98-BOB
MAVZU. JUNUBLIK VA HAYZ HOLATIDA QUR’ON O’QILMAYDI
131. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallam dedilar: «Hayz ko‘rgan ayol va junub bo‘lgan inson Qur’ondan hech bir narsa o‘qimasin!»
Bu bobda Ali (roziyallohu anhu)dan hadis rivoyat qilingan.
Ibn Umarning hadisini yolg‘iz Ismoil ibn Ayyashning Muso Ibn Uqbadan, Nofi’dan, Ibn Umardan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan qilgan rivoyati orqali bilamiz.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan, tobi’iyndan va keyingilardan bo‘lgan ilm ahli ko‘pchiligining qavli shudir. Sufyon As-Savriy, Ibnul-Muborak, Shofi’iy, Ahmad va Ishoq: «Hayz ko‘rgan ayol va junub kishi Kur’ondan hech bir narsa o‘qimasin, ammo bir oyatning chetini yoki bir harfni va shu kabilarni o‘qishi mumkin», deyishadi; shu bilan birga hayzli ayol va junub kishi tasbih va tahlil keltirmoqlariga ruxsat berishadi.
Muhammad ibn Ismoil (Al-Buxoriy)dan eshitdimki, bunday dedi: «Ismoil ibn Ayyash, Hijoz va Iroq ahlidan munkar (yolg‘on) hadislar rivoyat qiladi». (Al-Buxoriy) mazkur Ismoilning Hijoz va Iroq ahlidan yolg‘iz o‘zi qilgan rivoyatini zaif deb topadi va bunday deb davom etadi: «Ismoil ibn Ayyashning (ushbu) rivoyati faqat Shom ahlidandir».
Imom Buxoriy, Ismoil ibn Ayyashning, Shom ahlidan rivoyat qilgan hadislarini sahih va foydalanish uchun yaroqli, deb hisoblaydi. Termiziy, Buxoriyning bu zot haqidagi fikrini izohlamoqda.
Ahmad ibn Hanbal aytadiki: «Ismoil ibn Ayyash Baqiyyadan ko‘ra tuzukroq. Baqiyyaning siqa (ishonchli) kishilar (nomi)dan qilgan munkar hadislari bor». Ahmad ibn Hasan menga naql etib, «Bu so‘zni Ahmad ibn Hanbalning o‘zidan eshitdim», dedi.