KO’RGAN AYOL XAR VAQT NAMOZI UCHUN G’USL QILADI


129. Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdilarki: «Ummu Habiba binti Jahsh, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan fatvo istab, dedi: «Men istihoza ko‘raman, hech poklanmayman (qon to‘xtamaydi); namozni tark etayinmi?» Shunda (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam) aytdilar: «Yo‘q! Bu faqat tomir (qoni)dir. G’usl qil va namozingni o‘kiyver!» Shunga ko‘ra (Ummu Habiba) har bir vaqt namozi uchun g‘usl qilardi».
Qutayba aytadiki, Al-Lays bunday dedi: «Ibn Shihob, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam har bir namoz uchun g‘usl qilmoqni Ummu Habibaga amr etganlarini zikr qiladi. Ayolning bu harakati o‘z-o‘zicha qilgan ishidir».
Bu hadis «Az-Zuhriydan, Amradan, Oishadan» degan isnod bilan ham rivoyat qilingan.
Ayrim ilm ahli: «Istihoza ko‘rgan ayol har vaqt namozi uchun g‘usl qiladi», deyishadi.
Al-Avzoiy bu hadisni Az-Zuhriydan, Urva hamda Amradan, Oishadan rivoyat qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Dekabr 2008, 09:39:19

97-BOB
MAVZU: HAYZ KO’RGAN AYOL NAMOZINING QAZOSINI O’QIMAYDI


130.Muoz (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Bir ayol Oisha (onamiz)ga savol berib, dediki, «Birortamiz (hayzdan poklansak), hayz kunlarida o‘qimagan namozlarimizning qazosini o‘qiymizmi?» Shunda (Oisha onamiz) aytdilar: «Sen haruralikmisan? (ya’ni, ahli sunnatga zid xavorijlardanmisan?) Hech qaysi birimizga hayz ko‘rganda o‘qimagan namozlarning qazosini o‘qish buyurilmagan!».
Harura - Kufadan ikki mil masofada bo‘lgan bir qasabaning nomi. Xorijiylar (Xovorij) mazhabidan bo‘lganlar haruralik deyiladi. Chunki, Hazrati Ali (karromallohu vajhahu)ga qarshi chiqqan xavorijlarning birinchi firqasi o‘sha yerda to‘plangan edi. Xavorijlar turli firqalarga bo‘lingan. Biroq hammalari ittifoq qilgan asos masalalardan biri Qur’onning amriga buysunmoq, ammo hadisning Kur’onda topilmagan amrini rad etmoqdir. Oisha (roziyallohu anho) «Sen haruralikmisan?» deyishlari ana shuning uchundir. (Muborakfuriy)
Bu hadis hasan-sahih.
Hoiz (hayz ko‘rgan ayol) namozni qazo qilmasligi (keyin ado etmasligi) Oisha (roziyallohu anho)dan mutaaddid vajhlardan rivoyat qilingan. Faqihlarning umumiy qavli shudir: Hoiz ro‘zani qazo qiladi (keyin tutib beradi), ammo namozni qazo qilmaydi, degan fikr borasida oralarida ixtilof yo‘q.

Qayd etilgan