138-BOB
MAVZU: HAZARDA (MUQIMLIKDA) IKKI VAQT NAMOZINI JAM’ QILMOQ
187. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, xavf-xatar va yomg‘ir bo‘lmay turib, Madinada peshin bilan asr namozini hamda shom bilan hufton namozini jam’ qildilar (qo‘shib o‘qidilar)»
Ibn Abbosdan: «Bu bilan (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam) nimani murod etdilar? deb so‘raldi. Aytdi: «Ummatlariga qiyinchilik bo‘lmasligini murod etdilar».
Hofiz ibn Hajar «Fath-ul-boriy» kitobida bunday deydi: «Ulamodan bir guruhi bu hadisning zohir ma’nosi bilan amal qilish jihatiga sohib bo‘lib, hazarda (muqimliqda) mutloq extiyoj sababi bilan jam’ qilmoqni joiz ko‘rdilar. Faqat buni odat qilib olmaslikni shart qiladilar. Ibn Siyriyn, Robi’a, Ashhab, Ibn-ul-Munzir va boshqalar shular jumlasidandir. Al-Xattobiy, muhaddislardan ba’zilari shu fikrda ekanliklarini qayd etgan». Jumhurning (qo‘pchilikning) fikricha, jam’ qilmok, uzrsiz holda, joiz emas. Jumhur Ibn Abbosning hadisiga bir qancha javoblar beradi. Shulardan ba’zilarini quyida bayon etamiz.
1.Mazkur jam’ qilmoq betoblik tufayli bo‘lgandi. Hofiz ibn Hajar, bu javobning izohtalab ekanini aytadi. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, agar betoblik sababi bilan jam’ qilgan bo‘lsa edilar, o‘zlarida betoblik uzri bo‘lgan kishilar u kishining orqalarida namoz o‘qib, uzrsiz kishilar o‘qishmas edi. Holbuki, Ibn Abbos ikki vaqt namozini sahobalari bilan birga jam’ qilganlarini aytmoqda.
2.Mazkur jam’ qilmoq yomg‘ir sababi bilan edi. Ammo bu «yomg‘ir» rivoyati hadisda ta’kidlangan «xavf-xatar va yomg‘ir bo‘lmay turib» degan rivoyatdan zaifdir.
3.Mazkur jam’ qilmoq, havoning bulutli bo‘lishi sababi bilan edi. Binobarin, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam, peshin namozini o‘qiganlaridan keyin havo ochilgan va asr vaqti kirganini aniqlagach, darhol orqasidan asr namozini o‘qiganlar. Bu javob ham to‘g‘ri emas. Chunki, peshin bilan asrda bu borada zaif bir ehtimol bo‘lsa-da, shom bilan xuftonda bunday ehtimol zinhor vorid emas.
4.Mazkur jam’ qilmoq shakliydir. Ya’ni, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam peshinni oxirgi vaqtigacha ta’xir qilib, asr vaqtining avvalida o‘qiganlar. An-Navaviy: «Bu ehtimol zaif yoki botildir, chunki hadisning zohir ma’nosiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziddir». Hofiz Ibn Hajar, Navaviy zaif yoki botil deb bilgan bu ehtimolni, Qurtubiy, Imom-ul-Haramayn va boshqalar ma’qullaganini, hatto Ibn Sayyidinnos kuchli, deb topganini aytadi.
Bu bobda Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan hadis rivoyat qilingan. Ibn Abbosning hadisi u kishidan vajhlardan rivoyat qilingan. Buni Jobir Ibn Zayd, Sa’id ibn Jubayr va Abdulloh ibn Shaqiq Al-Uqayliy rivoyat qilganlar.
Tag‘in Ibn Abbos tariqi bilan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan shu hadisning aksi rivoyat qilingan.